Unda Sohibqiron Amir Temur avlodidan boʻlgan Ulugʻbek oʻzining astronomiya va matematikadagi noyob zehniyati va ixtirochilik muvaffaqiyatlari bilan jahonda dong taratgani bilan bogʻliq tarixiy maʼlumotlar qalamga olingan.
“Ulugʻbekning otasi Shohruh Amir Temurning toʻrtinchi oʻgʻli boʻlgan, u 1407-yili Samarqand uzra nazoratni qayta tiklab, saltanatning katta qismi, jumladan, Eron va Turkiston uzra hukmronlik qilgan. Ulugʻbek ilm-fan va sanʼatga mehr qoʻygan edi. U musiqachi, shoir, faylasuf, hofiz va mohir ovchi ham boʻlgani barobarida astronomiya va matematika boʻyicha nodir iqtidor egasi edi.
1417-yili astronomiya ilmlarini ilgari surish maqsadida Ulugʻbek madrasa qurishni boshladi. U oʻz davrining oliy taʼlim markazi boʻlgan. Samarqanddagi Registon maydonida joylashgan mazkur madrasaning qurilishi 1420-yili nihoyasiga yetgan. Ulugʻbek oʻz davrining eng ilgʻor olimlarini oʻqituvchi vazifalariga tayinlagan.
U, shuningdek, Samarqand hududidan tashqarida taxminan 30 metr balandlikda joylashgan tepalikda oʻzining rasadxonasini ham yaratgan. Ushbu inshoot modern davrigacha boʻlgan eng katta rasadxonalardan biri boʻlib, juda chiroyli, marmarlar bilan bezatilgan edi”, — deb yozadi gazeta.
Maqolada Mirzo Ulugʻbek koinotshunoslikda foydalangan noyob asbob-uskunalar, quyosh, sayyora va yulduzlarni kuzatish borasida kashf etgan ixtirolar haqidagi atroflicha maʼlumotlar oʻz ifodasini topgani barobarida u oʻn beshinchi asrning eng muhim astronomi boʻlgani haqli ravishda eʼtirof etilgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.