“Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonunning 52-53- moddalari asosida davlat fuqarolik xizmatchilarini ijtimoiy, huquqiy qoʻllab-quvvatlash maqsadidagi oʻrganish va koʻmaklashish tadbirlari Namanganda ham tashkil etildi.
Maʼlumot uchun: Bugungi kunda Namangan viloyatidagi davlat tashkilotlari va ularning tizimlarida boshqaruv apparati shtat birliklari 6245 ta. Ayni damda 5920 nafar (94,7 %) davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyat olib bormoqda. Kadrlarning 398 nafari (6,7 %) rahbar xodimlar, 3397 nafari (57,3 %) mutaxassis, 2126 nafari (52,8 %) boshqaruv xodimlari hissasiga toʻgʻri keladi. Xodimlarning 76,2 foizini (4513 nafar) erkaklar, 23,8 foizini esa (1406 nafar) xotin-qizlar tashkil etadi. Tashkilotlardagi davlat xizmatchilarining oʻrtacha yoshi - 35 yoshni tashkil etadi.
Bugun hududdagi davlat fuqarolik xizmatchilari uchun Sayyor qabul tashkil etildi. Unda 200 nafarga yaqin davlat fuqarolik xizmatchilari ishtirok etdi.
Murojaatlarning aksar qismini davlat fuqarolik xizmatiga kirish, mehnat qonunchiligiga oid huquqiy maslahat, davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqlarini himoya qilish va ular uchun shart-sharoit yaratish yoʻnalishlariga oid masalalar tashkil qildi.
- Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi avval menga ishga kirishga koʻmaklashdi, yaʼni hamma qatori salohiyatimni sinash uchun vakant lavozim uchun eʼln qilingan ochiq tanlov gʻolibi boʻldim, — deydi qabulda ishtirok etgan Chust tumani, Sadacha" mahallasi hokim yordamchisi Fazliddin Xabibxonov. - Endi esa davlat xizmatchisi sifatida faoliyatimni ham qoʻllab-quvvatlayapti.Ishga kirishdagi ochiq tanlov tizimini bemalol xalqchil deya olaman.
14 ta murojaat joyida hal boʻldi, 28 tasiga huquqiy tushuntirish berildi.
Qoʻshimcha oʻrganishni talab qiladigan murojaatlar boʻyicha oʻrganish ishlari olib boriladi va qonuniy tartibda yechim beriladi.
Shuningdek, Ishchi guruhining 2 kunlik dasturi doirasidan davlat xizmatchilarining mavjud muammolarini bartaraf etish, tashabbuslarini ragʻbatlantirish, yosh talantlarni davlat xizmatiga olib kirish maqsadidagi tadbirlar ham oʻrin oldi.
Jumladan,Namangan muhandislik-texnologiya institutida, viloyatdagi oliy taʼlim muassasalarining bitiruvchi kurs talabalari bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Talantli yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga jalb qilish, ularni sohaga qiziqtirish maqsadida tashkil etilgan muloqot avvalida talabalarga sohadagi oʻzgarishlar, "Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonunning mazmun-mohiyati haqida maʼlumot berildi. Davlat fuqarolik xizmatida ishlashning ahamiyati, meritokratiya tamoyili asosida ishga kirish tartibi boʻyicha fikr-mulohazalar almashildi.
— Universitetni bitiryapman, hokimlikda amaliyot oʻtayapman. Muloqot biz uchun samarali boʻldi. Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portalining imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumotga ega boʻldik. adolat, tenglik yaratilgani bizni xursand qildi, — deydi Namangan muhandislik-texnologiya instituti 4-bosqich talabasi Moʻminjonov Humoyunmirzo.
Ahamiyatlisi, namanganlik talabalar Davlat xizmatining yagona elektron axborot-tahlil tizimi — test.argos.uz orqali namunaviy test sinovidan oʻtishdi. Kelajak kadrlari bilimi darajasini aniqlab, oʻz ustida yanada koʻproq ishlash kerakligini anglashdi.
Maʼlumot uchun, test savollari axborot texnologiyalari, iqtisodiyot, maʼnaviyat, siyosiy-huquqiy yoʻnalishlarni oʻz ichiga olgan.
Dastur doirasida viloyatdagi davlat fuqarolik xizmatiga tanlov asosida ishga kirishdagi ochiqlik va shaffoflik tamoyilidagi mavjud kamchiliklar va ularni kelgusida bartaraf etish yuzasidan ochiq muloqot, davlat xizmatiga birinchi marotaba kirayotgan nomzodlar uchun “Ochiq eshiklar kuni”ni tashkil etildi.
Oliy taʼlim muassasasi, davlat va nodavlat sektoridagi tashkilotlarning oʻzaro hamkorligini taʼminlash maqsadida faoliyat yuritayotgan “Karyera markazi” faoliyati bilan yaqindan tanishildi.
Jarayon respublikaning boshqa hududlarida ham davom etadi.