Mirzaobodlik dehqonlar davlatga don sotish rejasini respublikada birinchi boʻlib bajardi

    Agrosektor 24 Iyun 2020 2547

    Bu yilgi qiyin bir vaziyat, sinovli kunlar boʻlishiga qaramasdan sirdaryolik mirishkor bobodehqonlar hamda tajribali gʻallakor klasterlar 85 ming gektar maydonda yetishtirilgan moʻl gʻalla hosilini hamjixatlikda, tartib bilan ish tizimli yoʻlga qoʻyilgani hisobiga 17 ish kunida marraga yetib keldilar.

    Prezidentimiz tomondan yaratib berilgan shart-sharoitlar, tizim asosida moddiy resurslarni, yaʼni mineral oʻgʻitlar, yoqilgʻi moylash materiallari va talab etiladigan mablagʻlarni toʻliqligicha oʻz vaqtida yetkazib berilganligi, shuningdek, xarid narxlarini gʻalla hosildorligiga qarab toʻlanishi hamda Xorazm viloyatidan oʻrim kombaynlari yordamga yuborilganligi gʻalla boʻyicha davlat shartnomaviy rejamizni sharaf bilan uddalanishida muhim ahamiyat kasb etdi.

    Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 1-iyundagi “2020-yil hosilidan qabul qilinadigan boshoqli don hajmlari toʻgʻrisida”gi topshirigʻiga asosan viloyat boʻyicha 178255 tonna sara don yetishtirilib, davlat shartnomaviy reja
    100,2 foizga bajarildi. Viloyat boʻyicha hosildorlik oʻrtacha 58 sentnerni tashkil etdi.

    Shu oʻrinda suv toshqinidan talafot koʻrgan hudud boʻlishiga qaramasdan Mirzaobod tumani davlatga don sotish boʻyicha shartnomaviy rejani respublikada birinchi boʻlib bajarganligi alohida tahsinga sazavor.

    Bu borada Sardoba, Xovos va Boyovut tumanlarining mirishkor dehqonlari ham viloyatda birinchilardan boʻlib shartnomaviy rejalarini bajardilar.

    Ayniqsa, yuqori hosildorlikka erishgan Boyovut tumanidagi “Mullo Holiqul bobo”, “Mirishkor nafosat gulshani” fermer xoʻjaliklari hosildorlikni 85 sentnerga yetkazib, rejani 125 foizga uddaladi.

    Sirdaryo tumanidagi “Doston farovon baraka”, “Nurli quyoshli yurt” Sayxunobod tumanidagi “Qurama”, “Begali” fermer xoʻjaliklari gektariga oʻrtacha 70-75 sentnerdan hosil olib, oʻzlarining yurtga fidoyiligi, bugungi kunda Davlatimiz tomonidan qishloq xoʻjaligiga yaratib berilayotgan imkoniyatdan toʻgʻri foydalanilsa qanday natijaga erishish mumkinligini amalda isbotlab berdilar.

    Bundan tashqari Alibekov Kamol, Mirzayev Avazbek, Elmuradov Narzulla, Mardiyev Baxtiyor singari kombayn operatorlari kuniga 100-120 tonnadan gʻalla donini oʻrib, davlat shartnoma rejasining bajarilishiga oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshdilar.

    Viloyatimizning fermer va klasterlari Prezidentimizning xalq farovonligi yoʻlida olib borayotgan odilona siyosatingizni toʻgʻri tushungan holda gʻalla hosildorligini 65 sentnerga yetkazishni oʻz oldilariga maqsad qilib oldilar.