Ushbu anʼanaviy badiiyanjuman bu yil Google meet platformasi orqali 19-20-dekabr kunlari onlayn tarzda oʻtkazildi va jahon shoirlarini bir maqsad ostida birlashtirdi.
Tadbirni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid ochib berdi va adabiyot muhiblariga tabrik yoʻlladi. Shuningdek, “Pulitser” mukofoti hayʼat aʼzosi, shoira Maram al-Masri xalqaro adabiy aloqalar, pandemiya davridagi jahondagi ijodiy kayfiyat va muhit toʻgʻrisida soʻz yuritib, anjuman qatnashchilariga omad tiladi.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi, Hindistonning Ilgʻor adabiyot va madaniyat jamiyati, Ozarbayjon millatlararo tarmogʻi tomonidan tashkil etilayotgan “Oltin soʻz” II xalqaro adabiy festivalida bu yil 50dan ortiq mamlakatdan shoir va yozuvchilar hamda yosh ijodkorlar ishtirok etdi. Anjumanda Osiyo-Afrika sheʼriyati, Italyan adabiyoti, Yevropa-Amerika sheʼriyati shoʻbalarida muoshiralar, badiiy muhokamalar tashkil qilindi. Dastur davomida italiyalik bastakor Marko de Stefanoning jonli ijrodagi kuylari, hindistonlik yosh raqqosalar ishtirokidagi “Bxarat Natyam” hind milliy raqslari ham namoyish etildi. Shuningdek, oʻzbek yosh ijodkorlari vakili Asror Allayorov tomonidan oʻzbek adabiyoti yutuqlariga bagʻishlangan virtual taqdimot oʻtkazildi.
Soʻz anjuman ishtirokchilariga:
Sirojiddin Sayyid, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi:
— Bizning vatanimizda buyuk adabiyotimizning kelajagi ham aynan manna shunday aziz ustozlarimiz xotirasiga bagʻishlangan xalqaro adabiyot festivali, sheʼriyat festivali, adabiyot va sheʼriyat bilan butun dunyoni rom etish mumkin, hayron etish mumkin, obod etish mumkin. Koʻngillar obodligi, el obodligi birinchi navbatda adabiyot bilan belgilanadi. Yurtboshimiz ham adabiyotni juda yaxshi koʻradi. Buning isbotini yangi Oʻzbekistonda har nafas his qilamiz. Ushbu anjumanning bosh qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov tavallud sanasining 80 yilligini keng nishonlash boʻyicha Prezidentimizning qarorlari chiqqanining oʻzi soʻzimizning yaqqol isbotidir. Shoir hamma qitʼalarni yaxshi koʻrar edilar va shu sabab dunyoningkoʻp mamlakatlariga safarlar qilgan. Qayerga borsa sheʼrlari bilan oʻzbekning nomini koʻtarib, oʻzbekning nomini yuksaltirib, vatanimizning shaʼnini koʻtarib yurardilar. Adabiyot festivallarining ustozlar xotirasiga bagʻishlanishida juda katta hikmat bor. Zero, qalblar hamisha manna shunday adabiyot bilan, sheʼriyat bilan uygʻoq va barhayot yashaydi.
Hafiza Egamberdiyeva, festival asoschisi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi:
– Ilk bor 2019-yilda Qarshi va Shahrisabz shaharlarida oʻtkazilgan edi va unda Abdulla Oripov nomli ijod maktabida, Shahrisabz madaniyat saroyida oʻtkazilgan tadbirlar xorijlik mehmonlarda kata taassurot qoldirgandi. Shuningdek, viloyatning diqqatga sazovor maskanlariga xorijlik ishtirokchilarning sayohati uyushtirishgan. Bu kabi tadbirlar kelgusida yana davom ettiriladi. Bu galgi anjuman ham koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtdi va u xorijiy matbuotda, xususan, Turkiyaning “Jumhuriyat” gazetasida ham keng yoritildi. Maqsadimiz oʻzbek adabiyotini jahon minbarida hamisha oʻz ovoziga, oʻz oʻrniga ega boʻlishiga oz boʻlsa-da hissa qoʻshishdir.
Shamenaz Bano, Ilgʻor adabiyot va madaniyat jamiyati direktori:
– Men ilgari oʻzbek adabiyoti haqida koʻp eshitgan boʻlsam-da Oʻzbekistonda sira boʻlmaganman. Ammo mana shu virtual adabiy anjumandan soʻng kelgusi yillarda ushbu oʻlkaga borishni maqsad qildim. Masofaviy oʻtkazilsa-da shoirlar erkin ijodiy muhitda yaqinlikni his qildi. Anjuman jahon shoirlarini birlashtirdi. Turli ijodiy ruhiyatni his qildik, fikr almashdik, yangilik oldik. Bu albatta, hamma shoir-yozuvchilarning kelgusidagi ijodiga yangicha qarash bagʻishlashiga ishonaman.
Yulduz Oʻrmonova