O'zbekiston – Afg'oniston iqtisodiy, madaniy aloqlari yanada kuchaymoqda. Buning ma'anaviy va madaniy hayotdagi isboti sifatida yaqinda (7–8 aprel`, 2021 yil) Afg'oniston Islom Respublikasining Hirot shahrida Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag'ishlangan anjumanni keltirib o'tish mumkin. Unda hukumat vakillari, navoiyshunos olimlar, yozuvchi va shoirlar  ishtirok etdi.

Aslida, Alisher Navoiy maqbarasi majmuasida qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish imkoniyatlarini o'rganib chiqish vazifasi Prezidentimizning 2020 yil 19 oktyabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi qarorida belgilangan edi. Uning ijrosini ta'minlash maqsadida o'zbekistonlik mutaxassislar afg'onistonlik hamkasblari bilan hamkorlikda maqbara majmuasini an'anaviy me'morchilik, san'at va bezak elementlaridan foydalangan holda ta'mirlash va tiklash bo'yicha ishlarni amalga oshiradi. Mazkur tarixiy hujjat biz navoiyshunos olimlarning yillar davomida amalga oshirilishi orzuga aylangan maqsadlarimiz uchun keng yo'l ochdi.

Kuni kecha taqdim etilgan loyihada maqbaraning kirish va qolgan yo'laklariga Hazrat Navoiyning hikmatli so'zlari bitilgan kitob ko'rinishidagi belgilar qo'yilishi hamda dekorativ o'tirgichlar o'rnatilishi ham belgilangan. SHuningdek, bog'ning kirish qismida sakkiz burchakli masjid bunyod etiladi. Kirish peshtog'idan hovli qismining chap va o'ng tomonida yopiq uslubda ayvonlar barpo etiladi. Maqbaraning tashqi ko'rinishiga bezak beriladi. Gumbaz, maqbara oldi va yon qismlari mayolika elementlari bilan ishlanadi. Majmua hududi ko'kalamzorlashtiriladi.

Ha, Alisher Navoiyning ma'naviy bog'i shu kungacha ko'ngillarni shod etib kelgan bo'lsa, endi mutafakkir bobomiz maqbarasi va uning atrofidagi bog' ham ziyoratga kelganlar qalbini yashnatadi, ezgu maqsadlar sari chorlaydi.

Prezidentimiz qarorida “Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Davlat bojxona qo'mitasi bilan hamkorlikda xorijiy davlatlarda saqlanayotgan Alisher Navoiy qalamiga mansub va u yashagan davrga oid qo'lyozmalarning faksimile nusxalarini mamlakatimizga olib kelish choralarini ko'rsin”, deya ta'kidlab o'tilgan. SHu yo'nalishda faksimile nashrlarni amalga oshirish ishlari biz faoliyat yuritayotgan  Madaniyat vazirligi huzuridagi O'zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazida ham olib borilmoqda. Navoiy devonlaridan birining faksimile nashrini tayyorlab, chop etish ustida ishlayapmiz.

Asosiy vazifalarimizdan biri Navoiy merosini xorijiy tillarga tarjima qilib, uni dunyoga tanitish hamda buyuk mutafakkir ijodi bo'yicha olib borilayotgan tadqiqotlar bilan shu soha olimlarini tanishtirishdan iborat.

Xorijda, xususan, G'arbda Navoiy ijodi bo'yicha muayyan tadqiqotlar ikki asrdan davom etib keladi. Kitobxonlarga ularning asl mazmunini etkazish, shuningdek, ilmiy manbalarni nashr etish bo'yicha keng ko'lamli ish olib borayapmiz. Zero, buyuk shoir va mutafakkir ijodiy merosi boqiydir.

Aftondil ERKINOV,

filologiya fanlari doktori