Muallif 1967-yildan boshlab yozilgan barcha sheʼrlar va toʻrtliklarini qayta saralab, yagona kitob holiga keltirgani eʼtiborga molik.

Maʼnaviy xazina avvalida eng oliy umuminsoniy qadriyatlar – Vatan taʼrifi, istiqol madhi, Turkiston-Turon birligi, ulugʻ tariximiz haqida boradi.

Shoirning kerak boʻlsa, shu muqaddas yurt uchun joni fido:

Vatanga tosh otsang – qarab turmaymiz,

Vatanni hech kimga berib qoʻymaymiz,

Berib qoʻmaganmiz, berib qoʻymaymiz!”.

Bundan keyingi qismlarda oliyjanob insoniy fazilatlar, onalar mehri tuganmasligi, urushning qabohatligi mavzulari oʻz ifodasini topadi. Oʻzbek millatining tantiligi va qoyalardek gʻurur qalbi juda chiroyli tarzda tasvirlanadi:

Shijoatda dovqur-lochin,

Burgut koʻzlik, qilich soʻzlik.

Egilsa ham salom uchun

Egiladi tanti oʻzbek.

Yurtimizning har bir goʻshasi haqida, ayniqsa shoirning musaffo yuragiga beshik boʻlgan Toshkentdan ortib, Qarshi dastlariu Urgut togʻlari haqida berilib, ohangday kuylaydi.

Suyugim – koʻzlarim qarogʻi Toshkent,

Buyugim – qalbimning charogʻi Toshkent! deya dunyoga baralla hayqirgan shoir Vatan poytaxti haqida yozganda istiqlol yillarida bu shahri azimning nechogʻli kengayib, qanchalar obod va koʻrkam boʻlib borayotganini goʻzal ranglarda aks ettiradi.

Kitobni varaqlar ekansiz, keyingi qismlar baxt, sevgi, mehr-muhabbat va oshiqlik, yorga sadoqat, yaxshilik, mehnatsevarlik, tantilik, inson ichki olami masalalariga bagʻishlaniga guvoh boʻlasiz.

Falsafiy-psixologik yondashuv spektridan oʻtgan satrlarda insonlar oʻrtasidagi gʻoyatda nafis va jozibali munosabatlar ulugʻlanib, azaldan tugamagan oʻzaro toʻsiqlar va anglashilmovchiliklar keskin qoralanadi. Xususan, shoir balogʻat davrining jismi oʻrtab yongan kezlarida qoʻshni qizni sevib qolganini, ular orasida Qorabotir kabi uyning devori toʻsib turganini, bu loy toʻsiqni koʻrishga aslo koʻzi yoʻqligini juda obrazli qilib ochib beradi. Biroq, yoshi ulgʻaygach:

Qarashlar oʻrtasida,

Kurashlar oʻrtasida,

Soyalar oʻrtasida,

Gʻoyalar oʻrtasida,

Olamlar oʻrtasida

Devorlar borligini

Hali bilmas edim men,

deya anchayin mushohadali fikrlarni oʻrtaga tashlaydi.

Shu vaqtga qadar jurnalistlar haqida sheʼrlar nihoyatda kam boʻlib, bu ahamiyati va taʼsiri oshib borayotgan kasb vakillarining elu yurt oldidagi xizmatlarini tugal ochib bera olmaydi. Shoir hamksblariga atab bitgan “Jurnalistlarga” sarlavhali ashʼorida qalam ahlining ulkan mehnatlarini munosib eʼtirof qiladi:

“Noningiz goh butun, goho yarimta,

Dilingiz tuhmatdan goh nimta-nimta,

Ammo dardingizni aytmay hech kimga,

Madad boʻlay deysiz ona xalqimga –

Elim deb, yurtim deb yongan jonlarim,

Jurnalist doʻstlarim, qadrdonlarim”.

Oʻquvchi sheʼrdan sheʼrga koʻchib borar ekan, soʻzlarning nihoyatda ravonligidan, har bir qatorning qatʼiy ritm asosiga terilganidan, fikr baralla va erkin harakat qilayotganidan hayratga tushadi.

Zero, buyuk qalb sohibi boʻlgan, oʻzbek milliy adabiyotida oʻziga xos oʻrni va salohiyatiga ega shoirning niyati goʻzal, intilishlari pok. Mavzular ham soʻzlar jilosi kabi rang-barangdir.

U ijtimoiy hayotdagi muammolarga kinoya va hazil orqali, yurtning fidoyi va ulugʻ bir donishmandi sifatida oʻtliq javob berishga intiladi.

Qalam ustasi choʻl, hovuz, bahor, daraxt, lolazor, yomgʻir, buloqcha, togʻlar, dashtlar, yoʻllar, koʻprik, qalʼa, qoʻriqxona, chorchinor, toychoq, mayna, dengiz, kitob, toshbitik, baliq, favvora, yoʻlovchi, meʼmor, ustoz va shogird timsollarida insonning ruhiy muvozanati, qalbini oʻrtab turgan fusunkor kechinmalarni aks ettiradi. Baʼzi safdoshlari va doʻstlarini koʻprikka qiyoslab aylab quyidagicha bitadi:

Ketganni kuzatar, kelganni kutar,

Kunu tun xizmatda – qoqmaydi kiprik.

Har bir yoʻlovchiga yelkasin tutar

Sohilni sohilga payvandlab koʻprik.

Abdusaid Koʻchimovning turli yillarda Turkiya, AQSH, Xitoy va Yaponiya davlatlariga amalga oshirgan safarlar yorqin taassurotlari va hayratlari, oʻsha yurtlar xalqlarining oʻqoʻzak falsafalari, milliy oʻziga xosliklari alohida ijodiy namunalar sifatida kitobxonga tuhfa etiladi.

Ayniqsa, ayrim qardosh xalqlarning uzoq yillar ushalmagan ozodlik iztiroblari, insoniyatni qiynab kelayotgan ming yillik armonlar, maʼrifat qudratidan bebahra millatning fojeasi, mayda illatlar, biroq katta ofatlar keltiruvchi mahalliychilik, guruhbozlik ustidan kuladi, keskin qoralovchi pozitsiyasini egallayji.

Ulugʻ ajdodlarimiz Bobur Mirzo, Mashrab, Gulxaniy, oʻtgan asrning nomdor ijodkorlari – shoirning zamondosh doʻstlari Ozod Sharofiddinov, Said Ahmad, Shukrullo, Odil Yoqubov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf, Saydi Umirov, Asad Dilmurod xotirasiga bagʻishlab yorqin va taʼsirli misralar bitadi.

Olti yuzga yaqin sheʼr va toʻrtliklardan iborat nazm guldastasi noshirlik jihatidan ham nihoyatda sifatli, dizayn tomonidan mazmunan boy, ichki qatʼiy tizimlashtirilgan holda chiqarilgan boʻlib, yaqin istiqbolda A.Koʻchimovning yana ikki jildli saylanmasi tandirdan chiqishi kutilmoqda. Albatta, bu jarayonlarda isteʼdodli noshir Sanjar Nazar va uning jamoasining ham munosib hissasi borligini taʼkidlash oʻrinlidir.

Oʻzbek jurnalistikasining zabardast vakili, ijodiy davralarning oqsaqollaridan biri boʻlgan muallif kitobini menga taqdim etar ekan, uni chop etishda moliyaviy koʻmak koʻrsatgan Samarqand viloyati hokimligiga ham alohida minnatdorlik bildirdi. Oʻz hududidan chiqqan qalam egalariga bunday saxovat va eʼtibor bugungi kunda barcha ijod ahli uchun ham muhim ragʻbatlantiruvchi omil boʻlib, afsuski, barcha viloyatlar rahbarlari ham bu maʼnaviy jihatga yetarli eʼtibor qaratayapti, deya olmaymiz.

Hech shubhasiz, adibning muqaddam chiqqan oʻn beshga yaqin sheʼriy toʻplamlari va boshqa asarlari endi yaxlit bir holatga kelayotgani, uning ilk qaldirgʻochi dunyo yuzini koʻrgani oddiy ixlosmand sifatida men uchun juda quvonchli maʼnaviy hodisadir.

Albatta, bugun tobora urfga kirib borayotgan va oʻquvchilar uchun juda qulay hisoblangan telegram kanallarida, ijtimoiy tarmoqlarda ham Abdusaid Koʻchimov ijodini elektron formatlarda joylashtirib borish ham uning yana-da kengroq targʻib boʻlishiga munosib hissa qoʻshishi, shubhasiz.

L.Rahmatov

jurnalist