Oʻz navbatida, СOVID-19ning klinik belgilari va asoratlari hamon oʻzgarib turibdi. Shundan kelib chiqib, kasallikka qarshi kurashish uslublari ham yangilanyapti.

Mana, hozir dunyoda “omikron” shtammi dominant versiyaga aylangan. Ammo uning subvariantlari roʻyxati kengayishda davom etmoqda. Biroq ayni shu mutatsiyalarga xos asosiy alomatlar gripp va boshqa oʻtkir respirator virusli kasalliklar simptomlaridan farq qilmaydi.

Xususan, yoʻtal, isitma, tomoq ogʻrigʻi, holsizlik kabi belgilar ham koronavirus, ham OʻRVIga xosdir.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, avvalgi shtammlarda xastalikni aniq ifodalab turuvchi yaqqol alomatlar bor edi. Bemorlarda hid va taʼm bilish qobiliyatining yoʻqolishi shular jumlasidan.

“Omikron” variantlarida bunday simptomlar bor-yoʻgʻi 5 foiz bemorlarda kuzatilyapti, xolos. Qolaversa, hozirgi mutatsiyalar aksariyat hollarda pnevmoniyani keltirib chiqarayotgani yoʻq.

Shifokorlarning qayd etishicha, ayni kunda COVID-19ni gripp yoki boshqa oʻtkir respiratorli infeksiyalardan ajratishning oson va arzon yoʻli PZR va ekspress tibbiy testlardir.

Toʻgʻri, “omikron”ning ayrim kichik shtammlari, chunonchi, VA 2.75 versiyasi bilan kasallanganlar tana, mushaklar hamda bel va bosh ogʻrigʻidan shikoyat qilmoqda. Shuningdek, “kentavr” mutatsiyasi aniqlangan baʼzi bemorlar yorugʻ muhitda koʻzlarini ochishga qiynalyapti. Ular koʻz gavharida ogʻriqlarni his qilmoqda.