Oliy ma'lumotli tarbiyachilar oyligi maktab o'qituvchilari oyligiga tenglashadi

    “Har bir mamlakatning tolesi va taraqqiyoti yoshlarga qanday ta'lim va tarbiya berilishiga har tomonlama bog'liqdir”.

    Bilim insonni komillikka etaklash bilan birga, jamiyat rivojini ham yuksaltiradi. Bilimsizlik esa mag'lubiyatdir. Insonda bilim va intellekt sifatli ta'lim orqali shakllanadi. Buyuk ma'rifatparvar Abdurauf Fitrat aytganidek, “Har bir mamlakatning tolesi va taraqqiyoti yoshlarga qanday ta'lim va tarbiya berilishiga har tomonlama bog'liqdir”.

    Darhaqiqat, bugunbilim va intellektual salohiyatni oshirish, yoshlarga sifatli ta'lim berishga ustuvor ahamiyat qaratadigan mamlakatlar har jabhada peshqadam. Ushbu davlatlarda ilm-fan, madaniyat va barcha sohalarda yuqori natijalarga erishilyapti. So'nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida ana shunday ilg'or tajribalarni milliy ta'lim tizimimizga joriy etish, yoshlarga ta'lim berish sifatini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu yo'nalishda maktabgacha ta'lim yo'nalishida ham muhim chora-tadbirlar amalga oshirilayotir.

    Aytish joizki, maktabgacha ta'lim tizimining jamiyatimiz hayotidagi o'rni va ahamiyati beqiyos. Bu sohaga bo'lgan e'tibor mamlakatning ertangi taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratadi. Sababi, maktabgacha ta'lim uzluksiz ta'limning boshlang'ich qismi bo'lib, u bolaning sog'lom va rivojlangan shaxs bo'lib shakllanishini ta'minlaydi. O'qishga ishtiyoqini oshiradi, tizimli o'qitishga tayyorlab boradi.Ammo achchiq bo'lsa-da, aytish kerak, ko'p yillar davomida ushbu soha e'tibordan chetda qoldi. YAqin o'tmishda aynan ta'lim tizimimiz oqsagani uchun ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar va boshqa talay yo'nalishlarda taraqqiyotdan ortda qoldik.

    Masalan, bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish besh yil avval 27 foiz edi. Ko'p hududlarda bog'chalar etishmasdi. Maktabgacha ta'lim tashkilotlarining salkam 50 foizi boshqa tashkilotlar ixtiyoriga o'tib ketgan, tizimda maosh kamligi va ma'naviy rag'bat yo'qligi boisi bilimli, tajribali tarbiyachilar ta'lim tizimidan butunlay ketib qolgandi. Bog'chalardagi ta'lim sifati haqida esa umuman gap ham bo'lishi mumkin emas edi. Bog'chalar bolalargashunchakiqarab turadigan tashkilotlarga aylanib qolgandi.

    So'nggi olti-etti yilda esa maktabgacha ta'lim, oliy va o'rta maxsus ta'lim tizimi katta o'zgarishlarga yuz tutdi. Ta'lim sohasidagi muammolar ochiq-oshkora tilga olindi, keng jamoatchilik e'tiborikechiktirilmay hal qilinishi zarur bo'lgan ayni shu masalaga qaratildi. Oxirgi yillarda yurtimizning barcha hududlarida ko'plab yangi zamonaviy bog'chalar qurildi, rekonstruktsiya qilinib, tubdan ta'mirlandi.

    Keyingi yillarda bu borada muhim farmon, qaror va dasturlar qabul qilindi. Hozirda yirik shaharlarimizdan tortib chekka tumanlar, qishloq va ovullarimizda yangi-yangi zamonaviy bog'chalar barpo etilmoqda. 2017 yilda yurtimizda 5 ming 211 ta bog'cha faoliyat yuritgan bo'lsa, 2023 yilda ular soni 29 mingdan oshdi. Shularning 22 mingdan ortig'i nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlaridir.

    Yurtimizda bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish darajasi 72 foizga etdi. Bu 2 millionga yaqin bola bog'chaga borayapti, degani. 2022 yilda “Finance Inquirer” nashri bolalarni maktabgacha ta'lim muassasalariga jalb qilish bo'yicha eng yaxshi dinamikaga ega bo'lgan dunyodagi peshqadam 10 davlatni e'lon qildi. Unda O'zbekiston jahon reytingida birinchi o'rinni egalladi.

    Ta'lim muassasasida bolalarning yangilikka intilishi, bilimdonligi, hozirjavob bo'lishi ota-onadan tashqari ularni tarbiyalayotgan pedagog, tarbiyachining salohiyati, mahorati, tajribasiga ham bog'liq bo'ladi.O'z ustida ishlaydigan, intiluvchan, dunyoqarashi keng, bilimli pedagog tarbiyachilarning guruhidagi bolalar boshqalardan ajralib turardi.

    Lekin afsuski, har doim ham oliy ma'lumotli, malakali tarbiyachilarni bog'chalarda “ushlab” qolishning imkoni bo'lmasdi. Sababi, endigina tili chiqa boshlagan, turfa xarakterdagi bola bilan ishlash kishidan ko'p mehr, kuch-g'ayrat va mehnat talab qiladi. Xullas, tarbiyachi pedagog ko'p kuch sarflaydi va ularning maoshlari ham shunga munosib bo'lishi kerak. Maosh etarli bo'lmasa, aksariyat tajribali tarbiyachilar boshqa ishga ketib qolishadi, ya'ni moddiy farovonlikka harakat qilishadi.

    Prezidentimizning joriy yil 26 mayda imzolangan “Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni o'z vaqtida qabul qilingani bilan ahamiyatli bo'ldi. Ushbu farmonga binoan, 2024 yil 1 iyundan bog'chalardagi oliy ma'lumotli tarbiyachilar maktab o'qituvchilarinikiga teng miqdorda oylik oladi. Shuningdek, davlatga qarashli bog'cha, maktab va maktabdan tashqari ta'lim tashkilotlari pedagoglariga malaka toifasini berish tartibi o'zgaradi.

    2024 yil 1 yanvardan maktabga birinchi marta ishga qabul qilinayotgan o'qituvchilarni kasbiy sertifikatlash joriy etiladi. Bunda 2023/2024 o'quv yilidan o'qituvchilar stajyor-o'qituvchi sifatida ishlaydi va 1 yilda sertifikat olishi talab etiladi.1 yanvardan esa davlat bog'cha, maktab va maktabdan tashqari ta'lim tashkilotlari pedagoglariga malaka toifasini berishning yangi tartibi joriy qilinadi. Bunda malaka toifasi uchun sinovlar 1 yilda kamida bir marotaba ikki bosqichda o'tkaziladi hamda birinchi bosqichda talabgorning mutaxassislik fani va kasb standarti bo'yicha bilim darajasi, ikkinchi bosqichda pedagogik mahorati baholanadi.Bu imkoniyatlar bog'chalarimizdagi kadrlar qo'nimsizligi, oliy ma'lumotli pedagoglarning etishmasligi kabi masalalarni ijobiy hal etishga zamin yaratadi.

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 50-moddasida davlat maktabgacha ta'lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratishi, davlat bepul umumiy o'rta ta'lim va boshlang'ich professional ta'lim olishni kafolatlashi, maktabgacha ta'lim va tarbiya, umumiy o'rta ta'lim davlat nazoratida ekani belgilab qo'yildi.eng muhimi, maktabgacha ta'lim sohasida bolalarni intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy jihatdan har tomonlama rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratish, o'quv jihozlari bilan ta'minlash, bolalarni sog'lom oziq-ovqat, sifatli tibbiy xizmat va boshqa moddiy vositalar bilan ta'minlash ishlari doimiy nazoratga olinishi kafolatlandi.

    Yaqin istiqbolda farzandlarimiz tarbiyasida eng asosiy bo'g'in hisoblangan maktabgacha ta'lim tizimini yanada rivojlantirish bo'yicha aniq davlat dasturlari qabul qilinadi. Bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish darajasi 100 foizga etkaziladi.

    Umuman olganda, maktabgacha ta'lim sohasida yana ko'plab islohotlarni amalga oshirish rejalashtirilyapti. Pirovard maqsad esa yagona – yosh avlodimizning barkamol bo'lib voyaga etishi, sifatli va zamonaviy ta'lim olishini ta'minlash. Zero, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham ilm-fan, ta'lim va tarbiyadir.

    Shahnoza Xolmahmatova,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati