Iqtisodiyotni investitsiya resurslari bilan taʼminlash korxonalarni sogʻlom raqobat tamoyillari asosida moliyalashni taqozo etadi. Kapital bozori va bank tizimi barqarorligi esa mamlakat iqtisodiy salohiyatini oshirishning muhim omillaridandir. Shu maqsadda kapitalni jalb qilish hamda korxonalar, moliyaviy institutlar va aholining erkin mablagʻlarini joylashtirishning muqobil manbai sifatida moliya bozorini oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish talab etiladi.
HUQUQIY ASOS VA AMALIY NATIJALAR
Milliy iqtisodiyotimizni shakllantirish sharoitida bank-moliya va sanoat sohasi taraqqiyotiga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Bunda iqtisodiyoti rivojlanayotgan mamlakatlar singari Oʻzbekistonda ham tijorat banklari resurslarini faol tarzda turli sanoat korxonalarining kapitallashuv darajasi va moliyaviy barqarorligini taʼminlashga jalb qilish muhim oʻrin tutadi.
Bank tizimining rivojlanishi va barqarorligini oshirishning muhim shartlaridan biri banklarning oʻz mablagʻlari hajmini oshirish va kredit tashkilotlari tomonidan olingan xatarlarni oʻz kapitali bilan yetarli darajada qoplanganida namoyon boʻladi.
Bu borada koʻplab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani ijobiy amaliy natijalarga erishishga asos boʻlmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2018-yil 23-martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori tijorat banklarini yangi infratuzilmalar bilan taʼminlash, raqamli texnologiyalarga asoslangan xizmat turlaridan foydalanishga keng yoʻl ochdi.
Mamlakatimizda milliy toʻlovlar tizimi, naqd pulsiz hisob-kitoblar infratuzilmasini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shunga koʻra, 2019-yil 1-noyabrda “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinishi ortidan yurtimizda toʻlovlarni uzluksiz amalga oshirish va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy qilish, shu bilan birga, tizimning samarali, ishonchli va xavfsiz ishlashini taʼminlashga imkoniyat yaratildi.
2019-yil 5-noyabrda kuchga kirgan “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun Jahon banki koʻmagida ilgʻor xorijiy tajriba, umumeʼtirof etilgan normalar va standartlar asosida ishlab chiqildi. Oxirgi besh yilda pul-kredit siyosati sohasida islohotlar natijasida isteʼmol tovarlari hajmi sezilarli oshib, oʻzaro muvofiqlashgan makroiqtisodiy siyosat hamda tarif va notarif borasida salmoqli ishlar qilindi. Inflyatsion targetlashga bosqichma-bosqich oʻtishga tayangan holda Markaziy bank tomonidan inflyatsiyani pasaytirishga qaratilgan qatʼiy pulkredit siyosati yuritilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2020-yil 12-maydagi “2020-2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish toʻgʻrisida”gi farmonida mamlakatimiz bank tizimida davlat ulushini bosqichma-bosqich kamaytirish, moliya bozorida teng raqobat sharoitlarini yaratish, kreditlashni faqat bozor shartlari asosida amalga oshirish, banklarning davlat resurslariga qaramligini pasaytirish, xizmat koʻrsatishni modernizatsiya qilish, sohada samarali infratuzilma yaratish va avtomatlashtirish, shuningdek, ular faoliyatiga xos boʻlmagan funksiyalarni bekor qilish orqali samaradorlikni oshirish vazifalari belgilab berildi.
Ushbu farmonga muvofiq, “Ipotekabank”, “Oʻzsanoatqurilishbank”, “Asakabank”, “Aloqabank”, “Qishloqqurilishbank” va “Turonbank”ni xususiylashtirish boʻyicha qaror qabul qilindi. Bundan tashqari, 2020-yilda “Oʻzsanoatqurilishbank” va YETTB oʻrtasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar, eksportyorlar, kichik va oʻrtabiznesni moliyalashtirish uchun 40 million dollar miqdorida kredit liniyasini jalb qilish yuzasidan kredit shartnomasi imzolandi. Bank anderrayting joriy etdi va bu kreditlash operatsiyalarini xodimlar ishtirokisiz amalga oshirishga oʻtdi.
Mamlakatimizda 2016-yilgacha ichki valyuta bozori va naqd pul muomalasida mavjud muammolar yillar davomida inflyatsiyaning yuqori darajada shakllanishiga yoʻl ochishi bilan birga tadbirkorlikni rivojlantirishga salbiy taʼsir koʻrsatib kelardi. Bu muammolarning bartaraf etilishi pul-kredit siyosatini takomillashtirish va inflyatsiya darajasini pasaytirish uchun zamin yaratyapti. 2017-yilga kelib, pul-kredit siyosatini rivojlantirishda inflyatsion targetlash rejimini joriy qilishga kirishildi. Mamlakatimizda narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadida 2020-yildan inflyatsiyani targetlashning faol bosqichiga oʻtilib, 2021-yilda inflyatsiya darajasini 10 foiz, 2023-yilda esa 5 foiz darajadagi doimiy inflyatsion targetgacha pasaytirish vazifasi qoʻyildi. Buning natijasida inflyatsiya darajasini 2017-yil yakunidagi yillik 18,8 foizdan 2020-yil oxirida 11,1 foizgacha pasaytirishga erishildi.
Shuningdek, aholining bankomatlardan naqd pul yechib olish hajmi 2017-yilda 98 milliard soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2021-yilga kelib, 90 trillion soʻmga yetdi. Muomaladagi naqd pulning banklarga kelib tushish koʻrsatkichi 2017-yildagi 27 foizdan 2020-yilda 65 foizgacha koʻpaydi. Aholining naqd pul yechish imkoniyatini kengaytirish maqsadida bankomat va infokiosklar soni 4,9 mingtadan qariyb 12,7 mingtaga yetkazildi. Hududlardagi chakana savdo va pulli xizmatlar koʻrsatish shoxobchalari hamda bank infratuzilmalariga oʻrnatilgan toʻlov terminallari soni 2017-yildagiga nisbatan 2 barobar koʻpayib, 2021-yil oktyabr holatiga umumiy soni 435 mingtadan oshib ketdi. Tijorat banklari tomonidan aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun bank kartalarining umumiy soni 2017-yildagiga nisbatan 1,3 barobar ortib, 2021-yilning 1-oktyabr holatiga qariyb 25,2 million donani tashkil etdi.
Yuridik va jismoniy shaxslarning oʻz ehtiyojlari uchun valyuta sotib olishi va sotishi uchun toʻliq imkoniyatlar eshigi ochildi, tovarlar (ish, xizmatlar) eksportidan tushgan valyuta tushumini majburiy sotish tartibi mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha eksportchi tashkilotlar uchun butunlay bekor qilindi. Buning natijasida yuridik shaxslar tomonidan ichki valyuta bozorida sotib olingan xorijiy valyuta hajmi 2020-yilda 2017-yildagiga nisbatan 2,1 barobar ortib, 20 milliard AQSH dollaridan oshdi. Jismoniy shaxslar tomonidan ayirboshlash shoxobchalari orqali xorijiy valyutani sotish hajmi 2020-yilda 2017-yildagiga nisbatan 5,3 barobar oshib, 4,6 milliard AQSH dollariga hamda xorijiy valyutani sotib olish hajmi 22 barobardan ziyod koʻpayib, 4,1 milliard AQSH dollariga yetdi. Mamlakatimizning oltin- valyuta zaxiralari hajmi 2021-yil 1-sentyabr holatiga 35,4 milliard AQSH dollarini tashkil etib, 2017-yildagiga nisbatan 1,3 barobar koʻp boʻldi.
Iqtisodiyotimizga ajratilgan kredit qoʻyilmalari hajmi 2017-yildagiga nisbatan 6 barobar oshib, 2021-yil yakuni boʻyicha 332 trillion soʻmga hamda uning YAIMdagi ulushi 20 foizdan qariyb 50 foizga yetishi kutilyapti. Aholini uyjoy bilan taʼminlashning bozor tamoyillariga asoslangan yangi tartibi joriy etildi va ipoteka kreditlari ajratish tartibi soddalashtirildi. Tijorat banklari tomonidan 2017-2020-yillarda jami 262,1 ming fuqaroga umumiy qiymati 32,1 trillion soʻm ipoteka kreditlari ajratildi. Koʻchmas mulk bozorida ipoteka kreditlari asosida sotilgan uy-joylar sonining jami koʻchmas mulk oldi-sotdisidagi ulushi 2017-yildagi 22 foizdan 2020-yilda 34 foizgacha oshdi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida tijorat banklari tomonidan aholining daromad topishga qaratilgan faoliyat bilan shugʻullanishi hamda kichik tadbirkorlik subyektlarining loyihalarini moliyalashtirish uchun imtiyozli shartlarda kreditlar ajratishning aniq tizimi joriy etildi. Soʻnggi 4 yil davomida qariyb 934 mingdan ortiq oilaga 23 trillion soʻm miqdorda shunday kredit ajratildi.
Kreditlarning real oʻsishi yiliga oʻrtacha 38,6 foizni tashkil etdi. 2021-yil 1-yanvar holatiga koʻra, iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar miqdori 277 trillion soʻmni tashkil etib, uning umumiy hajmi 2017-yildagiga nisbatan 150 foiz oshdi.
XIZMATDA — “RAQAMLI BANK”
Aholi soni yildan-yilga oʻsib borayotgani xizmat koʻrsatuvchi toʻlov terminallari, bankomat va infokiosklar sonini oshirishni taqozo etadi. Shu bois, soʻnggi yillarda innovatsiyalarga asoslangan xizmat turlarini kengaytirish va mavjudlarini takomillashtirishga katta eʼtibor qaratib kelinmoqda. Shulardan biri “raqamli bank” boʻlib, undan foydalanuvchilar oʻzlariga qulay va hamyonbop boʻlgan masofaviy xizmat turini tanlash imkoniyatiga ega.
Tahlillarga koʻra, rivojlangan mamlakatlarda bank infratuzilmasi yildan-yilga zamonaviylashib boryapti. “Raqamli bank”lar anʼanaviylarini konfidensiallik, xavfsizlik, muammolarni hal etish va toʻlovlarni amalga oshirishning real vaqt rejimida kechishi singari asosiy mezonlar boʻyicha ham ortda qoldirdi. Yangi tizim jarayonlarning yuqori darajada avtomatlashuvi, xizmatlarning veb-saytlarga asoslanishi, institutlararo bank mahsulotlari yetkazib berishni taʼminlovchi dasturiy interfeys ilovalaridan (API) foydalanish, mijozlarga moliyaviy axborotga kompyuter, mobil telefon va bankomatlar orqali bogʻlanish imkoniyati mavjudligi bilan ajralib turadi.
AQSH, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Germaniyada ushbu xizmat turi anʼanaviy bank xizmatiga aylanib boʻlgan. Turkiya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Belarusda undan foydalanuvchilar soni boshqa xizmat turlaridagiga nisbatan yuqori. Bu esa banklarga borib murojaat etish, hujjatlarni toʻldirish va ortiqcha vaqtni sarflagandan koʻra, istalgan yerdan arzon, qulay va sifatli tarzda foydalanish afzal ekanini koʻrsatmoqda.
2019-yilda Jahon banki moliyaviy inklyuzivlik boʻyicha “The Little Data Book on Financial Inclusion 2018” tahlilini chop etdi. Unga koʻra, aholi orasida raqamli toʻlovlardan foydalanuvchilar Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiyada 95,5 foizni, Italiya, Janubiy Koreyada 89 foizni tashkil etmoqda. Onlayn xaridlarni amalga oshirish Germaniyada 97,8, Buyuk Britaniyada 89 foizni tashkil etmoqda.
Mamlakatimiz bank sektorida masofadan bank xizmatlarini koʻrsatishda internet banking va “Bank-mijoz” dasturi, SMS-banking va mobil banking kabilardan foydalaniladi. Masofadan bank xizmatlari tarkibida 2011-yilda SMS-banking va mobil bankingdan foydalanuvchilar ulushi 42 foiz, internetbanking va “Bank-mijoz” turidan foydalanuvchilar ulushi esa 58 foizga teng boʻlgan boʻlsa, 2019-yilga kelib, bu koʻrsatkichlar mos ravishda 95 foizdan oshdi. Ushbu holat yurtimizda soʻnggi yillarda masofadan bank xizmatlaridan foydalanuvchilarning koʻpayishi, asosan, SMS-banking va mobil banking xizmatlaridan foydalanishning kengayishi hisobiga roʻy berayotgani bilan izohlanadi.
QIMMATLI QOGʻOZLAR BOZORI
Mamlakatimizda fond bozorining investitsion salohiyatini oshirish borasidagi islohotlar davom etmoqda. Prezidentimizning 2019-yil 17-yanvardagi “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmonida qimmatli qogʻozlar bozorining milliy iqtisodiyotdagi mavqeini hamda investitsiyalarni jalb etishdagi rolini oshirish orqali birja savdolariga keng jamoatchilikni jalb qilish vazifasi qoʻyilgan edi.
Bugungi kunda korxonalarni samarali, adolatli bozor narxlarida baholash alohida ahamiyat kasb etadi. Bunda aksiyalar odatda nominal qiymatidan yuqori bahoda sotiladi, hosil boʻladigan farq esa qoʻshilgan kapitalga aylantiriladi. Bu esa, oʻz navbatida, korxonaning sof qiymatini oshiradi.
Mamlakatimizda ayni paytda fond bozori faoliyatining asosini aksiyadorlik shaklidagi yirik korxonalar tashkil etadi. Amaliyotda aksiyadorlik jamiyatlarining umumiy soni kamayib borish jarayoni kuzatilayotgan boʻlsada, ularning umumiy ustav kapitallari jadal surʼatlarda oʻsib bormoqda. Bunday holatni bank misolida, yaʼni aksiyadorlik tijorat banklarida kapitallashuv darajasi ortib borishi bilan ham izohlash mumkin. Soʻnggi yillarda qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari soni biroz kamayganiga qaramay, mamlakatimizda uning institutsional infratuzilmasi asosan shakllanib boʻldi.
Oxirgi 5 yilda respublikamiz qimmatli qogʻozlar bozorida 46 ta institutsional investor faoliyat yuritib kelayotgan boʻlsa, ulardan 28 tasi bank sohasi, 9 tasi sugʻurta faoliyati, qolgani investitsiya fondlariga tegishlidir. Banklar tomonidan muomalaga chiqarilgan aksiyalar 16877,82 milliard soʻm boʻlib, institutsional investorlar tarkibidagi ulushi 98,54 foizga yetgan. Sugʻurta kompaniyalarining umumiy ulushdagi hissasi 1,44 foizga teng. Investitsiya fondlari tomonidan atigi 2,32 milliard soʻmlik aksiyalar chiqarilgan. Ularning institutsional investorlar tarkibidagi hissasi 0,02 foizga yaqin.
Muomalaga chiqarilgan aksiyalari soni boʻyicha sugʻurta kompaniyalarining institutsional investorlar tarkibidagi ulushi 62,6 foiz boʻlsa, keyingi oʻrinda banklar 37,3 foiz, investitsiya fondlari esa 0,0003 foizga ega. Bu ularning qimmatli qogʻozlarining nominal qiymati boshqa institutsional investorlar aksiyasiga qaraganda past qiymatda ekanidan dalolat beradi.
Davlat banklarini transformatsiya qilish, faoliyatini bozor tamoyillari va xalqaro standartlarga muvofiq qayta tashkil qilish hamda bank tizimida xususiy kapital ishtirokini kengaytirish va sogʻlom raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida 2020-2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi tasdiqlangan. Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda PWC, KPMG, Deloitte va McKinsey company kabi xalqaro konsalting kompaniyalari banklarni transformatsiya qilish jarayonlariga jalb etildi.
2019-yil fevral oyida Oʻzbekiston tarixida birinchi marta hukumat tomonidan 1 milliard AQSH dollari miqdoridagi suveren yevrobondlar muvaffaqiyatli joylashtirilgandan soʻng bir qator tijorat banklari uzoq muddatli kapital jalb qilish maqsadida xalqaro kapital bozoriga kirdi. Xususan, 2019-yil noyabr oyida “Oʻzsanoatqurilishbank” London fond birjasiga 300 million yevrobond chiqarib, tijorat banklari orasida dastlabki qadamni tashladi. 2020-yil oktyabr oyida Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki mazkur xalqaro moliya muassasasidan 300 million dollar mablagʻ jalb qildi. Noyabr oyida esa “Ipotekabank” ham shuncha miqdorda yevrobond joylashtirdi va xalqaro kapital bozori ishtirokchisiga aylandi.
Soʻnggi yillarda moliya sektorining investitsion jozibadorligini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar xorijiy investorlarning bank sohasiga boʻlgan qiziqishini oshirishga yordam bermoqda. Masalan, 2020-yilda Germaniyaning moliyaviy rivojlanish instituti (Deutsche Investitions-und Entwicklungsgesellschaft mbH, DEG) va Triodos Investment Management “Ipak yoʻli” bankining 25 million dollar miqdorida yangi chiqarilgan aksiyalarini sotib olish orqali bank ustav kapitaliga sarmoya kiritdi.
Taraqqiy etgan xorijiy davlatlar tajribasidan maʼlumki, moliyaviy sektorning rivojlanganlik darajasi bilan iqtisodiy oʻsish oʻrtasida yuqori darajada bogʻliqlik mavjud. Tizimda xizmatlar sohasining rivojlangani moliyaviy resurslarni samarali taqsimlash yoʻli bilan mamlakatning iqtisodiy oʻsishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Tijorat banklari, fond bozori, sugʻurta tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan turli moliyaviy xizmatlar yanada koʻproq miqdordagi jamgʻarmalarni real sektorga yuqori samaradorlik taʼminlangan holda yoʻnaltirilishiga va buning natijasida real sektorda oʻsish faollashishiga xizmat qiladi.
Muhiddin KALONOV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti prorektori,
Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning
ilmiy asoslari va muammolari
ilmiy-tadqiqot markazi direktori,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor