Minglab muammolar oʻz yechimi topdi

    Ijtimoiy hayot 16 Dekabr 2022 1846

    Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan xalq bilan muloqot tizimi yangi bosqichga olib chiqilmoqda. “Oqqoʻrgʻon tajribasi” endi Beshariqda. Demak, Respublika ishchi guruhi aʼzolari endi xonadonlarga kirib, har bir inson muammosi bilan individual ishlamoqda.

    Prezident Xalq qabulxonalari, yigirmadan ziyod vazirliklar, qoʻmitalar, respublika tashkilotlari, sektorlar rahbarlari Fargʻona shahridan 120 km. olisdagi Beshariqning 62 ta mahallasida uyma-uy yurib, sayyor va shaxsiy qabullar oʻtkazdi. Bu galgi qabullarning oʻziga xosligi shundaki, endi masʼullar murojaat kelishini kutib oʻtirmay, murojaatchini oʻzi qidirib kelmoqda. Odamlarning uyiga borilib, ularni oʻylantirayotgan masalalarga avvalo ichki imkoniyatlar hisobidan yechim topilmoqda.

    41 ming 674 ta xonadonu 1 ming 30 dan ziyod ijtimoiy soha obyektidagi oʻrganishlarda 11 ming 272 ta masala aniqlangan boʻlsa, ularning 8 ming 430 dan ziyodi hal etildi, 2 ming 840 dan ortiq masala esa nazoratga olindi.

    Qoʻqon shamoli asli Beshariqdan boshlanadi, deyishadi. Ayniqsa, izgʻirinli kunlarda elektr taʼminotiga talab har qachongidan ham oshadi. Shu bois ham bu boradagi muammolarni yumshatish maqsadida 4 ta transformator, 315 ta beton tayanch oʻrnatilib, qariyb 11 km. yangi tarmoq tortildi.

    Qish-qirovli kunlarda barqaror issiqlikni taʼminlash uchun Beshariqqa 1 ming 728 tonna koʻmir olib kelinib, aholi va ijtimoiy soha obyektlariga yetkazildi.

    Aholi talabidan kelib chiqib, 17 mingdan ziyod gaz balloni almashtirildi. 550 nafar isteʼmolchiga yangi gaz balloni berildi. Tumanning “Besh sari” mahallasiga borganimizda bu ishlar qabul jarayonlari bilan uygʻun olib borilayotganiga guvoh boʻldik.

    Shuningdek, tumandagi barcha gaz taqsimlash punktlari, xonadonlardagi gaz jihozlari texnik koʻrikdan oʻtkazilib, dudburonlar tozalandi.

    Bu jarayonda “Fayzobod”, “Yakkatut”, “Qum”, «Ganbay», “Eshon”, “Doʻstlik”, “Adolat”, “Qiyali”, “Qoraqoʻyli” singari qishloq-mahallalarga ichimlik suvi tortish bilan bogʻliq susayib qolgan ishlar jadallashtirildi. Xususan, hafta-oʻn kun ichida 7,3 km. quvur yotqizildi, bitta suv minorasi, 3 ta nasos taʼmirlandi.

    Aytaylik, tuman markazidan 15 km olisdagi “Adolat” mahallasi aholisi hozirgacha quduqlardan suv ichgan boʻlsa, endi 4,2 km. tarmoq tortilib, 275 ta xonadonga obi hayot olib kirilyapti. Yoki “Doʻstlik” mahallasidagi 136 ta, Qurama qishlogʻidagi 385 ta xonadon ham ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda.

    Oʻrganishlar natijasida koʻp qavatli 7 ta uyning, shu jumladan ichki imkoniyatlar hisobidan “Xalqlar doʻstligi” mahallasidagi 2 qavatli 4 ta uyning ham taʼmirtalab tomi yangilab berildi.

    “Qiyat-Sartol”, “Qum”, “Nurafshon”, “Dala-Hamid Olimjon”, “Obod” singari mahallalarning 29,2 km. koʻchalari tosh yoʻlga aylantirilgan boʻlsa, 2,6 km. yoʻl asfaltlandi. Aytaylik, Beshariq markazidan 18 km. olisdagi “Obod” mahallasining ham tuproq koʻchalari shagʻallashtirilishi bilan aholining koʻp yillik masalasi hal qilindi.

    Tadbirkorlik va yangi ish oʻrinlarini kengaytirish, odamlar real daromadini oshirish uchun aholiga “baliq emas, qarmoq berish” lozim. Shu bois ham Respublika ishchi guruhi faoliyati davomida 94 nafar murojaatchiga 1 mlrd. 400 mln. soʻm imtiyozli kreditlar olish uchun tavsiyalar berilib, ulardan 19 nafariga 352 mln. soʻm imtiyozli kreditlar ajratilgan boʻlsa, uyida ishlab daromad topishni istagan 174 nafar insonga subsidiya ajratildi.

    Subsidiya asosida tikuv mashinasi bilan taʼminlangan 94 nafar xotin-qizning asosiy qismi tumandagi “Sherwood dizayn”, “Rapqon farovoni”, “Generous khunarmand” singari yirik tikuv fabrikalariga kasanachi sifatida biriktirildi. Ularning bir qismi shu yerda avval kasb-hunar oʻrganadi, tikuvchilikka uquvi borlari esa oʻz uyida ishlab daromad topadi.

    Aytaylik, Baxmal mahallasida yashovchi Muhiba Umarova qoʻli gul tikuvchi boʻlsada, tikuv mashinasi ancha eskirib qolgan, kamiga qish payti ishning ham avji sal pastroq edi. Unga ham yangi, zamonaviy tikuv mashinasi ajratilgach, u “Sherwood dizayn” korxonasi bilan shartnoma imzoladi. Endi korxona Muhibaning uyiga bichilgan xomashyo olib kelib berib, tayyor mahsulotni olib ketmoqda. Xizmat haqi ham naqd toʻlanmoqda.

    Xalqlar doʻstligi mahallasida yashovchi Sevaraxon Nazarova esa sport anjomlari tayyorlash bilan mashgʻul, biroq uning ham tikuv mashinasi eskirgani ishni rivojlantirishga xalal berayotgan edi. Bu ayolga ham subsidiya asosida yangi tikuv mashinasi olib berilishi faoliyatini kengaytirishda ayni muddao boʻldi. «Endigi maqsadimiz mahsulot sifati va turini oshirib, avval mini sex, keyin katta fabrika ochish», deydi tadbirkor ayol.

    Yoki Qiyat Sartol mahallasida yashovchi Shohida Parpiyeva 10 turdagi oʻyinchoqlar va manejlar tayyorlab, 15 nafar mahalladoshi bandligini taʼminlagan. Shohida opa faoliyatini oʻrganish davomida uning qoʻshimcha bino qurishga ruxsat berish va 200 mln. soʻm kredit ajratishga oid masalasi hal qilindi. Bu bilan 50 nafar inson shu yerda, yana oʻnlab ishsiz oilalar esa oʻz xonadonida kooperatsiya asosida ish bilan taʼminlanadigan boʻldi.

    Shuningdek, Soylabi qishlogʻida yashovchi Gulnozaxon Murodova, Iftixor mahallasi turgʻuni Gullola Matmusayeva singari ogʻir ijtimoiy ahvoldagi 18 nafar insonga subsidiya asosida issiqxonalar qurib berishga kirishildi. Bu ayollar hademay moʻjaz issiqxonada ertangi rediska va koʻkatlar yetishtirishni boshlaydi, qoʻshimcha daromad manbasi yaratiladi.

    Yaqinda “Beshsari” mahallasida 9-maktab filiali uchun 220 oʻrinli yangi bino qurilib, foydalanishga topshirilgan boʻlsada, yangi shtatlar tashkil qilish uchun muassasaga umumiy oʻrta taʼlim maqomi berish masalasi hal boʻlmay turgan ekan. Xalq taʼlimi vazirligi masʼullari oʻrganishlari asosida kuni kecha bu masala hal qilinib, mamlakatimizdagi maktablar soni yana bittaga koʻpaydi. Bu yerda qishloq oʻquvchilari zamonaviy taʼlim olishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼullari oʻrganishlari natijasida turli xastaliklar aniqlangan 761 nafar insonning 102 nafari shifoxonalarga yotqizildi, 659 nafari ambulator sharoitda davolanmoqda. Tumandagi nogironligi bor insonlar holidan xabar olinib, 558 nafar ehtiyojmand insonga reabilitatsiya vositalari, koʻzoynaklar, dori-darmon yetkazib berildi.

    Aytaylik, “Oltinkoʻl” mahallasida yashovchi Malohatxon Madumarova 18 yildirki, nogironligi boʻlgan oʻgʻli Yahyobek Olimovni parvarishlaydi. Ayol istihola qilganmi, aravacha soʻrab hech murojaat qilmagan, oʻgʻlini yelkasiga opichlab katta qilgan ekan. Oʻrganishlar davomida Yahyobekka ham nogironlik aravachasi, dori-darmon, oziq-ovqat yetkazildi. Ular yashayotgan uy taʼmirlab beriladigan boʻldi. Bir onaning 18 yillik matonati, qismati, shukronasi esa bizga nimalarning qadriga yetishimiz, nimalar uchun shukr qilishimiz kerakligini eslatgandek boʻladi.

    Ichki ishlar va Qurilish vazirliklari masʼullarining oʻrganishlari “Nurli maskan” alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalarga ixtisoslashtirilgan 2-maktab filialining 36 nafar oʻquvchisi ogʻir sharoitda taʼlim olishga majbur boʻlayotganini, ular uchun yangi, alohida bino zarurligini koʻrsatdi. Qisqa muddatda 3-sektor hududidagi “Dala Hamid Olimjon” mahallasida boʻsh bino taʼmirlanib-jihozlanib, muassasa barcha sharoitga ega yangi binoga koʻchirildi.

    Oʻrganishlar asosida ehtiyojmand, nochor oʻnlab oilalar uy-joylarini taʼmirlash uchun ichki imkoniyatlar hisobidan mablagʻ topilib, bu boradagi amaliy ishlarga ham kirishildi.

    Yakkatutlik Nazrullo Madaminov va ogʻir xasta rafiqasi Gulshanoy Aliyorova ham hademay yangi, shinam boshpanasiga ega boʻladi.

    Eʼtiborlisi, beshariqlik faollar, nuroniylar, tadbirkorlar tashabbus bilan chiqishib, bu kabi ogʻir sharoitda yashayotgan ehtiyojmand insonlar uy-joylarini taʼmirlashda amaliy yordam koʻrsatishga qaror qilishdi. “Tashabbuskor guruh”ning qurilish-obodonlashtirish ishlariga homiylik yordami “Mahalla” xayriya jamoat fondi orqali tizimli yoʻnaltiriladi.

    Muxtasar aytganda, davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhining Beshariqdagi oʻrganishlari davomida 62 ta mahallada aniqlangan har bir masalani hal qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi”, tuman, sektor, mahalla darajasidagi har bir rahbar, har bir masʼulning har haftalik ish rejasi ishlab chiqildi. Bu boradagi ishlar natijadorligi esa ular faoliyatiga baho berishda asosiy mezon boʻladi.