Uchrashuvda pandemiya sharoitida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya Federatsiyasiga ishga jalb qilish mexanizmlarini yana-da soddalashtirish, mehnat migrantlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularga qulay sharoitlar yaratish, kasb va rus tiliga oʻqitish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Oʻzbekiston fuqarolarini Rossiya Federatsiyasiga ishga jalb qilishning yangi algoritmi boʻyicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqish, baʼzi ish beruvchilar va oʻzbekistonlik mehnat migrantlari oʻrtasida yuzaga kelayotgan ayrim tushunmovchiliklarni hal qilish, mehnat migrantlarining yashash va ish sharoitlarini yaxshilash boʻyicha fikr almashildi.
Shuningdek, “Texstroy” qurilish kompaniyasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borayotgan, Tashqi mehnat migratsiyasi orqali joriy yil boshida tashkillashtirilgan holda kelgan fuqarolar bilan 11-aprel kuni boʻlib oʻtgan uchrashuvda aniqlangan muammolarni bartaraf etish, xususan, ularning oylik ish haqini oshirish, mehnat shartnomalarini qayta koʻrib chiqish, tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish kabi masalalar yuzasidan Oʻzbekiston delegatsiyasi tomonidan takliflar berildi.
Oʻz oʻrnida uchrashuvda Rossiya tomoni Koʻp tarmoqli migratsiya markazining Oʻzbekistondagi filiali tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar turlarini kengaytirish, rossiyalik ish beruvchilar uchun Oʻzbekistondan ishchi kuchini jalb qilish boʻyicha aniq talablar ishlab chiqish, Rossiyada ishlash istagidagi Oʻzbekiston fuqarolari uchun aviareyslar tashkil etish yuzasidan takliflarini berdi.