Oliy taʼlimda miqdordan sifatga oʻtish vaqti keldi

    Mamlakatimizda 17 Iyun 2021 1170

    Kuni kecha davlatimiz rahbari raisligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishi jamiyatimiz rivojining muhim sohalaridan biri – oliy taʼlim tizimidagi muammolarni bartaraf etish va soha rivojidagi ustuvor vazifalarni belgilashga bagʻishlandi.

    Oliy taʼlim tizimini ichidan biladigan mutaxassis sifatida bu dolzarb masalaning koʻtarilishi meni juda quvontirdi. Haqiqatan ham, sohada hali oʻz yechimini kutayotgan muammolar talaygina va bu masalalar yigʻilishda roʻyi-rost aytildi.

    Agar soha rivojidagi miqdor koʻrsatkichlariga kelsak, oxirgi uch yilda oliy taʼlim muassasalari soni 65 tadan 117 taga yetgani, qabul kvotalari 66 mingtadan 181 mingtaga oshgani, xorijiy mamlakatlar bilan qoʻshma taʼlim dasturlari doirasida 64 ta yangi kasb boʻyicha mutaxassislar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgani, professor-oʻqituvchilarning ish haqi oʻrtacha 3,5 baravarga oshgani quvonarli hol, albatta.

    Biroq shuncha saʼy-harakatlar natijadorligini belgilovchi sifat koʻrsatkichlariga kelsak, u haminqadar. Xususan, oliy taʼlim muassasalari 2 mingga yaqin fanlar boʻyicha darsliklar bilan taʼminlanmagani, oʻquv dasturlari bundan 40 yil oldingi fan va yoʻnalishlar asosida tuzilgani, taʼlim jarayoni 2001-yilda tasdiqlangan standartlar asosida olib borilayotgani, oʻtgan davrda taʼlimning xalqaro standartlari 2-marta yangidan qabul qilingan boʻlsada, ayrim oʻquv darslari zamon va bozor talabiga emas, balki professor-oʻqituvchilarga moslashgani, 24 ta oliy oʻquv yurtining ilmiy salohiyati 25 foizga ham bormasligi, 19 ta oliy oʻquv yurtida esa, birorta professor va fan doktorlari yoʻqligi tufayli bitiruvchilar Oʻzbekistonning egiluvchan mehnat bozori talablariga sifat jihatdan javob bermayapti.

    Yigʻilishda oliy taʼlim yoʻnalishlari bilan mehnat bozoridagi zamonaviy ehtiyojlar oʻrtasida ham uzilish juda kattaligi alohida taʼkidlandi. Jumladan, bugungi kunda oliy taʼlim muassasalarida mavjud boʻlgan 815 ta yoʻnalishning 55 foizi mehnat bozori talablariga javob bermaydi. Shuningdek, hozirda xizmat koʻrsatish sohasida 40 mingta, sanoatda 38 mingta, qurilishda 12 mingta, qishloq xoʻjaligida 10 mingta, aloqa va axborot texnologiyalarida 4 mingta oliy maʼlumot talab etadigan boʻsh ish oʻrinlarining mavjudligi oliy taʼlim muassasalarining bitiruvchilari miqdor jihatdan ham, sifat jihatdan ham mehnat bozoridagi bu talabni qondira olmayotganini koʻrsatadi.

    Sohadagi bunday muammolar ichida tizimda korrupsiya holatlari juda koʻpligi ham taʼkidlandiki, bunda poraxoʻrlik, tamagirlik, tanish-bilishlik, urugʻ-aymoqchilik, guruhbozlik kabi illatlar ham qorishib ketgan. Shu borada yuragimni hali hanuz kemirib yurgan bir necha voqealar yodimga tushdi. Oliy taʼlim muassasasida ishlab yurgan vaqtlarim guruhlardan biriga qoʻshilmaganim, guruhbozlarning tanish-bilishlari mening fanimdan oʻta olmagani uchun talabalarni majburlab mening ustimdan ariza yozdirishgani va oxir-oqibat men u dargohdan ketib yuborganim, oradan vaqtlar oʻtib, ishga kirishga tanlovda ishtirok etganimda hatto ular taʼsirida ishga qabul qilinmaganim (ilmiy daraja va ilmiy unvonim boʻla turib, mening oʻrnimga oʻsha oliy oʻquv yurtidagi mansabdorning daraja va unvonsiz farzandini ishga olishgani) yodimga tushdi. Bilaman, bunday illatlar oliy oʻquv yurtlarida hali ham davom etmoqda va davlatimiz rahbari ochib tashlagan muammolarning tag-zamirida ham sohada urchigan shunday illatlar yotibdi.

    Yigʻilishda sohani rivojlantirish yuzasidan ustuvor vazifalar belgilab berilishi bilan bir qatorda bu vazifalarni samarali bajarish yoʻllari ham koʻrsatib oʻtildi.

    Oʻqitilayotgan fanlarni mazmunan qayta koʻrib chiqish, takrorlanishlarni qisqartirish, mutaxassislik fanlarini koʻpaytirish, talabalarga mustaqil ilmiy izlanish uchun imkoniyatlar yaratish, doktoranturaga kvotalar sonini oshirish, xorijiy davlatlardan oʻquv va ilmiy adabiyotlarni toʻgʻridan-toʻgʻri xarid qilish, oʻquv jarayonini tashkil etish va boshqarishni toʻliq raqamlashtirish, talabalarning turar joyga boʻlgan ehtiyojlarini qondirishda tadbirkorlar bilan xususiy sheriklik munosabatlarini oʻrnatish singari belgilangan vazifalar ijrosining taʼminlanishi nafaqat oliy maʼlumotli mutaxassislarning miqdoran koʻpayishiga, balki uning sifati yuksalishiga ham erishiladi.

    Bir soʻz bilan aytganda, belgilangan vazifalarning ijrosi sohada ilmiy salohiyatning yana-da oshishiga, bozor talablariga mos mutaxassislarning tayyorlanishiga, korrupsiyaning har qanday koʻrinishlarini bartaraf etishga xizmat qiladi.

    Zafar Xudayberdiyev,
    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
    iqtisodiyot fanlari doktori.