Moped va skuterlar ham endi transport vositasi

    Joriy yilning 1-mart sanasidan boshlab moped va skuterlar ham transport vositalari qatoriga qo'shiladi va ularni boshqaruvchi haydovchilardan “A” toifadagi haydovchilik guvohnomasi talab etiladi.

    Shu kunlarda yurtimiz bo'ylab moped va skuterlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish hamda ularga alohida farqlovchi davlat raqam belgilarini berish ishlari olib borilyapti. Gap shundaki, joriy yilning 1-mart sanasidan boshlab moped va skuterlar ham transport vositalari qatoriga qo'shiladi va avvalgidek velosiped yo'laklarida emas, balki avtomobil yo'llarida harakatlanadi. Ayni shu vaqtdan boshlab ushbu turdagi transport vositalarini boshqaruvchi haydovchilardan “A” toifadagi haydovchilik guvohnomasi talab etiladi.

    Mazkur talab ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo'lib, odamlarning ayrim e'tirozlarini ham keltirib chiqarmoqda. Ko'pchilik bularning bari ortiqcha xarajat ekanini yozayotgan bo'lsa, boshqa tarmoq foydalanuvchilari o'z hududida “A” toifa haydovchiligiga o'qitadigan avtomaktablar yo'qligini aytyapti.

    Avtomobillar haydovchilari esa bu ayni kerakli qaror bo'ldi, degan fikrda. Boisi, keyingi vaqtlarda yo'llarda moped va skuterlar ko'payib qolgani, ularning ayrim haydovchilari tomonidan yo'l harakati qoidalari qo'pol tarzda buzilayotgani sir emas. Ammo ushbu mototransport vositalari davlat raqam belgisiga ega bo'lmagani bois, ularni kameralar qayd etmaydi va jarima to'lashdan “qutilib” qoladi. Bundan ko'pincha avtotransport vositalari egalari zarar ko'radi.

    Mutasaddilarning ta'kidlashicha, moped va skuterlar xuddi boshqa transport vositalari singari yo'llarda harakatlanar ekan, demak, yo'l harakati qoidalarini boshqa haydovchilar kabi bilishi va rioya etishi kerak. Shu bois, 1-mart sanasidan boshlab moped va skuterlarni davlat raqam belgisi bilan boshqarish majburiyligi belgilandi. Buning huquqiy asoslari va zaruriy talablari ham ko'rsatilgan.

    — Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-iyuldagi tegishli qarori bilan avtomobil` yo'llarida harakat xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan bir qancha o'zgartirishlar kiritilib, elektromototsikl, moped va skuterlar uchun alohida farqlovchi davlat raqam belgilari joriy etilgan, — dedi Respublika Yo'l harakati xavfsizlik xizmati axborot xizmati boshlig'i Zoyir Yo'ldoshev. — Mazkur qaror bilan foydalanishda bo'lgan moped va skuterlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish tartibi to'g'risida 2025-yil 28-fevralga qadar amal qiladigan vaqtinchalik nizom ham tasdiqlangan. Unga ko'ra, dvigatelining ish hajmi 25 santimetr kub va undan ortiq, lekin 50 santimetr kubdan oshmaydigan, shuningdek, elektr dvigatelining quvvati 0,25 kilovatt va undan ortiq, biroq 4 kilovattdan oshmaydigan, konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometr va undan ortiq, lekin 50 kilometrdan oshmaydigan transport vositalari (moped va skuter) uchun alohida ro'yxatdan o'tkazish davlat raqami belgilari joriy etildi. Shuningdek, ushbu turdagi transport vositasini boshqarishda, albatta, haydovchining boshida shlem, egnida xavfsizlik nimchasi bo'lishi talab qilinadi. Qolaversa, haydovchidan milliy haydovchilik guvohnomasining “A” toifasi so'raladi. Ushbu transport vositalarini ijaraga olish yoki berishda, ishonchnoma orqali boshqarganda ham davlat raqami belgilari bo'lishi zarur. Aks holda, haydovchiga nisbatan jarima solinadi.

    Umuman, bu qaror, avvalo, xalq manfaati, haydovchi va yo'lovchilarning xavfsizligini ta'minlash maqsadida qabul qilinganini tushunishimiz kerak. Haydovchilik guvohnomasini olgan fuqaro yo'l qoidalarini biladi va ularga amal qiladi. Moped va suterlarni davlat ro'yxatidan o'tkazib, davlat raqam belgilarini berish ham xavfsizlikni ta'minlash choralari bilan bog'liq. Xususan, ushbu turdagi transport vositalarining texnik sozligini tekshirish, ular bilan bog'liq o'g'rilik jinoyatlarining oldini olish va hokazo holatlar hisobga olingan. Yuqoridagi nizomning amal qilish muddati tugaguniga qadar — shu yilning 1-mart sanasigacha moped va skuterlar belgilangan tartibda davlat ro'yxatidan o'tkazilishi kerak. Bu davr ushbu transport vositalari egalari uchun imkoniyat bo'lib, hozirda bitta tushuntirish xati yoki ariza bilan amalga oshiriladi. Belgilangan muddatdan keyin esa umumiy tartibda davlat ro'yxatidan o'tkazish yo'lga qo'yilib, moped va skuterlardan ham xuddi boshqa transport vositalari singari xisob varaqasi so'raladi.

    Davlat raqam belgisini olish tartibi qanday?

    Moped yoki skuterlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish Yo'l harakati xavfsizlik xizmati hududiy boshqarmalarining ro'yxatdan o'tkazish va imtixon olish bo'linmalari tomonidan olib boriladi. Jarayonlar o'tgan yilning oktyabr` oyidan boshlab yuborilgan. Joriy yil boshidan talabgorlar soni yanada oshdi. Shu yilning 10-yanvar sanasida Surxondaryo viloyati yo'l harakati xavfsizlik boshqarmasi ro'yxatdan o'tkazish bo'limida ham viloyatdagi bir nechta mopedga davlat raqamlari topshirildi. Belgilangan muddat tugamasidan oldin odamlar o'zlariga tegishli moped va skuterlarni davlat ro'yxatidan o'tkazib, davlat raqam belgilarini olishga intilyapti. Bu muddat so'ngiga borib navbatlar keskin ortishining oldini oladi.

    Ammo haligacha bu amaliyotning tartibi haqida aniq tushunchaga ega bo'lmaganlar ham bor. Mutasaddilarning tushuntirishicha, moped va skuter egalari davlat raqam belgisini olish uchun Yo'l harakati xavfsizlik xizmati hududiy boshqarmalarining ro'yxatdan o'tkazish va imtixon olish bo'limlariga murojaat qiladi. U yerda mas'ul xodimlar tomonidan moped yoki skuter tashqi ko'rikdan o'tkazilib, agregat raqamlari o'rganiladi va raqamlar maxsus tizimga kiritiladi. Murojaatchi shaxsini tasdiqlovchi hujjatni xodimga taqdim etgach, ortiqcha so'roq-savollarsiz belgilangan tartibda tushuntirish xati blankalarini to'ldiradi. Tegishli tartibda davlat bojini to'lagach, ro'yxatga olish ishlari amalga oshiriladi.

    Ayni paytda moped yoki skuterni davlat ro'yxatidan o'tkazish to'lovi bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari — 562 500 so'mni tashkil qiladi. Davlat raqamini olish to'lovi ham xuddi shuncha miqdorda — 562 500 so'm. Transport vositasi ro'yxatdan o'tganligi to'g'risidagi guvohnoma uchun bazaviy hisoblash miqdorining 70 foizi — hozirgi kunda 262 ming 500 so'm to'lanadi. Servis xizmatlari uchun esa bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi — 37 500 so'm olinadi. SHunday qilib, moped va skuterlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish va davlat raqam belgilarini olish uchun jami 1 million 425 ming so'm davlat to'lovi amalga oshiriladi.

    “A” toifadagi haydovchilik guvohnomasini olish uchun qayta o'qish shartmi?

    Avvalgi yo'l harakati qoidalarida skuter atamasi mavjud bo'lmagan va mopedning izohida bitta bo'lib keltirilgan. Hukumatning tegishli qarori bilan yo'l harakati qoidalariga kiritilgan o'zgartirishlarda esa skuter atamasi moped atamasidan ajratib olindi va alohida izohiga ega bo'ldi. Shunday qilib, moped — bu ichki yonuv dvigateliga ega bo'lgan, 2, 3 yoki 4 g'ildirakli tarnsport vositasi bo'lsa, skuter elektr dvigateliga ega bo'lgan 2, 3 yoki 4 g'ildirakli transport vositasi hisoblanadi.

    Shu kungacha moped va skuterlar velosiped yo'laklaridan harakatlanishi kerak bo'lgan. Avtomobil yo'llarida esa ularning boshqa tasmalarga o'tishi hamda qayrilib olishida cheklovlar mavjud edi. endilikda, moped va skuterlar ham transport vositalari qatorida avtomobil haydovchilari harakatlanayotgan qatnov qismidan boshqa tasmalarga o'tib harakatlanishi mumkin. Ushbu imkoniyat va qulaylik qo'shimcha talablarni ham yuklaydi. Ya'ni, yuqorida ta'kidlanganidek, ushbu turdagi transport vositalarini boshqaruvchi haydovchilar “A” toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo'lishlari majburiy etib belgilandi.

    Ushbu talab aholi orasida turli bahs-munozaralarga sabab bo'lyapti. Asosiy muammo Toshkent shahri va boshqa hududlarda salkam bir yil davomida “A” toifadagi haydovchilik guvohnomasiga o'qitadigan avtomaktablarning bo'lmagani, oxirgi bir oydagina ularning bir nechtasi ish boshlagani bilan bog'liq. Qolaversa, moped va skuter haydovchilarining ko'pi ijtimoiy qiynalgan insonlar bo'lib, ushbu nisbatan arzon transport vositasidan tirikchilik manbai sifatida foydalanadi. Shu bois, odamlar orasida qisqa muddat ichida “A” toifadagi haydovchilik guvohnomasini olish mumkinmi, uning xarajatlari transport vositasining o'zidan ham qimmatga tushmaydimi, bu talab sharoiti og'ir insonlarni qiynab qo'ymaydimi, degan e'tirozli savollar ko'paygan.

    — “A” toifadagi haydovchilik guvohnomasini olish uchun barcha haydovchilar avtomaktabda o'qishi talab etilmaydi, — dedi Respublika Yo'l harakati xavfsizlik xizmati axborot xizmati boshlig'i Zoyir Yo'ldoshev. — Ya'ni, umuman haydovchilik guvohnomasiga ega bo'lmagan fuqarolar moped va skuterni boshqarish uchun avtomaktabda tegishli tartibda o'qishi kerak. “B” va “C” turdagi haydovchilik guvohnomasi bo'lgan insonlar esa “A” toifadagi haydovchilik guvohnomasini olish uchun qayta o'qishlari shart emas. Ular imtixon markazlariga borib, tegishli tartibda imtixon topshirish orqali “A” toifadagi haydovchilik guvohnomasini olishlari mumkin. Avtomaktablarda bunday toifadagi haydovchilik guvohnomasini berish bir muddat to'xtab qolgani o'rinli e'tiroz. Gap shundaki, avtomaktablarning hammasi xususiy sektor bo'lgani bois, talabdan kelib chiqib litsenziya oladi va talabga qarab haydovchilarni tayyorlaydi. “A” toifadagi haydovchilik guvohnomasi uchun o'qitish kurslarining tashkil etilmagani ham ana shu talab bilan bog'liq bo'lgan. Ayni paytda Toshkent shahrida 160 ta avtomaktab faoliyat olib borayotgan bo'lsa, shundan 10 tasida “A” toifadagi haydovchilik guvohnomasi berilyapti.

    Shunday qilib, qaror talablari qat'iy. Talabgorlar belgilangan muddatga qadar ulgurishlari kerak. Chunki, 2025-yilning 1-mart sanasidan boshlab davlat ro'yxatidan o'tmagan, davlat raqam belgisi va “A” toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo'lmagan moped va skuterlar haydovchilariga nisbatan belgilangan tartibda yo'l harakati qoidalariga muvofiq jazo choralari ko'llaniladi. Transport vositasi harakatdan to'xtatilib, jarima maydoniga qo'yilishi mumkin.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri

    (Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 14.01.25-y, 9-sonida chop etildi)