Mahalla oʻzaro mehr-oqibat, bagʻrikenglik, doʻstlik, hamkorlik rishtalarini qaror toptirish, inson kamoloti va jamiyat rivojini taʼminlashga xizmat qiladigan maskandir. Shu bois, oʻzini oʻzi boshqarishning noyob tizimi boʻlgan ushbu tuzilmaning jamiyatimizdagi nufuzini oshirish, huquq va vakolatini kengaytirish borasida ulkan ishlar bajarilmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mahalla institutining maqomi mustahkamlandi. Barcha soha va yoʻnalishlar boʻyicha “mahallabay” ishlash tizimi joriy etilib, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili amaliyotga tatbiq etildi.
Oxirgi yillarda tizimni takomillashtirishga doir yuzga yaqin meʼyoriy-huquqiy hujjat qabul qilinib, “mahalla yettiligi”dan iborat taʼsirchan tuzilma faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Prezidentimizning 2023-yil 21-dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi boʻgʻin sifatida ishlashini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bu boradagi ishlarda muhim huquqiy asos boʻlmoqda. Ushbu huquqiy hujjatga koʻra, mahallani xalq bilan davlat oʻrtasida koʻprik vazifasini bajaruvchi mustaqil va xalqchil tuzilmaga aylantirish, joylarda aholini qiynayotgan muammolar oʻz vaqtida va samarali yechilishida davlat organlari hamda tashkilotlarining mahallalardagi vakillari saʼy-harakatini birlashtirish kabi dolzarb vazifalar belgilab berilgan edi.
Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi maʼlumotiga koʻra, joriy yilning oʻtgan davrida bu yoʻnalishda izchil ish qilindi. Jumladan, mahallalar faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish boʻyicha qator huquqiy hujjatlar loyihasi ishlab chiqildi. “Mahalla yettiligi” hamkorligi boʻyicha uslubiy qoʻllanmalar tayyorlanib, mahallalarga yetkazildi.
Mahallada qogʻoz shaklidagi hujjatlar rasmiylashtirilishi bekor qilinib, “yettilik” tomonidan alohida yuritilayotgan tarqoq platformalar oʻrniga “Raqamli mahalla” yagona elektron platformasi ishga tushirildi. Aholi muammolari bilan ishlash va “mahalla yettiligi” faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish boʻyicha uzluksiz ishlaydigan “Call-markaz” faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Har bir mahallaning demografik, ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlari boʻyicha mahallabay xaritasi ishlab chiqildi.
Aholi muammolarini bartaraf etish boʻyicha qilinayotgan tizimli ishlar natijasida mahallalar infratuzilmasi yaxshilanmoqda. Joylarda elektr, gaz, ichimlik suv tarmoqlari rekonstruksiya qilinyapti, yangi tarmoqlar tortilmoqda. Xonadonlarni obod qilish, eskirgan turar joylarni taʼmirlash, uy-joylarga kadastr hujjati rasmiylashtirishda aholiga koʻmaklashilyapti.
Mahallalarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash borasida joriy yilning 5 oyida 189 ta mahallada yangi bino qurildi, 97 tasi joriy, 40 tasi kapital taʼmirlandi, 87 tasi rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, mahallalarga kelib tushayotgan murojaatlarning salmoqli qismi mahallaning oʻzida hal qilinyapti. Bularning barchasi mahalla institutining hayotimizdagi oʻrni yuksalayotganini, xalqimizning tayanchi va suyanchiga aylanib borayotganini yaqqol ifoda etadi.
Ayni paytda Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan oʻzini oʻzi boshqarish tizimini takomillashtirish, bu yoʻnalishda xalqaro tajribani oʻrganish borasida muayyan ishlar qilinyapti. Xususan, dunyoning nufuzli tuzilmalari bilan aloqalar yoʻlga qoʻyildi. Xitoy, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻizistonga xizmat safarlari uyushtirildi.
Samarqandda oʻtkazilishi rejalashtirilgan xalqaro konferensiya ushbu saʼy-harakatlarning mantiqiy davomi boʻlib, unda mahalla instituti va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish hamda rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasini xorijda keng targʻib etish, bu borada chet davlatlarning ilgʻor tajribasini oʻrganish hamda oʻzaro hamkorlik oʻrnatish koʻzda tutilgan.
Mazkur xalqaro tadbir dunyoning koʻplab nufuzli tuzilmalari hamda yetmishdan ortiq mamlakat ekspertlarini yagona platformada birlashtiradi. Jumladan, BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, UNICEF, UNDP, UNODC, UNFPA, USAID kabi xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy mamlakatlarning yurtimizdagi elchilari, oʻzbekistonlik soha mutaxassislari, olimlar, mahalla faollari ishtirok etadi.
Anjumanda, shuningdek, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan tayyorlangan milliy mahalla tizimi faoliyatini aks ettiruvchi maxsus hujjatli film namoyish etiladi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilarining Samarqand shahridagi qator mahallalar va mahalla servis kompaniyalariga, tarixiy qadamjolarga tashrifi ham rejalashtirilgan.
Bahor XIDIROVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri