Mahallada istiqomat qilayotgan aholi vakillari, jumladan, yoshlarning vaqtini mazmunli tashkil qilishning ahamiyati katta. Vaqtdan unumli foydalanish, uni maroqli oʻtkazishda ziyo maskanlari — kutubxonalarning oʻrni beqiyos. Koʻplab ezgu qadriyatlar beshigi sanalgan mahallalar bugungi kunda kitobxonlik fazilatining ham yuksalishiga xizmat qilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining “2020-2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida” gi qarori bilan tijorat banklari tomonidan mahalla markazlarida kutubxonalar tashkil qilinmoqda.
Ana shunday nurli maskanlardan biri Poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumani “Ahillik” mahallasida tashkil etilgan.
— Sanoatqurilish banki homiyligida zamonaviy kutubxona anjomlari, yaʼni kitob javonlari va stol-stullar olib kelib oʻrnatildi, — deydi “Ahillik” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Adolat Umrzoqova. — Kutubxonada 1500 dan ortiq kitob mavjud. Milliy va jahon adabiyoti durdonalaridan tashqari ilmiy, tarixiy, siyosiy hamda badiiy adabiyotlardan iborat. Kutubxona tashkil etsak, keng qamrovli yoshlarni jalb qilolamizmi, degan xavotirda ish boshlagan edik. Ammo kutubxona foydalanishga topshirilgach, bu yerga kelayotgan mahalla ahlini koʻrib juda quvondik. Bilasizmi, mahalla yoshlari oʻzgacha ishtiyoq, kitobga mehr bilan kutubxonaga tashrif buyuradi.
Darvoqe, soʻnggi yillarda aholiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishning sifat jihatdan yangi tizimi yaratildi. Xususan, mamlakatimizning har bir shahar va tumanida axborot-kutubxona markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, mahallalarda kutubxonalar faoliyatini yoʻlga qoʻyishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bunday ezgu ishlar mahalla faollarini ham kutubxona tashkil etishda oʻz hissasini qoʻshishga undaydi. “Ahillik” mahallasi Nuroniylar kengashining aʼzosi Muhabbat Abdullayeva ham kutubxona fondini boyitish uchun oʻz hissasini qoʻshgan mahalla faollaridan sanaladi.
— Kitob — saodat kaliti, — deydi M. Abdullayeva. — Inson tafakkurini hech narsa kitobchalik boyitolmaydi. Oʻzim uzoq yillar davomida maktabda faoliyat yuritganman. Oʻquvchilar boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, ularni kitobga oshno qilish katta samara beradiyu mahallamizda tashkil etilgan kutubxonaga har kuni kelib, yoshlar bilan oʻqiyotgan adabiyotlari haqida suhbatlashaman. Bu menga oʻzgacha kuch, gʻayrat beradi. Kitob oʻqigan insondan yomonlik chiqmaydi. Mutolaa orqali inson dunyoni teran anglaydi.
Kelajak avlodning baxtu kamoli, osoyishta va farovon hayotida kitobning oʻrni beqiyos. Mahallalarda kutubxonani tashkil etishdan asosiy maqsad — yoshlarni turli salbiy illatlardan asrab, maʼnaviy dunyoqarashini kengaytirish, kitobga boʻlgan muhabbatini uygʻotishdan iborat. Internet va boshqa kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanayotgan bugungi kunda yoshlarning kitob oʻqishga qiziqishini oshirish yoshlar vaqtini mazmunli tashkil etib, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.