Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida chiqindilar bilan bolalikdan shakllanadi ishlash tizimini takomillashtirish va hududlardagi ekologik holatni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish boʻyicha 2022-yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi tabiatga munosabatimiz hozir qanday ekani va kelgusida qanday boʻlishi zarurligini koʻrsatib berdi.
Zotan, insoniyat yuksak maqsadlar sari intilayotgan, taraqqiyot yoʻlidan jadal ildamlayotgan hozirgi kunda jahon hamjamiyati oldida global ekologik muammolarni hal etishdek jiddiy vazifa turibdi. Chunki ekologik inqiroz, atmosferaning buzilishi, issiqxona effekti, ozon qatlami yemirilishi, dunyo okeani ifloslanishi, tuproqning unumdor qatlami yoʻqolishi kuzatilmoqda. Tropik oʻrmonlarning kesilishi, choʻllanish, chuchuk suv manbalari hamda yerdagi bioxilmaxillikning kamayishi, maishiy chiqindilar koʻpayishi, kimyoviy va toksik moddalarni zararsizlantirish, iqlim oʻzgarishi allaqachon muayyan davlat chegarasidan chiqib, tom maʼnoda global ekologik muammolarga aylanib bormoqda. Mana shunday murakkab pallada yurtimizda ekologik xavfsizlikni taʼminlash uchun izchil institutsional va tashkiliy choralar koʻrishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan hamda tegishli xalqaro normalarga mos huquqiy baza yaratilgan. Mamlakatimiz BMTning atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror taraqqiyot sohasidagi eng muhim konvensiyalari, Barqaror rivojlanish maqsadlariga qoʻshilib, zimmasiga olgan barcha majburiyatlarni bajarib kelmoqda. Tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilikni amalga oshirish mexanizmi ishlab chiqilgan, maqsadli davlat dasturlari, milliy harakat rejalari hayotga tatbiq etilayotir.
Ayniqsa, davlatimiz rahbari tashab busi bilan 2021-yil 5-noyabrda “Yashil makon” umummilliy loyihasi eʼlon qilinishi hamda Prezidentimizning oʻtgan yil 30-dekabrdagi “Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora- tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni muhim ahamiyat kasb etdi. Loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta koʻchati ekish rejalashtirilgani yaxshi natija bermoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, hozir dunyo boʻyicha 3 trillion atrofida daraxt mavjud. Biroq har bir daqiqada ularning 27 ta futbol maydoniga teng qismi kesilmoqda. Mamlakatimizda esa 2019-2020-yilda oʻtkazilgan “Bir million daraxt” aksiyasi davomida barcha hududlarda jami 3 million 800 ming tupga yaqin mevali va manzarali daraxt koʻchati ekilgan. Zero, tabiatni eʼzozlash va uni qadrlash ajdodlarimizdan meros boʻlib, milliy qadriyatlarimizga singib ketgan. Asrlar osha maʼnaviyatimizning bir boʻlagi sifatida shakllangan. Xalqimizning tabiatga ehtiromini endi yosh avlod qalbiga singdirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Jumladan, mamlakatimizda barcha mahalliy davlat hokimiyati organlarining oʻz hududida “Obod mahalla” dasturi va “Yashil makon” milliy loyihasi doirasida obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish, istirohat bogʻlari barpo etish, koʻchatlar ekish va ularni parvarish lash ishlarini jadal olib borishida ham ekologik targʻibot-tashviqot hamda ekologik taʼlim katta oʻrin egallaydi. Kechagi yigʻilishda ham davlatimiz rahbari aholining ekologik madaniyatini oshirish haqida soʻz yuritib, jumladan, shunday dedi: “Avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashlari uchun biz tabiatga mehr va eʼtibor berishimiz, u bilan uygʻun boʻlib yashashimiz kerak. Bu nima degani? Bu — tabiatni toza-ozoda tutish, yer va suv resurslarini, ekologik tizimni asrash, daraxt ekib, bogʻ yaratish degani. Eng muhim masala — aholining ekologik madaniyatini oshirish haqida jiddiy bosh qotirishimiz zarur”.
“Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonunning 4-moddasida nazarda tutilgan, barcha turdagi taʼlim muassasalarida ekologik taʼlim majburiyligiga oid talablar yetarli darajada oʻz ifodasini topgan. Ekologik taʼlimning huquqiy asoslaridan biri esa Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-maydagi qaroriga asosan, qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasida ekologik taʼlimni rivojlantirish konsepsiyasidir.
Prezidentimizning 2021-yil 30-dekabrdagi “Atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ekologik nazorat sohasidagi davlat organlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ekologik taʼlim-tarbiya jarayonini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Mazkur hujjat sohada davlat boshqaruvi samaradorligini taʼminlash hamda bu borada sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish, aholi, xususan, yoshlar oʻrtasida ekologik taʼlim-tarbiyani takomillashtirish vazifasini kun tartibiga qoʻydi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish yoʻnalishini korrupsiya siz sohaga aylantirish, ekologik tarbiya, targʻibot va taʼlim tizimini tashkil etish, ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy taʼlim muassasalari faoliyatiga koʻmaklashish choralari belgilandi. Jumladan, ekologik taʼlim jarayonida bioxilmaxillikni asrash, tabiat boyliklaridan oqilona foydalanish, ekologik xavfsizlikni taʼminlash, ayniqsa, chiqindini belgilangan joylarga tashlash boʻyicha yoshlarning dunyoqarashini oʻzgartirishimiz lozim. Chunki notoʻgʻri va palapartish munosabatimiz ona tabiatimizning inqirozga uchrashishiga olib kelib, insoniyatning turmush tarzi va kelajagiga tahdid solmoqda.
Masalan, ekologik taʼlim jarayonida yoshlarga ishlatilgach, tashlab yuboriladigan chiqindilar qancha vaqtgacha saqlanib turishi, ularning jamiyat, tabiat va inson hayoti uchun naqadar xavfli ekanini tushuntirish oʻrinlidir. Aniq misollar keltiradigan boʻlsak, penoplast umuman chirimaydi, oyna 1000-yildan ortiq, alyuminiy idish 500-yil, plastik idish 450-yil, plastik taglik (pampers) 250-500-yil, sellofan paket va folga qogʻoz, avtomobil akkumlyatori, batareyka, gʻisht va beton boʻlaklari 100-yil, konserva bankasi va plastik idish 50 yil, charm poyabzal va neylon mato 40 yil, sut va sharbatning karton idishi 5 yil, faner 3 yil, gazeta va kitob qogʻozi 2 yil, karton qogʻoz 2 oy, oziq-ovqat chiqindisi 1 oygacha saqlanadi. Shularni eʼtiborga olib, birinchi galda, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash sohasini hamda ekologik taʼlim tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqish zarur. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish tashkilotlarining ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya boʻlinmalari bilan yaqindan hamkorligini oʻrnatish hamda qoʻshma profilaktik tadbirlar va oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazish amaliyotini yoʻlga qoʻyish mumkin. 2022-yil 1-dekabrga qadar ishlab chiqiladigan Ekologik kodeks loyihasiga alohida ekologik taʼlim-tarbiyaga oid moddalar kiritilishi maqsadga muvofiq. Shuningdek, ekologik taʼlim va tarbiya berish jarayonida ekologiyaga oid qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish va ixchamlashtirish, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida jamoatchilik nazoratining roli va taʼsirini oshirish, bioxilmaxillikni asrash, tiklash va koʻpaytirishning aniq mexanizmlari va ragʻbatlantirish tizimini joriy etish lozim. Atrof-muhitni muhofaza qilishda davlat tashkilotlari va fuqarolarning huquq va majburiyatlari, ekologik nazorat va monitoring turlarini amalga oshirish tartibi, shu jumladan, “yashil iqtisodiyot”ni ragʻbatlantirish choralari, ekologik ekspertizani amalga oshirish tartibiga oid talablarni batafsil koʻrsatish maqsadga muvofiq.
Xullas, ekologiya taʼlim sohasidagi qonun hujjatlarini zamon talabi asosida yanada takomillashtirib borish, izchil ijrosini taʼminlash, ularning mazmun-mohiyatini kengroq tushuntirib, joylarda targʻibot-tashviqot tadbirlarini yanada kuchaytirish zarur. Bu aholining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga munosabatini ijobiy tomonga oʻzgartirib, tabiat boyliklaridan samarali foydalanish va ularni muhofaza qilishga masʼuliyatini yanada oshiradi.
Jumanazar Xolmoʻminov,
Termiz davlat universiteti professori,
yuridik fanlar doktori