Davlatimiz rahbarining 2020-yil 19-oktyabrdagi Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent shahrida oʻtkazilgan Navoiy siymosi va asarlari sahnada respublika teatrlari koʻrik-festivali maʼnaviy hayotimizda muhim voqea boʻlib, rejissyoru aktyorlar uchun katta tajriba maktabi vazifasini bajarib berdi.
Navoiy hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan ushbu festivalda mamlakatimizda turli yoʻnalishlarda (drama, musiqali va qoʻgʻirchoq) faoliyat koʻrsatib kelayotgan yigirmaga yaqin professional teatr oʻz asarlari bilan ishtirok etdi. Festivalda namoyish etilgan asarlar ikki yoʻnalishda dramatik-musiqali va qoʻgʻirchoq teatrlari guruhlarga ajratilib baholandi.
Tadbir gʻoliblarini aniqlashda spektaklning badiiy-gʻoyaviy saviyasi va maʼnaviy-maʼrifiy, tarbiyaviy ahamiyati, mavzuning dolzarbligi, spektaklning rejissyorlik yechimi, stenografiyaning originalligi, musiqiy bezak va boshqa effektlarning taʼsirchanligi, shuningdek, qoʻgʻirchoqlar dizayni, aktyorlik mahorati, asarlarning dramaturgiya talablariga nechogʻli mosligiga eʼtibor qaratildi.
Spektakllarning aksari buyuk mutafakkir asarlarining inssenirovkalari asosida sahnalashtirilgan. Shu bilan birga, Navoiyning hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan original dramaturgiya asosidagi sahna asarlari ham mavjud. Xususan, Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri Uygʻun va Izzat Sulton qalamiga mansub, badiiy jihatdan mukammal Alisher Navoiy asarini namoyish etdi.
Rejissyor Ravshan Mansurov asarni sahnalashtirish jarayonida pyesadagi qator lirik sahnalardan voz kechgan. Asosiy eʼtibor Alisher Navoiyning ijtimoiy faoliyati, mamlakat hayoti, xalq taqdiridagi oʻrniga qaratilgan. Turli sahnaviy unsur va topilmalar asarning tomoshabobligini oshirgan. Margʻilon shahri musiqali maqom teatri taqdim etgan Alisher Navoiy (Nurillo Abbosxon asari) spektaklida ham hazrat hayotining muhim davri aks etishi barobarida sahna talablaridan kelib chiqib, tarixiy muhitga zid boʻlmagan ziddiyat va qarama-qarshiliklar topilgan.
Aynan dramatik sahnalar ziddiyatni kuchaytirish, asarning taʼsir kuchini oshirishga xizmat qilgan. Spektakldan Alisher Navoiy gʻazallari bilan kuylanadigan maqomlar oʻrin olgan. Ular voqealar tizimiga singdirilib, qahramonlar holatini kuchaytirib, taʼsirchanlikni taʼminlagan. Alisher Navoiyning yoshlik yillarini aks ettirgan asarga ehtiyoj barcha davrlar uchun ahamiyatlidir.
Zero, yosh avlodni buyuk ajdodlarimizning ibratli hayot yoʻli tafsilotlari haqidagi hikoyalar orqali tarbiyalash ijobiy natija berishiga shubha yoʻq. Shu maʼnoda Oʻzbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrining Alisherbek va Husayn (Oʻzbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo asari) spektakli eʼtiborni tortadi. Spektaklda buyuk allomalarning yoshlik davri, doʻstlik tarixi va sinovlari, bir-biriga taʼsiri masalalari koʻtarilganki, ular bugungi avlod tarbiyasida ahamiyatlidir.
Fargʻona viloyati rus drama teatrining Luna dlya Shaxa Baxrama spektakli oʻziga xos yechimi bilan ajralib turadi. Inson ruhiy olamidagi kurashni tasvirlash maqsadida rejissyor Anvar Abdullayev sahnada qahramonlarini ikkilantiradi. Yaʼni sahnada 2 nafar Bahrom va 2 nafar Dilorom harakat qiladi. Bosh qahramonlar ichki dunyosida sodir boʻlayotgan ziddiyat yopiq koʻrinishda, yaʼni u qahramon ruhiyatda sodir boʻlayotgan qarama-qarshilik shaklida namoyon boʻladi. Bu orqali rejissyor asliyat va botiniy tushunchalar oʻrtasidagi azaliy kurashga urgʻu beradi.
Jamoa oʻzining ushbu sahna asari bilan Navoiy dahosi va uning asarlarida ilgari surilgan gʻoyalarni anglashga, eng asosiysi, tomoshabinga ham anglatishga erishgan. Yosh dramaturg Uchqun Oʻsarovning Sabʼai sayyor dostoni asosida yozilgan Ikki qalb afsonasi musiqali sahna asari rejissyor Gʻofur Mardonov tomonidan qator teatrlarda sahnalashtirildi. Navoiyning bu asari katta falsafiy maʼno tashib, unda bosh qahramonning muhabbat yoʻlidagi iztiroblari aks etsada, asosiy maqsad qahramonning fano yoʻlini tutib, poklanish sari borishi haqidadir.
Shu maʼnoda spektaklda asosiy eʼtibor ishqning qudratini koʻrsatishga qaratilgan boʻlsada, sahnada kechayotgan voqealar aksar ramziylik kasb etadi. Oʻzbekiston davlat rus akademik drama teatrining Smyateniye pravednыx (Hayrat ul-abror) spektakliga (rejissyor Valixon Umarov) mahobatli sahnaviy yechim taklif etilgan. Bosh rol ijrochisi Afzal Rafiqovning uzoq yillar Navoiy asarlari ustida ishlagani, oʻziga xosi ohangi, yangrayotgan misralarning sahnada aktyorlar harakatlarida jonlanib turishi - bularning bari asardagi eng oliy niyatlarni tomosha zaliga etkazishda qoʻl kelgan.
Spektakl oʻziga xos shakli, ifodaviy vositalarining rango-rangligi, poetik jozibasi bilan eʼtirofga loyiq. Buxoro viloyati musiqali drama teatri aynan mana shu syujet asosida Segoh (Shayx Sanʼon qissasi) spektaklini sahnaga qoʻyib, katta falsafiy asarni oʻziga xos usulda qoʻshiqlar joʻrligida ifodaladi. Bolalarni yoshligidan Navoiy dahosi bilan oshno qilish niyati qoʻgʻirchoq teatrlarini ham izlanishlarga undagani xayrli.
Andijon viloyati qoʻgʻirchoq teatrining Farhod va Shirin, Qoraqalpoq davlat qoʻgʻirchoq teatrining Chin yurtini dunyoga mashhur qilgan goʻzal, Qashqadaryo viloyati qoʻgʻirchoq teatrining Qush tili, Buxoro viloyati qoʻgʻirchoq teatrining Lison ut-tayr, Xorazm viloyati qoʻgʻirchoq teatrining Sher bilan Durroj, Oʻzbek milliy qoʻgʻirchoq teatrining Sabʼai sayyor spektakllari bugungi oʻzbek qoʻgʻirchoq teatrlarida mavzuni oʻzlashtirish yoʻlida oʻziga xos jarayon ketayotganini koʻrsatadi. Festival soʻnggi yillarda teatrlarimizda buyuk mutafakkir asarlari asosida qator eʼtirofga loyiq spektakllar yaratilganini koʻrsatdi.
Bu izlanishlarda Navoiy dostonlarini yangi nigoh va yondashuv bilan oʻrganish, zamonaviy shakl va mazmunda sahnalashtirish, olis moziy qahramonlarini bugungi kunimizga yaqinlashtirish tamoyili ustunlik qildi. Festivalda yurtimizdagi barcha teatrlar jamoalari ishtirok etishga intilgani eʼtirofli. Avvalo, har bir teatr repertuarida Navoiy siymosi va uning asarlari boʻlishiga erishilmoqda.
Bu orqali Navoiy ijodi, asarlari insoniyat maʼnaviy mulkiga aylanib ulgurgani, u mudom bashariyatga hamroh ekani taʼkidlanadi. Bu holat esa jamiyatimiz taraqqiyoti uchun zarur maʼnaviy hodisadir. Aynan festival kunlari teatr maʼnaviyat maskani ekani, tomoshabinni oʻylashga, fikrlashga, asosiysi, poklanishga undash imkoniyatlari toʻliq namoyon boʻldi. Zero, spektakllarda ilgari surilgan doʻstlik, adolatparvarlik, xalqparvarlik, mehnatsevarlik, boshqaruvdagi haqparvarlik singari gʻoyalar bugungi kun maʼnaviyat tarbiyasida alohida ahamiyat kasb etadi.
Qolaversa, festivallar jamoalarning oʻsishi, oʻrganishi, oʻzaro tajriba almashishiga ham munosib xizmat qiladi. Masalaning yana bir muhim jihati Alisher Navoiy asarlari asosida sahna uchun inssenirovka tayyorlash bilan bogʻliq. Bu holat tilga olingan jarayonga tajribali adib va dramaturglarni jalb qilishga borib taqaladi. Festivalda bu jarayonda adabiy emakdoshlar, rejissyorlar faollik koʻrsatayotganini namoyon qildi.
Lekin Navoiy merosini dramatik manbaga aylantirish uchun inssenirovka muallifi mumtoz adabiyot, sheʼriy sanʼat va uning vaznlaridan xabardor boʻlishi, xususan, gʻazal ilmini yaxshi bilishi, shuningdek, muayyan maʼnoda ijodkorlik qobiliyatiga ega boʻlmogʻi lozim. Shoir asarlarining tub mohiyatiga kirib borish, botiniy mazmunini his qilish, falsafiy gʻoyalar jozibasini saqlash teatr ijodkorlaridan katta zahmat talab qiladi.
Shu maʼnoda tajribali adiblarimiz, adabiyotshunoslar bu masalaga ham eʼtibor qaratsalar, nur ustiga nur boʻlardi. Alisher Navoiy ijodiy merosi teatr ijodkorlari uchun bitmas-tuganmas manba. Ayniqsa, milliy dramaturgiyamiz rivojida ulugʻ shoir asarlarining oʻrni va salmogʻi beqiyos. Buyuk mutafakkir hayoti va ijodi haqida, uning asarlari asosida yangi pyesalar yaratish, inssenirovkalar tayyorlash, shoir asarlarida ilgari surgan umumbashariy gʻoyalar orqali davrimizning dolzarb muammolariga javob izlash bugungi dramaturgiyamiz oldida turgan dolzarb vazifalar sirasiga kiradi.
Dilfuza Rahmatullayeva,
sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor,
OʻzFA Sanʼatshunoslik instituti bosh ilmiy xodimi