Har bir istiqbolli loyihalarda imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz uchun qulay sharoitlar yaratilishini inobatga olish talabi qoʻyilyapti. Bu boradagi ishlarni huquqiy jihatdan taʼminlash maqsadida qonunchilik xalqaro talablar asosida takomillashtirildi.
21-oktyabrda boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisida ham aynan ushbu masala, shaharsozlikda nogironligi boʻlgan shaxslarning ehtiyojlarini taʼminlash hamda barcha ijtimoiy infratuzilma obyektlaridan moneliksiz foydalanish uchun moslashtirish borasidagi ishlar muhokama etildi.
Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib borgan mazkur majlisda senatorlar, tegishli vazirlik va idoralar, hokimliklar vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, Toshkent shahrida, shu jumladan, “Obod mahalla” dasturi doirasidagi qurilish va loyihalash ishlari 2008-yilda qabul qilingan “Insonlarning hayoti va faoliyati muhitini nogironlar ehtiyojlari va aholining kam harakatlanuvchi guruhlarini hisobga olgan holda loyihalash” toʻgʻrisidagi qurilish meʼyorlari va qoidalariga qatʼiy rioya qilingan holda amalga oshirilyapti.
Shunday boʻlsada, koʻrilayotgan choralarga qaramay nogironligi boʻlgan shaxslarga inklyuziv sharoitlar yaratish masalasida qator muammolar saqlanib qolyapti. Birgina poytaxtimizning oʻzida ijtimoiy infratuzilmasi obyektlari va binolarining 85 foizi hanuzgacha nogironlar toʻsiqsiz foydalanishga moslashtirilmagan.
Bu xususda Senat Raisi ayniqsa xalqaro mezonlar talablaridan kelib chiqib, mamlakatda “toʻsiqsiz muhit”ni shakllantirish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratish lozimligiga toʻxtaldi.
— Bu borada yetarlicha muammolarimiz bor. Oddiygina kundalik hayotimizda bunday masalalarga koʻplab duch kelamiz – transportda, ovqatlanish shoxobchalarida, xizmat koʻrsatish obyektlarida, madaniy – koʻngilochar muassasalarda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay sharoitlar yaratilmagan. Albatta bu vazifa yechimi ham bir-ikki kunning ishi emas. Lekin bu yoʻnalishda amaliy harakatlarni boshlash vaqti allaqachon kelgan, dedi T.Narbayeva.
Shuningdek, majlis davomida mavjud kamchiliklar aniq misollar bilan izohlandi. Jumladan, yer osti transportidan qulay foydalanish uchun toʻliq sharoitlar yaratilmagan. Metro stansiyalarning koʻplari panduslar bilan jihozlanmagan, bu esa shaharsozlik meʼyorlari talablariga javob bermaydi.
Nogironligi boʻlgan shaxslar tomonidan shahar yer usti transportidan mustaqil foydalanish imkoniyati toʻliq yaratilmagan. Ayniqsa, aravachalar yordamida harakatlanadigan nogironligi boʻlgan shaxslar, koʻzi ojizlar va qulogʻi ogʻirlarning erkin harakatlanishi uchun jamoat transportining moslashmagani aytib oʻtildi.
Jamoat joylarida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun zarur eshitish va koʻrish maʼlumotlari, shu jumladan relyef nuqtali Brayl shriftida tayyorlangan koʻrsatkich va belgilar mavjud emas.
Majlisda shu va boshqa bir qator holatlar yuzasidan masʼul tashkilot vakillarining munosabatlari eshitildi va ushbu holatlarni bartaraf etish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.
Qurilish va rekonstruksiya obyektlarini davlat qabul komissiyalari tarkibiga Nogironlar jamiyati, Nogironlar uyushmasi, Karlar jamiyati va Koʻzi ojizlar jamiyati vakillarini kiritish, nogironligi boʻlgan shaxslar tomonidan koʻp foydalaniladigan amaldagi ijtimoiy va transport infratuzilma obyektlarini rekonstruksiya qilish masalalarini oʻrganish hamda jamoat avtobuslarini nogironlarning ehtiyojidan kelib chiqib bosqichma-bosqich yangilash masalalarini koʻrish shular jumlasidandir.
Ushbu vazifalar yuzasidan aniq muddatlar belgilanib, majlis yakunida Senat Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.