Bugungi kunda mamlakatimizning har bir burchagida, davralarda, barcha ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda konstitutsiyaviy qonun loyihasi qizgʻin va faol muhokama qilinmoqda. Bu orqali yurtdoshlarimiz oʻz haqhuquqlariga befarq emasligini namoyon etib, xalq sifatida ertangi kuniga daxldorlik namunasini koʻrsatayotgani bor gap.

Asosiy qonunimizda oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoyalash, ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan rivojlanishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish majburiyati kuchaytirilmoqda. Bu qoidalar ayni paytda yosh avlod taʼlim-tarbiyasi bilan shugʻullanayotgan 685 mingdan ortiq oʻqituvchining professional oʻsishi, ijtimoiy, moddiy qoʻllab-quvvatlanishi, ijtimoiy maqomi va obroʻsini yanada oshirishga xizmat qiladi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ilm-maʼrifat bilan bogʻliq moddalar qatʼiy belgilanayotgani eʼtiborga molik.

Jumladan, 50-moddada “Har kim taʼlim olish huquqiga ega. Davlat uzluksiz taʼlim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari rivojlanishini taʼminlaydi. Davlat maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Davlat bepul umumiy oʻrta taʼlim va boshlangʻich professional taʼlim olishni kafolatlaydi. Umumiy oʻrta taʼlim majburiydir.

Maktabgacha taʼlim va tarbiya, umumiy oʻrta taʼlim davlat nazoratidadir. Taʼlim tashkilotlarida alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim va tarbiya taʼminlanadi”, 51-moddada “Fuqarolar davlat taʼlim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy maʼlumot olishga haqli. Oliy taʼlim tashkilotlari qonunga muvofiq akademik erkinlik, oʻzini oʻzi boshqarish, tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqitish erkinligi huquqiga ega”, 52-moddada “Oʻzbekiston Respublikasida oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etiladi. Davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi”, deb belgilab qoʻyilyapti.

Konstitutsiyamizga oʻqituvchining qadr-qimmatini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qoida kiritilishi uzoqni koʻzlab qilingan savobli ishdir. Germaniya kansleri Otto fon Bismark “Buyuk Germaniyani oddiy oʻqituvchilar shakllantiradi”, deb aytgan edi. Darhaqiqat, inson jamiyatni, taʼlim esa insonni oʻzgartiradi. Taʼlimning markazida esa oʻqituvchi shaxsi turadi. Shunday ekan, muallimning hurmatini joyiga qoʻyishimiz kerak.

Taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham ilm-fan, taʼlimtarbiyadir. Shuning uchun yurtimizda oʻqitish tizimini kompleks rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlashga katta kuch va mablagʻ yoʻnaltirilmoqda. Bugungi modernizatsiya jarayoni, islohot va oʻzgarishlar natijadorligi maktab taʼlimiga, yangi avlod kadrlari yetishtirish masalasiga borib taqalayotir.

Shu sababli Prezidentimiz oʻqitish sohasiga kuyunchaklik bilan eʼtibor qaratyapti. Zotan, mamlakat kelajagi, barcha soha va loyihalarning muvaffaqiyati bilimli insonlarga bogʻliqligi kundek ravshanlashmoqda. Taʼlim sifatini yaxshilash, oʻqituvchilar mavqeini oshirish boʻyicha koʻp ish qilindi. Ayniqsa, oldinlari oʻquv yili ibtidosini, muallimning yozilmagan yillik ish rejasini paxta mavsumining boshlanishi belgilab berardi.

Qahraton qishga qadar davom etadigan bu mavsumni oʻqituvchi oʻquvchilari bilan birga yollanma terimchi sifatida dalada oʻtkazardi. Biroq shu bilan uning yollanma ishchiligiga yakun yasalmasdi. Qishda bir muddat kasbi bilan shugʻullanishiga imkon berilsa-da, bir dunyo qogʻozbozlikdan ortib, oʻquvchilariga vaqt ajratolmay qolardi. Bahor boshlanishi bilan yana dala yumushlariga jalb qilinardi.

Bundan tashqari, obodonlashtirish, qurilish ishlarida dastyorlik ham pedagoglarning zimmasida edi. Bu xizmatlari uchun esa arzimagan maosh toʻlanardi. Muallimning obroʻsi, shaʼni, qadri haminqadar baholangani tufayli aksariyat oʻqituvchilar ishini tashlab, boshqa sohalarga oʻtib ketdi. Tizimda erkak pedagoglar deyarli qolmadi. Oʻqitish sifati va samaradorligi, oʻqituvchilarning sifat tarkibi ham shunga mutanosib edi.

Endi mamlakatimiz yangi davrga qadam qoʻydi. Oʻqituvchi faoliyati doirasiga kirmaydigan barcha yumushlardan ozod etildi. Hatto pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Jinoyat hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.

Endi qonunchilikka binoan, mehnatga biror-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash taʼlim tashkiloti pedagog xodimiga nisbatan xuddi shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanishiga, yana sodir etilsa, BHMning 150 barobaridan 200 barobarigacha (45 million soʻmdan 60 million soʻmgacha) miqdorda jarima, 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlariga hukm etilishiga sabab boʻladi. Bu ham jamiyatda oʻqituvchilar qadri, shaʼni, obroʻ-eʼtiborining amaldagi himoyasidir.

Bugun pedagoglarning oldiga yosh avlodni yetuk va komil inson qilib tarbiyalash vazifasi qoʻyilgan. Buyuk Arximed “Yerning tayanch nuqtasini topib bersangiz, men uni koʻtara olaman”, degan edi. Prezidentimiz taʼlimning tayanch nuqtasini topdi. Pedagoglar mehnati qadrlanishi, eʼzozlanishi, ijtimoiy himoyaga olingani buning isbotidir. Jamiyatda muallimning mavqeini, oʻqituvchilik kasbi nufuzini oshirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Jumladan, soʻnggi yillarda pedagoglar oylik maoshining 2,5 barobar oshirilgani buning tasdigʻidir. Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida toʻrtinchi ustuvor yoʻnalish aynan taʼlim sohasini, inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgani ham bejiz emas. Islohotlar oʻqituvchilarni maktabga qaytarish, ularni taʼlimdan boshqa, xizmat vazifasiga kirmaydigan barcha ishlardan, ortiqcha qogʻozbozlikdan ozod qilishdan boshlandi.

Buning natijasida muallimning oʻz ustida ishlashi va bolalarga qoʻshimcha dars berishiga imkoniyat yaratildi. Maktabning samarasi bitiruvchilarning hayotda muvaffaqiyatga erishishi bilan oʻlchanadi. Pedagog faqat maosh olish uchungina bu kasbni tanlamaydi. Bolalarga mehr qoʻygan, sohaga fidoyi, ishini yaxshi koʻrgan insongina oʻqituvchi boʻla oladi. Koʻpgina fidoyi murabbiylar eng qiyin paytlarda maktabni tark etmaganining boisi ham shunda.

Mayli, paxta tersin, koʻcha supursin, ammo oʻqituvchilikni sharaf deb bilgan, kasbining mashaqqati ortidan rohatlangan ustozlarni hayotda har birimiz uchratganmiz. Yangi Oʻzbekistondagi islohotlar davomida har bir soha vakiliga, aniqrogʻi, pedagoglarga alohida eʼtibor qaratilyapti. Ayniqsa, maktab, kollej va OTM oʻqituvchilari diqqat markazida. Menimcha, eng oliy maqsadlarni koʻzlagan yurtimiz, farzandining baxtu kamolini koʻzlagan har bir oila manfaati nuqtayi nazaridan Konstitutsiyamizga kiritilgan bu oʻzgarish oʻz vaqtida qabul qilingan toʻgʻri qarordir.

Oʻqituvchining obroʻsi baland yurtning buguni va kelajagi ham buyuk boʻladi. Prezidentimiz masalaning ana shu nozik tomonini koʻra oldi. Maqsad — taʼlim tizimini oyoqqa qoʻyish. Busiz islohotlar amalga oshmaydi. Buni bitta vazirlik yoki agentlik hal qilolmaydi. Bunga butun xalq, jamiyat masʼul. Chunki davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, najotimiz maktabda, taʼlimda, bilimda. Oʻzbekistonda eng hurmatli inson oʻqituvchi boʻlmogʻi zarur.

Ustozga yuksak ehtiromning Konstitutsiyamizda oʻz ifodasini topishi ilm-fan, maʼnaviyat va maʼrifat rivoji, Yangi Renessans poydevorini yaratish uchun kuchli huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi. XXI asr — yuksak intellektual salohiyatli, zamonaviy bilim va malakaga ega, yangicha dunyoqarash va mustaqil fikrli mutaxassislar asri. Bunday avlodni tarbiyalashda ustoz-muallimlarning xizmati beqiyos.

Zero, hozir jahonda mamlakatning taraqqiyot darajasi pedagoglarning jamiyatda tutgan oʻrniga qarab belgilanmoqda. Singapur moʻjizasi bunga misol boʻladi. Biz bugun Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishni maqsad qildik. Maʼrifatli insonga maʼlumki, jamiyat taraqqiyoti asosini ilm-fan, taʼlim-tarbiya, sanʼat, adabiyot, yangi texnologiya, innovatsiyalar tashkil etadi. Ilm-fanni esa, albatta, oʻqituvchi, ustoz oʻrgatadi.

Taʼlim-tarbiya ishini yuqori darajaga koʻtarmoqchi boʻlsak, birinchi navbatda muallimlarning ijtimoiy maqomini koʻtarishimiz kerak. Yana bir masalaga eʼtibor qaratmoqchiman: ilm-maʼrifat bilan bogʻliq moddalarga alohida eʼtibor zamirida chuqur maʼno mujassam. Ilm-maʼrifat — yangi uygʻonish davri poydevori. Uning asosida shu yurt fuqarolarining milliy tafakkuri, milliy gʻoyasi, ertangi kunga, taraqqiyotga ishonchi kamol topadi. Ilm-fan rivojlanar ekan, nafaqat iqtisodiyot, balki ijtimoiy-madaniy sohaning ham taraqqiyoti kafolatlanadi.

Mazkur kafolat esa oʻzida yangi Renessans davrini ifoda etishiga hech shubha yoʻq. Qolaversa, ilm-maʼrifat rivojlanmagan davlat hech qachon toʻlaqonli davlat boʻla olmasligi bizga uzoq tarix hamda bugungi asrimizdagi yuksak taraqqiy etgan ilgʻor mamlakatlar tajribasidan juda yaxshi ayon. Donishmand xalqimiz lafzi bilan aytganda, ilm-maʼrifat ikki dunyo saodatidir. Ilm-maʼrifatsiz kishi berilgan neʼmatlar qiymatini anglab yetmaydi. Shunday ekan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz xalqimizning har jihatdan yuksalishi va taraqqiyoti uchun asos boʻlib xizmat qiladi.