So'nggi yillarda ulug' sarkarda Jaloliddin Manguberdining harbiy mahorati, jang san'ati va tarixining ochilmagan sahifalarini o'rganish tom ma'noda yangi bosqichga ko'tarildi.
Bu tarixiy shaxsning hayot yo'lini o'rganish shunchaki olim kishining burchi emas, har bir avlodning kelajagi uchun juda katta ehtiyojdir. Zero, Turkiya va O'zbekiston xalqi tarbiya qilishni istagan kelajak avlodning qalbida Jaloliddinning mardligi, jasorati, matonati, muhabbati aks etmog'i joiz va shartdir.
Turkiyaning Dijle universiteti adabiyot fakul`teti tarix kafedrasi mudiri, doktor O'qtay BO'ZAN ikki qardosh mamlakat olimlarining so'nggi izlanishlari haqida so'zlab berdi:
— YAqinda Turkiyada bo'lib o'tgan xalqaro konferentsiyada bir guruh o'zbek tarixchi va tadqiqotchi hamkasblarimiz bilan buyuk sarkarda dafn etilgan joyga oid noyob manbalar topilganini ma'lum qildik. Mazkur manbalarda Sulton Jaloliddin Diyorbakir viloyati Silvan shahridagi Mayaforiqin qal'asining shimoli-sharqidagi Burji Malik minorasi tagiga dafn etilgani to'g'risidagi qimmatli ma'lumotlar keltirilgan. Ularning qanchalik haqiqatga yaqinligini o'rganish jarayonida yana bir qancha yangi faktlar aniqlandi.
Jaloliddin Manguberdi fondi rahbari, Urganch davlat universiteti tadqiqotchisi Bekzod Abdirimov boshchiligidagi bir guruh izlanuvchilarning Turkiyaga qilgan ijodiy safari nafaqat o'zbek hamkorlarimiz, balki o'zimiz uchun ham juda samarali bo'ldi.
Men va Dijle universiteti tadqiqotchisi, doktor Arafat YAz va bir qancha olimlarimiz Jaloliddin Manguberdiga oid ma'lumotlarni o'rganish borasida o'zbekistonlik tadqiqotchilar bilan so'nggi uch yilda yaqindan hamkorlik qilib kelmoqdamiz.
SHu o'rinda fursatdan foydalanib, O'zbekiston Prezidentiga va Jaloliddin Manguberdi fondi rahbariga, tadqiqotchilariga, olimlariga ijodiy izlanishlari va hamkorligi uchun minnatdorlik bildirmoqchiman.
Turk va o'zbek tadqiqotchilari hamkorlikda buyuk sarkardaning halokati bilan bog'liq jarayonlarni o'rta asrda fors va arab tillarida ijod qilgan SHihobiddin an-Nasaviy, Sibt ibn al-Javziy, Ibn Hanbaliy, Ibn al-Asir, Juzjoniy singari tarixchilarning
40 dan ortiq tarixiy manbalaridan izladik.
Bizga SHihobiddin an-Nasaviyning asaridan ma'lum ediki, Jaloliddin Manguberdi 1231 yil Diyorbakir (Amid) yaqinida qo'shinidan ajralganidan so'ng yolg'iz qolgan. Uning ortidan quvib, etib olgan bir nechta mo'g'ul askarini yo'q qilgan. Biroq sarkarda Ayn-Dar qishlog'ida qaroqchilar tomonidan o'ldirilgan. Sarkardaning halokati to'g'risidagi xabar Mayaforiqin shahri hokimi Malik SHahobiddin G'oziyga etkaziladi. Hokim Manguberdi jasadini Mayaforiqinga olib kelib, hurmat-izzat bilan, musulmonchilik qoidalari asosida dafn qiladi.
Ammo bugungi kungacha Ayn-Dar nomli qishloq yoki aholi manzilgohi Turkiya hududida uchramasdi. Mazkur qishloqning qaerdaligini aniqlash bo'yicha o'zbek tarixchi do'stlarimiz bilan izlanishlar olib bordik va yangi ma'lumotlar qo'lga kiritishga muvaffaq bo'ldik. Usmonli davri arxivlarida mavjud 1842 yilgi aholini ro'yxatga olish kitobida Silvan shimolidagi tog'li hududda Ayn-Dar nomli qishloq borligi qayd qilingan.
Men tadqiqotchi hamkasbim Arafat YAz bilan bu haqiqatmi yoki yo'qmi, aniq bilish uchun o'rganish olib bordik. eng avvalo, Usmonli davri hujjatlari va aholini ro'yxatga olish daftarlarini sinchiklab tadqiq qildik. O'zbekistondan kelgan Bekzod Abdirimov boshchiligidagi guruh bilan birgalikda 1842 yildagi Usmonli hujjatlarida qayd etilgan Ayn-Dar nomli qishloqqa bordik. Qishloq joylashuvi, tog'lari haqidagi ma'lumotlarni qayta ko'rib chiqish va o'rganish uchun bir hafta o'sha joy oqsoqoli va ahli bilan suhbatlashib, ulardagi bor ma'lumotlarni ham qo'lga kiritdik.
Qishloqning hozirgi nomi Kavaklibo'g'ozdir. Bu joy Turkiyaning eng qadimiy go'shasi. Izlanishlarimiz doirasida amin bo'ldikki, ushbu qishloq azaldan qaroqchilar uchun boshpana bo'la oladigan nihoyatda qulay joy va tabiiy hudud sanalgan.
Qishloq Diyorbakirdan 84, Silvandan 32 va Hazrodan 16 kilometr olisda joylashgan. Ushbu ma'lumotlarni qo'lga kiritar ekanmiz, ularning tarixiy manbalarga mos kelayotganiga yana bir bor amin bo'ldik. Ba'zi manbalarda Ayn-Dar qishlog'i kurdlar va armanlar yashaydigan joy sifatida tilga olinadi. Muhim jihati shundaki, qishloqda 1842 yilda 80 ta musulmon va 5 ta arman xonadoni bo'lgan. SHundan kelib chiqib, bu erda musulmonlar va armanlar birga yashagan, deb ayta olamiz!
SHihobiddin an-Nasaviy aytganidek,
“...razil kimsa o'z qilmishi bilan eng katta baxtsizlik keltirib chiqardi, olamni Jaloliddinsiz qoldirdi...”.
Bugun kunda O'zbekiston Prezidenti buyuk ajdodlar tarixi va boy ma'naviy merosini o'rganish, tadqiq etish uchun barcha imkoniyat va shart-sharoitlarni yaratib berayotgani e'tiborlidir. Kelajak avlodni milliy tarix bilan qurollantirish borasidagi tashabbus g'oyat tahsinga sazovor.
Buning zamirida o'zbek yoshlari qalbiga Jaloliddinning mardligini singdirish ham nazarda tutilgani quvonarli. Buning uchun o'zbekistonlik hamkorlarimizga tashakkur bildirib qolaman.
“YAngi O'zbekiston” muxbiri
Gulichehra DURDIEVA yozib oldi.