Namanganlik oʻquvchi dasturlash orqali topgan daromadidan “Jentra” oldi

    Keyingi avlod 16 Iyun 2021 1266

    Namangan shahridagi 2-sonli Davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatning 9-sinf oʻquvchisi Umar Ulforiq Rustamovning 10 yoshidan buyon kompyuter va axborot texnologiyalariga qiziqishi baland.

    Qatʼiy ahd va maqsadga aylangan ana shu qiziqish yoʻlidagi izlanish-intilishlari natijasida 14 yoshidan dasturlar boʻyicha ishlash, veb-saytlar yaratish bilan professional darajada shugʻullanib keladi. Bu yoʻnalishda oʻquv markazlarida bilim va salohiyatini oshirgan Umar Ulforiq hozirga qadar yaratgan saytlar soni yigirmadan ortib ketdi. U yaratayotgan loyihalar buyurtmachilari, asosan, Rossiya federatsiyasida. Qolaversa, ayni paytga qadar Amerika Qoʻshma Shtatlaridan bitta buyurtma tushgan, Janubiy Koreyadan 2 ta buyurtma yuzasidan saytni takomillashtirish va yangidan yaratib berishni samarali bajargan yosh dasturchiga yirik loyihalarga doir hamkorlik takliflari ham boʻlib turadi. Xususan, Rossiyadagi turistik agentlik buyurtmachilari uning muvaffaqiyatli loyihasi uchun 6 700 dollar miqdorida haq toʻlagan.

    — Har bir saytni yaratish ustida hajmiga qarab 15 – 20 kundan, yirik loyihalar boʻyicha 2 – 3 oygacha ishlaymiz, — deydi IT loyihalarning faol ishtirokchisi Umar Ulforiq Rustamov. – Dasturlar, loyihalar, saytlarni yaratish va animatsiyalar boʻyicha Adobe xd, Premiere pro kabi dasturlardan foydalanamiz. Dastlabki paytlarda mustaqil oʻrgangan va saytlarni bir oʻzim yaratgan boʻlsam, ayni paytda 6 kishilik jamoa bilan birga ishlayapmiz. Ularning barchasi 7-, 11-sinf oʻquvchilari, qolaversa, onlayn qiziquvchilar ham loyihalarimizni yaratish borasida qatnashadilar va kuzatadilar.

    Oʻz oldiga ulkan niyat va maqsadlarni qoʻyib, istiqbol sari dadil qadam tashlayotgan umidli dasturchining hozirgi faoliyati eʼtibor va eʼtirofga loyiq. Frilansing boʻyicha faoliyat yuritish barobarida startap loyihalar ustida ishlayotgan tengdoshingiz oyiga 500 – 600 dollar miqdorida daromad topadi. Eʼtiborlisi, u ayni paytgacha qilgan oʻz daromadi hisobidan oilasi uchun “Jentra” avtomashinasi ham xarid qildi.

    U rus, turk, arab, ingliz tillarini mukammal biladi. “Oʻzbekiston uchun 100 gʻoya” va “Startap tashabbuslar” tanlovlarida zafar qozonayotgan U. Rustamov kelajakda oʻzining IT sohasida biznes faoliyatini yana-da rivojlantirib, yirik loyihalar, dasturlar boʻyicha ish olib borishni reja qilgan.

    Oʻz muxbirimiz.