“Ochiq byudjet” portali orqali ovoz berish har yili noyabr dekabr oylarida oʻtkaziladi

    Mamlakatimizda 10 May 2023 961

    Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Jalol Arashov maʼlum qildi.

    Shu yilning 3-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini jamoatchilik fikri asosida tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlari orqali amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” gi Qarori qabul qilindi.

    Nizomga koʻra, jamoatchilik fikri asosida loyihalar toʻplami mahallalar (qishloqlar) boʻyicha shakllantiriladi va gʻolib sifatida mahallalar (qishloqlar) aniqlanadi.

    Dasturlar doirasida jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirish va ular uchun ovoz berish jarayoni — har yili noyabr dekabr oylarida (2023-yil uchun, istisno tariqasida, 2023-yil may oyida) oʻtkaziladi. Har yili 1-noyabrga qadar davlat byudjetining tasdiqlangan koʻrsatkichlari asosida, hududlar boʻyicha yoʻnaltiriladigan kapital qoʻyilmalar tuman va shaharlardagi aholi va mahallalar soniga nisbatan teng ulushlarda, lekin 8 milliard soʻmdan kam boʻlmagan holda ajratiladi.

    Jarayonlar 3 bosqichda tashkil etiladi:

    • 1️-bosqichda — portalda loyihalar toʻplami shakllantiriladi;
    • 2️-bosqichda — shakllantirilgan loyihalar toʻplami saralab olinadi;
    • 3️-bosqichda — saralash bosqichidan oʻtgan loyihalar toʻplamlariga ovoz beriladi.

    Gʻolib mahallalar (qishloqlar) ovoz berish jarayoni boshlanishidan avval keng jamoatchilikka eʼlon qilingan holda quyidagi usullardan biri orqali aniqlanadi:

    • loyihalar toʻplamiga berilgan ovozlar sonidan kelib chiqib;
    • aholi soni kam boʻlgan mahallalarga (qishloqlarga) tuzatish koeffitsiyentini qoʻllagan holda loyihalar toʻplamiga berilgan ovozlar sonidan kelib chiqib.

    Ovoz berish jarayoni yakunlariga koʻra har bir tuman (shahar) uchun jamgʻarmada shakllantirilgan mablagʻlar doirasida eng yuqori koʻrsatkichni egallagan loyihalar toʻplami gʻolib deb topiladi. Bunda loyihalar toʻplami gʻolib deb topilishi uchun kamida 100 ta ovoz toʻplashi lozim.

    Ovoz berish yakunlangandan soʻng 3 kunda gʻolib deb topilgan loyihalar toʻplamini amalga oshirish boʻyicha manzilli roʻyxat shakllantiriladi hamda jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha tuman (shahar) Maxsus komissiyasining tegishli qarori qabul qilinadi.

    Tuman (shahar) hokimligi tomonidan 3 kunda loyihalar uchun manzilli roʻyxatda nazarda tutilgan mablagʻlar oʻtkazib beriladi. Har yil yakunlari boʻyicha jamoatchilik fikri asosida loyihalarni shakllantirish bilan bogʻliq jarayonlarda faol ishtirok etgan fuqarolar ragʻbatlantirib boriladi.

    7-may kuni “Ochiq byudjet” axborot portalida eʼlon qilingan “Mening yoʻlim” loyihasining joriy yilgi mavsumiga ovoz berish jarayoni yakunlangan edi. Ovoz berish jarayoni natijalariga koʻra, 517 ta loyiha gʻolib deb topilgan. Jarayonda respublika boʻyicha 8 million 93 ming 918 nafar fuqaro faol ishtirok etgan.