Uch kunlik ushbu tadbir Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan YEXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi va Daniyaning Qiynoqlarga qarshi kurash instituti bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Amaliy treningda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, YEXHTning Insoniylik mezoni boʻyicha katta loyihasi xodimi Marte Langeland, xalqaro ekspertlar Kaliya Kambanella, Vadim Chovgan, Mari Brasxolt, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuratura Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-oʻqituvchilari, Andijon, Namangan, Fargʻona, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridagi jazoni ijro etish muassasalari xodimlari ishtirok etmoqda.
Amaliy trening Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etildi. Bunda Nelson Mandela qoidalarining asosiy tamoyillari hamda ushbu qoidalarga kiritilgan oʻzgartirishlar, tegishli huquqbuzarliklarni aniqlash, mahkumlarni qiynoqlar va shafqatsiz muomaladan himoya qilish yuzasidan jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining bilimini oshirish va koʻnikmalarini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Aslida, insonni qiynoqqa solishdan maqsad uning shaxsi va shaʼnini oyoqosti qilish, or-nomusi va qadr-qimmatini toptash hamda xoʻrlashdir. Shuning uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning teng huquqli aʼzosi hisoblanuvchi Oʻzbekiston ham qiynoqlarni muayyan odamlar tomonidan boshqalarga nisbatan qoʻllanadigan eng gʻayriinsoniy qilmish sifatida har doim qoralab keladi.
Xalqaro huquqqa koʻra, qiynoqlar – insoniyatga qarshi jinoyatdir. Bu borada qabul qilingan barcha hujjatlarda qiynoqlar qatʼiyan taqiqlanadi hamda qiynoqqa solish holatini oqlashga hech qachon va hech qanday yoʻl qoʻyilmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasi talabiga koʻra, hech kim qiynoqqa solinishi, zoʻravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa turdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.
Bu haqida soʻz borganda, BMT Bosh Assambleyasi 1997-yil 26-iyun – Qiynoq qurbonlarini qoʻllab-quvvatlash xalqaro kuni deb eʼlon qilinganini alohida taʼkidlash lozim. Mazkur xalqaro sanada dunyo miqyosida qiynoqlarga butunlay barham berish hamda BMTning Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashga qarshi konvensiyasi yanada samarador ishlashini taʼminlashga qaratilgan turli tadbirlar oʻtkaziladi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash holatlariga mutlaqo yoʻl qoʻymaslik maqsadida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, mamlakatimizda 26-iyun – Qiynoq qurbonlarini qoʻllab-quvvatlash xalqaro kuni har yili nishonlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorini joriy yilning xuddi shu kuni qabul qilgani kelgusida mazkur sananing biz uchun milliy va xalqaro darajadagi tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi.
Qarordan koʻzlangan maqsad – BMTning ustav organlari va shartnomaviy qoʻmitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda, qiynoqqa solishning oldini olish boʻyicha milliy priventiv mexanizmlarni takomillashtirishdan iborat. Prezidentimiz qarorida nazarda tutilgan yangilanishlar amaliyotga oʻz vaqtida va toʻliq joriy qilinishi, shubhasiz, mamlakatimizning ushbu yoʻnalishdagi islohotlariga xalqaro hamjamiyatning ijobiy fikrlarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari 2020-yil 29-dekabrda Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan islohotlarning izchil davom ettirilishini taʼkidlar ekan, tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish sohasida qiynoqlarning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi. Mazkur dolzarb masala Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida oʻz aksini topgan.
Yangi saylangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev lavozimga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlab kuni kecha oʻtkazilgan Oliy Majlis palatalari qoʻshma majlisidagi nutqida: “Asosiy qomusimiz kafili sifatida Konstitutsiya va qonunlarimiz talablarini soʻzsiz bajarish, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni toʻla roʻyobga chiqarish, bundan buyon ham faoliyatimning bosh mezoni boʻlib qoladi”, — deb alohida taʼkidladi.
Albatta, inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini taʼminlashni nazarda tutamiz.
Amaliy trening doirasida jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining:
- jazoni ijro etish muassasasida xavfsizlik va inson huquqlarini muvozanatlash borasida tushuncha va amaliy bilimga ega boʻlishi;
- Nelson Mandela qoidalarining tarixi, ushbu qoidalarning inson huquqlari doirasidagi oʻrnini hamda ularning qamoqxonadagi milliy amaliyotga taʼsirini oʻrganish;
- Nelson Mandela qoidalariga kiritilgan eng muhim oʻzgarishlar;
- Nelson Mandela qoidalarining asosiy tamoyillari va asosiy qoidalari;
- Nelson Mandela qoidalarini amalga oshirish, tegishli qonunbuzarliklarni aniqlash va mahbuslarni qiynoqlar va shafqatsiz muomalalardan himoya qilish kabi mavzular keng oʻrganilmoqda.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati.