Bu tashrif milliy taraqqiyotimizning yangi, yanada shiddatli va joʻshqin islohotlari ruhiga hamohang kechgani bilan ahamiyatli boʻlganini taʼkidlashni istardik. Boisi, Prezidentimizning hududlarga tashriflari chogʻida saylovchilar bilan uchrashuvlarda koʻtarilgan masalalar, ilgari surilgan keng koʻlamli hayotiy tashabbuslarni amalga tatbiq etishga doir gʻoyat muhim masalalar yechim topmoqda.
Davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifidan ruhlangan holda, bugungi islohotlar koʻlami va mazmun-mohiyatiga doir fikr-mulohazalarimiz bilan boʻlishgimiz keldi.
Har bir mamlakatning milliy davlatchilik tarixida tub burilish yasagan alohida muhim voqeliklar, kuchli va barqaror taraqqiyotga zamin yaratgan davrlar boʻladi. Mamlakatimizda keyingi yillarda yangi Oʻzbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yoʻlidagi ulkan bunyodkorlik ishlari, tarixiy yangilanish jarayonlarini tom maʼnoda Oʻzbekiston davlatchiligi tarixidagi shunday muhim davrlardan biri, deyish mumkin. Bunga toʻliq asoslarimiz bor.
Xususan, har bir soha va tarmoqda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida kechayotgan yangilanish jarayonlari yurtdoshlarimiz uzoq yillar orzu qilgan oʻzgarishlar, katta muvaffaqiyatlarga zamin boʻlmoqda. Buni istalgan yoʻnalishning kechagi va bugungi holatini taqqoslash orqali yanada ravshanroq koʻrish mumkin.
Masalan, aksariyatimiz farzandlarimizni oʻqitish masalasida, ayniqsa, bogʻcha va oliy taʼlim tizimi bilan bogʻliq qator murakkab qiyinchiliklarga duch kelganmiz. Yaʼni, bolangizni berishga bogʻcha yoʻq, bor boʻlsa, joy muammo. Oliygohda tahsil olish esa eng ogʻriqli masala: kvotalar cheklangan, kirish imtihonlari sirli jumboq...
Bugun-chi!? Yoshlarning sifatli taʼlim olishini taʼminlash, avvalo, maktabgacha taʼlim tizimiga eʼtibordan boshlandi. Yurtimizdagi bogʻchalar soni 5 mingdan 29 mingtaga oshirilib, tarbiyalanuvchilar qamrovi 24 foizdan 70 foizga yetkazildi.
Oliy taʼlim muassasalari soni 77 tadan 210 taga yetdi. Bakalavriatga qabul kvotalari 5 barobar, magistraturaga 8 barobar, doktoranturaga 10 barobar oshirildi. Natijada oliy taʼlimga qamrov avvalgi 9 foizdan 38 foizga koʻpaydi. Maktab bitiruvchilariga OTMga kirishda bir yoʻla 5 ta oliy taʼlim muassasasini tanlash imkoniyati yaratildi.
Yana bir muhim oʻzgarish taʼlim sifatiga bevosita taʼsir koʻrsatgan majburiy mehnatga chek qoʻyilishi bilan bogʻliq. Avvallari aksariyatimiz, ayniqsa, ijtimoiy soha vakillari bevosita yoki bilvosita paxta terimi, obodonlashtirish kabi majburiy mehnatga jalb etilardi. Bu jarayonda bolalarning ishtirok etishi juda achinarli edi.
Hozir-chi!? Vaziyat tamoman oʻzgardi. Majburiy mehnatga eng koʻp yoʻl qoʻyiladigan har ikki tarmoqda ishlar tartibga solindi. Jumladan, ishsiz yurtdoshlarimiz haq toʻlanadigan obodonlashtirish ishlariga jalb etilmoqda. Paxtachilik, umuman, qishloq xoʻjaligi sohasida klaster tizimi yoʻlga qoʻyilishi nafaqat majburiy mehnatning oldini olish, balki sohani sanoatlashtirishga xizmat qilyapti.
Maʼlumotlarga koʻra, bugun yurtimizda 130 dan ortiq paxta toʻqimachilik klasteri faoliyat yuritmoqda. Soʻnggi yillarda toʻqimachilik yoʻnalishida 350 ga yaqin yirik fabrika ishga tushirildi, ishlab chiqarish hajmi 2016-yildagiga nisbatan 5 barobar oshdi. Eksport tarkibida chuqur qayta ishlangan tayyor mahsulot ulushi keskin oshgani diqqatga sazovor, albatta. Xususan, 2016-yilda xorijga eksportning 65 foizi kalava ip boʻlgan boʻlsa, 2021-yilda eksport tarkibida tayyor kiyimlar ulushi 32 foizni tashkil etdi. Besh yil avval yurtimizda yetishtirilgan paxta tolasining atigi 40 foizi qayta ishlangan boʻlsa, bugungi kunda 100 foizi oʻzimizda qayta ishlanmoqda.
Yoki qurilish sohasini olaylik. Ushbu tarmoq bugun iqtisodiyotimizning “drayver” yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Oxirgi olti yilda mamlakatimiz boʻyicha qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillardagiga nisbatan 10 barobar koʻp uy-joy qurilganining oʻziyoq shundan dalolat beradi.
Bundan olti-yetti yil oldin asosan paxta, oltin, mis va gaz xomashyosini sotib, daromad koʻrgan mamlakatimiz qisqa muddatda mintaqamizda iqtisodiyoti diversifikatsiya qilingan, tayyor mahsulotlar eksporti jadal oʻsib borayotgan davlatga aylangani, sanoat va ishlab chiqarish sohalarida yangi, davlat-xususiy sheriklik tizimi yaratilgani, geologiya va bazaviy tarmoqlarning mutlaqo yangi samarali mexanizmlari ishlab chiqilgani ham fikrimizga yorqin dalil boʻla oladi.
Kambagʻallikni qisqartirish, aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash, yoʻl qurilishi, qulay tadbirkorlik muhiti, davlat xizmatlari koʻrsatish... Ochigʻi, yurtimizdagi islohotlar samarasi haqida har qaysi yoʻnalish boʻyicha juda uzoq gapirish mumkin. Buni, ayniqsa, uzoq yillar shu yurtda yashab, fuqaroligi boʻlmagan, Prezidentimizning insonparvar siyosati tufayli bugungi kunga kelib bu baxtga musharraf boʻlganlar, dunyoning turli urush oʻchoqlaridan Vatanga olib kelinganlar, davlatimizning har tomonlama qoʻllab-quvvatlovi orqali ijtimoiy himoyaga muhtojlikdan bugun tadbirkorga aylanayotganlar, oliygohlarda imtiyozli taʼlim olayotgan opa-singillarimiz yaxshi anglaydi, albatta.
Qisqa davrda mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmi tarixiy koʻrsatkich – 80 milliard dollardan oshdi. Oʻz navbatida, eksport hajmi 1,5 barobar, xorijiy investitsiyalar hajmi 3 barobar oʻsdi. Buning natijasida aholining xarid qobiliyati va oʻrtacha oylik ish haqi qariyb 2 barobar oshdi.
Eʼtiborli va eʼtirofli jihati, islohotlar shiddatiga mos ravishda Toshkent viloyatida ham barcha soha va tarmoqlarda yuqori natijalar qoʻlga kiritildi.
“Oltin voha” deya taʼriflanadigan bu viloyat yuqori iqtisodiy salohiyatga ega. Shundan kelib chiqib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan viloyatda koʻplab yirik istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Yoshlik-1 konini oʻzlashtirish loyihasi ana shulardan biri.
Prezidentimizning 2017-yil 1-martdagi qaroriga muvofiq, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJda mazkur megaloyihaga start berildi. Maʼlumotlarga koʻra, Yoshlik-1 koni hududi 11 ming gektardan koʻproq maydonni egallagan, oltin zaxirasi 5 ming 374 tonnani, mis – 45,3 million tonnani tashkil etadi. Shu bilan birga, kumush, molibden, selen kabi 13 turdagi qimmatli va nodir metallar bor.
Shu oʻrinda savol tugʻiladi, megaloyiha iqtisodiyotimizga, umuman, bizga qanday manfaat keltiradi?
Mamlakatimizning mis sanoatidan olgan daromadi ayni paytda 2,5 milliard dollarni tashkil etadi. Loyiha doirasida mis ishlab chiqarishni 400-500 ming tonnagacha oshirish bilan bu koʻrsatkich turdosh tarmoqlarni hisobga olgan holda 7-8 milliard dollarga yetishi moʻljallanmoqda.
Loyiha doirasida mis eritish zavodi ishlab chiqarish quvvatini oshirish va rekonstruksiya qilish, mis boyitish fabrikalarini qurish, 650 megavattli elektr tarmogʻi va boshqa infratuzilma obyektlarini barpo etish kabi koʻlamli ishlar hisobiga minglab yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
Umuman olganda, bugun viloyat yirik qurilishlar, obodonlashtirish, tarixiy oʻzgarishlar, yangilanishlar ogʻushida. Koʻhna Navkat oʻrnida viloyatning yangidan qurilayotgan maʼmuriy markazi – Nurafshon shahri kundan kun koʻkka boʻy choʻzmoqda. Birgina 2021-2022-yillar davomida viloyatda 258 ta uy — 9 ming 432 xonadon qurilgan boʻlsa, bugun aksariyat shahar va tumanlarda “Yangi Oʻzbekiston” massivlari qad rostlayapti.
Soʻnggi olti yarim yilda viloyatda metallurgiya, elektrotexnika, toʻqimachilik, kimyo, farmatsevtika, mashinasozlik kabi “drayver” sohalarda 15 ta mega, 650 ga yaqin yirik va oʻrta, 3 mingta kichik sanoat loyihasi ishga tushirildi. 600 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratildi. Eksport hajmi 2,5 barobar koʻpayib, 2 milliard dollardan oshdi. Bularning natijasida oʻtgan davr mobaynida viloyat iqtisodiyoti 1,4 barobar oʻsib, qariyb 100 trillion soʻmga yetdi.
Ijtimoiy sohadagi oʻzgarish va yutuqlar ham iqtisodiyotdagi koʻrsatkichlardan kam boʻlgani yoʻq. Ushbu davrda viloyatda maktabgacha taʼlim qamrovi 26 foizdan 68 foizga yetdi, qoʻshimcha 52 ming oʻquvchi oʻrni yaratildi. 12 ta yangi tibbiyot muassasasi ish boshladi. Birlamchi tibbiyot muassasalari 182 tadan 277 taga koʻpayib, tibbiy xizmat sifati oshirildi. Bundan tashqari, 300 dan ortiq mahalladagi 3 ming kilometr ichki yoʻl hamda 104 ta koʻprik qurildi va taʼmirlandi. Shuningdek, 3300 kilometr elektr tarmogʻi, 950 ta transformator yangilanib, 200 mingga yaqin aholining elektr taʼminoti yaxshilandi.
Erishilgan natijaning oʻzi eng yaxshi koʻzgudir. Ahamiyatlisi shundaki, yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlarni har bir yurtdoshimiz oʻz hayoti misolida his etmoqda. Eng muhimi, aholida shukronalik hissi ortib, umidsizlik hissi yoʻqoldi. Oʻzi va oilasi, farzandlarining hozirgi va ertangi yorugʻ kuniga mustahkam ishonch paydo boʻldi.
Qishloq xoʻjaligi, turizm, qoʻyingki, barcha sohalar boʻyicha ham viloyatda qoʻlga kiritilgan salmoqli natijalar, odamlarning dunyoqarashi, farovonligi, turmush tutumidagi oʻzgarishlar haqida koʻp va xoʻp gapirish mumkin. Qoʻlga kiritilgan natijalar, ularning viloyat iqtisodiy taraqqiyoti, yurtdoshlarimiz farovonligiga ijobiy taʼsiri yaxshi, albatta. Lekin hozir koʻproq oldinda turgan maqsad va vazifalar haqida oʻylash muhimroq. Negaki, Oʻzbekiston 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishdek juda katta marra oldi. Bu esa, oʻz navbatida, yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining navbatdagi shiddatli bosqichiga oʻtish, degani.
Shu maʼnoda, Prezidentimiz lavozimiga kirishish tantanali marosimida “Odamlar endi bizdan yangi amaliy ishlarni kutyapti. Millionlab insonlar – ota-onalarimiz, opa-singillarimiz, oʻgʻil-qizlarimiz bugun bizga umid va ishonch bilan koʻz tikib turibdi. Ana shunday umid va ishonchni oqlash, erishgan yutuqlarimizni yangi natijalar bilan mustahkamlash bizning nafaqat vazifamiz, balki insoniy burchimizga aylanishi shart”, dedi.
Toshkent viloyatida ham iqtisodiy barqarorlik, aholi farovonligini oshirish yoʻlida kelgusi yetti yillik uchun juda katta marralar belgilab olingan. Davlatimiz rahbari bu borada viloyat saylovchilari bilan oʻtkazgan uchrashuvida alohida toʻxtalib oʻtdi.
Prezidentimiz bu galgi saylovoldi dasturini ham aholi yakdillik bilan iliq qarshi oldi. Negaki, bugun xalqimiz davlatimiz rahbarining qatʼiy siyosiy irodasi va tashabbusi bilan kechayotgan islohotlar natijasida ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha jabhalarida salmoqli ijobiy oʻzgarishlar kuzatilayotganini koʻrib, bilib turibdi, eʼtirof etyapti.
Shavkat Mirziyoyev viloyat ahli bilan uchrashuvda har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun munosib sharoit yaratish, turmush sharoitini yanada yaxshilash, ijtimoiy masalalarni hal qilishda mahallani markaziy boʻgʻinga aylantirish, odamlarni hayotdan rozi qilish uchun barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, suv va yer resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan strategik maqsadlari bilan yaqindan tanishtirdi.
Unga koʻra, viloyat aholisiga munosib sharoit yaratish yoʻnalishida mingdan ziyod bogʻcha ochish va 100 ming oʻquvchi oʻrni yaratish, 16 ta zamonaviy tibbiyot muassasasi hamda 4 ta perinatal markaz tashkil etish rejalashtirilgan.
350 dan ziyod mahallada 4 ming kilometr ichki yoʻl va 100 dan ziyod koʻprik qurish, 5 ming kilometrdan ziyod elektr tarmogʻi va 1400 ta transformatorni yangilash, ichimlik suv va oqova tarmoqlarini taʼmirlash ishlari amalga oshiriladi. 2024-yildan Bekobod, Xoʻjakent va Angren yoʻnalishlarini poytaxt bilan bogʻlaydigan 10 ta elektropoyezd harakati yoʻlga qoʻyiladi.
Olmaliq va Ohangaron shaharlarida mis sanoati klasterini rivojlantirish orqali mis mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2030-yilga qadar 2 karra koʻpaytiriladi. Janubiy koreyalik hamkorlar bilan 1,5 milliard dollar investitsiya hisobiga 50 gektar maydonda yuqori texnologiyalar texnoparki tashkil qilinadi va elektronika, yarim oʻtkazgichlar, mikrosxemalar ishlab chiqarish korxonalari ishga tushiriladi.
Chirchiq shahri chinakam innovatsion kimyo sanoati klasteriga aylantirilib, “Ximgrad” hududida qiymati 300 million dollarlik 23 ta loyiha amalga oshiriladi. Angrendagi qurilish materiallari klasterida 1 milliard dollar qiymatidagi 40 ta loyiha bajariladi.
Viloyatdagi sanoatlashuv darajasi yuqori boʻlmagan tumanlar alohida yondashuvlar asosida rivojlantiriladi. Jumladan, Bekobod va Piskent tumanlari oziq-ovqat sanoatiga, Boʻka tumani esa toʻqimachilik sanoatiga ixtisoslashadi.
Turizm haqida gap ketganida, Toshkent viloyatining bu boradagi salohiyatini alohida eʼtirof etish joiz. Birgina Boʻstonliq tumanining “Oʻzbekiston Shveysariyasi” deya taʼriflanishi ham viloyatning turizmni rivojlantirish imkoniyatlari naqadar keng ekanidan dalolat beradi. Mana shulardan kelib chiqib, Boʻstonliqdagi “Chorvoq” turizm zonasida 700 million dollar investitsiya hisobiga 20 ming oʻrinli 100 ta mehmonxona ishga tushiriladi, Chimyon – Bildirsoy – Nanay kurort hududida fransiyalik investorlar bilan birga 200 million dollarlik turizm kompleksi barpo etiladi.
Saylovoldi dasturdagi bu kabi rejalarni roʻyobga chiqarish uchun alohida dastur qabul qilinib, bunga jami 35 milliard dollar yoʻnaltiriladi.
Yetti yillik strategik rejada mamlakatimizda qurilish koʻlamini kengaytirish maqsadida ushbu sohani yanada rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Bu borada, avvalo, 1 million xonadonli uy-joylar qurish boʻyicha katta marra belgilab olingan. Shu bois, uy-joy qurish uchun respublika boʻyicha 2 ming gektar yer taklif qilinadi. Xususan, Toshkent viloyatida bu maqsadlar uchun 350 gektar yer ajratiladi. Ushbu yer maydonlarida uy-joy barpo etayotgan quruvchilar ikki yil davomida yer soligʻidan ozod qilinishi, buning hisobiga qurilish korxonalari ixtiyorida kamida 2 trillion soʻm qolishi koʻzda tutilmoqda.
Ixtisoslashgan yirik qurilish klasterlari soni hozirgi 30 tadan kamida 60 taga yetkaziladi, salohiyatli quruvchilarga maxsus texnika va aylanma mablagʻ uchun 1 milliard dollar resurs ajratiladi. Yurtimizda ishlab chiqarilmaydigan qurilish materiallari va maxsus texnika uchun bojxona imtiyozlari 2030-yilgacha uzaytiriladi. Bundan tashqari, aholining kredit toʻlovlarini qaytarishga yoʻnaltirilgan mablagʻlari daromad soligʻidan ozod qilinadi. “Mening birinchi uyim” dasturi doirasida viloyatlarda yuz minglab oilalarga moʻljallangan ijtimoiy uylar barpo etiladi.
Shu bilan birga, yil yakunigacha 50 yil oldin qurilgan uylarning joriy holati, jumladan, zilzilaga chidamliligi toʻliq oʻrganiladi, aholi zich boʻlgan hududlarda “boʻyiga oʻstirish” tamoyili asosida 2-3 qavatli eski uylar oʻrnida yetti qavatdan yuqori zamonaviy uy-joylar barpo etiladi. Bunda renovatsiya dasturlari faqat va faqat fuqarolarning roziligi va keng jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda qabul qilinadi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan aholi punktlarining bosh rejalarini tuzish masalasi ham gʻoyat sinchkovlik bilan oʻrganilib, bu yoʻnalishda puxta rejalar ishlab chiqilib, muhim tashabbus va gʻoyalar ilgari surilganini koʻrish mumkin. Xususan, 2025-yilga qadar 25 ta shahar, 2030-yilgacha esa barcha aholi punktlari, shu jumladan, Toshkent viloyatining 22 shahar va tumani, shuningdek, qishloqlar bosh rejalarini ishlab chiqish toʻliq yakunlanadi. Bunda bosh rejalarni ishlab chiqish jarayoni aholi va tadbirkorlar uchun ochiq-oshkora va shaffof boʻlishi, buning uchun alohida portal ishga tushirilib, ularning tashabbus va takliflari, albatta, inobatga olinishi koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, qurilish ishlari sifati va xavfsizligini taʼminlash bundan buyon ham ustuvor vazifalardan biri boʻlib qoladi. Eng avvalo, Yaponiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, AQSHning bino-inshootlar boʻyicha qurilish xavfsizligi meʼyorlari asosida yangi standartlar joriy qilinib, sohadagi kadrlarni tayyorlash tizimi qayta koʻrib chiqilishi maqsad qilingan.
Kelgusi yetti yilda uy-joy qurilishi va ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash boʻyicha tashabbuslarni amalga oshirish uchun 50 milliard dollar yoʻnaltirilishi koʻzda tutilmoqda.
Bu yurtimizning boshqa hududlari bilan bir qatorda, viloyatimizda ham koʻplab zamonaviy koʻp qavatli uylar qurilishi, ijtimoiy infratuzilma aholining tobora oshib borayotgan talabiga mos rivojlanishidan dalolat beradi.
Bir soʻz bilan aytganda, bugun Toshkent viloyati mamlakatimiz poytaxti bilan uzviy bogʻlangan holda rivojlanib, yaqin 10 yilda kamida zamonaviy va aholi uchun qulay, taʼlim, tibbiyot va biznes markazi boʻlgan hududga aylanishi, shubhasiz.
Shu maqsadlarga erishish yoʻlidagi harakatlar bugundan boshlangan. Jumladan, Prezidentimizning viloyatimizga kechagi tashrifi chogʻida bir qator yangi sanoat, xizmat koʻrsatish va ijtimoiy soha majmualarini ishga tushirish marosimi boʻldi. Bular — Ohangaron tumanidagi “Tashkent Konch sement”, Quyi Chirchiq tumanidagi “Tashkent kotton tekstil”, Yuqori Chirchiq tumanidagi “Aziya Tashkent Tekstil”, “Salyubris Vita”, Angren shahridagi “Angren kaolin”, “Sentral Aziya Kemikals”, Nurafshon shahridagi “Agro Nyu Drip”, Chirchiq shahridagi “Sharq Tyubs”, Parkent tumanidagi “Samsarak fayz” va “Shabnam Elegant”lardir. Bu korxonalarda sement, ip-kalava, toʻqimachilik, farmatsevtika, boyitilgan kaolin, kimyo mahsulotlari, tomchilatib sugʻorish shlanglari, rangli metallar ishlab chiqariladi. Umuman, mazkur korxonalarda 3 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, ertangi farovon kelajagimizni bunyod etish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini yuzaga chiqarishga kamarbasta boʻlish har birimizning bosh maqsadimizga aylanmogʻi lozim.
Prezidentimiz oʻz lavozimiga kirishish tantanali marosimida taʼkidlaganidek, “Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak poydevori” degan shior bugundan boshlab hayotimiz qoidasiga, har qaysi rahbarning, barcha xalq noiblari, vazir va hokimlarning kundalik faoliyat dasturiga aylanishi shart”.
Sayyora FAYZIYEVA,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Toshkent viloyati boʻlimi rahbari