баннер
17 Apr 2025
04:24

    Odil sudlov – adolat yoʻli va halollik prinsipi namunasi

    Yangi Oʻzbekistonni barpo etish jarayonida korrupsiyaga qarshi kurashish hamda axborot sohasini erkinlashtirish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylandi.

    Bugungi kunda jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralikni rivojlantirish, davlat idoralari va ularning mansabdor shaxslari faoliyati, shu jumladan, odil sudlov ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish borasida keng koʻlamli tashkiliy-huquqiy tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Albatta, islohotlardan kutilgan natijaga erishish uchun jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasizlik muhitini yaratish lozim. Soʻnggi yillarda bu illatga qarshi kurashish boʻyicha milliy qonunchilik tizimi takomillashtirilib, yangi tizim yaratildi. Parlament palatalarida masʼul qoʻmitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va maxsus agentlik tashkil qilindi.

    Bu boradagi islohotlar nafaqat xalqimiz, balki xalqaro hamjamiyat tomonidan ham munosib eʼtirof etilmoqda. Xususan, Qatar amiri tashabbusi bilan 2016-yilda taʼsis etilib, har yili taniqli davlat va jamoat arboblariga ularning global miqyosda korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi saʼy-harakatlarini eʼtirof etgan holda topshiriladigan xalqaro mukofotning 2023-yil 19-dekabrda davlatimiz rahbariga Toshkent shahrida Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy tomonidan topshirilishi, shu kuni poytaxtimizda halollik, pok amal va niyatlarni, korrupsiyaga nisbatan toqatsizlikni, dunyoning barcha mamlakatlarini unga qarshi kurashishda birlashishga chaqiriqni anglatuvchi, korrupsiyaga qarshi kurashni ifodalovchi monument ochilishi muhim voqelikdir.

    Jahon hamjamiyatida har bir davlatning korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻlida oʻziga xos siyosati va strategiyasi mavjud. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 58 nafar aʼzodan iborat Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tashkil etilib, yangicha yondashuv yoʻlga qoʻyildiki, bu tizim mazkur illatga qarshi davlat va nodavlat tashkilotlarini bir yoqadan bosh chiqarib, birgalikda kurashishga chorladi, dunyo sahnasida Oʻzbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha oʻz modelini yaratmoqda.

    Davlatimiz rahbarining mamlakat oldida turgan vazifalarni hal qilish maqsadida yurtimizning obroʻli shaxslari, oqsoqollarini oʻzida jamlagan kengash bilan maslahatlashishi xalqimizga xos anʼanalardan biridir.

    Sharqda demokratiyaning muhim elementlari kengashlar va qurultoylar sifatida namoyon boʻlib, davlatni boshqarishda ushbu institutlardan samarali foydalanilgan. Ayniqsa, sohibqiron Amir Temur davrida davlatni boshqarishda hozirgi kundagi qurultoy, kengashlar alohida oʻrin tutgan. Vaqti-vaqti bilan muhim ijtimoiy-siyosiy muammolarni yechishda kengashlar chaqirilib turilgan.

    Buyuk bobokalonimiz “Temur tuzuklari”da ham oʻz vorislariga, hukmdorlarga piri saltanat ishlarida amal qilinishi shart boʻlgan toʻrt amaldan biri sifatida “boshqalar bilan mashvaratu maslahat aylash” lozimligini uqtirgani bejiz emas.

    Shu nuqtayi nazardan, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining joriy yil 5-mart kuni boʻlib oʻtgan kengaytirilgan yigʻilishida davlatimiz rahbari aniq taklif va tashabbuslarni ilgari surib, yigʻilish qatnashchilarining fikr-mulohazalarini tinglagani diqqatga sazovordir.

    Aslida, Prezidentimiz tomonidan barcha yigʻilish va anjumanlarda korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga alohida toʻxtalib kelingan boʻlsada, lekin Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashida bevosita ishtirok etib, jamiyat uchun eng ogʻriqli boʻlgan ushbu masalani tizimli tahlil qilib bergani, erishilgan natijalar bilan birgalikda yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar oshkora aytilib, ularni bartaraf qilish uchun aniq chora-tadbirlar belgilangani ahamiyatlidir.

    Albatta, korrupsiyaga qarshi kurashishda erishilgan natijalar masʼul idoralar, balki boshqa davlat idoralari va tashkilotlar, tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati instituti vakillari va keng jamoatchilikning yangicha ish uslubiga oʻtayotgani samarasidir.

    Kezi kelganda ushbu maʼruzaning uchta asosiy jihatini alohida qayd etish lozim:

    Birinchisi — diagnostik, yaʼni “tashxis qoʻyuvchi” jihat, unda tahlil asosida mamlakatda davlat va jamiyat qurilishi, qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini isloh qilish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonida korrupsiyaga qarshi kurashda mavjud holat, uning samaradorligi, natijadorligi aniqlanib, atroflicha baho berildi.

    Bunga misol sifatida davlat idoralarida qogʻozbozlik va inson omili keskin kamaytirilgani, aholi va tadbirkorlarga “xalq xizmatidagi davlat” tamoyili asosida xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgani, xususan, 120 turdagi hujjatni talab qilish, 160 dan ortiq litsenziya va ­ruxsatnoma bekor qilinganini aytish mumkin. Natijada 200 mingga yaqin yangi tadbirkor bozorga kirib keldi, chet el ishtirokidagi korxonalar qariyb 5 karra oshib, 23 mingga yaqinlashdi.

    Elektron davlat xizmatlari soni 15 karra ortib, 721 taga yetkazildi, ulardan foydalanuvchilar esa 11 milliondan oshdi. Soʻnggi yetti yilda 120 milliard dollardan ortiq investitsiya kirib, iqtisodiyotimiz 2 karra oʻsdi hamda oʻtgan yili 115 milliard dollarga yetdi. Bu kabi aniq raqamlarda ifodalangan tahlillar ham yuqoridagi fikrimizni tasdiqlaydi.

    Ikkinchisi — yoʻnalishni aniq­lashtirib beruvchi jihat. Prezidentimiz nutqida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining strategik maqsadi va ustuvorliklari, vazifa va yoʻnalishlari, amalga oshiriladigan chora-tadbirlar va buning uchun zarur qonunlar, hukumat qilishi lozim boʻlgan vazifalarni belgilab berishga oid ­chora-tadbirlar koʻrsatilgan.

    Jumladan, huquq-tartibot idoralari, asosan, korrupsiyani aniqlash va jazolash bilan shugʻullanib, korrupsiyaviy omillarni tag-tomiri bilan yoʻqotadigan preventiv choralar eʼtiborsiz qolayotgani, shu bois, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ish uslubi tubdan oʻzgartirilishi, endi prokuror, ichki ishlar va soliq rahbarlari sektorlar faoliyati bilan shugʻullanmasligi, ularning diqqat-­eʼtibori jinoyatchilikning oldini olish, unga qarshi kurashishda boʻlishi, korrupsiyaning oldini olish davlat xizmatiga professional va fidoyi kadrlarni tanlashdan bosh­lanishi, shu bois, ishga olishdagi tartib va yondashuvlarni takomillashtirish, davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonun zarurati qayd etilib, uning loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilishi kabi aniq maqsadga ­yoʻnaltirilgan 55 ta tashab­bus ilgari surildi. Ular doirasida 5 ta qonun, 12 ta farmon va qaror ishlab chiqilishi belgilandi.

    Uchinchisi — birlashtiruvchi va safarbar qiluvchi jihat. Davlatimiz rahbari oʻz nutqida jamoatchilikka murojaat qilib, korrupsiyaga qarshi kurashish umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishi ekanini taʼkidlab, bildirgan tashabbuslari orqali xalq vakillari siymosida jamiyat va davlatni mamlakat oldida turgan eng muhim vazifa — korrupsiyaga qarshi kurash yoʻlida birlashtiradi.

    Prezidentimizning sud tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish, odil sudlov sifati va samaradorligini oshirish doimo diqqat markazida boʻlishi, sudlar faoliyatiga har qanday aralashish odil sudlovga soya solish deb baholanishi, bu boʻyicha soʻrov ham, javobgarlik ham qattiq boʻlishi haqidagi fikrlari barcha sudyalar va sud tizimi xodimlari zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklaydi.

    Sohaga bildirilgan ushbu ishonch va masʼuliyatni teran his qilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi ­raisining sud tizimi xodimlariga yoʻllagan murojaati ham barchamiz uchun gʻoyat ahamiyatlidir.

    Undagi:

    • sud hokimiyatining nufuzini tushiradigan va sudyaning obroʻsiga putur yetkazadigan har qanday xatti-harakatlardan oʻzini tiyish shartligi;
    • odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatga har qanday tarzda aralashish holatlarga toqatsiz boʻlish talab etilishi;
    • korrupsiyaviy jinoyatlar uchun aybdor shaxslarga hukm chiqaradigan sudyaning oʻzi shunday jinoyatlarga qoʻl urishi barchamizni chuqur xavotirga solishi kerakligi haqidagi chaqiriqlar doimo yodimizda boʻlmogʻi lozim.

    Zero, har bir sudya zimmasidagi vazifalarni halol va vijdonan bajarishga, xolis, begʻaraz va adolatli boʻlishga ­qasamyod qilgan.

    Davlat hokimiyatining bir boʻgʻini vakili sifatida biz, sudyalar korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻlida yagona kuch sifatida harakat qilib, jamiyatda qonun ustuvorligi va adolatni taʼminlab, kasbga sadoqat, vatanparvarlik va fidoyilikda barchaga namuna boʻlmogʻimiz lozim.

    Alisher USMONOV,

    Namangan viloyati sudi raisi

    Telegram kanalimiz
    Text to speech