“Ochiq adliya” – oshkora muloqot maydoni

    Adliya vazirligi tomonidan qabul qilingan “Ochiq adliya” dasturi doirasida bu yo'nalishda muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa meʼyoriy hujjatlarda belgilangan tamoyillarni oʻz vaqtida hayotga tatbiq etish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, qonunlar ijrosi jarayonida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish jamiyatda demokratik islohotlarni chuqurlashtirishning muhim omilidir. Adliya vazirligi tomonidan qabul qilingan “Ochiq adliya” dasturi doirasida bu yoʻnalishda muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida mazkur dastur doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yetkazish borasidagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Tadbirda qayd etilganidek, vazirlik qoshida “Adolat” milliy -huquqiy axborot markazi tashkil etilishi huquqiy targʻibot ishlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Mazkur markaz mutaxassislari zamonaviy standartlarni qoʻllagan holda yangicha yondashuvlardan foydalanib huquqiy targʻibot ishlarini tashkil etmoqda. Avvalo, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami boʻlgan ishsiz ayollar va yoshlar, nogironlar, migrantlar va boshqa ijtimoiy qatlam qamrab olinib, ularga qonunlar orqali yaratib berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar keng targʻib etilmoqda. Ayni paytda fuqarolarga barcha dolzarb va zarur huquqiy maʼlumotlarni taqdim qiluvchi yangilangan e-maslahat.uz interaktiv huquqiy portalini takomillashtirish borasida ish olib borilmoqda.

    –Global pandemiya davrida aholining huquqiy axborotga boʻlgan ehtiyoji yana-da kuchaygani eʼtiborga olinib, vazirlik veb-saytida 21 ta yoʻnalishni oʻz ichiga olgan yangi boʻlim ochildi,- deydi Adliya vazirligi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Dilorom Ibrohimova.– Masofadan turib huquqiy savollarga javob olish imkoniyatini yaratadigan telegram messenjerida @huquqiy_maslahatbot, @notariusmaslahatibot, @davxizmataloqa_bot kabi telegram botlari ishga tushirildi.

    Shuningdek, barcha aholi qatlamlarini bepul huquqiy maslahat bilan qamrab olishni nazarda tutuvchi beshta huquqiy portal hamda tadbirkorlar uchun bepul huquqiy maʼlumot va maslahat oladigan “Advice for business” yuridik portali ishga tushirildi. Shu bilan birga, istalgan vaqtda huquqiy maʼlumot bilan tanishish imkoniyatini kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston qonun hujjatlari milliy bazasi – “LexUZ” faoliyati yana-da takomillashtirildi. Bir kunda Lex.uz saytidan 45 mingacha odam foydalanmoqda, oxirgi 4 yilda kunlik foydalanuvchilar soni 3,5 barobarga oʻsdi.

    “Madad” nodavlat tashkiloti va uning hududiy byurolari tomonidan 12 mingga yaqin savolga bevosita, “Advice.uz” huquqiy axborot portali orqali 60 mingdan ortiq savollarga onlayn rejimda javob berilganligi, sayyor huquqiy maslahat berish tizimi yoʻlga qoʻyilib, vazirlik rahbariyati tomonidan bevosita hududlarda oʻtkazilgan 40 dan ortiq sayyor qabullar jarayonida jami 3 799 nafar jismoniy va yuridik shaxs qabul qilingani aholi uchun qulaylik boʻldi.

    Brayl alifbosida ikki tomdan iborat 29 ta qonun hujjatlaridagi normalarni oʻz ichiga olgan “Koʻzi ojiz shaxslarning huquqlariga oid normativ-huquqiy hujjatlar toʻplami” nashr etildi.

    Tadbirda, “Ochiq Adliya” tizimiga oid maʼlumotlar taqdim qilindi. Shuningdek, vazirlik tomonidan huquqiy ekspertizadan oʻtkazilgan hujjatlar, ishlab chiqilgan yuridik hujjatlar va ularning samaradorligi, eskirgan idoraviy hujjatlarni bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda qayta koʻrib chiqish, norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish xususida ham toʻxtalib oʻtildi. Ochiq muloqot shaklida oʻtgan matbuot anjumanida vazirlik vakillari jurnalist va blogerlarning savollariga javob berdi.

    Bahor XIDIROVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri