Oʻzbekiston hukumat delegatsiyasining Misrga tashrifi doirasida oʻtkazilgan uchrashuvda Misrning elektrotexnika, toʻqimachilik, charm va poyabzal, farmatsevtika mahsulotlari va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar rahbarlari bilan muzokaralar oʻtkazildi.

Mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va sarmoyalarni jalb etish istiqbollari kun tartibidagi asosiy mavzulardan biri boʻldi.

Xususan, Elsewedy Electric prezidenti Ahmad Sadek bilan (kompaniya 17 ta davlatdagi korxonalarga ega boʻlgan Misrning eng yirik elektr energiyasi, transformator va kabel mahsulotlari ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Aktivlari 6 milliard dollarni tashkil etadi) energetika va elektrotexnika sanoatidagi hamkorlik masalalari muhokama etildi. Shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish boʻyicha qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish, transformatorlar, kabel-sim mahsulotlari va aksessuarlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha Ishchi guruh tuzishga kelishildi.

Fresh kompaniyasi rahbariyati bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda elektrotexnika sohasida loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi. (kompaniya 1,5 ming turdagi elektrotexnika mahsulotlari, jumladan, maishiy texnika ishlab chiqaradi. Eksport geografiyasi dunyoning 52 davlatini qamrab oladi. Sotuvlar hajmi 1 milliard dollarni tashkil etadi). Toshkent viloyatida elektrotexnika mahsulotlari qoʻshma ishlab chiqarish loyihalarini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, mis va butlovchi qismlarni birgalikda ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar kelishib olindi.

Orascom Construction kompaniyasi ijrochi direktori Ihab Mahaved bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda (kompaniya anʼanaviy va qayta tiklanadigan elektr energiyasi, qurilish materiallari ishlab chiqarishda, suv resurslarini boshqarish va qayta ishlashda 70 yillik tajribaga ega) energetika, yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari koʻrib chiqildi. Loyihalarni batafsil oʻrganish boʻyicha qoʻshma Ishchi guruh tuzish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Shu kuni Al Rowad va ARC Shoes (kompaniyalar Yevropa, Yaqin Sharq, Osiyo va Afrika mamlakatlariga poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi yirik korxonalar hisoblanadi), shuningdek, Lotus Garment Group (Leviʼs, Lee, Gap, Wrangler, Ralph Lauren, Calvin Klein va boshqa xalqaro brendlar uchun kiyimlar ishlab chiqaradi) va Pharco Pharmaceutical

(kompaniya 450 dan ortiq turdagi dori-darmonlarni ishlab chiqarib, 50 mamlakatga eksport qiladi) rahbariyati bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Muzokaralarda qoʻshma korxonalar tashkil etish va yuqori sifatli charm, toʻqimachilik va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni amaliy ishlab chiqishni boshlashning tashkiliy masalalari kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.