Ona simfoniyasi

    Insoniyat yaralibdiki hayot haqida, hayot beshigi – ona haqida eng aziz, eng jozibali soʻz aytgisi keladi. Vaholanki, soʻzning ham, hayotning ham, turmush zavqi, sururi ham onadan boshlanadi.

    Aytishlaricha, faylasuflardan biri qalbining tub-tubidan sitilib chiqadigan hissiyotlari, iltijolari, tavallolari izhorini “Alloh haqida Soʻz” deya atagan ekan. Soʻz nima? Odam soʻzni qanday oʻrganadi? Bir parchagina suyaksiz til qanday qilib soʻzni ifodalaydi? Soʻzning oʻzi aslida ona qalbining qat-qatidan, ming bir hujayrasidan sitilib chiqqan nido emasmi? Bu kabi savollar koʻp. Nazarimizda javob bitta: Soʻzning buyuk ijodkori – Ona. Shu bois, soʻz – hayot avvali. Murgʻakkina bola ilk bora ona bagʻrida, uning qalb toʻlgʻonishlarida, mehr va umid izhorida soʻz eshitadi. Demak, ona borliqning moʻjizasi, buyuk va betakror qudrati, bebaho neʼmati. Shunday ekan, bu rangin olam, bu serjilo dunyo ona tufayli goʻzal, mazmundor, maftunkor.

    Borliq mahobatli, cheksiz-chegarasiz majmua. Unda falsafa, tafakkur, rang, ohang, musiqa bor. Faqat uni anglash, his qilish lozim. Buning uchun esa uni butun borligʻi va salmogʻi bilan idrok eta oladigan qalb kerak boʻladi. Ana shu qalbni, bebaho gavharni, inson mohiyatini oʻzida mujassam etgan olmosni ona hadya etadi.

    Dunyo oʻzgaryapti, maʼnaviy-axloqiy tanazzul Yer sharini qamrab olmoqda. Inso niyat qalbi huvillab qolyapti. Bu sayyoraviy fojiadan iztirob chekkan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish “XXI asrning buyuk fojiasi shundaki, insoniyat qadriyatlardan uzoqlashmoqda”, degan edi. Inson koʻp hollarda robot shaklidagi hissiz, tuygʻusiz, qalbi huvillagan tirik mavjudotga aylanmoqda. Bu bizni dunyoga keltirgan, bu yorugʻ olamni yashnatish, yashartirish, hayot degan gʻoyat jozibador va goʻzal imkoniyat mazmunini boyitishni orzu qilgan onani unutishga olib kelmoqda. Vaholanki, ona buyuk kashfiyotlar, olamshumul ixtirolar, betakror goʻzalliklar, hayratomuz nafosat ijodkorlarini dunyoga keltiradi. U insoniylikni asrash, rivoj lantirish, kamolotga yetkazish orqali kishilik hayotining buyuk xaloskori ekanini unutmoqdamiz.

    “Taʼmirlangan”, “sunʼiy tarbiyalangan” insonni vujudga keltirishdek nobakor gʻoya insoniyatni azaliy va abadiy qadriyatlaridan uzoqlashtirmoqda. Bu inson tabiatidagi, umuman insoniyat ruhiyatidagi ogʻir oʻpirilishlarga sabab boʻlyapti. Bu xavfli, xatarli jarayondan bizni asraydigan yagona qudrat – Ona. Biz mehrdan uzoqlashayapmiz, muhabbatni choʻpchakka aylantirayapmiz. Ularning barchasini asraguvchisi va xaloskori Ona, degan qadriyatdan uzoqlashayapmiz.

    Onaning hayotga mazmun kiritadigan, uning mohiyatini boyitadigan qudrati haqida oʻylar ekanman, bolaligimni eslayman. Onam oddiygina ayol edi. Biroq chanqovuz chalishini, kuyohangidan rohatlanib, toʻlqinlanib turishini koʻp koʻrganman. Bu sirli ohangni vujudim bilan eshitar edim. Chanqovuzning biroz hazin va boʻgʻiq sadosidan oʻzim bilmagan holda allanechuk boʻlib ketardim. Bu sinoatli toʻlqinlarda hayot nashidasi, onamning zohiran ogʻir-bosiq, tinch-osuda, ammo botinan dengizday qalb poʻrtanalari bor edi. Ifodalab boʻlmas kechinmalar ogʻushida onamga katta hayrat va hayajon bilan qarardim. Ehtimolki sanʼatga, adabiyotga ishtiyoqim ana shu lahzalarda tugʻilgandir.

    Onamning bolaligimda aytgan allalari hamon qulogʻim ostida jaranglaydi. Biroz maʼyus, ammo umidvor, baʼzi holatlarda gʻamginlik, ezginlik bilan allaqanday koʻtarinkilik, zavq qorishib ketgan baxtiyor onaning gʻoyatda yoqimli ovozi yangrardi. Ehtimolki mehr-muruvvatning zuvalasi gʻamginlikdan yaralgandir. Onamning ovozi juda yoqimli, sirli, sinoatli edi. U kishining allalarida qandaydir samoviy, kishi qalbini junbushga keltiradigan qudrat borligini murgʻak qalbim bilan his qilardim. Alla aytgan paytlari beixtiyor, oʻzim bilmagan holda yugurib borib onamning pinjiga tiqilardim. Tizzasiga boshimni qoʻyib yigʻlagim kelardi. Boʻgʻzimga nimadir tiqilib qolardi. Ohang sehridan etlarim junjikib, yuragim hapriqib ketardi. U faqat qoʻshiqgina emas, ayni paytda ifodalab boʻlmas mehr toʻlqini edi. Bu oilaga, hayotga, farzandlariga muhabbatning tushuntirib boʻlmaydigan sadosi edi. Alla ohanglari gʻoyatda sirli, sinoatli, juda yosh boʻlishimga qaramasdan butun vujudimda titroq uygʻotib, oʻzim anglamagan ezguliklarga chaqirayotganday boʻlardi. Bu ona qalbining nidosi, orzu-armonlari qoʻshilib ketgan munojoti edi. Ayni paytda, ohangning tub-tubida taʼriflab boʻlmas darajadagi muhabbat, ishtiyoq, ishonch va shijoat yotardi.

    Aslini olganda aksariyat onalar alla aytayotganida biron qoʻshiqni yodlab aytmaydi. U oʻzining qalb qoʻshigʻini, ezgu orzulari nidolarini, murgʻakkina bola baxtu iqboli bilan bogʻliq boʻlgan hissiyotlarini kuylaydi. Aslida esa onalikning buyuk choʻqqisi, takrorlanmas namunasi ana shu edi.

    Har bir inson kamolotida otaning oʻrni katta. Biroq u oilani moddiy taʼminlash, kam-koʻstini toʻldirish, xonadon farovonligi, mustahkamligi uchun masʼul. U koʻcha odami. Ona esa ayollik nazokati, latofati, mushtiparligi va mehr-muhabbati timsoli. Unda ezguliklar, sadoqat, sogʻinch va ilhom mujassam. Jahon adabiyotining mumtoz vakillaridan biri Lev Tolstoy ayol va uning qadriyati xususida gapirar ekan, quyidagilarni bayon etadi: “Ayol va erkakning maqsadi bir: Xudoga xizmat qilish. Ammo har ikki jins vakillarining Xudoga xizmat qilish yoʻllari turlicha va ular aniq belgilangan. Shuning uchun har bir jins oʻziga xos yoʻl bilan Xudoga xizmat qilishi lozim. Ayollar uchun eng asosiysi va faqat ularga tegishlisi – bolalar tugʻish va ularni boshlangʻich tarbiyasi hisoblanadi. Shuning uchun ham bu ishga va u bilan bogʻliq jarayonlarga ayolning bor kuchi va eʼtibori qaratilishi kerak. Ayol erkak kishi qiladigan hamma ishni bajarishi mumkin, lekin erkak ayol qiladigan ishlarni qilishga qodir emas. Shuning uchun ham ayol butun kuchini faqat oʻzigina bajara oladigan (bola tugʻish va uning dastlabki tarbiyasi) ishga toʻla safarbar etmogʻi lozim”.

    Atoqli adib ayni paytda buyuk faylasuf edi. U odam va olam, inson va insoniyat taqdiri haqida chuqur qaygʻurgan, hayot barkamolligi va yetukligi haqida nodir tafakkur gavharlarini meros qoldirgan ulugʻ inson edi. Yozuvchi Lev Tolstoy hayot mohiyatini, uning qadriyatiy asoslarini Ayol va Ona tushunchasida koʻradi. Uni yuksak qadrlab, shaxsiy va ijtimoiy mohiyatini ochib beradi va “Bolani dunyoga keltirish ayol uchun oʻzidan voz kechishni anglatadi. Ayol oʻzida oʻzidan voz kechish mahoratini tarbiyalagani holda uni hayotning bosh qa jarayonlarida qoʻllay oladi”, deydi. Bu – juda katta maʼnaviy qudrat, ruhiy iroda.

    Albatta, har bir davrning oʻz yuki, masʼuliyati, javobgarligi boʻladi. Bugunning onasi dunyo qalqib turgan bir paytda yetti milliarddan ortiq inson bilan birga ezgulik va yovuzlik, muhabbat va nafrat, sadoqat va xiyonat oraligʻida yashamoqda. Yer shari ana shu bir-biriga zid, bir-birini mavh etishga tayyor turgan tuygʻularning mahobatli ringiga aylangan. Bunday chuqur dramatizm holatida onaning kechinmalarini, iztiroblarini his qilish qiyin emas. Zotan, ona ezgulik, yaxshilik, muruvvatlilik, muhabbat va boshqa qator fazilatlar volidasi. Uning beqiyos timsoli. Ona hech qachon farzandi yomon boʻlishini hohlamaydi. Onaning yomoni yoʻq. Ona, ayol buloq suvidek pokiza va shaffof, daryodek shiddatli, ummondek bagʻrikeng. Bu ulugʻvorlik, mayinlik, nazokatlilik, latofatlilik bilan uygʻunlashib ketgan fazilatning tub mohiyatida togʻdek viqor va abadiy oriyat yotadi. Ona olamining gʻoyatda rang-barangligi, mahobatliligi ana shunda. Ayolning butun mohiyati va qadriyatiy kuchi uning tirik lik ijodkori, hayot manbai, yashash va ulugʻ maqsadlar bilan umrguzaronlik qilish qudratida.

    Ona millatning tayanchi, asosi. U hech qachon aynimaydigan, zanglamaydigan oltin. Milliy qadriyatlar va oʻziga xoslikning bebaho gavhari, yuksak axloq, ezguliklar javhari. Millat ona tufayli mangu yashaydi. Avlodlar shajarasi u tufayli davom etadi. Millat shaʼni, oriyati, gʻururi timsoli. Ona nafasida olam ohangi, borliqning musiqasi mujassam, uning iliq, yoqimli sasida hayotbaxsh kuch bor. Biz u orqali, faqat u orqaligina olamni kashf etamiz, uning qatlarini ochamiz. Olam ichra olam boʻlib yashaymiz. Bir lahza boʻlsada undan uzilolmaymiz. Ana shunda oʻktam, jasur, botir, mard oʻgʻlonlar – uchqur tulporlar, qalbi mehrga toʻla mushfiq, mehribon, suvratiyu siyrati goʻzal qizlar – shonli, sharafli, barkamol avlodni dunyoga keltirishga umrini bagʻishlaydigan moʻtabar onalar dunyoga keladi.

    Ona muhabbati – bola hayoti, bola ehtiyojlarining najot manbai, bitmas-tuganmas qudrati. Zotan, murgʻakkina goʻdak, avvalambor, mehrga, muhabbatga, erkalatishlarga moyil boʻladi. U ichki sezim orqali hammadan oldin onani his qiladi. Unga sogʻinch va intilishlarini bildirolmasada, intiq boʻlib kutadi. Uning iliq, huzurbaxsh haroratidan, yoqimli va jonbaxsh hididan orom oladi. Ona va bola oʻrtasida koʻzga koʻrinmaydigan, qalb va ruh bilan bogʻliq boʻlgan aloqa, munosabat shakllanadi.

    Onalik mehri, ona muhabbati, faqatgina bolaga gʻamxoʻrlik yoki javobgarlikkina emas, ayni paytda u oʻz olamining naqadar ulugʻvor va barkamol ekani, hayot degan oliy qadriyatga nur va tiriklik baxsh etayotgani timsolidir. Bu muhabbat bola hayotini saqlab qolish, uning bekamu koʻst, sogʻlom oʻsishi bilan bogʻliq boʻlgan va butun olamga mehr ulashadigan moʻjizaga aylanadi.

    Ana shu tabiiy-biologik, maʼnaviy-ruhiy holat farzandda hayotga intilish, yashash uchun kurash, tiriklik zavqi, oʻzining borligini his qilish kabi sof insoniy feʼl-atvorni shakllantiradi, fazilatlarini boyitadi va muhabbat hislarini kuchaytiradi.

    Ona qalbidan sassiz sado keladi: “Sening tugʻilishing men uchun moʻjiza, buyuk saodat! Sening dunyoga kelishing umrimning butunligi, hayotning bardavomligi! Sening tugʻilishing – mening mangu barhayotligim!”. Bu umidli sas murgʻak bolaning shunchaki yashashini emas, balki hayotga cheksiz muhabbatini uygʻotadi. Bu yeru koʻkni, osmonu zaminni – butun borliqni qamrab olgan mehr edi. Olamni goʻzalliklarga, ezguliklarga oʻrab olgan buyuk muhabbat edi. Ana shu tarzda ona insoniyat hayotini toʻxtovsiz harakatga keltiruvchi ilohiy qudratga aylanadi.

    Ona muhabbati, iliq mehri har qanday xavf-xatardan, hatto, oʻlimdan ustun. Ona farzandi uchun hamma narsaga hamisha tayyor. Jigargoʻshasi, bir parcha goʻsht holidagi poloponi xatar oldida boʻlsa hech ikkilanmay hayotning barcha zavqu shafqidan, sururidan ikkilanmay voz kechadi. Oʻzini qurbon qilib boʻlsada farzandini asraydi. Ona ana shunday ruhiy va maʼnaviy qudrati bilan baʼzi holatlarda erkaklardan ustun turadigan noyob xilqat. Farzandini asrab qolish uchun hayotidan voz kechishdan toymaydigan, qaytmaydigan buyuk qudrat timsoli.

    Bola voyaga yetguncha ona uning tayanchi, himoyachisi, mehri va muruvvati bilan madad boʻlguvchi xilqat. Biroq farzandi voyaga yetgach undan uzoqlashsa ona buniyam shodlik bilan kutib oladi. Farzandini mustaqil inson, oʻz taqdirini oʻzi belgilashga qodir boʻlgan odam sifatida koʻrib quvonadi. Ona va farzand oʻrtasidagi bunday mustaqillik, alohidalik ularning oʻzaro muhabbatiga putr yetkazmaydi, aksincha, bir-biridan kuch olib, bir-biridan ragʻbatlanib istiqbolga qatʼiy ishonch va buyuk saodat koʻzi bilan qarashadi. Ana shunda ona insoniy xudbinlikdan, manfaatparastlikdan, farzandiga egalikdan oʻzini ustun qoʻya oladigan yetuk va barkamol iroda timsoliga, farzand kamolotini ragʻbatlantiruvchi qudratli kuchga aylanadi. Bergan mehr va muruvvatlaridan natija kutmasdan uning kamolini tilaydi.

    Taniqli shoira Sharifa Salimova onaning mehrli olami, uning qalb iztiroblari xususida oʻz qalb tugʻyonlari, onalik hissi, mayin va hazin kechinmalaridan kelib chiqib ona suvratiyu siyratini hayratlanarli darajada betak ror ifodalaydi: “Togʻda bir giyoh bor, tunda yetilar. U giyoh koʻp sirli – mehrigiyohdir. Ming bitta dardlarga davo boʻlar u. Bemor vujudlarga mushfiq panohdir. Tunda u oʻt kabi lovullab yonar. Zulmatni parchalab, yogʻdu sochadi. U nopok qoʻllarga oʻzni tutqizmas. U munis dillarga bagʻrin ochadi. Ayol ham bamisli shu sirli giyoh. Siru sinoati qalbida pinhon. U ulugʻ tuproqdan qudrat oladi. Shunda tomir otar, gullar berar jon. Ona sher qudrati unda mujassam: gʻanim koʻzin bir shahd ila oʻyadi. Goʻdagi ingrasa, qalb qoni bilan millat jarohatin bogʻlab qoʻyadi. Ulugʻ momolarin qutlugʻ roʻmoli artar koʻkragidan asrlar dogʻin. U pok, ozgʻin, nozik qoʻllari ila hech kimga bermaydi millat bayrogʻin!Uning allasidan uygʻonar dunyo: millat uygʻonadi, xalq uygʻonadi. Asrlar kunjida mudragan karaxt ulugʻ soʻz uygʻonar, qalb uygʻonadi. U goʻyo millionlab nur kukunlari: millat dardi ila kulib qoʻyadi. U erkni padardek, ogʻadek suyib, jonida goʻdakdek olib yuradi. U – ona, u – sabr, u – ishq, u – vafo, u – tabib, u – habib, u – butun baxtdir, ayol uygʻonmasa, uygʻonmas millat, u toʻrt fasl gullab turgan daraxtdir!”

    Ona qalbi olam ohangi. U mangu soʻnmas, hech qachon tugamaydigan qoʻshiq, sirlarga, sinoatlarga toʻla tilsimot. Bu ohangning jonbaxsh va huzurbaxsh, gʻoyat haroratli kuyning esa qirralari koʻp, jilolari beqiyos. Xuddi olmos singari.

    Musiqa sanʼatida har qanday moʻjizaviy kuy yettita notadan yaraladi. Ona qalbi notalari ham xuddi shunday. Biroq bu notalarning har birida yetti ming qochirim, yetti ming nola, yetti ming xonish, yetti ming usul bor. Unda yangragan ohang butun borliqni oʻzida ifoda etgan buyuk va mahobatli simfoniya. Unda dunyoning, serqirra hayotning biz anglagan-anglamagan sinoatlari mujassam. Goh dilxush, goh dilxun, baʼzan quvnoq, baʼzan mahzun ohanglar ona qalbi sevinchu iztiroblarining aks-sadosi. Unda hayot dramasi – butun fojeasiyu kulgulari oʻz ifodasini topgan. Ona simfoniyasi yangrab turar ekan, hatto, toshga aylangan yuraklarni larzaga solib, unda ezgu hislarni uygʻotar ekan, hayot abadiy va goʻzaldir.

    Ona simfoniyasida hayotning turli-tuman ohanglari, tovushlari, ranglari uygʻunlashib ketgan. Unda kamalak goʻzalligi va maftunkorligi mujassam. Ranglar va ohanglarning oʻzaro birlashishidan Ona va Hayot mohiyati, uning buyuk falsafasi yuzaga keladi.

    Oqil SALIMOV,

    akademik