Bu goʻshada yashaydiganlar oʻz quvonchu tashvishlarini, yutuq va kamchiliklari, yaxshi va yomon kunlarini birgalikda baham koʻradi. “Mahalla yettiligi” tashkil qilinishi va aniq vazifalari belgilab berilishi ham bu moʻjaz goʻshaning yanada ravnaq topishi yoʻlidagi muhim qadamlardan biridir.
“Mahalla yettiligi”ning boshi boʻlgan rais ehtiyojmand oilalarning uy-joyini yaxshilashga, hokim yordamchisi ishsizlarning ish topishiga koʻmaklashsa, yoshlar yetakchisi yigit-qizlarni turli toʻgaraklarga chorlaydi, xotin-qizlar faoli ayollarni samara beradigan ishlarga jalb qiladi. Soliq va ijtimoiy xodimlar aholining turmush sharoiti yaxshilanishida bevosita ishtirok etadi. Shu tariqa “Yettilik” fuqarolarning eng yaqin koʻmakchisiga aylanmoqda.
Xoʻsh, “mahalla yettiligi” tomonidan hamjihatlikda boshlangan ishlar shiddati bugun qay yoʻsinda ketyapti? Odamlar bundan mamnunmi, degan savollarga javob topish va mahallada boʻlayotgan oʻzgarishlarni bevosita kuzatish uchun ijodiy jamoamiz bilan Oʻzbekiston Mahallalari uyushmasi Toshkent viloyati boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Mahfuza Oqboyeva hamrohligida Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi mahallalarda boʻlib, mahalla raisi va hokim yordamchisi vazifalariga bir qur nazar soldik.
Dastlabki manzilimiz Zangiota tumanidagi tarixi olis oʻtmishga borib taqaladigan “Olmazor” mahallasi boʻldi.
Ikki mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan mahallaning har bir qarich yeri obod, sarishta, uylar oldiga ekilgan gullar ifori yon-atrof boʻylab taralib turadi. Mahalla ahlining biri bogʻbon, biri dehqon, gulchi, tikuvchi. Xullas, har bir xonadonda ishlab chiqarish yoki dehqonchilik avjida. Baʼzi xonadonlar darvozalari tepasiga “Sarishta xonadon”, “Namunali xonadon”, “Mahalla fidoyisi” yozuvli peshtaxtalar ilib qoʻyilgan. Mahalla raisi Zohida Maslanovaning aytishicha, bu yerdagi keksayu yosh birday mehnatkash. Bayramlar arafasida oʻtkaziladigan turli tanlovlar natijasida gʻolib xonadon egalariga qimmatbaho sovgʻalar berilar, yashab turgan xonadoni darvozasi tepasiga shunday yozuvlar ilib qoʻyilar ekan.
Oyposhsha xolaning hikoyasi
“Namunali xonadon” yozuvi osilgan uyga kirib borganimizda, mahalla raisining “mahallamizda keksayu yosh birday mehnatkash”, degan soʻzining isbotini oʻz koʻzimiz bilan koʻrdik. Yoshi ulugʻ onaxon, 8 farzand, 27 nevara, 40 chevara va bir etak evaralarning buvisi boʻlgan 84 yoshli Oyposhsho Saydigʻoziyeva hovli oʻrtasidagi ekinlar tagini yumshatayotganiga guvoh boʻldik. Uning suhbatini olib, “Mehnatning tagi rohat” naqlining asl roʻyosini aynan shu xonadon misolida koʻrdik. Onaxonning farzandlari va nevaralarining barchasi dehqonchilik bilan shugʻullanar, orttirgan daromadlari evaziga toʻkin va farovon yashar ekan.
Onaxonning turmush oʻrtogʻi Saidusmon ota ham Olmazor mahallasida toʻy va maʼrakalarning boshida turuvchi, hammani hamjihatlikka chorlaydigan fidoyi inson boʻlgan. Bir vaqtlar Saidusmon otaning saʼy-harakatlari natijasida hashar yoʻli bilan mahallada masjid qad rostlagan. 2012-yildan mahallalardagi kichik masjidlarni yopish ishlari boshlanganida otaxon oʻsha yillarda mahalla raisi boʻlgan S.Muhiddinov va fidoyilar bilan yelib-yugurib, masjidni mahalla guzari sifatida saqlab qolishga muvaffaq boʻlgan.
Ahillik va oqibat boʻlsa, pul ham, yoʻl ham topiladi
Zohida Maslanovaning bobosi, rahmatli Zokir Muhiddinov ham uzoq yillar Olmazor mahallasida jamoatchilik asosida mahalla raisi boʻlib ishlagan. Mahallani obodonlashtirishda, gazlashtirish va ichimlik suv bilan taʼminlashda jonbozlik qilgan. Shu mahallada tugʻilib voyaga yetgan Zohida opa esa 2016-yilda mahallada xotin-qizlar mutaxassisi, 2019-yildan boshlab mahalla raisi lavozimida ishlamoqda. Tahsinga sazovor jihati, mazkur mahalla na davlat, na viloyat va na tuman dasturlariga kirmagan, to bugungi kungacha hech qanday iqtisodiy yordam va pul olmagan, olishga ehtiyoj ham boʻlmagan. Bu esa shu yerda yashayotgan odamlarning tili va dili birligidan, ahilligi va mustahkam oqibatidan darak beradi.
2020-yilda mahalla “Ochiq byudjet” portali loyihasida ishtirok etib, 150 million soʻm yutib olgan va shu mablagʻ evaziga Sakkiz ogʻa-ini koʻchasidagi barcha eski simyogʻochlar yangisiga almashtirilib, koʻchaga videokameralar oʻrnatilgan. 2021-2022-yillarda mahalla ahli yana “Ochiq byudjet” portali orqali jami 3 milliard 200 million soʻm yutib olgan. Koʻchalar toʻliq asfaltlanib, bolalar oʻyingohlari bunyod etilgan, ichki ariqlar tozalanib, beton lotoklar oʻrnatilgan, mahalla binosi kapital taʼmirlangan va eng asosiysi, mahalla kutubxonasi tashkil etilgan. 2023-yildagi “Ochiq byudjet” portalidan
1 milliard 300 million soʻm yutib olinib, mahalla infratuzilmasidagi barcha muammolar bartaraf etilgan. Mahalladagi elektr, ichimlik suv va tabiiy gaz taʼminoti yaxshilanib, aholining farovon yashashi uchun barcha sharoitlar badastir qilingan.
Aslida, bu kabi ishlar mahalla ahlining bir yoqadan bosh chiqarib, bamaslahat ish koʻrishi samarasidir.
Koʻpga nafi tegayotgan opa
— Oilamizda 4 farzand edik. Men oʻqishga kira olmaganman, ketma-ket sovchilar kelishni boshlagan. Ota-onamning roziligi bilan sinfdoshimga turmushga chiqdim, — deydi Olmazor mahallasi raisi Zohida Maslanova. — Kelin boʻlib tushgan xonadonim dehqonchilik va chorvachilik bilan shugʻullanardi. Bu orada birin-ketin farzandlarimiz tugʻildi. Ularning ham suyagi mehnatda qotdi. 2016-yilda yoshi ulugʻlar xonadonimizga kelib, mahallada ishlashni taklif qildi. Dastlab xoʻjayinim juda qarshi boʻlgan. Men esa “Adasi, oʻqishga kira olmaganim yuragimda armon boʻldi, bir imkon bering, mahallada ishlab, oʻzimni sinab koʻray”, deya ruxsat olib, ishga chiqib ketdim. Dastlab xotin-qizlar bilan ishladim. 2019-yilda mahalla raisi etib saylashdi. Mahallamizda har bir ish fuqarolar maslahati bilan yoʻlga qoʻyiladi, balki yutuqlarimiz ham shundan boʻlsa kerak. Shu yil tuman boʻyicha oʻtkazilgan “Namunali mahalla raisi” koʻrik-tanlovida birinchi, viloyat miqyosidagi tanlovda 5-oʻrinni egalladim. Pul mukofotlari va sovgʻalar bilan taqdirlandim. Oʻtgan yili “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoniga ham sazovor boʻldim. Gap yutuqlarda emas, mahallamiz tinchligida, xonadonlarning ahilligi va mehnatsevarligida. Bugun yon-atrofimga nazar solar ekanman, inson baxti uning yon-atrofidagilarga kerakligida ekanini chin dildan his qilaman. Aslida, xotin-qizlarga shuncha imkoniyatlar yaratib berilmoqdaki, bulardan foydalanmaslikning oʻzi gunoh. Oliy taʼlim olish uchun 47 yoshimda oʻqishga kirib, talaba boʻldim. 455 ta xonadon mavjud mahallamizda birorta ishsiz, daromadsiz odam yoʻq. Mahallamiz fuqarolari pomidor, bodring, sabzavotlar, turli koʻkatlar yetishtiradi, “oʻsish drayveri”miz dehqonchilik va tikuvchilik. Hamma xonadonlarda issiqxonalar bor, deyarli barcha oilalar oyiga millionlab soʻm daromad oladi.
Ibratli oila
Mazkur mahalladagi ibratli oila maqomiga ega boʻlgan, deyarli 50-yildan buyon birgalikda umrguzaronlik qilib kelayotgan Bahrom Muhammadiyev va turmush oʻrtogʻi Anora opaning xonadoniga kirib bordik. Ular tomorqasidagi 8 sotix issiqxonada yilning 12 oyida ham turli koʻkatlar yetishtirib, sof foyda olish borasida koʻpchilikka namuna ekan.
— Aslida, tomorqachilik va issiqxona serdaromad biznes. Mehnatimiz orqali farzandlarimni oʻqitib, uyli-joyli qildim. Ichki bozorga yilning toʻrt faslida ham koʻkatlar yetkazib beramiz. Ochigʻi, uyimizdan kelib oʻzlari olib ketishadi, — deydi B.Muhammadiyev. — Qayerdaki ahillik, halollik va mehnat bilan daromad topilsa, oʻsha yerda huzur-halovat boʻladi. Farzandlarim davlat ishida ishlasa ham kaftdekkina tomorqasida dehqonchilik qiladi. Bu sogʻliqqa foyda, aqliy mehnatdan keyingi charchoqni yerdagi harakat oladi va odamni bardam qiladi. Kelinlarimiz ham chevar va pazanda, qoʻli qoʻliga tegmaydi. Xullas, mehnatimiz samarasi va rohatini koʻrib, bagʻri butunlikda hayot kechiryapmiz. Qariyb 30-yil ichki ishlar tizimida ishlab, oʻsha yerdan nafaqaga chiqqanman. Anora opangiz esa farzandlar va nevaralar tarbiyasi bilan band boʻlgan. Aytmoqchimanki, qaysiki oila farzandlari mehnatdan qochmasa, ota-onasining duosini olib, xizmatlarini qilsa, oʻsha xonadonda, albatta, farogʻat va fayzu baraka boʻladi.
Qaror va ijro
2023-yilda Toshkent viloyati mahallalaridagi hokim yordamchilari koʻmagida 353,2 mingdan ziyod fuqaroning bandligi taʼminlangan. Tadbirkorlikka jalb qilish, mehnat qurollari va asbob-uskunalar olib berish uchun 2216 fuqaroga 11,2 milliard soʻm subsidiya ajratilgan. Bu boradagi saʼy-harakatlar joriy yilda ham davom ettirilmoqda.
— Avvallari mahallamizda atigi toʻrtta tadbirkor boʻlgan. Hozir ular 82 nafarga yetdi. Kooperatsiya asosida 800 dan ziyod fuqaro hududdagi yetakchi tadbirkorlarga biriktirilgan. Ishsiz va doimiy daromadga ega boʻlmagan fuqarolar bandligini taʼminlash, mavjud kamchiliklarni oʻrganib, muammolarni bartaraf etishga imkon qadar tez kirishishga harakat qilaman, — deydi Zangiota tumani Qirguzar mahallasidagi hokim yordamchisi Asiya Qudaybergenova. —
“Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida mahallamizdagi 32 fuqaroga 33 million soʻmdan imtiyozli kreditlar berildi. Kredit ajratilganlar orasida ijtimoiy daftarlarda roʻyxatda turuvchi fuqarolar ham bor. Mahalladagi ishsiz yoshlardan 52 nafariga kasb-hunar oʻrganish uchun tumandagi monomarkazga yoʻllanma berildi.
Qirguzarlik Dilobar Ortiqova oilaviy sharoiti va muhiti yaxshi boʻlmagani bois, 10-yil chet davlatda yashagan. Asiya Qudaybergenova Dilobar bilan bogʻlanadi. Dilobar unga tadbirkorlik qilishi uchun kredit olib bersa, yurtga qaytishini, bu yerda ham ancha qiynalib qolganini bildiradi. Hokim yordamchisi saʼy-harakati bilan D.Ortiqova vatanga qaytib keladi, unga 33 million soʻm kredit ajratilishi va oʻz ishini yoʻlga qoʻyishiga koʻmaklashiladi. Hozir bu ayol qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkorga aylangan.
Asiyaning yordami bilan Nusratilla Nigʻmonxoʻjayevga mebel ishlab chiqarish uchun 33 million, Nigora Dadayevaga tikuvchilikni yoʻlga qoʻyishi uchun 6 million, Dilobar Ibrohimovaga turmush oʻrtogʻi Doniyor bilan darvoza va panjaralar ishlab chiqarish uchun 33 million soʻm kredit olib berildi. Natijada mahallada qoʻshimcha 7 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
“Yuragimda hamisha sogʻinch boʻlgan”
— Uzoq yillar oilamdan olisda — chet elda ishlab yurdim. Topgan daromadim bilan oilamni va farzandlarimni taʼminlab turgan boʻlsam-da, hamisha yurtga, yaqinlarimga boʻlgan sogʻinch hissi qalbimni oʻrtab kelgan, — deydi Qirguzar koʻchasida yashovchi Doniyor Ibrohimov. — Mahallamizdagi hokim yordamchisi menga qoʻngʻiroq qilib, farzandlarim oldiga qaytishimni, bu yerda ham pul topish uchun sharoitlar yaratib berishga koʻmaklashishini aytganida, toʻgʻrisi, ishonmadim. Ammo bugun bu qizga rahmat aytaman. Yosh boʻlsa ham mahalla ahli uchun joni halak. Men ham 33 million soʻm kredit olib, oʻzim yaxshi koʻrgan sohada ish boshladim. Turli darvoza va panjaralar yasayman. Eng asosiysi, oilam va farzandlarim bagʻridaman, xotirjamman.
Mamlakatimizda kechayotgan islohotlar samarasi, oʻzgarishlar aholi kayfiyati, avvalo, mahallalarda ana shunday aks etmoqda.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri