Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti bayonotiga ko'ra, dunyo bo'yicha 90 mamlakatda “omikron” shtammi BA.5 subvariatining 50 mingdan ortiq variatsiyasi ro'yxatga olingan.
Xususan, BF.7 versiyasi AQSH, Belgiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Hindiston va boshqa qator davlatlarda aniqlangan. U isitma, yo'tal, tomoq og'rig'i kabi “omikron”ning boshqa mutatsiyalariga xos belgilar bilan namoyon bo'lmoqda. Qolaversa, ba'zi bemorlarda qusish va diareya kuzatilyapti.
Buyuk Britaniya Sog'liqni saqlash departamenti oktyabr oyida BF.7 ni eng xavotirli variantlardan biri, deb atagandi. Biroq noyabrda o'tkazilgan brifingda ushbu kichik shtammning o'sish dinamikasi past bo'lgani ta'kidlandi.
Tahlillarga ko'ra, “omikron”ning BA.5 dan BF.7 gacha bo'lgan subversiyalari yuquvchanligi yuqori. Ammo “delta” shtammiga nisbatan asoratlari biroz yengilroq.
JSST mazkur yangi mutatsiyalar “omikron”ning boshqa versiyalariga o'xshashligi tufayli dunyo mamlakatlari sog'liqni saqlash tuzilmalariga kasallikni davolash standartlariga hech qanday o'zgartirish kiritmaslikni tavsiya etadi. Bu haqida Sog'liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.