Oliy Majlis Senati Raisi BMT Ayollar holati boʻyicha komissiyasining 68-sessiyasida qator tashabbuslarni ilgari surdi

    Xalqaro hamkorlik 13 Mart 2024 505

    Maʼlumki, BMTning Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida BMT Ayollar holati boʻyicha komissiyasining 68-sessiyasi boʻlib oʻtyapti.

    Uning ishida Oliy Majlis Senati Raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etyapti.

    Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash lozim, Komissiya BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining ishchi organi boʻlib, xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish va ilgari surish boʻyicha xalqaro standartlarni hamda ularning bajarilishi yuzasidan takliflarni ishlab chiqish bilan shugʻullanadi.

    Bu yilgi sessiyada kambagʻallikni bartaraf etish, institutlar salohiyati va moliyalashtirishni kuchaytirish orqali gender tengligiga erishish va barcha xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirish, bu borada Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi tamoyillarining hayotga tatbiq etilishi masalalari muhokama etilyapti.

    BMT Ayollar tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda dunyo boʻylab ayollarning 10,3 foizi oʻta qashshoqlikda yashaydi. 2030-yilga borib Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun kambagʻallikka barham berishdagi muvaffaqiyat 26 baravar tezroq boʻlishi kerak.

    68-sessiyada Markaziy Osiyo mintaqasi va Ozarbayjon nomidan Oliy Majlis Senati Raisi soʻzga chiqib, bugungi kunda mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy hamkorlikni faol rivojlantirayotgani, qoʻshma sarmoyaviy loyihalar amalga oshirilayotgani, gender tenglikni taʼminlash sohasida oʻzaro hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratilganini taʼkidlab, hamkorlik boʻyicha umumiy yondashuvlarni maʼlum qildi va qator tashabbuslarni ilgari surdi.

    Xususan, kambagʻallikni qisqartirish va munosib mehnat sharoitlarini yaratish uchun BMTning “Ish oʻrinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” doirasida global darajada ayollar va qizlarni himoya qilish boʻyicha samarali choralar koʻrish, oʻquv dasturlari va oʻqitish uslublariga, shuningdek, STEM -taʼlimiga, ayniqsa, qishloq joylarda gender yondashuvini joriy etish taklif etildi.

    Shuningdek, hududlarda BMTTD loyihalari doirasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, ayniqsa qishloq ayollari uchun raqamli savodxonlik va IT koʻnikmalarini oshirish dasturlarini amalga oshirishga koʻmaklashuvchi raqamli tafovutni bartaraf etish boʻyicha normativ-huquqiy bazani tartibga solish lozimligi aytib oʻtildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    68-sessiya oʻz ishini davom ettiryapti.