Jumladan, SHHT missiyasi tomonidan oʻtkazilgan brifingda missiya rahbari, SHHT bosh kotibi oʻrinbosari Yerik Ashimov soʻzga chiqib, quyidagilarni maʼlum qildi.

— Oʻzbekiston xalqini muhim siyosiy jarayon – Prezident saylovi muvaffaqiyatli oʻtgani bilan chin dildan tabriklayman. Saylov ochiq, oshkora, haqqoniy, milliy qonunchilik va umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga toʻla mos oʻtdi, — deydi Shanxay hamkorlik tashkiloti missiyasi rahbari, SHHT bosh kotibi oʻrinbosari Yerik ASHIMOV. — Bizning delegatsiyamiz aʼzolari Toshkent shahri, Andijon, Buxoro, Samarqand, Xorazm viloyatida boʻlib, ikki mingdan koʻproq saylov uchastkalarida saylov jarayonini kuzatdi. Saylov uchastkalarida fuqarolar oʻz konstitutsiyaviy vakolatini emin-erkin ado etishi uchun barcha sharoitlar yaratildi.

Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun, xorijda yashayotgan Oʻzbekiston fuqarolari uchun ham qulaylik yaratildi. Saylov kuni yashash joyida boʻlmaydigan fuqarolar uchun muddatidan oldin ovoz berish yoʻlga qoʻyildi. Saylov uchastkasiga kelish imkoniyati boʻlmagan insonlar uchun koʻchma qutilar joriy etildi. Pandemiya sharoitida aholi salomatligini asrash masalasi ham alohida diqqat-eʼtiborda boʻldi. Bir qator saylov uchastkalaridan saylov jarayoni onlayn tarzda namoyish etildi.

Saylov uchastkalarida faoliyat yuritgan mutaxassislarning malakasini yuqori baholaymiz. Ular fuqarolar tomonidan tushgan savol va murojaatlarga oʻz vaqtida javob berdi. Oʻz navbatida, fuqarolar ham saylovda yuksak faollik koʻrsatdi.

Oʻzbekistonda saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish jarayonida zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanilganini alohida eʼtirof etish joiz. Bu borada Markaziy saylov komissiyasining maxsus elektron platformasi va mobil ilova yaratildi. Yutub va telegramm kanallari orqali ham maʼlumotlar tarqatib borildi. Unda chop etilgan maʼlumotlardan keng omma foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi. Saylovchilarning elektron roʻyxati yaratilgani ham yana bir qulaylik boʻldi. Saylovda partiyalar saylovoldi tashviqotini yuritishi uchun teng efir vaqti ajratildi, bosma nashrlardan tegishli tartibda bepul maydon taqdim etildi.

Saylovda xalqaro kuzatuvchilar oʻz faoliyatini toʻla-toʻkis amalga oshirishi uchun yaratilgan sharoitlarni ham alohida eʼtirof etish joiz. Xususan, SHHT missiya aʼzolari erta tongda saylov uchastkalari ochilishidan boshlab ovozlarni sanashgacha boʻlgan jarayonda qatnashdi. Missiya ishiga hech qanday aralashuv va toʻsiq boʻlmadi. Shu bilan birga, missiyaga saylov yuzasidan tanqidiy fikrlar, eʼtirozlar va shikoyatlar ham tushmadi.

Bir soʻz bilan aytganda, saylov Oʻzbekistonning milliy qonunchiligi va mamlakatingiz oʻz zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarga hamohang tarzda oʻtdi. Ishonchimiz komilki, bu muhim siyosiy tadbir kelgusida Oʻzbekistonda demokratik islohotlar yanada chuqurlashishi, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada taraqqiy etishida muhim omil boʻladi.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Bahor Xidirova yozib oldi