Muhammad Yunus Bangladesh muvaqqat hukumati rahbariga aylandi

    Parijdan qaytgan iqtisodchi Muhammad Yunus Bangladesh muvaqqat hukumati rahbari sifatida qasamyod qildi.

    2006-yilda u kambag'allarga mikrokredit berish bo'yicha Tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo'lgan.

    Parijdan mamlakatga qaytgan iqtisodchi, tinchlik bo'yicha Nobel mukofoti sovrindori Muhammad Yunus ommaviy norozilik namoyishlaridan so'ng Bangladeshda muvaqqat hukumat rahbari bo'ldi. 8-avgust, payshanba kuni kechqurun prezident saroyida 84 yoshli Yunusning qasamyod qilish marosimi bo'lib o'tdi. Marosimda u “mamlakat Konstitutsiyasini qo'llab-quvvatlash va himoya qilishga hamda o'zining yangi vazifalarini chin dildan bajarishga” va'da berdi hamda fuqarolarni butun mamlakat bo'ylab zo'ravonlikni to'xtatishga chaqirdi.

    Keyinchalik jurnalistlar bilan suhbatda Muhammad Yunus mamlakat “yangi g'alaba kuniga” va “yangi mustaqillikka erishganini” aytdi.

    Muhammad Yunusni tayinlash to'g'risidagi qaror Bangladesh Prezidenti Shahabuddin Chuppu va uning nomzodini ilgari surgan “Talabalar kamsitilishlarga qarshi” norozilik harakati yetakchilari o'rtasidagi uchrashuvda qabul qilindi. Muvaqqat hukumatning yakuniy tarkibi mamlakat siyosiy partiyalari bilan maslahatlashuvlardan so'ng aniqlanadi, deya avvalroq davlat rahbari matbuot xizmati xabar bergan edi.

    6-avgust kuni Shahabuddin Chuppu muvaqqat hukumat tuzish uchun parlamentni tarqatib yuborilganini e'lon qildi. Undan bir kun avval esa Bangladeshda 2009-yildan beri Bosh vazir lavozimida ishlab kelgan 76 yoshli Shayx Hasina norozilik namoyishlari tufayli mamlakatni tark etgan edi, deb xabar beradi dw.com.