22-yanvar kuni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida uyushma raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov hamda Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Salim Doniyorov ishtirokida bir guruh yosh ijodkorlar, Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari bilan adabiy-maʼrifiy suhbat boʻlib oʻtdi. Ushbu uchrashuv bugungi adabiyot oldida turgan dolzarb masalalar, ijodkor zimmasidagi masʼuliyat va milliy birlik gʻoyasi atrofida kechdi. Adabiyot — beqiyos qudratga ega kuch. U inson ongiga, tafakkuriga, his-tuygʻulari va maʼnaviy olamiga bevosita taʼsir etadi. Badiiy saviyasi yuksak sheʼr, hikoya va boshqa ijod namunalaridan inson estetik zavq oladi, qalbida yangi shijoat uygʻonadi, hayotga boʻlgan qarashlari boyiydi. Ezgu gʻoyalar bilan sugʻorilgan asarlar insonni yuksak maqsadlar sari yetaklaydi, uni yaxshilik va bunyodkorlikka ilhomlantiradi.
Bugun jamiyatimizga aynan qalblarda yurtga muhabbat, elga sadoqatni joʻsh urdiradigan, daxldorlik tuygʻusini mustahkamlaydigan, gʻayratimizga gʻayrat qoʻshib, fidoyilikka undaydigan, milliy ruhni uygʻotib, birlikka chorlaydigan ijod namunalariga ehtiyoj nihoyatda katta. Shu bois, adabiyotimiz namoyandalari oldida masʼuliyati zalvorli, sharafi esa beqiyos vazifa turibdi. Yozuvchilar uyushmasida oʻtgan mazkur uchrashuv aynan shu muhim masalalarga bagʻishlandi. Tadbirda vatanparvarlik va shijoatni tarannum etuvchi sheʼrlar yaratilib, qoʻshiqlarga aylanib, xalqni birlashtirishi zarurligi taʼkidlandi. Tahdidlar kuchaygan, dunyo tobora murakkablashib borayotgan bir pallada xalqimiz ongi va qalbiga ezgu gʻoyalar bilan yoʻl topa oladigan asarlar yaratish davr talabi ekani qayd etildi. Soʻnggi yillarda mamlakatimizning jahon maydonlarida turli sohalarda erishilayotgan yutuqlari tilga olinganda, sportdagi natijalarni alohida eʼtirof etish joiz. Xususan, AQSH, Meksika va Kanada mezbonlik qiladigan futbol boʻyicha Jahon chempionatiga yoʻllanma qoʻlga kiritilgani zamirida davlatimizning sportga qaratgan izchil eʼtibori, xalqimizning jipsligi, tinimsiz mehnat va sadoqati mujassam. Asriy orzuning roʻyobga chiqishi yoʻlida koʻrsatilgan iroda va matonat har qanday eʼtirofga munosib.
Aynan shunday paytda bizning kim ekanimizni, tarixiy ildizlarimizni, yuksak gʻurur va shijoatimizni aks ettiradigan ijod namunalariga ehtiyoj har qachongidan-da ortib bormoqda. Ruhi baland sheʼrlar, saviyali qoʻshiqlar nafaqat yurtimiz sharafini himoya qilayotgan sportchilarimizga kuch bagʻishlashi, balki jahon hamjamiyatiga xalqimizning qanday marralarni zabt etishga qodir ekanini ham baralla namoyon etishi lozim.
Bugun ijtimoiy tarmoqlar va televideniyeda yigʻloqi ohanglar, sayoz mazmundagi kuy-qoʻshiqlar, saviyasi past sanʼat asarlari koʻpayib borayotgani sir emas. Shunday bir sharoitda haqiqiy qalam sohiblari tomonidan yaratiladigan, xalqni uygʻotadigan, birdamlikka, ulkan maqsadlar sari chorlaydigan asarlarga ehtiyoj tobora ortmoqda. Tadbirda ayni shu masalalar yuzasidan fikr almashilib, ijodkorlar oʻzaro ijodiy hamkorlikka chaqirildi, ularni qoʻllab-quvvatlash va munosib sharoitlar yaratish masalalari muhokama etildi. Zero, inson qalbidagi milliy gʻurur va daxldorlik tuygʻusi qadriyatlar, qahramonliklar va tarixiy haqiqatlar asosida shakllanadi. Ana shu haqiqatlarni soʻz qudrati bilan avlodlar ongiga singdirish esa adabiyotning eng oliy vazifalaridan biridir.
Rashid Xoʻjamov,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri