Prezidentimizning “Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori atoqli adibimizning muxlislari, kitobsevar xalqimizni behad quvontirdi. Bu oʻz ijodini jamiyat ravnaqiga, xalqimiz maʼnaviyatini yana-da yuksaltirishga, odamlarning muammo, quvonch va dardlarini oʻz asarlarida badiiy talqin qilib, yangi oʻzbek adabiyoti, xususan, nasri taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan ijodkorga eʼzoz va ehtirom ifodasi boʻldi.
XX asr ikkinchi yarmi oʻzbek adabiyoti, aniqrogʻi, nasri rivojida Oʻtkir Hoshimovning munosib oʻrni bor. Mustabid tuzum sharoitida u oʻzining haq soʻzi bilan el orasida eʼtibor qozondi. Yozuvchi oʻz asarlarida hamisha haq gapni aytishga intildi. Ehtimol, uning hikoya, pyesa, romanlarida yuzaki oʻrinlar bordir, ammo adib hech qachon yolgʻon gap aytmagan, mustabid mafkura, siyosat nogʻorasiga oʻynab vijdonini sotmagan, murosasozlik yoʻliga kirmagan. U oʻtkinchi mayllarga berilmay, soʻz sanʼatining azaliy muammosi - shaxs jumbogʻi, ijtimoiy adolat tuygʻusi ifodasi bilan qiziqdi.
Adabiyot dunyosida “nasrdagi tarona”, “nasrdagi shoir” atamalari bor. XX asr yangi oʻzbek adabiyotida Abdulla Qodiriy haqli ravishda prozaning shoiri deb nom olgan edi. 60-yillar zamonaviy adabiyotida Oʻtkir Hoshimovni ham nasrdagi shoir, yetuk asarlarini esa nasrdagi qoʻshiq, tarona deb atash mumkin. Ilk qissasi “Choʻl havosi”dan tortib “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobiga qadar – barcha asarlariga xos mushtarak jihat shuki, ular betakror, benazir sirli musiqiy ohang bilan yoʻgʻrilgan. Muallif qoʻlidagi qalam goʻyoki yozmaydi, balkim qalami uchidan soʻzlar musiqa singari quyilib keladi; uning hikoya va qissalari sheʼrdek, dostondek oʻqiladi, ular yakka sozda chalingan dilrabo kuydek yangraydi, romanlari koʻp ovozli simfoniyani eslatadi, hatto uning badialari, publitsistik maqolalarida ham inson koʻngil xazinasining, tuygʻularining xilma-xil jilolari mujassam. Oddiy maishiy kechinmalardan tortib ulkan ijtimoiy mushohadalar, keskin ruhiy dramalar, fojealar, qabohatlar haqida qalam tebratganda ham adibni nafosat tuygʻusi aslo tark etmaydi, gʻoyat tigʻiz lavhalarda ham ajib samimiyat, hazin va nurli bir kuy aks-sado berib turadi. Oʻtkir Hoshimov nasrini kitobxonga manzur qilgan joziba sirlaridan biri shunda.
Oʻtkir Hoshimov 1941-yil 5-avgustda Toshkent viloyati Zangiota tumani Doʻmbirobod mavzesida tugʻildi. Uning bobokalonlari ziyoli, oʻz davrining mashhur kishilari boʻlgan.
Oʻtkirning mehnat faoliyati juda erta boshlandi. Bilimga chanqoq boʻlajak yozuvchi oʻrta maktabni medal bilan bitirgan, oliy oʻquv yurti talabasi boʻlishni koʻngilga tugib qoʻygan boʻlsa ham oilaga moddiy yordam berish maqsadida ishlashga majbur boʻldi, avval “Temiryoʻlchi” gazetasida xat tashuvchi, soʻng tarjimon, “Qizil Oʻzbekiston”da musahhih yordamchisi, “Toshkent oqshomi”da adabiy xodim boʻlib ishladi. Ayni paytda Toshkent davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakultetida avval sirtqi, soʻng kunduzgi boʻlimda tahsil oldi. 1966-1982-yillarda “Toshkent oqshomi”da boʻlim mudiri, 1982-1985-yillarda Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida bosh muharrir oʻrnibosari, 1985-1995-yillari “Sharq yulduzi”ning bosh muharriri, 1995-2005-yillari esa Oliy Majlisning Matbuot va axborot qoʻmitasi raisi boʻlib ishladi.
Oʻtkir Hoshimov 1991-yili Oʻzbekiston xalq yozuvchisi unvoni, oʻsha yili “Hurmat belgisi” ordeni, 1996-yili “Mehnat shuhrati” ordeni, 2001-yili “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.
Oʻtkir Hoshimov ijodini publitsistikadan boshladi, 1962-yili “Poʻlat chavandoz” nomli ocherklar toʻplami bosilib chiqdi. U badiiy ijodga juda erta mayl bildirgan, 5-sinfda oʻqib yurgan kezlaridayoq sheʼrlar, hikoyalar mashq qila boshlagan boʻlsa-da, “Toʻrt maktub” nomli ilk hikoyasi 1963-yili matbuotda bosilib chiqdi. Shu hikoya asosida “Choʻl havosi” qissasi yozildi. “Sharq yulduzi”da bosilgan bu qissa haqida yosh muallif Abdulla Qahhordan maktub oldi. “Oʻtkir! “Choʻl havosi”ni oʻqib suyunib ketdim. Birdan lov etib alanga bilan boshlangan ijodning kelajagi porloq boʻladi, qissa juda sof, samimiy, iliq, tabiiy, rohat bilan oʻqiladi”, deyiladi oʻsha maktubda. Bunday iliq soʻzlar yosh yozuvchiga dalda berdi. Soʻng u birin-ketin “Odamlar nima derkin”, “Shamol esaveradi” qissalarini yaratdi. Xususan, “Bahor qaytmaydi”, “Qalbingga quloq sol” qissalari adabiy tanqidchilikda qizgʻin bahs-munozara qoʻzgʻatdi. Bu qissalari uchun u 1976-yili yoshlar mukofotiga sazovor boʻldi.
Oʻtkir Hoshimov qissalari 60-70-yillar milliy adabiyotimizdagi ilgʻor tamoyillar bilan uygʻunligi, oʻtkir maʼnaviy-axloqiy muammolarni dadil oʻrtaga qoʻyilganligi, eng muhimi, tasvirdagi samimiyat, ichki jozibasi bilan ajralib turadi.
Oʻtkir Hoshimov ijodga qadam qoʻygan yillarga kelib mustabid tuzum davri dagʻdagʻayu zugʻumlari bir oz yumshagan, jamiyatni demokratlashtirish boshlangan, erkin fikrlarga qisman yoʻl berilgan edi. Biroq rasmiy doiralarda, “moʻtabar” minbarlarda, ilm-fan, radio, televideniye, matbuotda bor haqiqatni aytish imkoniyati hamon cheklangandi. Bunday paytda jamiyatning vijdoni, mehnatkash xalqning ovozi boʻlish vazifasi adabiyot, soʻz ustalarining zimmasiga tushdi. A.Qahhor, O.Yoqubov, P.Qodirov, ular izidan borgan E.Vohidov, A.Oripov, Sh.Xolmirzayev chindan ham haqiqat, adolat jarchisi, xalq dilining tarjimoni sifatida maydonga chiqdilar. Ular yaratgan eng sara asarlar ijtimoiy tafakkur sohalari – tarix, falsafa, sotsiologiya, siyosat, adabiyotshunoslik va publitsistika bajarishi lozim boʻlgan talay vazifalarni ham ado etdi. Shu tariqa adabiyotda “gap aytish”, “masala koʻtarish” tamoyili kuchaydi, “problematik sheʼr, doston”, “problematik drama, hikoya, qissa, roman” turlari paydo boʻldi. Ayni paytda didli, kuyunchak kitobxon asardan, albatta, “muhim gap” kutadigan boʻlib qoldi, tanqidchilikda asarlarni ularda koʻtarilgan dolzarb muammolarga qarab baholash muayyan udum tusini oldi.
Oʻtkir Hoshimov xuddi shu yoʻldan borib qator publitsistik hikoya, qissalar yaratdi. Uning “Teraklar yaproq yozdi”, “Dehqonning bir kuni”, “Nur borki, soya bor”, “Kvazarlar” kabi roman, qissa, hikoyalari asarlardan “gap kutadigan” kitobxonlarni gʻoyat hayajonga soldi. Maktab bolalarining umri paxtazorda oʻtayotgani, dori sepilgan gʻoʻza bargidek erta xazon boʻlayotgani, yangi tushgan kelinchakning hayotidagi eng shirin daqiqalari erksiz ogʻir mehnat girdobida kechayotganini, qishloqdagi, kasalxonadagi, savdo sohasidagi, oliy oʻquv yurtlaridagi, tahririyatlardagi adolatsizlik, huquqbuzarlik va qingʻirliklar – Oʻtkir Hoshimov asarlarida hayajon, iztirob bilan qalamga olingan bu xil hayotiy muammolar talqini oʻquvchilarning oʻshanday ijtimoiy illatlarga nisbatan fikrini shakllantirishda, qahrini qoʻzgʻatishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Aytish kerakki, Oʻtkir Hoshimovning problematik roman, qissa va hikoyalarida soʻz sanʼatining azaliy bosh muammosi – inson taqdiri va qalbining badiiy tahlili mavjud. Muallif dolzarb ijtimoiy muammolar talqini bilan yondosh holda koʻp oʻrinlarda personaj ruhiyatidagi gʻoyat nafis jarayonlarni mohirona ifoda etadi. Oʻtkir ijoddagi ilk qadamlaridayoq inson maʼnaviyati, ruhiyati, qalb haqiqati tadqiqotchisi sifatida koʻringan edi. “Choʻl havosi”, “Muhabbat”, “Odamlar nima derkin”, “Shamol esaveradi” nomli hikoya va qissalari shundan dalolat beradi. Keyinchalik u dolzarb ijtimoiy muammolar talqiniga koʻproq moyillik bildirib, yuqorida tilga olingan “problematik” asarlarni yaratgan kezlarida ham inson obrazi, inson maʼnaviyati, ruhiyati tahlilini aslo eʼtibordan chetda qoldirgan emas. Bu jihatdan “Qalbingga quloq sol”, xususan, “Bahor qaytmaydi”, “Dunyoning ishlari” qissalarini eslash kifoya.
Oʻtkir Hoshimovda nafosat tuygʻusi behad kuchli. Hatto u aldangan odamning maʼnaviy inqirozi, fojeasi, halokati tasvirida ham shu tuygʻuni saqlab qoladi. Ayniqsa, u olijanob, maʼnaviy barkamol shaxslar qalbi, tabiati tasvirida oʻzini nihoyatda erkin his etadi.
Yozuvchi ijodiga xos lirik tarona uning “Dunyoning ishlari” qissasida eng baland pardalarda jarangladi. Bu asar ona haqidagi, ona qalbining cheksiz saxovati haqidagi oʻziga xos qasidadir.
“Dunyoning ishlari” boshdan-oyoq nihoyatda yorqin, ajib bir milliy boʻyoqlar bilan jilolangan. Ayni paytda asar teran bir umuminsoniy, baynalmilal tuygʻular bilan yoʻgʻrilgan. Qissada bunday mulohazalar bor:
“Ehtimol, dunyoning bu chetida turib bir odam oʻz sevgilisiga aytgan dil rozini dunyoning narigi chekkasidagi boshqa bir odam tushunmas. Ehtimol, dunyoning bu chetida turib bir odam aytgan qoʻshiqni dunyoning narigi chekkasidagi boshqa bir odam tushunmas. Ehtimol, dunyoning bu chekkasida turib bir odam aytgan oqilona fikrni dunyoning narigi chekkasidagi boshqa bir odam tushunmas. Biroq dunyoning bu chekkasida turib ona aytgan allaga dunyoning narigi chekkasidagi goʻdak bemalol orom oladi”.
Oʻtkir Hoshimov badiiy adabiyotga jurnalistika chorrahalari orqali kirib keldi. Uning 1977-yili yozilgan ilk romani – “Nur borki, soya bor...” jurnalistlik faoliyatining, tajribalarining oʻziga xos yakuni, badiiy sarhisobidir. Roman markaziy qahramoni Sherzod muallifga tengdosh, ayni oʻzi kabi yozuvchi-jurnalistdir. Sherzod timsolida yozuvchi kitobxonni ayni oʻzi hayotda duch kelgan muammolar girdobiga olib kiradi.
80-yillarga kelib Oʻtkir Hoshimov ijodida milliy adabiyotimiz istiqboli uchun muhim ahamiyatga molik yangi tamoyillar roʻy berdi. Yozuvchi, bir tomondan, radio va televideniye orqali jiddiy chiqishlar qildi, u televideniyeda olib borgan “Bahs” koʻrsatuvi butun respublikani “oyoqqa turgʻizdi”. Shuningdek, matbuotda birin-ketin oʻtkir publitsistik maqolalar eʼlon qildi. Xususan, “Qalbning oppoq daftari”, “Avlodlarga nima deymiz”, “Davlat siri”, “Mantiq qani?” kabi maqolalarining har biri ularda oʻrtaga tashlangan maʼnaviy, ijtimoiy-siyosiy muammolarning koʻlami, salmogʻi, taʼsir kuchi jihatidan yetuk badiiy asarlarga teng deb baholandi.
Ayni paytda adib yaratgan eng yaxshi asarlar avvalgilaridan farqli oʻlaroq, oshkora publitsistik talqindan xoli. Bu davrga kelib yozuvchi ijodida publitsistik faoliyat bilan sof badiiyat orasida muayyan ajralish roʻy berdi. Muallifni endi kundalik dolzarb masalalar emas, koʻproq azaliy-boqiy maʼnaviy muammolar, inson taqdiri, inson qalbining jumboqlari koʻproq qiziqtiradi. Bu jihat “Ikki eshik orasi” romanida, ayniqsa, ravshan koʻzga tashlandi.
“Ikki eshik orasi” – yirik ijtimoiy, maʼnaviy-axloqiy roman. Asar voqealarining bir uchi 30-yillar boshlariga, qishloqdagi kolxozlashtirish davri voqealariga borib tutashsa, ikkinchi uchi 70-yillarning oxiriga kelib taqaladi. Shunday boʻlsa-da, romanning markazida fashizmga qarshi urush davri, urush yillaridagi oʻzbek qishlogʻi hayoti, urush va inson, urushning kishilar taqdiriga koʻrsatgan chuqur taʼsiri, ular qismatida, zurriyotida, dilida qoldirgan jarohatlari muammosi turadi. Yozuvchi Ikkinchi jahon urushi kishilarimiz uchun zoʻr sinov boʻlgani, bu sinov paytida oʻzbek kishisiga xos boʻlgan noyob fazilatlar favqulodda bir kuch bilan yuzaga chiqqani, kishilarimizdagi otashin vatanparvarlik, cheksiz muruvvat, sadoqat tuygʻularini ilhom va ehtiros bilan qalamga oladi. Qahramonlar qismati vositasida yozuvchi yashashning maʼnosi, insonning insonlik shaʼni, burchi, masʼuliyati, eʼtiqodi masalalarini koʻtaradi, kitobxonni ular haqida oʻylashga, bahsga chorlaydi. Qanday yashash va yashamaslik kerak, degan savol asarning yetakchi falsafasi darajasiga koʻtariladi.
“Ikki eshik orasi” romani 1986-yili Hamza nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Badiiy asar qimmati, darajasi birinchi galda unda hayot va shaxsning yangicha konsepsiyasi hamda badiiy talqini, ifodasiga qarab belgilanadi. Shu yuksak umumbashariy adabiy mezonlar asosida yondashiladigan boʻlsa, Oʻtkir Hoshimovning “Tushda kechgan umrlar” romani 90-yillar oʻzbek adabiyotida jiddiy voqea, muhim yangilikdir.
Bir qarashda roman yangi oʻzbek adabiyotida muayyan anʼanaga aylanib qolgan mavzu-muammolar – mustabid tuzum tanqidi, afgʻon urushi, “oʻzbeklar ishi” qurbonlari haqida bahs yuritadi. Bu mavzu-muammolar haqida koʻp yozildi, Oʻtkir Hoshimov “Tushda kechgan umrlar” romani orqali bu xususdagi oʻzining betakror, salmoqdor, yangi soʻzini aytdi, aytganda ham oʻquvchini larzaga soladigan, oʻyga toldiradigan qilib ayta oldi. “Tushda kechgan umrlar” romanidagi talay personajlar, xususan, bosh qahramon – Rustam va Komissar obrazi yozuvchining zamonaviy adabiyotdagi badiiy kashfiyoti boʻldi.
Rustam – fojeaviy shaxs. Katta hayotga endigina kirib kelayotgan, ona yurtning yetuk bir farzandi, sodiq fuqarosi boʻlishi, el-yurt uchun koʻp ishlar qilishi, sevgilisi vasliga erishib baxtli hayot kechirishi mumkin boʻlgan bu navqiron oʻgʻlon umri oʻn gulidan bir guli ham ochilmay turib xazonga aylanadi. Uning hayotini mustabid tuzum, totalitar siyosat yurgizganlar, afgʻon urushini boshlaganlar, “oʻzbeklar ishi”, “paxta ishi” mojarosini oʻylab topgan gʻalamislar barbod etadi. Rustam halokati mana shu mudhish siyosatga zoʻr bir aybnoma kabi yangraydi.
Latif lirika bilan serzavq hayotbaxsh yumor, xalqona hazil-mutoyiba orasi bir qadam. Yangi oʻzbek adabiyotida latif lirikaga moyil shoir, nosir borki, deyarli barchasi yumoristik asarlar bitgan, qator yirik jiddiy asarlari bagʻridan ham hazil-mutoyibalar, hajviy-yumoristik lavhalar munosib oʻrin olgan. Qodiriy, Choʻlpon, Said Ahmad nasriy asarlaridagi, Mirtemir, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov sheʼriyatidagi serjilo kulgi ularga ajib fayz baxsh etgan. Yillar oʻtgan sari Oʻtkir Hoshimovda ham yumorga, hazil-mutoyibaga moyillik kuchayib bordi. Uning qalamkash doʻstlari, ustozlari haqidagi begʻubor, quvnoq tabassum bilan yoʻgʻrilgan “Shumliklar” turkumi, “Daftar hoshiyasidagi bitiklar”ning talay sahifalari, “Toʻylar muborak” komediyasi, “Ikki karra ikki - besh” qissasi, oʻnlab yumoristik hikoyalari adibning hajviy iqtidoridan dalolat berdi.
Oʻtkir Hoshimov dramaturgiya sohasida ham sermahsul ijod qilgan. “Inson sadoqati”, “Qatagʻon” dramalari inson qalbi iztiroblari ifodasi, ehtiroslarga boyligi jihatidan adibning eng yaxshi qissa va romanlariga ohangdoshdir. 90-yillar totalitar rejim zoʻravonliklari, qatagʻon qurbonlari haqida koʻp yozildi. Shuningdek, bunday zoʻravonliklar oldida boʻyin egmagan, kishan kiymagan mardona shaxslar obrazi ham ozmi-koʻpmi yaratildi. Afsus, ular orasida esda qoladigan, adabiyotda voqea boʻlgan, badiiy kashfiyot deyishga loyiqlari oz. “Qatagʻon” ayni shu mardonavor ruhi bilan eʼtiborni tortadi. Asar premyerasi muhokamasi paytida: “Qatagʻon” har bir oʻzbek kishisi, albatta, tomosha qilishi lozim boʻlgan spektakl; oʻzbeklar nuqul jafokash, tobe, mute xalq emas, ular orasida haqsizlik, zoʻravonlikka qarshi turgan Jumanovdek mardona siymolar ham bor boʻlgan!” degan mulohazalar aytilgan edi.
Diqqat bilan razm solinsa, Oʻtkir Hoshimovning ijodiy faoliyati davomida yaratgan har bir jiddiy asari - “Bahor qaytmaydi”, “Dunyoning ishlari”, “Ikki eshik orasi”, “Tushda kechgan umrlar”, “Qatagʻon” – bular XX asr millat maʼnaviyati, ruhiyatining muayyan manzillari kabi taassurot qoldiradi. Millat maʼnaviyati manzillarini zabt etish esa ijodiy jasoratdir.
Umarali NORMATOV,
Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi,
filologiya fanlari doktori, professor