Murabbiylik va muqavviylik bizga bobomeros

    Qahraton qishda qalin qor bosgan tog' yo'lida qo'shini uchun mardlarcha qor kurab yo'l ochgan shoh va shoir Bobur, o'z talqini bilan aytganda, murabbiy va muqavviylikni o'ziga kasb qilgan buyuk siymo edi. Uning muhtasham asari — “Boburnoma”da nomi zikr etilgan buyuklar tavsifida mazkur talqinga duch kelamiz.

    Murabbiylik va muqavviylik tushunchasi zamonaviy istilohda qo'llanmasa-da, davlatimiz olib borayotgan oqilona siyosat, xususan, ilm-fan, san'at, sport va boshqa sohalardagi iste'dod egalari kamolotiga qaratilgan e'tibor misolida doim ko'z o'ngimizda. CHunki bu so'zlarning tub ma'nosi aynan noyob iqtidor sohiblarini har jihatdan qo'llab-quvvatlash, moddiy-ma'naviy rag'batlantirish, salohiyatini munosib baholash singari mezonlarni o'zida mujassam etgan. Bu iboralar misolida bugunimizni o'tmishimiz bilan qiyoslasak, ma'rifatparvarlik, ziyolilarga homiylik an'anasi ko'p asrlardan buyon qon-qonimizga singib ketganini tasavvur qilamiz.

    “Boburnoma”da zavq va maroq hamda shohona iltifot bilan qo'llangan ibora, ya'ni zamonaviy tilshunoslik fani nuqtai nazari bilan aytsak, teng bog'lanishli so'z birikmasi bo'lgan murabbiy va muqavviylik xususida o'z talqinimiz mavjud.

    Birinchidan, bu birikma memuar matnida nihoyatda boy ijobiy bo'yoqdorlikni ifodalagan. Ma'lum ma'noda innovatsion g'oyalarning ijtimoiy-siyosiy, moddiy va ma'naviy, falsafiy, huquqiy, ta'limiy-tarbiyaviy yo'nalish va didaktik ma'nolarni, umuman, temuriylar Renessansining umumbashariy g'oya va qadriyatlarini ham bildirgan. Ikkinchidan, muallif bu birikmani memuarda temuriylar Uyg'onish davrining hukmdorlari, malikalari va shu davrning etakchi davlat hamda din arboblari, daho so'z san'atkorlari, yirik mulkdorlariga nisbatan sifatlash tarzida qo'llagan. Bu birikma o'sha davrda ularning moddiy-ma'naviy sohada olib borgan keng miqyosli bunyodkorlik faoliyati, uslubi, yuksak ma'naviyati va noyob fazilatini, jumladan, saxovat va himmatini, muruvvat va matonatini, ma'lum ma'noda siyosiy irodasini ham ifoda etgan.

    Ayni paytda ramziy ma'noda bayon qilsak, qadimda saxiylik, bag'rikenglik, muruvvat va futuvvat g'oyalarini ham targ'ib qilgan, ham amalda tengsiz darajada ko'rsatib bergan va oqibatda shunday ezgu odat, taomilga asos solgan Hotam Toyi, barmakiylar hamda islom ma'rifati an'analarini o'zida ifodalaydi.

    Bobur murabbiy va muqavviy birikmasini ilk marta memuarda temuriylar Uyg'onish davrining yirik mutasavvufi Xoja Ahror vali faoliyatining bir jihatini yoritishda san'atkorona ishlatgan. “Boburnoma”ning boshqa tarixiy shaxslar tasviri bilan bog'liq voqealar bayonida esa Sulton Husayn Boyqaro, Xoja YAhyo, Ahmad Hojibek, Alisher Navoiyga nisbatan to'g'ridan-to'g'ri qo'llagan. Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulug'bek, Gavharshodbegim, Abdurahmon Jomiy, ustozi Xoja Mavlono Qozi va o'ziga nisbatan ishora bilan bu haqdagi ijtimoiy fikr va muddaolarini batafsil ifodalashga harakat qilgan.

    endi murabbiy va muqavviy birikmasini tashkil qilgan so'zlarning lug'aviy ma'nolari bilan qiziqib ko'rsak. Lug'atlarda yozilishicha, mazkur so'zlar arabcha bo'lib, murabbiy so'zi o'zida “tarbiyachi, ustoz, muallim”, muqavviy so'zi esa “kuch beruvchi, quvvat beruvchi; madad beruvchi” singari ma'nolarni bildirar ekan. O'rganishimizga ko'ra, taniqli rus sharqshunosi M.Sal`e “Boburnoma”ni rus tiliga tarjima qilar ekan, murabbiy va muqavviy birikmalarini turli o'rinlarda turlicha o'girgani ko'zga tashlanadi. Xulosa qilish mumkinki, mashhur tarjimon ham tarjima jarayonida mazkur so'zlarning asliyatdagi ma'nosini ifodalashda qiynalgan. Natijada Bobur yozgan tarixiy ma'lumotlar mazmuni ham tarjimada ma'lum ma'noda to'liq aks etmagan.

    Masalan, shoh va shoir “Ulug'i ulug'ig'a murabbiy bo'ldi, kichigi kichigig'a muqavviy” deb yozgan ma'lumotni M.Sal`e shunday tarjima qilgan: “Starshiy stal pokrovitel`stvovat` starshemu (tsarevichu), mladshiy podderjival mladshego”. Boshqa bir o'rinda esa quyidagicha: “Ahli fazl va ahli hunarg'a Alisherbekcha murabbiy va muqavviy ma'lum emaskim, hargiz paydo bo'lmish bo'lg'ay. Ustoz Qulmuhammad va SHayxiy Noiy va Husayn Udiykim, sozda saromad edilar, bekning tarbiyati va taqviyati bila muncha taraqqiy va shuhrat qildilar”. M.Sal`e tarjimasida: “Neizvestno, suщestvoval li kogda-nibud` drugoy takoy posobnik i pokrovitel` lyudey nauki i iskusstva, kak Alisher bek. Ustad Kul Muxammed, SHeyx Nayi i Xuseyn Udi, velikie mastera v igre na instrumentax, sniskali stol` bol`shuyu slavu i uspex blagodarya pomoщi i podderjke Beka”.

    Bobur o'z memuarida qo'llagan davrdan hozirgi kungacha anglatib kelgan lug'aviy ma'nosida ham deyarli o'zgarish bo'lmagan. Ammo muqavviy shaxs otiga esa bunday izoh berib bo'lmaydi. Sababi, muqavviy shaxs oti bugungi kunda arxaik so'zga aylangan va leksikologiyada eskirgan so'zlar sifatida o'rganiladi. Deyarli adabiy tilimizning og'zaki va yozma shaklida ishlatilmaydi hamda so'zlashuv, rasmiy, badiiy, ilmiy uslublarda ham qo'llanmaydi. Mazkur so'z “Boburnoma” matnida, ya'ni muallif bitgan temuriy Uyg'onish davrining faol faoliyat olib borgan tarixiy, ijtimoiy shaxslarning tasvirida, ularning yuksak fazilatlarini yoritib, insoniy qiyofalarini ko'rsatib berishda hamda umumbashariy va xalqchil innovatsion g'oyalarni aniq ifodalash, tarannum etishda muallifning o'ziga xos tasvir bayonida ishlatilgan. YAna shuni ta'kidlash zarurki, muqavviy so'zi asarda saxovat, muruvvat, baxshish, insoniyat so'zlari bilan ekvivalent sifatida qo'llangan o'rinlar bor.

    Memuar matnida murabbiy va muqavviy shaklida qo'llansa-da, murabbiy so'zining ma'no darajasi berilgan ma'lumotda muqavviy so'ziga nisbatan ustunroq bo'lishi mumkin yoki ma'lumotda muqavviy so'zining ma'no darajasi esa murabbiy so'ziga nisbatan kengroq bo'lishi ham mumkin. “Boburnoma”da bu farqli holatga misol tariqasida temuriylar Uyg'onish davrining yirik diniy arbobi, Movarounnahr va Xurosondagi ko'plab yirik mulklar egasi, temuriy hukmdorlarning davlat boshqaruvi, xazinasining kirim-chiqimi, mulku millat ishlariga diniy rahnamolik qilgan, o'ziga xos kuchli ta'sirga ega shayx Xoja Ahror valining temuriy hukmdor Sulton Ahmad mirzoning saltanatni adolatli boshqarishi, e'tiqod va hidoyat, tariqat va shariat yo'llarida adashmasligi, chekinmasligi hamda ruhiy kamoloti uchun murabbiylik, ya'ni tarbiyachilik, rahnamolik qilgani to'g'risidagi ma'lumotni keltirish mumkin.

    Bobur mazkur ma'lumotida har ikkala shaxs otlarini birdek, ya'ni teng bog'lanishli birikma shaklida qo'llagan, biroq tarixiy lavhada esa asosiy ma'no urg'usi ko'proq murabbiy so'ziga tushgan. Xullas, fikrlarimizning isboti uchun “Boburnoma”dagi Sulton Ahmad mirzoga bag'ishlab bitilgan fiqraning “Axloq va atvori” fasliga murojaat qilsak: “Hanafiy mazhabliq, pokiza e'tiqod kishi edi, besh vaqt namozi tark bo'lmas edi. Hazrati Xoja Ubaydullog'a irodati bor edi. Hazrati Xoja murabbiy va muqavviy edilar. Bisyor muaddab bor edi, alalxusus, Xoja majlisida tizi bir-bir tiziga yovutqagan emastur. Bir navbat Hazrati Xoja suhbatida bir xilofi odati oyog'ini yovutkab o'lturubtur. Mirzo qo'pqondin so'ng Hazrati Xoja buyurtururlarkim, Mirzo o'lturg'on erni boqqaylar, bir so'ngak bor ekandur.

    Agar mazkur lavhaga diqqat qilsak, Bobur Hazrati Xojaga nisbatan muqavviy so'zini qo'llashida ham o'ziga yarasha sabab bor bo'lib, Hazrati Xojaning gohida hukmdorga, gohida davlat xazinasiga quvvat beruvchi yirik sarmoyador ekaniga ham ishora qilgan. Umuman, bu kabi jihatlar “Boburnoma”da yaxshi yoritilgan. Masalan, memuarda ulug' amir Alisher Navoiy ham Sulton Husayn Boyqaro xazinasidan ulush olmay, xazinaga madad beruvchi muqavviy ekani ishonarli bitilgan. CHunki Bobur hukmdorlarning “hall va aqdi”ini his qilgan podsho sifatida davlat xazinasiga oid holat, odat, rusumni yaxshi bilgan yoki favqulodda ro'y bergan vaziyatlar tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy tanglikning echimini topishda yirik mulkdorlarning muqavviyligi zarur bo'lib qolishini ham tushungan. Uning o'zi ham hayotda bu kabi voqealarni boshidan o'tkazgan. Masalan, juda tang sharoitda Fon maliki hamda Xisravshoh singari yirik mulkdorlardan madad kutgan, hatto, uning “yaxshilik” radifli chuqur falsafiy mushohadaga yo'g'rilgan mashhur g'azali ham xuddi shu holatlar ta'sirida bitilgan.

    YAna, “Boburnoma” matnida murabbiy yoki muqavviy deb alohida-alohida so'z shaklida ham qo'llangan. Buni temuriy hukmdorlar bilan Xoja Ubaydulloning avlodlari o'rtasida kechgan munosabatlar asnosida Hazrati Xoja Ahror farzandarining xonadonida vujudga kelgan raqobatli vaziyat va shu noqulay holat sabab xonadonda paydo bo'lgan parokandalik, mulkiy munosabatlar talqini bilan bog'liq muammolarni batafsil tasvirlagan lavhalarda ko'rish mumkin: “Ulug'i ulug'ig'a murabbiy bo'ldi, kichigi kichigig'a muqavviy”. Bunda Bobur takrir va saj san'atlari vositasida nafaqat adiblik, balki shoirlik mahoratini ham ko'rsata olgan. Bu holat to'g'risidagi xabarni memuarning temuriy hukmdor Sulton Ali mirzo haqida bitilgan lavhasida o'qiymiz: “Sulton Ali mirzoni Ko'ksaroyga chiqarib ko'zlariga mil torttilar. Jarrohning ixtiyori bila yo bexos mildin Sulton Ali mirzoning ko'zlariga osibe etmadi. Filhol, izhor qilmadi. Xoja YAhyoning uyiga bordi. Ikki-uch kundin so'ng qochib Buxorog'a tarxonlarg'a bordi. Hazrati Xoja Ubaydulloning avlodining orasida bu sababdin taassub tushti. Ulug'i ulug'ig'a murabbiy bo'ldi, kichigi kichigig'a muqavviy”.

    Memuarda murabbiy va muqavviy birikmasi Samarqand hokimi Ahmad Hojibekka nisbatan qo'llangan ma'lumotda “Ahmad Hojibek murabbiy va muqavviy edi”, deb fozil hokim o'zining murabbiy va muqavviyligini faqat Samarqandda Alisher Navoiyga ko'rsatgani aytilgan, ammo asarda muallif uni temuriylar Uyg'onish davrining murabbiy va muqavviy hokimi sifatida ham tanishtirganini yaqqol sezish mumkin. CHunonchi: “YAna biri Alisher Navoiy edi, begi emas edi, balki musohibi edi, kichikligida hammaktab ekandurlar. Xususiyat bisyor ekandur. Bilmon, ne jarima bila Sulton Abusaid mirzo Hiridin ixroj qildi. Samarqandg'a bordi, necha yilkim, Samarqandta edi. Ahmad Hojibek murabbiy va muqavviy edi”.

    “Boburnoma”da temuriylar Uyg'onish davrida Xuroson hukumati, mamlakat devonida va moliyaviy ishlar hamda kadrlar boshqaruvida Alisher Navoiyning ijobiy ta'siri, uning murabbiy va muqavviyligi, tarbiya va taqviyati kabilarni shoh va shoir Bobur hayrat hamda shohona iltifot bilan bayon qilgan. Bunda har ikki so'zning ma'nosida ham o'zaro lug'aviy ma'no tengligi saqlanganini bilish mumkin. Biz tahlil va talqinga tortgan lavha bayonida Bobur Alisher Navoiy zikri sabab boshqa birlamchi manbalarda ham tilga olingan. SHu davrning musiqa san'ati xazinasiga katta hissa qo'shgan Ustoz Qulmuhammad, SHayxiy Noiy, Husayn Udiy kabi san'at ahli hamda temuriylar Uyg'onish davrining rangtasvir san'atini yuqori ko'targan, XV asr oxiri — XVI asr boshlarida rassomlikda bir necha maktablarning shakllanishi va bu davr madaniy hayotida miniatyura sohasida yaxshi tanilgan Kamoliddin Behzod, SHoh Muzaffarning nomi, ularning yangi ijodiy miniatyura yo'nalishiga asos solishi, bebaho san'ati borasida ham ma'lumotlar mavjud: “Ahli fazl va ahli hunarg'a Alisherbekcha murabbiy va muqavviy ma'lum emaskim, hargiz paydo bo'lmish bo'lg'ay. Ustoz Qulmuhammad va SHayxiy Noiy va Husayn Udiykim, sozda saromad edilar, bekning tarbiyati va taqviyati bila muncha taraqqiy va shuhrat qildilar. Ustoz Behzod va SHoh Muzaffar tasvirda bekning sa'y va ehtimomi bila mundoq mashhur va ma'ruf bo'ldilar. Muncha binoyi xayrkim, ul qildi, kam kishi mundoqqa muvafaq bo'lmish bo'lg'ay”.

    Muallifning bu ma'lumotlaridan ayon bo'ladiki, tasvir san'ati, xususan, miniatyura temuriylar Renessansi davrida Alisher Navoiy rahbarlik qilgan ilmiy va madaniy muhit hamda uning murabbiy va muqavviyligi sabab ravnaq topgan.

    Bobur Xoja Ahror vali hamda Ahmad Hojibekka nisbatan qo'llagan murabbiy va muqavviy birikmasini endi ulug' amir Alisher Navoiyga nisbatan ham ishlatgan. Ulug' amirning ham vaqt o'tib murabbiy va muqavviylikka tengsiz darajada ko'tarilganini “Ahli fazl va ahli hunarg'a Alisherbekcha, murabbiy va muqavviy ma'lum emaskim, hargiz paydo bo'lmish bo'lg'ay” yoki “Muncha binoyi xayrkim, ul qildi, kam kishi mundoqqa muvafaq bo'lmish bo'lg'ay”, deb cheksiz hurmat, e'tirof, hayrat bilan qayd etgan. Bu qimmatli ma'lumotning ba'zi isboti va izohlarini muallif “Boburnoma”ning Hirot bo'ylab sayru sayohati va ziyorati aks etgan qiziqarli lavhada yanada batafsil bayon qilgan.

    Xullas, Bobur murabbiy va muqavviy, tarbiyat va taqviyat birikmalarini faqat o'z asarida tilga olgan temuriylar Uyg'onish davri vakillariga nisbatan ishlatgan. Bu holat ularning yaratuvchanlik qobiliyatiga hamda moddiy-ma'naviy sohalarda amalga oshirgan bunyodkorlik, saxovat, futuvvat, baxshish xarakteridagi ishlariga ishoradir. YAna shuni alohida qayd etish kerakki, Bobur bu birikmani asarda ilk marta Xoja Ahror valiga, keyin Ahmad Hojibekka va Alisher Navoiyga nisbatan qo'llagan. Qizig'i shundaki, vaqt o'tib Boburning o'zi ham atrofiga turli ilm, fan namoyandalarini, shoir, adib, muarrixlarni, umuman, “ahli fazl va ahli hunar”ni to'plab, ularning ilmiy, ijodiy ishlariga murabbiy va muqavviylik qildi. Uning moddiy va ma'naviy sohadagi bunyodkorlik faoliyati, murabbiy va muqavviylik ishlari mamlakatimiz va xorijlik boburshunos olimlar tomonidan alohida e'tirof etilgan hamda o'rganilgan. Masalan, britaniyalik taniqli sharqshunos, tarixchi Vil`yam Rashbruk Boburni “O'n oltinchi asrning bunyodkori”, deb yuksak baholagan va olim Bobur haqida aynan shu nom bilan “O'n oltinchi asr bunyodkori” nomli qimmatli asar yozgan. Bu asar Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondining murabbiy va muqavviyligida ingliz tilidan o'zbek tiliga tarjima qilinib, nashr qilingan va ilmiy muomalaga kiritilgan.

    Bobur shoh va adib sifatida ham murabbiy va muqavviylikning ma'rifatini juda yaxshi tushungan, ammo ularning ta'siriga tushib qolishlarini ko'p ham yoqlamagan. Hatto memuarda hukmdorlarning murabbiy va muqavviylar qo'lida “qo'g'irchoq hukmdor” bo'lib qolishi mumkinligidan ham ogohlantirgan.

    Xulosa shuki, “Boburnoma” matnida muallif tomonidan mahorat bilan qo'llangan har bir so'z, birikma, ibora, gap kabi til birliklarida ham o'sha davr o'zbek adabiy tili qoidalari, xususiyatlari aks etgan. SHu bilan birga, ular vositasida muallif xalq ruhi, milliy kolorit, madaniy muhit, davr taraqqiyoti, Renessansning ulug'vor g'oyalarini, ezgulik tushunchalarini ham talqin qilgan. Bu fikr u mahorat bilan qo'llagan murabbiy va muqavviy birikmalariga ham tegishlidir. Bu birikma muhtasham memuarda temuriylar Uyg'onish davrining genial shoiri, ulug' amiri, yirik mulkdori Alisher Navoiyga nisbatan bir necha marta qo'llangan bo'lib, har bir holatda uning shaxsiyatidagi yuksak nurli nuqtalarni ko'rsatib, anglatib turuvchi lisoniy ifoda deb baholash mumkin.

    Burobiya RAJABOVA,

    O'zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti

    katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi