Muvaffaqiyatimiz siri — hamjihatlikda

    Qayta attestatsiya jarayonida olingan nazorat ishlari natijalariga ko'ra, o'quvchilarning o'zlashtirish ko'rsatkichi 48 foizdan 83,9 foizga ko'tarildi.

    Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boʻlim boshligʻi Ravshan ERGASHEVning yuz.uz saytida berilgan “Maktablar attestatsiyasi jazolovchi vosita emas” maqolasida maktabimiz haqidagi jumlalarni oʻqib taʼsirlandim. Shu boʻyicha oʻzimning fikrimni bildirishni joiz deb topdim.

    Haqiqatan ham, maktab-internatimiz 2020-yili fevral oyida oʻtkazilgan attestatsiya jarayonida qoniqarsiz baholanib, akkreditatsiyalanmagan.

    Shundan soʻng oʻzimizga oʻta ishonib yuborganimiz, taʼlim-tarbiyaga kam eʼtibor qaratganimizni va faqat oʻquvchilarni oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kiritish orqali taʼlim sifatini yaxshilab boʻlmasligini tushunib yetdik. Attestatsiya jarayonida qoniqarsiz baholangan kunimizdan boshlab ushbu vazifani tizimli tashkil etishga alohida eʼtibor qaratdik.

    Oʻqituvchilar, oʻquvchilar va ularning ota-onalari oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazilib, taʼlim muassasasi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha reja ishlab chiqildi.

    Maktab-internatda oʻquvchilarning puxta bilim olishi uchun sharoit yaratib berildi. Muassasaning moddiy-texnik taʼminotini yaxshilash boʻyicha informatika kabineti va oʻqituvchilar xonasi zamonaviy kompyuter texnikalari bilan jihozlanib, yuqori tezlikdagi internet tarmogʻiga ulandi.

    Taʼlim sifatini rivojlantirish boʻyicha maktab-internatda oʻtgan bir yil davomida jamoa oʻz ustida ishlab, oʻquvchilar bilimidagi boʻshliqlarni toʻldirish maqsadida “yoʻl xaritasi” va “istiqbol rejasi” tasdiqlanib, har chorak yakuni boʻyicha monitoring olib borildi.

    Natijada maktab-internatning kimyo, ona tili, matematika, biologiya, tarix xonalari yangi mebellar jamlanmasi bilan taʼminlandi. Pedagoglarning mustaqil malaka oshirishi uchun sharoit yaratilib, ularga uslubiy yordam koʻrsatish maqsadida tuman xalq taʼlimi boʻlimi metodistlari va Namangan davlat universitetining professor oʻqituvchilari bilan ustoz-shogird anʼanasi asosida ilmiy hamkorlik oʻrnatildi.

    Past oʻzlashtiruvchi oʻquvchilar bilimidagi boʻshliqlarni toʻldirish boʻyicha oʻqituvchilar tomonidan qoʻshimcha darslar tashkil etildi, fan toʻgaraklari faoliyati kuchaytirildi. Har chorakda oʻquvchilar bilimini monitoring qilib borish boʻyicha Davlat test markazi bilan shartnoma tuzilib, bolalarning oʻzlashtirish dinamikasi tahlil qilib borildi.

    Past oʻzlashtiruvchi oʻquvchilar, eng avvalo, sinfdagi iqtidorli oʻquvchilarga biriktirilib, oʻqituvchilar darsdan soʻng fan toʻgaraklari, qoʻshimcha mashgʻulotlar jarayonida oʻquvchilar bilimidagi boʻshliqni toʻldirish imkoniyatiga ega boʻldi.

    Biologiya fani oʻqituvchilari O.Mavrulova, D.Roʻziyeva, kimyo fani oʻqituvchilari S.Mamajonova, B.Umirzoqovning viloyat, respublika va hatto jahon miqyosida tashkil etilgan xalqaro seminar va konferensiyalardagi ishtiroki, u yerdan olingan tajribalarini jamoada pedagogik kengashlarda fikr almashish orqali yetkazib bergani ustozlarga kuch-quvvat bagʻishladi.

    Bu yutuqlarga erishishimizda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim muassasalarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻlimi xodimlarining muhim koʻrsatma va topshiriqlari asosiy rol oʻynadi. Chunki inspeksiya ishchi guruhi maktab-internatimizga kelib, shart-sharoitlar bilan tanishib, yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatdi.

    Natijada maktab-internatdagi oliy toifali oʻqituvchilar ulushi 17 foizdan 31 foizga, birinchi toifali oʻqituvchilar ulushi 27 foizdan 55 foizga oshdi. Bugungi kunda maktab-internatdagi 29 nafar oʻqituvchining 9 nafari oliy toifali, 16 nafari birinchi toifali, 3 nafari ikkinchi toifali va 1 nafari mutaxassis oʻqituvchilar boʻlib, pedagoglar salohiyati 86 foizni tashkil etdi.

    Qayta attestatsiya jarayonida olingan nazorat ishlari natijalariga koʻra, oʻquvchilarning oʻzlashtirish koʻrsatkichi 48 foizdan 83,9 foizga koʻtarildi.

    Oʻquvchilar yotoqxonasiga 50 dona karovat berildi. Yashash sharoitini yaxshilash maqsadida ikkita yuvinish xonasiga suv isitish moslamasi oʻrnatildi. Dam olish xonasiga yangi televizor oʻrnatildi va oʻquvchilar madaniy dam olishi uchun yetarli sharoitlar yaratildi.

    Albatta, tushkunlikka tushgan jamoaning boshini biriktirish oson boʻlmadi. Ustozlar va ota-onalarning saʼy-harakatini alohida taʼkidlash oʻrinli. Erishilgan bu muvaffaqiyatda ahil jamoaning bir-birini qoʻllab-quvvatlashi, ustozlarning shogirdlarga begʻaraz yordami, oʻqituvchi va oʻquvchilarning betinim izlanishi, oʻz vaqtida madaniy dam olgani, sport musobaqalarining oʻrni beqiyos ekanini taʼkidlash joiz.

    A.QOʻZIYEV,

    Namangan shahridagi

    1-IDUMI direktori