Garchi ungacha ham “roman” nomi bilan bir necha kitob yozilgan boʻlsa-da, chin maʼnodagi ilk romanlar Qodiriy qalamiga tegishli. Adibning 1926-yilda yaxlit kitob holida chop etilgan “Oʻtkan kunlar” romani hozirgacha eng mukammal oʻzbek romani boʻlib turibdi. Adib bu asarida oʻzbek millatiga xos ezgu va chirkin jihatlarni dolgʻali tarixiy voqealar, fojiaviy taqdirlar, timsollarning ishonarli xatti-harakati orqali koʻrsatib beradi. Qodiriy ilk romani bilanoq dunyo romanchilik tajribasini boyitdi.

“Oʻtkan kunlar”da Qodiriy asar mavzusini bekorga oʻtmishdan olmagan. Chunki buguni mustahkam, ertasi poydor boʻlishini istagan har bir xalq oʻtmishini yaxshi bilishi kerak. Adib milliy tarixning “eng kirlik, qora kunlarini tasvirlash asnosida millatning asl maʼnaviy qiyofasini koʻrsatib beradi. Yozuvchi tarixning eng chirkin paytlarida ham millat hayotida yuksak maʼnaviyatli yorqin shaxslar va yorugʻ jihatlar boʻlganini aks ettiradi. Romanda faqat xalqning oʻtmishini ulugʻlash yoʻlidan borilmaydi. Balki millat tabiatidagi qoloqlik va tanazzulga sabab boʻlgan illatlarni ham xolis koʻrsatadi. Millat oʻzining barcha qirralari bilan aks ettirilgani uchun ham asar xalq orasida keng tarqalib ketdi. Oʻz davrida “Oʻtkan kunlar” romanini oʻqish uchun navbat kutib turganlarning sanogʻiga etib boʻlmas, asarni toʻla yod biladigan kitobxonlar bor edi. Adib inson ruhiyatining sirli hamda nozik jihatlarini chuqur, taʼsirli va haqqoniy aks ettirgandi. Roman goʻzal ifoda uslubi, inson ruhiyati inja holatlarining taʼsirli tasviri bilan ham ajralib turardi.

Asarda hukmdorlarning kaltabinligi, maʼrifatsizligi, ommaning johilligi, ularni yurt taraqqiyoti va mustaqilligi qiziqtirmasligi singari holatlar bot-bot tilga olingan. Romanning bosh qahramonlari novdaligidayoq xazon etilgan, asar ulkan fojia bilan tugagan boʻlsa-da, unda qandaydir bir yorugʻ ruh hukmronlik qiladi. Kitobxon gʻam botqogʻiga botib ketmaydi. Chunki adib oʻzbek xalqi tiynatidagi nurli jihatlarni ishonarli tasvirlay biladi. Shu bois, barcha umidlari kesilgan taqdirlar tasviri bilan tanishgan kishida ham umidsizlik kayfiyati paydo boʻlmaydi. Chinakam isteʼdodda xususiy holat misolida hodisaga tegishli umumiy belgilarni koʻra olish qudrati boʻladi. “Oʻtkan kunlar”da Qodiriy isteʼdodining shu jihatlari namoyon boʻlgan.

Oʻzbek xalqining goʻzal odobi, cheksiz andishasi, katta-kichik, uzoq-yaqin kishilarning oʻzaro muomala-munosabatidagi yuksak madaniyat, millat turmush yoʻsinidagi oʻxshashi yoʻq tartiblar yozuvchining sanʼatkorligi tufayli shu qadar mahorat bilan jonli badiiy lavhalarda koʻrsatilganki, oʻqirman bu xildagi tirikchilik yoʻrigʻiga ega xalq va uning yetuk vakillarini yaxshi koʻrib qoladi. Qizigʻi shundaki, yozuvchi biror oʻrinda boʻlsin xalqni quruq maqtamaydi, atay uning fazilatlarini koʻrsatishga urinmaydi, tashviq qilmaydi. Lekin qahramonlar tutumi va ularning oʻzaro munosabatlarini shunday tasvirlaydiki, millat haqida ijobiy fikr tabiiy ravishda yuzaga keladi. Bu jihatdan, ayniqsa, Otabek, Kumush, Yusufbek hoji, Alim, Hasanali, Mirzakarim qutidor, Oftob oyim, Normuhammad singari personajlar tasviri xarakterlidir. Asarda bu timsollarning taqdir sinovlaridan oʻtishdagi sifatlarini koʻrsatish asnosida xalqning fazilatlari namoyon etiladi.

Yozuvchining mahorati shundaki, asarda qalamga olingan har bir katta-kichik hodisani koʻzga koʻrinmas iplar bilan Otabekka borib bogʻlay oladi. Hatto butun Turkiston miqyosida sodir etilayotgan ulkan ijtimoiy voqealar ham, hech kutil­maganda, bosh qahramonning shaxsiy hayotiga daxl qiladi. Abdulla Qodiriy Otabekka oʻzi baho bermaydi, balki yurt hayotida roʻy berayotgan hodisalarga munosabati davomida yigit oʻz tabiatini namoyon eta boradi.

Otabek oʻqimishli, insofli va erkin fikr kishisi boʻlgani uchun har bir hodisaga adolat nuqtayi nazaridan baho berishga intiladi. Tabiatidagi bu jihatlar uning uylanish xususidagi dastlabki qarashlaridayoq namoyon boʻladi. Maʼrifatli odam sifatida davr voqealariga, yurt boshidagi muammolarga munosabat bildiradi. Bu holni uning: “Men oʻrusning idora ishlarini koʻrib oʻz idoramizning xuddi bir oʻyinchoq boʻlganligini iqror etishga majbur boʻldim. ...Shamayda ekanman, qanotim boʻlsa, vatanimga uchsam, toʻppa-toʻgʻri xon oʻrdasiga tushsam-da, oʻrusning hukumat qonunlarini birma-bir arz qilsam, xon ham arzimni tinglasa-da, barcha elga yorligʻ yozib, oʻrusning idora tartibini dasturulamal etishga buyursa, men ham bir oy ichida oʻz elimni oʻrusniki bilan bir qatorda koʻrsam... Ammo oʻz elimga qaytib koʻrdimki, Shamayda oʻylagan­larim, oshiqqanlarim shirin bir xayol emish! Bu yerda soʻzimni eshituvchi birov ham boʻlmadi, boʻlsalar ham: “Sening arzingni shu xonlar eshitadimi, shu beklar ijro qiladimi?” deb meni maʼyus qildilar”, degan soʻzlaridan bilish mumkin. Keltirilgan parchadan dastlab davlat ishlaridan bexabar yosh, tajribasiz va sodda tijoratchi yigitning juda qisqa fursatda yurt boshqarish ishlarining asl mohiyatini anglab olgani koʻrinadi. Xalqini baxtli koʻrishni istagan yigit oʻrisning oʻziga maʼqul tuyulgan ish usullarini yurtida qoʻllashni istaydi. U oʻzini mamlakatda yuz berayotgan voqealarga daxldor deb bilgani bois savdo ishlari bilan kifoyalanib qolmay, Turkistonning gʻarib holati haqida oʻylaydi, qoloqlik sabablarini topishga urinadi.

Menimcha, oʻrusning bizdan yuqoriligi uning ittifoqidan boʻlsa kerak, ...ammo bizning kundan kunga orqaga ketishimizga oʻzaro nizoimiz sabab boʻlmoqda, deb oʻylayman... Oramizda ...buzgʻunchi va nizochi unsurlar tomir yoyib, har zamon sodda xalqni halokat chuquriga qarab tortadilar. Bu kungi qorachopon va qipchoq nizolarini sizga bir timsol oʻrnida koʻrsatayin: oʻylab koʻrilsin, bu nizolardan bizga qanchalik foyda va qipchoq ogʻaynilarimizga nima manfaat hosil boʻlmoqda?”. Bu oʻrinda Otabek millat miqyosida fikrlaydigan yigit sifatida namoyon boʻladi.

Qodiriy romanda Otabekni tavsiflab oʻtirmay, faoliyatda, hodisalar girdobida koʻrsatadi. Natijada oʻqirman bosh qahramon haqida axborotgagina ega boʻlib qolmay, faoliyatdagi tirik odam sifatida koʻradi. Yozuvchi Otabekka xos xususiyatlarni inson uchun gʻoyat qaltis vaziyatlar fonida tasvir etadi. “Men sizning qilichingiz ostida oʻlimdan qoʻrqib yoki sizga xushomad uchun soʻzlamay, hukumat kishilarimiz orasida tushunadirgʻan bir odam boʻlgʻanligʻingiz vajidan otamning ham oʻzimning qanday fikr va maslak kishisi ekanligimizni aytib oʻtmakchi boʻlaman: biz na qipchoqlargʻa tarafdor va na shaharlik ogʻaynilargʻa. Bu ikki firqa bizning nazarimizda bir-birisidan mumtoz, idora ishida bir-biridan ortiqroq xalq emasdir. Shunga binoan, Turkiston xalqlarining istiqbollarini bu ikki firqaning bittasiga havola qilish baayni qoʻyni boʻriga topshirish qabilidan boʻladir. Nega desangiz, har ikki tomonning ish boshigʻa intilgan kishilarning koʻkragiga qoʻl solib koʻrsangiz, birisining faqat el talamoq, boylik orttirmoqqagʻina boʻlgʻan gʻarazini, ikkinchisining koʻrkli xotinlar, yuqori turmishlar uchun boʻlgʻan maqsadinigʻina koʻrib, ikki oradan “elni tinchitay, el ham rohat tirikchilik qilsin”, degan uchunchi bir oliy maqsadni charogʻ yoqib axtarsangiz ham topolmassiz”, degan gapni oʻziga oʻlim hukmi chiqargan Oʻtabboy qushbegiga ijro oldidan aytadi.

Otabek har qanday holatda ham insonlik qadrini, yigitlik shaʼnini yerga urmaslikka intiladi. Bosh qahramon tabiatidagi bu xil fazilatlar ikkinchi bor Xudoyorxon huzurida Musulmonqul bilan muloqotda namoyon boʻladi. Otabekning oʻzini tutishi, oʻlimdan qoʻrqmasligi Musulmonqulni: “Dav yuraging bor ekan, yigit. Xayfki, gunohing boʻyningda”, deya tahsin aytishga majbur qiladi.

Otabek faqat favqulodda holatlarda emas, balki oddiy hayotiy vaziyatlarda ham maʼrifatli, aqlli, yuksak tarbiya koʻrgan odam ekanini koʻrsatadi. Buni uning ota-onasiga, Hasanaliga, Kumushga boʻlgan munosabatidan bilsa boʻladi. Chunonchi, ota-onasi istagiga koʻra uylanib, hadsiz azoblar tortgan boʻlishiga qaramay, yigitning: “Sizni gunohkor qilishgʻa va gunohingizni kechishka manim haqqim yoʻq, dada..., degan gapida millatdoshlarimizga xos eng ezgu fazilatlar namoyon boʻlgan. Onasining zoʻrlovlari sabab ikkinchi marta uylanish zarurligi yuzasidan qaynotasi Mirzakarim qutidor bilan suhbatda Otabekdagi muhabbatning koʻlami, maʼnaviyatning darajasi yaqqol ayon boʻladi:

— Siz qizimning andishasini qilib oʻlturmangiz, bek, — dedi qutidor, — bu ishni eng yaxshisi unga bildirmaslikdir, keyinroq oʻzi koʻnikib ketar, bu taraflardan tashvish lozim emas.

— Yoʻq, — dedi bek, — men bu ishka basharti koʻnganimda ­ham qizingizdan yashirmayman.

— Nega?

— Negaki uning rizoligʻini olmasdan turib, bu ishka oyogʻ qoʻyishim mumkin emas.

— Agar koʻnmasa-chi?

— Koʻnmasa, men ham koʻnmaslikka majburman.

Bu koʻchirma Otabek bilan Kumush muhabbati harorati qanchalik baland ekanini koʻrsatishi jihatidan diqqatga sazovor. Qodiriyning sanʼatkorligi shundaki, hatto Otabekday sadoqatli, toʻgʻri soʻz, haq ish uchun oʻlimga tik bora oladigan yigit ham baʼzan dilidagisini tiliga chiqarmasligi mumkinligini juda ishonarli va taʼsirli koʻrsatadi. Adib mahorati tufayli Otabek faqat ezgu fazilatlar yigʻindisidan iborat boʻlib qolmagan. U ham, vaqti kelsa, kimdandir nimanidir yashirishga majbur boʻlib yolgʻonlaydigan, dilidagisini hamisha ham tiliga chiqaravermaydigan jonli odam sifatida tasvirlangan. Jumladan, Kumushning Margʻilondan kelishini Otabek Zaynabga: “Munda manim ixtiyorim yoʻq... hamma ishni otam qilayotibdir, deb izohlaydi. Boshqa oʻrinda: “Boshda Kumushga... suyub uylanganim, siz aytkancha toʻgʻri, ammo hozir undogʻ emas”, deydi. Bu tasvirdan uning ham koʻp qatori bir inson ekani, Zaynabning koʻnglini ogʻritishni istamaganidan yolgʻon gapirgani anglashiladi.

Adib Kumushni tirik odam, koʻngilga yaqin mahram sifatida tasvirlaydi. Qizning Otabekka ikkinchi bor uylanishga rozilik bergandagi holati tasviri oʻta mohirlik bilan chizilgan: “Men rozi, men koʻndim, - dedi dafʼatan Kumush, bu soʻzni nimadandir qoʻrqgʻandek shoshib aytdi”. Uning oʻz qarorini bu qadar shoshib, qoʻrqqanday aytgani qizni oʻqirmanga yaqinlashtiradi. Bu oʻrinda Kumush oʻz ustiga ikkinchi xotin olishga ilojsiz rozilik berayotgan ayol sifatida namoyon boʻladi. Uning ham oʻz istiqbolidan qoʻrqayotgani, ayni vaqtda, Otabekni qiynab qoʻyishdan choʻchiyotgani toʻla aks etgan.

Kumush — oʻta nazokatli qiz. Shuning uchun ham u oʻz tuygʻularini hamisha sirli-sehrli va kishini rom etadigan tarzda namoyon etadi. Uning Otabekka yozgan xatidagi: “Yusuf savdosida beqaror Zulayho ismidan, Majnun ishqida yigʻlagʻan Layli otidan – sizga boshimdagʻi sochlarimning tuklaricha behad salom. Mendan – haddu hisobsiz gunoh, sizdan – kechirish... Siz — qochoqsiz, nari-beri til uchida menga bir narsa yozgandek boʻlib, qochqansiz, ikki yil boʻyi Margʻilon kelib yurishlaringizni men oʻzimcha yeshdim, lekin topib yeshdim: sizning barcha mashaqqatlaringiz dushmanlaringizdan oʻch olish uchun boʻlgʻanini ongladim. Yoʻqsa, meni koʻrar edingiz, koʻrgingiz kelmaganda ham boshqalar sizni koʻrar edilar, toʻyar edilar... Men kabi baxtsiz, men kabi gʻovgʻasi koʻb sizni zeriktirib, jondan toʻydirgʻan boʻlsa, ajab emaski, qocha boshlagansiz... Qochsangiz qochib koʻringiz, ammo men bu kundan boshlab birovlarni quvishqa bel bogʻladim...” singari ifodalar uning nechogʻli teran fikrli, oqila, madaniyatli va andishali qiz ekanini koʻrsatadi. Ushbu maktubda oʻzbek qiziga xos ezgu sifatlar namoyon boʻlgan. Qizning xatida ham sogʻinch, ham erkalanish, ham araz, ham odob, ham beqiyos muhabbat arz etilgan. Lekin bu iqror oʻta mayin, yoqimli, faqat oʻzbek qiziga xos va sirtdan koʻzga tashlanib turmaydigan yoʻsinda amalga oshirilgan.

Kumush tabiatidagi oʻzbek qizlariga xos ezgu jihatlar oʻlim bilan olishayotgan lavhada ham toʻla namoyon boʻladi. Mana bu parchaga eʼtibor qiling: “- Oyim... Oyim!..- dedi hoji. Kumush koʻzini ochib besaranjom unga nazar tashladi va tanib... qoʻzgʻalmoqchi boʻldi”. Bu tasvirda faqat oʻzbek qizidagina boʻladigan nazokat inja ifoda etilgan. Bilamizki, oʻzbek qizi erkak odam oldida yotish u yoqda tursin, oʻtirmaydi ham. Kumush soʻnggi nafasini olar chogʻida ham gʻayrishuuriy ravishda azaliy odobga rioya etmoqchi boʻladiki, bu uning nechogʻli tarbiyali ekanini bildiradi. Lekin adib Kumushni har qanday nuqsondan xoli farishta qilib tasvirlamaydi. Uning ham xom sut emgan banda, oddiy ayol, suygani uchun talashadigan kundosh ekanini biror lahza nazardan qochirmaydi. Chunonchi, Kumush Toshkentga kelgach, Zaynab bilan tez-tez choʻqishib turadi. Yozuvchi shu oʻrinlarda ham uning oddiy ayolligini, ham nechogʻli topqir, tezfahm odamligini ishonarli koʻrsata olgan.

Romandagi Yusufbek hoji obrazida oʻzbekka xos yuksak maʼnaviy sifatlar mujassamlashgan. Yozuvchi hoji timsolida koʻpchilik keksalarimiz singari bosiq, oʻychan, salmoqlab soʻzlaydigan, shoshilmay qaror qabul qiladigan, hamisha xotirjamlik boʻlishini istaydigan oʻtagʻasi siymosini koʻrsatgan. Hoji tabiatidagi eng muhim xususiyat shuki, biror fikrga kelishda u oʻz manfaatini oʻlchov deb bilmaydi. Imkon qadar xolis boʻlishga, haq yoʻliga ters bormaslikka urinadi. Uning: “Dunyo mojarosidan qoʻl yuvmoqchi boʻlgʻan bir otagʻa keksaygan kunlarida farzand dogʻini koʻrmaslikning oʻzi ham ulugʻ mukofotdir”, degan soʻzlari hojining tabiatini toʻliq izohlay oladi.

Yusufbek hoji maʼrifatli, keng fikrli odam boʻlgani uchun shaxsiy manfaatdan ustun tura biladi. Shu bois, qipchoqlarni qirgʻin qilmoqchi boʻlganlarga qarata: “...qipchoqbachcha Normuhammadning el uchun qilib turgʻan xizmatini men oʻz umrimdagi Toshkand beklari orasida birinchi martaba koʻraman. Buni siz yaxshilar ham inkor qila olmassiz. Bas, ayb qipchoqda emas, balki uning manfaati shaxsiyasi yoʻlida ish koʻrguchi boshliqlarida va qipchogʻlar oʻylagʻandek, gunoh qora choponlilarda boʻlmay, balki uning uch-toʻrtta maʼnisiz beklarida!.. Burodarlar! Oʻrus oʻz ichimizdan chiqadirgʻan fitna-fasodni kutib, darbozamiz tegida qoʻr toʻkib yotibdir. Shunday mashhar kabi bir kunda biz chin yovgʻa beradirgan kuchimizni oʻz qoʻlimiz bilan oʻldirsaq, holimiz nima boʻladir. Bu toʻgʻrida fikr qilgʻuchimiz bormi? Kunimizning kofir qoʻligʻa qolishi toʻgʻrisida ham oʻylaymizmi yoki bunga qarshi hozirliq koʻrib qoʻygʻanmizmi?! ...Siz oʻz qipchogʻingiz uchun qabr qazigʻan fursatda, sizga ikkinchilar tobut chopadir. Biz qipchoqqa qilich koʻtarganda, oʻrus bizga toʻp oʻqlaydir”, deya oladi. Hojining bu soʻzlari uning nechogʻli uzoqni koʻradigan, haqni nohaqdan ajrata biladigan dono odamligidan dalolatdir.

Yusufbek hoji — mamlakat, millat miqyosida fikrlaydigan shaxs. Shuning uchun ham uning: “...yolgʻiz oʻz manfaati shaxsiyasi yoʻlida bir-birini yeb-ichkan mansabparast, dunyoparast va shuhratparast muttaham­lar Turkiston tuprogʻidan yoʻqolmay turib, bizning odam boʻlishimizgʻa aqlim yetmay qoldi. Biz shu holatda ketadirgan, bir-birimizning tegimizga suv quyadirgʻan boʻlsaq, yaqindirki, oʻrus istibdodi oʻzining iflos oyogʻi bilan Turkistonimizni bulgʻatar va biz boʻlsaq oʻz qoʻlimiz bilan kelgusi naslimizning boʻynigʻa oʻrus boʻyindirigʻini kiydirgan boʻlarmiz. Oʻz naslini oʻz qoʻli bilan kofir qoʻligʻa tutqin qilib topshirgʻuchi – biz koʻr va aqlsiz otalargʻa xudoning laʼnati, albatta, tushar, oʻgʻlim! soʻzlari yurtning ertasini koʻrib turgan mutafakkirning yurak-yuragidan chiqayotgan faryod edi.

Romanda Yusufbek hojining faqat fikr kishisi emas, balki amal odami ham ekani ishonarli koʻrsatilgan. Chunonchi, Azizbekni yiqitish, Musulmonqulni hokimiyatdan chetlatish borasidagi tadbirlari uning yetuk siyosatchi ekanini anglatadi. Hoji tabiatida xalqimizga xos eng ezgu maʼnaviy sifatlar mujassam­lashgan. Asardagi “Hoji qoʻli bilan Kumushning yelkasiga qoqib suydi va Kumushning manglayigʻa tegizib olgʻan oʻz qoʻlini oʻpdi tasviri Yusufbek hojida oʻzbek millatiga mansub boʻlgan ajoyib axloqiy fazilatlar qanchalik jamuljam boʻlganini anglatadi. Koʻpni koʻrgan odam, donishmand ota sifatida hoji har bir shaxs oʻziga munosib ish bilan shugʻullanishi kerak, deb hisoblaydi. U haqli ravishda, odam oʻldirish, yomonlarni bevosita jazolashni joʻn odamlar qiladigan ish deb biladi. Shu bois, Otabekning Margʻilondagi jasoratini maʼqullamaydi. Oʻgʻlining tafakkur kishisi, oʻy odamiga munosib tadbir koʻrishini maʼqul topadi.

Adib asardagi har bir personajni muayyan minaz, tabiat egasi sifatida koʻrsatadi. Shu sababli Yusufbek hoji Mirzakarim qutidorga, Hasanali Ziyo shohichiga, Oʻzbek oyim Oftob oyimga salgina boʻlsin oʻxshamaydi. Yoki Sodiq va Mutalni bir-biri bilan adashtirib boʻladimi? Yozuvchi ularning har biri oʻzicha bir olam ekanini buyuk bir sanʼatkorlik bilan koʻrsatgan. Astoydil oʻylab koʻrilsa, Otabekning onasi boʻlmish dumbul tabiatli ayolning Oʻzbek oyim deb atalishi shunchaki tasodif emasligi maʼlum boʻladi. Romandagi: “Uch yillik kina va adovat oʻrniga nihoyatda oliy marhamat va mehribonchiliq kelib oʻlturgan edi. Uch yillik emas, uch daqiqalik oʻzgarishdan Oʻzbek oyimning yuzi qizarmas va qizarishni ham bilmas... edi tasvirida Oʻzbek oyimning tabiati namoyon boʻladi.

Qodiriy personajlarni tavsiflash oʻrniga harakatda, faoliyatda koʻrsatish orqali ularning shaxsiyatiga xos muhim jihatlarni boʻrttirib tasvirlaydi. Jumladan, romandagi “Hoji ularning oldigʻa ...chiqgʻach, Oftob oyim salom berib roʻymoli bilan tomogʻ ostlarini oʻrab oldi” tasviriga tayanib, Kumushning onasi tabiatiga xos xususiyatlar haqida ancha mulohaza yuritish mumkin. Shu qisqagina tasvirda oʻzbek ayoli va uning erkaklar bilan munosabat yoʻsini dohiyona aks etgan.

Yozuvchi asarining koʻp oʻrinlarida xalq qiyofasini yuksak sanʼatkorlik bilan tasvirlaydi: “Sipohlar Qoʻqongʻa qarab harakat qilar ekan, Qoʻqon darbozasiga toʻlgʻan xalq Azizbekning ot oyoqlari ostida sudralib ketishiga hazarlanib tomosha qilar edi”. Adib asarning bir necha oʻrnida oʻziga tomoshachilikni kasb qilib olgan, soxta bilan aslning, haq bilan nohaqning farqiga bormay, duch kelgan qallobga ergashib ketaveradigan ommaning qiyofasizligini oʻta mahorat bilan koʻrsatgan. Qodiriy xalq oʻzi yurishi lozim boʻlgan toʻgʻri yoʻlni belgilash darajasiga koʻtarilmas, yaʼni oʻz tarixining chinakam yaratuvchisiga aylanmas ekan, uning qismati qullik ekanini turkistonliklarning ayanch qismati misolida butun dahshati bilan koʻrsatib beradi.

“Oʻtkan kunlar” romani badiiy maʼnosining teranligi va ifoda jozibasining qudrati bilan hanuzga qadar milliy adabiyotimizda tengsiz hodisa boʻlib turibdi. Oʻzbekni bilmoqchi, uni tushunmoqchi, unga yaqinlashmoqchi boʻlgan har bir kishi bu romanni oʻqimogʻi kerak boʻladi. Har bir oʻzbek oʻzini tanishi, umrini sharaf bilan yashab oʻtishi uchun ham “Oʻtkan kunlar”ni gʻoyat sinchiklab oʻqib-oʻrganishi lozim.

Qozoqboy YOʻLDOSH,

filologiya fanlari doktori, professor