Muzeylar haftaligi yoxud moddiy saqlanmalarning jamiyat tafakkuridagi ahamiyati qanchalik yuqori?

    Joriy yil 2-8-sentyabr kunlari mamlakatimiz boʻylab anʼanaviy “Muzeylar haftaligi” aksiyasi boʻlib oʻtdi. Yetti kun davomida barcha davlat muzeylariga tashrif buyuruvchilar uchun bepul kirish imkoniyati taqdim etildi.

    Ushbu tashabbus mamlakatimiz madaniy merosini har bir fuqaro va mehmonga tanishtirish, shuningdek, yoshlarda tarix, milliy oʻzlik va madaniy anʼanalarga hurmat tuygʻusini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli sanaladi.

    Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi: bunday tashabbuslarning zamirida qanday maqsad mujassam? Harakatlarning mazmuni madaniy merosga eʼtibor bilan tasniflansa, unda agar madaniy merosning oʻzi yoʻq boʻlsa, qan­day hodisa yuz beradi? Nimaningdir qadriga yetish uchun, avvalo, uning mohiyatini anglash zarur-ku, toʻgʻrimi?

    Keling, endi tasavvur qilamiz: bir millat oʻz madaniy merosini yoʻqotsa, uning eng katta fojiasi oʻzligidan ayrilishi boʻladi. Millat tarixiy xotirasiz qoladi, maʼnan qashshoq­likka yuz tutadi, ichki birdamlik susayadi va kelajak avlodlar oʻzini aslan qaysi qadriyat­larga tegishli ekanini eslolmaydi. Ildizi nobud boʻlgan daraxt shamol qaysi tarafga essa, oʻsha tomonga egilib ketgani kabi madaniy me­rossiz millat ham boshqa madaniyatlar taʼsi­rida qoladi. Madaniy merossiz millatning yoʻnalishsiz qolishi tarixda bir necha marta kuzatilgan, chunki meros yoʻqotilgan joyda millatning maʼnaviy suyagi sinadi.

    Masalan, qadimgi Shumer sivilizatsiyasi insoniyatga yozuv, arxitektura, irrigatsiya va davlatchilik haqida ilk tushunchalarni bergan boʻlsa-da, ularning tili, urf-odatlari qumga tushgan suvdek yoʻqlikka singib ketdi, xalq sifatida oʻzi ham yoʻqoldi. Amerika qitʼasi­dagi mayya, astek va ink sivilizatsiyalarining qismati ham shunday kechdi. Ispan konkista­dorlari ularning koʻp asrlik madaniy boyliklarini, beqiyos ibodatxonalarini yoʻq qildi. Natijada bu ulkan xalqlar madaniy qudrati­dan ajralib, faqat tarix sahifalarida qoldi. Sovet davrida esa koʻplab xalqlar “bir til, bir madaniyat” siyosati taʼsirida oʻz qadriyat­laridan uzildi. Sibirdagi yuzlab mahalliy xalqlar tillarini unutdi, anʼanalari butun­lay soʻndi.

    Yer yuzida 6 mingdan ortiq til bor boʻlsa, mavjud tillarning yarmida 10 mingdan kam, choraktasida esa mingga ham yetmaydigan odam­lar guruhi gaplashadi. Avstraliya aborigenla­ri va Amerika hindulari tillarining koʻpida soʻzlovchilar nisbatan ancha kam. Amazon havza­sidagi har bir tilda oʻrtacha 150 kishi soʻzlasha­di. YUNESKO maʼlumotlariga koʻra, mana shu 6 mingdan ortiq tilning kamida yarmi yoʻqo­lish arafasida. Demak, bu til egalarining madaniy merosi ham xavfda. Chukotkadagi mahalliy elatlar, Afrikadagi koʻp qavmlar oʻz tillari va anʼanalarini asrab qolmasa, yaqin asrlarda ular haqida faqat kitoblarda oʻqish mumkin boʻladi.

    Shu sababdan madaniy merosni avaylash ertangi kunni asramoq demak. Madaniy meros oʻtmish bilan bugunni, bugun bilan kelajak­ni bogʻlaydi. Soddaroq tushuntiray: agar yozma manbalar, meʼmoriy yodgorliklar, sanʼat asar­lari va turli nomoddiy maʼnaviy merosla­rimiz bizga qadar yetib kelmaganida edi, biz nafaqat ajdodlarimizning qanchalik aqlli, buyuk va taraqqiyparvar boʻlganini toʻliq anglay olmas edik, balki oʻzimiz-da hozirgidek taraqqiy topmasdik.

    Abu Rayhon Beruniyni olaylik. Uning qo­musiy bilimga ega alloma boʻlganini aynan kitoblari orqali bilyapmiz. Shuningdek, Ibn Sinoning tib ilmidagi buyuk kashfiyotlari, Mahmud Koshgʻariyning tilshunoslikdagi il­miy merosi, Amir Temur davlatidagi siyosiy va harbiy islohotlar haqida ham aynan mada­niy meros — yozma asarlar, tarixiy yodgorliklar va qoʻlyozmalar orqali xabar topyapmiz. Sa­marqanddagi Registon majmuasi, Buxorodagi Minorai Kalon, Xivaning Ichanqalʼasi yoki Termizdagi buddaviylik davri yodgorliklari — bularning har biri bizga muayyan davrning hayoti, eʼtiqodi va madaniy darajasidan xabar beruvchi tirik hujjatlardir. Shu maʼnoda, madaniy meros tarixni faqat rost gapirishga majburlovchi yagona guvoh. U kim ekanligimiz, qaysi yoʻldan kelayotganimiz va qanday qiymat­larga tayanayotganimizni koʻrsatadi.

    Muzeylar esa madaniy merosni saqlashda juda muhim, lekin ularni yagona yoki qolgan hamma narsaning oʻrnini bosadi deb aytish ham toʻgʻri boʻlmaydi. Muzeylarning oʻzga muas­sasalardan ajralib turadigan asosiy jihat­lari bor: ular moddiy obyektlarni mustahkam va nazoratdagi muhitda saqlay oladi, namlik, hasharot, nurlanish va zararlanishdan himoyalaydi. Qadimgi qoʻlyozmalar ranglarining tiklanishini taʼminlaydi, metall yoki tosh eksponatlar korroziyasining oldini oladi.

    Xoʻsh, muzey faqat shuning uchun muhimmi? Davlatimiz tomonidan moddiy qoʻllab-quv­vatlovning yolgʻiz sababi shumi? Yoʻq, albatta. Birinchidan, muzeylar tadqiqot markazi vazi­fasini oʻtaydi — ular provenansni oʻrganadi, yaʼni A predmet qayerdan kelganini aniqlay­di, tarixiy kontekstni tiklaydi, yangi ilmiy maʼlumotlar yaratadi va shu orqali umumiy tarixiy tasavvurni toʻldiradi. Ikkinchidan, muzeylar maktab va universitet darslarini boyitadi, ekskursiyalar, ilmiy seminarlarga asos boʻladi, bu omil yosh avlodning tarixiy va maʼnaviy ongini shakllantirishda hal qiluv­chi rol oʻynaydi.

    Har qanday sarfning oʻzini oqlashi bilan bogʻliq savolga kelsak: sarflarning iqti­sodiy, ijtimoiy va madaniy foydasi koʻp qirrali. Muzeylar sanʼat industriyasini qoʻl­lab-quvvatlaydi. Umuman, ular “mafkuraviy magnit” vazifasini bajaradi — millat da­rajasidagi jamoatlarni oʻziga tortib turadi. Turizm iqtisodiyoti nuqtayi nazaridan, muzey­lar sayyoh oqimini oshiradi. Masalan, Luvr yiliga 9-10 million sayyohni jalb etadi, bu esa Parij iqtisodiyotiga milliardlab yevro daromad keltiradi.

    Bundan tashqari, muzeylar turizm turlari­ni diversifikatsiya qiladi. Masalan, diniy turizm ziyorat obyektlariga, arxeologik tu­rizm qazilma yodgorliklariga qiziqish paydo qiladi. Muzeylar esa shu turlarni bir makon­da uygʻunlashtirib, sayyohga qulaylik yaratadi. Shuning uchun koʻpincha turagentliklar yoʻna­lishni tuzganda muzeylarni markazga qoʻyadi. Yana bir jihat, muzeylar turizmni mavsumiy­likdan chiqaradi. Masalan, togʻ-changʻi yoki plyaj turizmi muayyan faslga bogʻliq. Muzey esa yil davomida sayyoh qabul qiladi. Bu shahar iqti­sodiyoti uchun ham, mahalliy aholi ish oʻrinla­ri uchun ham barqarorlik yaratadi. Shuningdek, muzeylar xalqaro aloqalarni oʻrnatish uchun ajoyib vosita, bir davlatning oʻziga xos “yum­shoq kuchi”. Koʻrgazmalarni ayirboshlash, il­miy hamkorlik va madaniy diplomatiya orqa­li mamlakat obroʻsi oshadi. Aytish kerakki, muzeylarga kiritilgan sarf — uzoq muddatli investitsiya: u darhol iqtisodiy foyda koʻrsat­masligi mumkin, lekin vaqti kelib, madaniy turistik brend va bilimlar infratuzilmasi sifatida katta qaytim beradi.

    Prezidentimiz tomonidan Oʻzbekiston Milliy muzeyiga tamal toshi qoʻyilganidan maʼlum boʻlmoqdaki, muzeyning ijtimoiy-siyosiy ahamiyati ham nihoyatda katta. U dav­latning madaniy siyosatida muhim oʻrin egal­laydi. Jahon hamjamiyatiga xalqning boy merosi, qadriyatlari va taraqqiyot yoʻli namoyish etiladi. Bugun Milliy muzeyning bunyo­di uchun boshlangan qadamlar Oʻzbekistonning mustaqilligi, oʻz tarixini qadrlashi va uni dunyo sahnasida koʻrsatishga intilishini bil­dirmoqda.

    Ushbu ulkan koʻlamdagi muzey ertaga jamiyatning oʻzini anglashida, siyosiy barqa­rorlikda va milliy gʻoyani shakllantirishda muhim muassasa, markaz boʻlib xizmat qiladi. Turli qatlamlarni yagona qadriyat atrofida jamlashga yordam beradi. Masalan, Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyiga kirgan odam ming yillik tarixiy jarayonlarni koʻrib, oʻzini shu yurtning bir boʻlagi sifatida his qiladi. Bu ijtimoiy birdamlikni kuchaytiradi.

    Muzey, yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek, davlatning siyosiy qarashlarini, tarixga mu­nosabatini va milliy siyosatdagi ustuvor yoʻnalishlarni aks ettiradi. Misol uchun, mustaqillikdan soʻng ochilgan Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi bevosita tarixiy ado­lat ramzi sifatida qad rostladi. Bu muzey in­soniyatga nafaqat oʻtmish xatolarini eslatadi, balki kelajakda bunday zulm qaytarilmasligi zarurligini siyosiy xabar sifatida ham berib turadi.

    Xalqaro tajribaga nazar tashlasak, mu­zeylarning ijtimoiy-siyosiy ahamiyati yanada ravshanlashadi. Germaniyadagi Berlin devori boʻlaklari saqlanayotgan muzeylar nafaqat ta­rixiy yodgorlik, balki siyosiy xotira maskani­dir. U yerga kelgan har bir odam totalitar tu­zumning oqibatlari, Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi siyosiy qarama-qarshiliklar qanday boʻlganini oʻz koʻzi bilan koʻradi. AQSHdagi “9/11 Memorial Museum” esa nafaqat dahshatli fojiani yodga soladi, balki terrorizmga qarshi kurash siyosa­tining ramziy asosini mustahkamlaydi.

    Joriy yil 21-avgustda Prezidentimizning “Xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesini yuqo­ri saviyada oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisi­da”gi qarori qabul qilindi. Endi 2025-yildan har 2 yilda 1-marta sentyabr-noyabr oylarida Buxoro shahrida xalqaro zamonaviy sanʼat bi­yennalesi oʻtkazib boriladi. Birinchi biyenna­le joriy yil 5-sentyabr – 20-noyabr kunlari oʻtkazilmoqda. Biyennale oʻtkaziladigan 14 ta madaniy meros obyekti koʻrgazma va tadbirlar, taʼlim va tadqiqot, ijodiyot va ishlab chiqa­rish jarayonlari uygʻunlashgan kreativ klaster­ga aylantirilmoqda. Dunyoga taniqli ijodkor, mutaxassis va oshpazlar ishtirokida keng ja­moatchilik uchun 10 haftalik ilmiy-maʼrifiy, madaniy-koʻngilochar, sayyohlik va gastronomik dasturlar tashkil etilyapti.

    30 dan ortiq xalqaro ekspert, kurator va sanʼatshunos ishtirokida xalqaro akademik simpozium oʻtkaziladi. Bularning hammasi madaniy meros tushunchasining qiymatini anglashga yana bir bor yordam beradi. Biyennale nafaqat badiiy tadbir, balki madaniy diplo­matiyaning kelajagi va Oʻzbekistonning kre­ativ sanoat tarmoqlarini rivojlantirishni muhokama qilish maydoniga aylanayotganiga ishonch beradi.

    Tarixga aylanish tuygʻusi insonni hayratga solishi tabiiy, chunki odam oʻzini faqat zamo­naviy hayot jarayonida emas, balki kelajakning xotirasida ham koʻra boshlaydi. Bu esa unga ikki xil quvvatni taqdim etadi: masʼuliyat va ilhom. Masʼuliyat bugun qilayotgan har bir qadamimiz kelajakda bizning kimligimiz­ni koʻrsatishini anglashdan tugʻiladi. Ilhom esa qilingan ezgu ish, qurilgan bino, yozilgan asar abadiyatning bir boʻlagiga aylanadi degan ishonchdan kelib chiqadi.

    Ayni damda yaratilgan va yaratilayotgan obidalar yoki zamonaviy markazlarning keyinchalik madaniy meros maqomiga ega boʻlishi ularning endi faqat “muzey eksponati” sifa­tida qolishini anglatmaydi. Masalan, Mil­liy Olimpiya shaharchasi yoki Milliy futbol markazi hozir sport infratuzilmasi sifatida xizmat qilishga shay holatda. Bir necha oʻn, yuz yillardan keyin ularda yozilgan rekordlar, gʻa­labalar, chempionlar, oʻtkazilgan nufuzli mu­sobaqalar tarixga aylanadi va bu inshootlar ham ramziy maʼnoda merosga doʻnadi. Lekin bu ularning hozirgi funksiyasi — sport rivo­ji va xalqaro hamkorlik markazi sifatidagi ahamiyatini yoʻqqa chiqarmaydi. Aksincha, kela­jakda ularning meros sifatida qadrlanishi hozirgi kun vazifalarini yanada masʼuliyatli qiladi. Shu maʼnoda, merosga aylanish eskir­ganlik emas, aksincha, barcha saʼy-harakatlari­miz abadiy iz qoldirayotganini his qilish, oʻz ishimizga ulkan maʼno bagʻishlash demakdir.

    Azizbek YUSUPOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri