Oddiy odamlarni yuragini larzaga solishga boʻlsa kerak koʻchalarga ogʻir zirhli harbiy maxsus texnika va qora niqobli askarlarning avtomat koʻtarib yurishlari goʻyoki terrorchilar tahdidi borligidek tuyulardi, astagʻfirullo. Tuni bilan chekka tuman va olis qishloqlardan kelgan abituriyentlar oʻz davlatining sevimli poytaxti emas, oʻzga yurtning qahri qattiq imtihon poligoniga kelib qolgandek his qilishardi bamisoli, barchaga ham nafas olish ogʻirlashardi hatto..
Shu bilan birga bu sanani bir yil tish tirnogʻi bilan kutadigan baʼzi bir ucharlarning kuni edi, yaʼni kartoshka pishiqchiligi yoki hosil bayrami deb atalardi. Kimlar uchun xursandchilik yana kimlar uchun alamli kun boʻlar edi. Bir necha yillar mobaynida oliy taʼlimdagi qabul jarayonlaridagi nohaqliklar, turli "oʻyin"larni goʻyoki barchamiz bilar edigu, ammo hech qayerda lom-mim deya olmasdik. Eng achinarlisi katta hayotga katta umidlar bilan qadam qoʻyayotgan yoshlar bu nohaqliklarni koʻrib, shu bosqichdan oʻtishga majbur ekanliklari taʼlimdagi fojiamiz edi. Eng achinarlisi koʻchadagi koʻz koʻz qilinayotgan shovqinli hushyorlikdan farqli ravishda OTM hududidagi sokin "bunkerlar"da barchaning taqdirlari hal boʻlardi, oldindan «salom-alik» qilganlar ishi besh, ular byudjetga ilinishi uchun baland ballar qoʻyilardi, ammo buning oqibatida oʻqigan, bilimga chanqoq yoshlar ballari sunniy tushib ketar va bu ularni qabul qizil chizigʻi ortida, bortdan tashqariga tushib qolishga olib kelardi. Soʻng oʻqishga kirolmagan qora koʻzlarimiz ichkarida ish topolmay oʻzga yurtlarda qora ishlarda ketishga majbur boʻlishardi va buning asoratlari hali hanuzgacha seziladi.
1-avgust kuni oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kiritish uchun «katta armiyaning toʻliq tarkibi» ishlar edi, rektor roʻyxati alohida guruhlar shakllantirilar edi, bular uchun barchasi VIP, keyingisi bunkerlar tizimning eng asosiy ogʻir artilleriyasi, yaʼni fanlar blokining oʻqituvchilari jamlangan xona, oʻqituvchilar bir kun oldin bu xonaga barcha sharoitlarini hal qilib muhrlab qulflanib qoʻyilar edi. Bunkerga ishni yetkazishda faol ishtirok etuvchilar- maxsus yetkazuvchilar test markazi bino boshligʻi, qavatlar rahbarlari, nazoratchi oʻqituvchilar hamda universitet xodimlari. Jarayonlar esa turli xil usullar orqali boshqarilardi. Qaysidir auditoriyaning tartib raqamlari oxirgi partalarga joylashtirilardi, bir xil rangdagi kiyimlardan, dastroʻmollardan yoki test varaqasida xatolar mavjudligidan foydalangan holda ishlar olib chiqilib bunkerga yetkazilib ishlab qaytib olib kirib berilar edi. Bu jarayon 2015-2016-yillarda oʻzining eng yuqori choʻqqilarga chiqqan paytlari edi, deyarli 80-90% ishlar bunkerlarda amalga oshirilgan. Qolgan ucharlar esa shpargalka, telefon yoki kuzatuvchi maqomida kirib boʻlmaganda bitta blokni ishlab chiqib ketishardi. Yana bir qoʻl keladigan usul-bu "paravoz"lar edi. Aqlli kalla atrofida uch toʻrt nafar abituriyentni birlashtirish, bunda ham albatta tartib raqamlari yonma-yon qilib yopishtirilardi. Tasavvur qiling 1-avgustning oʻzida qancha mexanizmlar ishlatilar edi.
Nimaga erishdik, yoshlarimizga adolatni koʻrsatdikmi, bilimli yoshlar qolib bilimsizlarga yoʻl ochdik, tabiiyki qabul kvotasi xam sunʼiy ravishda oshirilmay 2016-yilgacha 9%lik koʻrsatkichda ushlab turildi, buning natijasida juda koʻplab yoshlarimiz Oʻzbekistonni tark etishdi. Oliy taʼlim tizimiga boʻlgan ishonch yoʻqolib bordi.
Bugun esa bunday holatlar yoʻq. "1-avgust" oʻz qadrini yoʻqotgan. 2017-yildan boshlab, oliy taʼlim muassasalariga qabul jarayonlari tubdan isloh qilindi.
Oʻtgan yetti yil mobaynida yoshlarning oliy taʼlimga qamrab olish ham 9 foizdan 43 foizga yetkazilgani hamda qabul jarayonlaridagi turli nohaqliklarga barham berilgani ham bugungi kunimizning yorqin voqeliklaridan biri desak, adashmaymiz. Mavjud 67 OTM soni 215 yetdi.
Bu yilgi qabul jarayonlaridagi oʻzgarishlar xam eng avvalo taʼlim sifatining oshishiga turtki boʻladi, chunki abituriyentlar oldida tanlov mavjud, har bir yuqori ball toʻplagan abituriyent eng avvalo taʼlim sifati xamda texnik bazasi yuqori boʻlgan oliy taʼlim muassasasini tanlashi tabiiy. Bu esa oʻz navbatida oliy taʼlim muassasalarining taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan haqiqiy poygasidan dalolat beradi, raqobat va eng muhimi adolat va halollik paydo boʻlayotganidan yaqqol darakdir!
Sherzodxon Qudratxoʻja
Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori,
Siyosiy fanlar nomzodi, professor