Dastlab hayvonlar terisiga bitilgan matnlarni bugun metro yoki avtobusda audio shaklida eshitib ketamiz, planshetda oʻqiymiz, vizual gavdalantirib, soʻng maroq bilan tomosha qilamiz. Xoʻsh, nima uchun? Nima sababdan yaxshi maʼnodagi ushbu intellektual ogʻu — kitob oʻqish odatining ijtimoiy koʻlami ortsa, yurtda va jamiyatda taraqqiyot tezlashadi, degan qarashni qoʻllab-quvvatlaymiz, u muhim ehtiyojlarimizdan biri ekaniga shubha qilmaymiz?
Gap shundaki, mutolaa faqat shaxs va kitob soʻzlarining yigʻindisi emas, balki u hayotga nega kelganini, bu dunyodagi tugal maqsadi nimadan iborat ekanini, qanday yashasa, oʻzidan va boshqalardan minnatdor boʻlishi mumkinligini oʻylab oʻyiga yetolmagan, fikrlash doirasini muttasil kengaytirib borish asnosida hamma savoliga javob topishni istagan sizu biz kabi odamlarni oʻzida qadim siru sinoatlarni yashirgan, har bir soha, har bir yoʻnalish, har bir tutum uchun eʼtiqod, donishmand, maslahatgoʻy, hamdard, yangi fan, ajoyib qoʻllanma, xullas, jami tajribalar majmui boʻlib bera oladigan kitob bilan bogʻlovchi katta jarayondir.
Azaldan xalqimizda adabiy-badiiy did nihoyatda yuksak boʻlgan. Turkiy, forsiy, arabiy tildagi asarlar birday mutolaa qilingan, saʼdiyxonlik, navoiyxonlik, bedilxonlik, boburxonlik keng urf boʻlgan. Soʻz sanʼatiga shaydolik tufayli boʻlsa kerak, odamlar hatto odatiy turmush tarzi, masalan, bozordagi oldi-sotdini ham qofiyaga solgan. Tabobat, odob-axloq, ilm-fanga oid yoʻl-yoʻriqlar, umuman, oʻrganish lozim boʻlgan koʻplab muhim sohaga doir asarlar sheʼriy yoʻlda bitilgan.
Mutolaa — xoslar mashgʻuloti, aʼlo odamlar nasibasi ekanidan kelib chiqsak, ushbu hodisa insoniyat tarixidagi eng buyuk tafakkur sohiblarini oʻziga jalb qilib kelgani bor gap. Ayniqsa, jamiyat didi yuksalishida beminnat xizmat qilgan adabiyot dargʻalari, jumladan, yozuvchilar, shoirlar, munaqqidlar goʻzal mutolaa taqdim etadigan rang-barang hissiyotlar qatorini toʻldirib bergan. Albatta, tafakkur koʻlami, saviyasi yozarmanlarning kitobxonlik darajasidan yaqqol dalolat berib turishi yangilik emas. Turkiy tilda eng “koʻp va xoʻb” yozgan Navoiyga noyob isteʼdoddan tashqari kitobxonlik bobida teng keladigan shoir mumtoz adabiyotimiz tarixida deyarli topilmasligining sababi ham shundan. Yozuvchi aytmoqchi, bir qator joʻyali gap yozish uchun butun boshli kitobning avra-astarini chiqarish lozim.
Paradoksal tarafi: mutolaaga taʼsir koʻrsatgan ushbu shaxslar aynan mutolaaning oʻzidan taʼsirlangan. Demak, kitobga aloqador har kim oʻzi bilgan, bilmagan holda mutolaaning cheksiz aylanuvchi halqasiga qoʻshiladi, uning kengayishiga xizmat qilishi bilan birga dunyoqarashini ham kengaytirib boradi.
Kitob oʻqimaslik huquqi
Endi hissiyotlarni bir chetga surib, diqqatimizni muammolar, bahsli savollar hamda faktlarga qaratamiz. Har qanday faoliyat zamirida, shuningdek, mutolaa jarayonida ham birinchi oʻrinda ehtiyoj yotadi. Bundan shu ayonki, oq-qora matn orqasida haqqoniy olam tushunchasi turibdi. Inson uni shu jarayonda oʻrganadi. Yuqorida aytib oʻtilganidek, mutolaa — faoliyatning bilish, oʻrganish, ilm olish hodisasi. Zamon zayli bilan esa ushbu ijtimoiy-badiiy hodisani bizga yetkazib beradigan vositalar oʻzgarib ketdi.
Madaniyatshunos va faylasuf Marshall Maklyuyen oʻtgan asrning 60-yillarida insoniyat ixtiro qiladigan har bir yangi axborot vositasi butun bir avlod vakillarini katta imtihondan oʻtkazadi deganida, hozirgi avlodning elektron kitoblar, bukriderlar, smartfonlar qurshovida qolib ketishini nazarda tutgan boʻlsa, ajabmas. Albatta, bularning hammasi muntazam ishlab chiqiladigan va aslo toʻxtamaydigan, xavfli boʻlmagan qulayliklarning navbatdagisi. Ulardan qay darajada foydalana olishimiz uzoq-yaqin kelajakda maʼlum boʻladi. Aslida, gap bular haqida emas, bugungi mutolaaning boshqa barcha davrga nisbatan sustligi, joʻnligi va kitob oʻqish oʻzi nima uchun bunchalik muhimligi xususida.
YUNESKO maʼlumotiga koʻra, bugun sayyoramizdagi 781 milliondan ortiq katta yoshli odam umuman oʻqishni bilmaydi. Bu har 10 kishidan biri savodsiz degani. 251 millionga yaqin bola maktabga bormaydi. Savodsizlarning aksariyati eng qashshoq 35 mamlakatda yashaydi, ammo rivojlangan mamlakatlarda ham oz emas.
Xoʻp, umuman, savodsiz odam boʻlishga ongli ravishda rozilik bildirishga haqqimiz bormi? Afsuski, bugun yoshi 30 dan oʻtsa-da, uchta ham kitob oʻqimagan tanishlarimiz topiladi. Xoʻsh, ularda bu yorugʻ dunyodan mutlaqo oʻqimay yashab oʻtish huquqi bormi? Bor desak, unda nima uchun oʻzimizdagi mutolaa zavqini ularga yuqtirishga urinaveramiz? Qoʻyarda-qoʻymay ulardan oʻzimiz istagandek kitobxon yasashga chiranishimiz ortida rad etib boʻlmas qanday masʼuliyat bor? Niyatimizga erishdik ham deylik, unday kitobxonlardan kimga qanday naf?
Toʻgʻri, kitobxonlikka muhabbat uygʻotish alohida masala, biroq bu masala masofasini savodli kitobxonlik darajasini koʻtarishga harakat qilish orqali qisqartirish mumkin. Aks holda… eh, faraz nimalarga olib bormaydi. Shunchaki tasavvur qilaylik, hamma yoppasiga kitob oʻqimay qoʻysa, nima boʻladi?
Birinchi navbatda, buning salbiy taʼsiri davlat va jamiyatning iqtisodiy, maʼnaviy ustunlarida seziladi. Boisi, yaxshi oʻqimagan odam — yomon xodim, uquvsiz rahbar degani, kreativlik, yaratuvchanlik u yoqda tursin, aytilgan vazifaning-da epini qilolmaydi. Asl qadriyatlari nimaligini tushunmagach, uyiga yomon ota yoki farzand shaklida kirib keladi. Eʼtiqodi susayib, oʻz maqsadini unutadi. Qarabsizki, birgina mutolaa inqirozi sabab zamonaviy manqurtlar asta-sekin butun boshli mamlakatni parokanda qiladi. Bir, uzogʻi ikki avlod almashinuvidan soʻng odamlar oʻqish va yozishni butkul esdan chiqaradi. Shu vaqtga qadar orttirilgan tajribalar, yaratilgan qulayliklar, tartiblar vosita yoʻqligi sabab makon va zamon oraligʻida qolib ketadi… Albatta, bular tasavvur. Ushbu holatga tushish uchun kamida hamma birdek fikrlamasligi lozim. Baxtimizga oramizda oʻz manfaatidan jamiyat manfaatini ustun koʻradigan, yuksalish uchun tinimsiz mehnat qilayotganlar koʻp.
Menimcha, savodxon qatlamning koʻpayishi ijtimoiy hayotning barcha koʻrinishida taʼsirchan omil ekanini adabiyot va iqtisodiyotning uygʻunligida koʻrib chiqsak, bugungi davr odami uchun yanayam tushunarli boʻladi.
Adabiyotda daromad, pul va boylik
Mutolaa, tan olamizmi-yoʻqmi, shaxsiy muvaffaqiyatga taʼsir qiladigan bosh omillardan. Jahonda bir qancha tadqiqotlar oʻtkazilgan boʻlib, ular oʻqilgan kitoblar soni erishilgan daromad darajasiga bevosita bogʻliqligini isbotlagan. Materialistik sabab kerakmi, mana: qancha koʻp oʻqisangiz, shuncha koʻp pul topish imkoniyatingiz oshib boradi.
Masalan, Xitoyni olaylik. Bugun bu davlat kitobxonlik yoʻnalishini taraqqiyotining ustuvor ustunlaridan biriga aylantirgan. 10-15 yil oldin salkam dunyoning uchdan bir qismi yashaydigan ushbu hududda ijodkorlik deyarli yoʻq edi. Birgina fantastika, fentezi, kiberpank kabi janr va uslublardagi asarlar koʻpayib, mutolaaga alohida eʼtibor qaratila boshlagach, vaziyat tubdan oʻzgardi. Bir paytlar taniqli brenddagi mahsulotlarning arzon nusxasini yasashdan nariga oʻtolmagan, oʻzining aholisiga ham toʻliq moddiy koʻmak taqdim etolmagan yurt bugun iqtisodiyoti bilan dunyo bozorini egallayotgan qudratli mamlakat sifatida qayta tanildi. Xitoy baʼzilar uchun boʻrttirilgan choʻpchakdan boshqa narsa boʻlmagan fantastika janridagi kitoblar, komikslar, mangalarning toʻgʻri yoʻlga qoʻyilishi ekonomikaning rivojlanishiga ham prinsipial taʼsir koʻrsatishi mumkinligiga ajoyib misol keltira oldi.
Aniq tahlilga asoslangan va ilmiy tilda ifodalangan bilimlarning badiiy sanʼat bilan yonma-yon qoʻyilishi, shubhasiz, iqtisodiyotning adabiyot bilan, qoʻl bilan ushlab boʻlmas hissiyotlar, kechinmalarni ifodalovchi lirikaning inkor etib boʻlmaydigan faktlar bilan, afsonalarning matematik modellar bilan, toʻqima obrazlarning empirik qonunlar bilan qanday umumiyligi boʻlishi mumkin, degan savolni oʻrtaga chiqaradi. Lekin baribir bu ikki tarafning bir-biridan farqi biz oʻylagan darajada katta emas.
Odamlar muayyan haqiqatni tan olishi uchun, avvalo, uni his qilishi lozim. Badiiy matnlar yetkazadigan maʼlumotlar orqali biz boshqa odamlarning uzoq qitʼalarda, bizga notanish joylarda qanday yashayotgani haqida tasavvurni shakllantiramiz, ularning ogʻrigʻini oʻzimizda tuyamiz, quvonchini birgalashib baham koʻramiz, oʻtmish va kelajak koʻprigida yuzma-yuz kelib, savollar beramiz. Bularning hammasi esa ilmiy farazlar kabi yuz foiz rost boʻlmagan tushunchalar, xulosalardir. Ehtimollar nazariyasi yoki bolalar uchun aytiladigan uydirma — ikkisi ham umumhaqiqatda soʻzsiz ustuvorlikka daʼvo qilishga haqli emas. Bundan kelib chiqadiki, ikki soha qay bir nuqtada tenglikda turadi. Bu tenglik soʻnggi ikki asrda, ayniqsa, koʻproq namoyon boʻldi.
Adabiyotda iqtisodiyot deb badiiy asarlarda iqtisodiy jarayonlar va iqtisodiy xatti-harakatlarning badiiy tasvirini kichik misol qilib keltirishimiz mumkin. Yaʼni toʻqima qahramonlar tilidan aytiluvchi jozibali soʻzlar muallifning oʻz davridagi iqtisodiy muammolarni qanday bartaraf etgani, qabul qilgani, muayyan iqtisodiy mezonning afzalliklari, noqulayliklari, bozorlardagi sof foyda va boshqa koʻplab masalalarni ochuvchi kalit vazifasini oʻtagan.
Istalgan gʻoya yoki gʻoyalar oqimi odamlar ongiga adabiyot orqali oʻtadi. Bobur, Shekspir, Daniyel Defo, Gyote va boshqa koʻplab adiblar ijodini sinchkovlik bilan oʻrganar ekansiz, ularning iqtisodiy muammolarga yoki biz yashayotgan cheklangan moddiy resurslar dunyosi manzarasiga qarashlarini payqaysiz. Nimadir oʻrganasiz, oʻzingiz uchun xulosa chiqarasiz.
Soʻnggi ikki yuz yilda adabiyotda daromad, pul va boylik muhim oʻrin tutdi. Roman, hikoya yoki dramada pul asardagi kichik ijtimoiy muhitni belgiladi, qahramonlarning faoliyatini oʻzi bilan bogʻladi. Boylik orttirish ilinjida nizolarni keltirib chiqardi — koʻzboʻyamachilik, muttahamliklar sodir boʻlayotgan makonni tasvirladi. Shunday qilib, asar syujeti bozor va ishbilarmonlarning toʻqnashuviga asoslangan moliyaviy kontekstdan kelib chiqib, oʻz gʻoyasini targʻib qiluvchi qudratli vositaga aylandi. Oʻz navbatida, bunday kitoblar odamlarning moliyaviy, huquqiy savodxonligi oshishiga ham xizmat qildi. Aksiyalar bilan bogʻliq operatsiyalar, moliyaviy investitsiyalar, moliya bozoridagi firibgarlik, spekulyatsiya, nepotizm, raqobat, tadbirkorlik, innovatsiyalar, qarz va bankrotlik — bularning barchasi asar pishiqligini taʼminlash bilan birga oʻquvchining ilmiy saviyasini oshirdi, iqtisodiyotdagi dastlabki tushunchalarni shakllantirdi. Natijada bu sohaga qiziquvchilar safi karrasiga kengaydi.
XIX asrda bitilgan qator mashhur romanlardagi iqtisodiy voqealar poetik manzaraning dominantasi boʻlgan. Gogolning “Oʻlik jonlar”ida rus pomeshchiklari, korrupsioner va badnafs amaldorlar tasvirlangan boʻlsa, Dostoyevskiy qahramonlari atrofida oʻsha davrning bozor sharoitiga batafsil toʻxtalib oʻtgan. Balzakning “Nusingen bank uyi” asari esa chayqovchilik haqida hikoya qiladi. Bunday misollar yuzlab topiladi. Asosiy iqtisodiy muammolardan biri — mavjud tabiiy resurslar asosida ishlab chiqarishni tashkil etish va cheklangan resurslardan optimal foydalanish orqali omon qolish muammosini hal qilgan Robinzon Kruzo, balki koʻpchilik bilmas, iqtisodchilar orasida oʻziga xos timsolga aylanib ulgurgan.
Dunyoning koʻplab dongdor universitetlarida taʼlim beruvchi iqtisodchi professorlar adabiy qahramonlar talabalarga iqtisodiy nazariyalarni tushuntirishga yordam berishini taʼkidlagan. Kitobxon iqtisodchi boʻlish ajoyib, ammo yaxshi kitobxon boʻlsangiz, nafaqat iqtisodchi, balki istalgan sohaning yetuk mutaxassisi boʻla olasiz.
Insonning qiymati oʻqigan kitoblari bilan oʻlchanadi
Mutolaaning iqtisodiyotga taʼsiri u keltiradigan foydaning oʻndan biri, xolos. Umuman olganda, mutolaa — koni foyda. Kitob oʻqiydigan odam qayerda, qachon, kimga qanday gapirish kerakligini yaxshi biladi va fikrini ifodalash uchun kamdan kam soʻz topolmay qoladi. Kitob oʻqiydiganlar bilan suhbatlashish maroq beradi.
Miyaning chap yarim sharida soʻz va maʼlumotlar bilan bogʻliq operatsiyalar amalga oshiriladi. Oʻng yarim shar esa vizualizatsiya va tasavvurga javob beradi. Kitob oʻqish davomida miyaning ikki yarim shari ham faol ishlaydi. IQ darajasini koʻtarish, anglash va tasavvur oshishiga sabab boʻladigan kitobga shuning uchun ham eng yaxshi miya trenajyori deb taʼrif beriladi. Muntazam kitob oʻqish natijasida maʼlumotlarni saqlash uchun ahamiyatli boʻlgan yangi neyronlar shakllanadi. Bu, oʻz navbatida, xotira yaxshilanishida muhim ahamiyatga ega.
Yaxshi kitobda hamisha oʻyga toldiradigan savollar va vaziyatlar boʻladi. Yashashdan maʼno nimadaligi, global va jamiyatdagi mavjud muammolar, kishilar oʻrtasidagi munosabatlarning qahramonlar obrazida koʻrsatib berilishi oʻquvchini insoniylik, befarq boʻlmaslik va vaziyatga ongli ravishda yondashishga undaydi. Miriqib oʻqilgan kitob miyani oziqlantiradi, insonning shaxs sifatida shakllanishi va oʻzligini topishga urinishiga turtki beradi.
Kitob oʻqimaydigan kishi oʻzining emas, atrofdagilar fikri bilan yashaydi, ayrim insonlar koʻrsatmasiga asosan hayoti qanday oʻtib ketib qolganini ham bilmay qoladi. Kitobsevar inson nafaqat oʻzini, balki atrofdagilarni ham tushunishga harakat qilib, shu bilan birga, oʻz shaxsiy fikri va pozitsiyasiga ega boʻladi, kimlardir xohlagani uchun notoʻgʻri deb bilgan ishlarni bajarmaydi. Ular muammolar yechimiga boshqacha yondashadi, taxmin va subyektiv qarashlardan koʻra aniq qilinishi kerak boʻlgan rejalar asosida vaziyatga real baho beradi. Spenser aytganidek, mutolaa qutqaruvchidir, bir insonning qiymati ertaga uning oʻqigan kitoblari bilan oʻlchanadi.
Azizbek YUSUPOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri








