Favqulodda vaziyatlar Parkent tuman boʻlimi 29-kasbiylashgan yongʻin qutqaruv qismi xodimlarining ish tartibi, xizmat vazifalari bilan yaqindan tanishish maqsadida bir oqshomni ular bilan birga oʻtkazishga qaror qildim. Navbatchilik qismi xodimlari har qanday kutilmagan vaziyatlarga shay. Shaxsiy tarkib bilan salomlashib, suhbatlashish uchun ular davrasiga qoʻshildim. Juda quvnoq yigitlar ekan, darrov askiya-payrov boshlab yubordi.

Boʻlinmadagi begʻubor kulgining ovozini buzib telefon jiringladi. Xodimlarning yuzidagi tabassum bir zumda soʻnib, ular jiddiy tortdi. Hamma sergak. Tuyqus yugurishga, oniy lahzalarda asbob-anjomlarni olib mashinaga sakrab chiqishga tayyor.

— Assalomu alaykum, Parkent tuman favqulodda vaziyatlar boʻlimi, eshitaman, — degan dispetcherning ovozi eshitiladi.

Dispetcher atay ovozini balandlatib gapirgani sezildi. Tushunishimcha, boʻlinma xodimlari boshqarmadagi shtab mutaxassisi qoʻngʻiroq qilayotganini bilishsin, bir oz tin olsin, dedi.

Har lahza hushyor, beorom yigitlar bu gal ham tinchlik ekanidan chuqur tin olib, gʻaflat bosmasligi uchun bir-biriga hazillashib, yana gurung boshlaydi. Bu galgi gurung qahramoni ishga yangi kelgan haydovchi — Anvar Sharipov boʻldi. U ham soʻzamon, dilovar yigit ekan. Bu hazillarni toʻgʻri tushunib, qoʻshilib kuladi. Aslida ishga kirganiga olti oydan oshgan boʻlsa ham, jamoada eng yosh kadr shu yigit ekan.

Ularning 24 soatlik ish kuni tongi soat 8-00da navbatchilikni qabul qilib olishdan boshlanar ekan.

  • Navbatchi boʻlinma ish topshiradi, bunda shaxsiy himoya vositalarining shayligi tekshiriladi, – deydi 29-qism boshligʻi,serjant Isomiddin Jamoliddinov. – Keyingi navbat oʻt oʻchirish mashinalariga. Zil-130, Zil-131 rusumli 3ta oʻt oʻchirish mashinalarining 2tasi zirhlangan. Mashinalarning jangovar shayligi har kuni nazorat qilinadi. Har bir ehtiyot qismlari izchil koʻrikdan oʻtkazilib, soz holatga keltiriladi.

Barcha zaruriy texnikalar shay qilib qoʻyilgach, qism komandiri har kuni yongʻin oʻchiruvchilarga alohida, haydovchilarga, dispetcherga, smena boshligʻiga alohida maxsus tayyorgarlik darslarini oʻtib, tushuntirish, targʻibot ishlarini olib borar ekan.

  • Keyin esa navbat jismoniy mashqlarga keladi,– deydi katta leytenant Hayitboy Davronov. – Bu tadbirlarning asosiy sababi voqea joyida xatoga yoʻl qoʻymaslik, favqulodda vaziyatda inson hayotini saqlash bilan birga xizmatchining shaxsiy xavfsizligini taʼminlash maqsadida har bir xodimning vazifalari qayta oʻrgatiladi.

Yigitlar soat tungi 1-30 da kechki ovqatga oʻtirdi. Ha, bu holat kundalik turmush tarziga odatlanganim uchun menga gʻalati tuyildi.

  • Bugun ular tushlik ham qilmadi, – deydi 23 yildan buyon favqulodda vaziyatlar boʻlimi dispetcheri lavozimida ishlab kelayotgan Tursunoy Shokarimova. – Bu kabi holatlar favqulodda vaziyatlar boʻlimi xodimlari uchun odatiy holga aylangan. Ishdan boʻsh vaqtlari ovqatlanadi. Gap shundaki, bugun soat 11-05da Boʻston qishlogʻida joylashgan xonadon omborxonasida yongʻin boʻlayotgani, olov ikki qavatli 1 500dan ortiq xashak bogʻlami saqlanayotgan ogʻilxona binosiga oʻtib borayotgani haqida qoʻngʻiroqni rasmiylashtirib oldim. Zudlik bilan qism boshligʻiga xabar berib, oʻt oʻchirish mashinalarini yoʻlga chiqardik.

Qoʻngʻiroqdan bir daqiqa oʻtmay turib, jangovar oʻt oʻchirish mashinalarida ikkita boʻlinma yoʻlga chiqib, 11-27da voqea joyiga yetib bordi.

  • Olov - tilsiz yov, deydi. Haqiqatan, hech narsani ayamay yopirilib, qurshoviga olganini kul qilguvchi bu kuchli raqibning iskanjasiga faqat qurollanib, tezkorlik, shijoat va matonat koʻrsatibgina bas kelish mumkin, – deydi smena boshligʻi, serjant Murod Nurtoyev. – Koʻrilgan barcha amaliy choralar tufayli yongʻin 13-45da oʻchirildi. Biroq bu yongʻin bartaraf etildi, degani emas. Xashak bogʻlamlarining olovdan butun qolganlari hanuz tutab turardi. Ularni birma-bir tashqariga olib chiqdik, yonib ketishiga yoʻl qoʻymadik. Yongʻin sabab ombor va ogʻilxonaning qariyb 190 metr kvadratiga zarar yetdi. Hayriyatki, hech kim jabrlanmadi.

Oʻzlari tayyorlagan ovqatni kulib-kulib, maqtab yegani bilan, yigitlarning hech biri na ovqatning isini va na taʼmini sezmayapti. Dimoqlari tutun zahri bilan toʻlgan. Yutunganlarida ham kuyindi taʼmi kelib turibdi, shekilli.

  • Yigitlar juda charchagan, oʻn ikki soatda yongʻin boʻlgan joydan qaytib keldi. – deydi Isomiddin aka ohista tushuntirgan boʻlib. – Mingdan ortiq xashak bogʻlamini tashib, yongʻinni toʻliq bartaraf etdi. Yongʻin sabablari oʻrganilganda, omborxonadagi elektr simlarining qizishi oqibati ekanligi oydinlashdi. Eʼtiborsizlikning oqibatida katta miqdorda mulkiy zarar yetdi. Xonadon egasi elektr tarmogʻiga ulanishda keyinchalik ulanishi, ishlatilishi mumkin boʻlgan jihozlarni inobatga olganida, yoki simlarni qizishiga olib keladigan darajada elektr quvvatidan foydalanmaganida edi, bunday boʻlmasdi. Koʻpgina yongʻinlar elektr simlari qizib, qisqa tutashishi, ochiq alangadan foydalanish, xazon yoqish, tamaki qoldigʻini oʻchirmay uloqtirib yuborish kabi eʼtiborsizlar sabab kelib chiqadi.

Yigitlar tungi koʻrsatuvlarni tomosha qilish uchun televizor qarshisida oʻtirsada, quloqlari ding, ruhlari sergak. Ularga qoʻshilib mening ham dilimdan bir gap oʻtadi: “Tinchlik boʻlsin!”

Boʻlim xodimlari kutilmagan vaqtda, kutilmagan manzilga yetib borishga, favqulodda holatlarda oʻzini yoʻqotmay tezkorlik bilan harakatlanishga oʻrgangan. Biroq ayrim fuqarolar orasida favqulodda vaziyatlar boʻlimiga nisbatan ishonchsizlik kabi salbiy munosabatlar uchrab turadi. Mana shu masala borasida dispetcher Tursunoy Shokarimova batafsil tushuntirib berdi:

– Masalan, yongʻin boʻlayotganini aytib xabar berilganda, murojaatchidan qayta bogʻlanish maqsadida telefon raqami, ism-sharifi soʻralsa, fuqarolar notoʻgʻri mulohaza yuritib, eʼtiroz bildiradi. Yoki, yongʻin vaqtida voqea joyida yaqin atrofda suv zaxirasi mavjudligi soʻralsa, oʻt oʻchirish mashinasi suvsiz kelgani toʻgʻrisida gapiriladi. Aslida esa oʻt oʻchirish mashinasida ikki tonna toʻrt yuz litr suv boʻlib, bu suv bor-yoʻgʻi 10-15 daqiqaga yetadi xolos.

Yana bir holat, favqulodda vaziyatlar boʻlimi xodimlar uyma-uy yurib fuqarolardan pul yigʻishi toʻgʻrisidagi asossiz gaplar. Favqulodda vaziyatlar boʻlimining asosiy vazifasi yongʻinlarning oldini olish, fuqarolarga tushuntirishlar berish, yongʻinlarni bartaraf etish, qutqaruv ishlarini olib borishdan iborat. Ana shu jihatdan fuqarolar yongʻinga qarshi kurashuvchi masʼuliyati cheklangan jamiyatlar xodimlari bilan favqulodda vaziyatlar boʻlimi xodimlarini adashtiradi. Jamiyat xodimlari fuqarolarga tushuntirish, tavsiyalar berishni pullik asosda olib boradi. Moʻrilarni tozalash kabi pullik xizmat koʻrsatadi. Favqulodda vaziyatlar boʻlimi xodimlari esa hech qachon, hech qanday sabab bilan uyma-uy yurib pul yigʻishlari mumkin emas. Ular xonadonlarda bepul oʻrganishlar olib boradi va yongʻin xavfsizligi, texnika va sanitariya xavfsizligi yuzasidan zaruriy koʻrsatmalar beradi.

Tursunoy opa, telefondan nari ketmas ekan. Goh boshqarma, goh shtabdan qoʻngʻiroq qilib, maʼlumot soʻraydi. Maʼlumotlar toʻgʻri va aniq yetkazilishi talab etiladi albatta. Dispetcher xonasida ehtiyot shartidan ikkita telefon apparati (biri ishdan chiqsa, ikkinchisi ishlayveradi) va ratsiya oʻrnatilgan ekan. Boʻlinma boshligʻi maʼlumot olish, yoki yordamchi kuch chaqirish maqsadida nafaqat tuman dispetcheri, balki qoʻshni tumanlar, yoki shtab bilan koʻchma ratsiya orqali bogʻlana olar ekan.

Ayolining 24 soat davlat ishida ishlashi hech bir erkakka yoqmaydi albatta. Biroq Tursunoy opa oʻzining shijoati, matonati sabab, ham ishlab, ham roʻzgʻorni eplab kelayotganini ilgʻash qiyin emas.

– Hammasi yaxshi boʻlavermaydi hayotda. Ishdan afsuslangan vaqtlarim ham boʻlgan, ayniqsa bayram, toʻy yoki marosimda qatnasha olmay qolaman, – deydi Tursunoy opa. – Eng yomoni ish vaqtida, murojaatchi uyi yonayotganiga alamidan soʻkib, baqirganida boʻlgan. U fuqarodan xafa boʻlmaganmanu, qattiq yigʻlaganman oʻshanda. Keyinroq oʻsha kishi qoʻngʻiroq qilib uzr soʻragan.

Favqulodda vaziyatlar boʻlimida fidoiy xodimlar ishdan koʻngil uzmay, xalq tinchligi, farovonligi uchun xizmat qiladi ekan, osoyishtaligimiz ishonchli qoʻllarda ekaniga yana bir bor amin boʻldim. Xalqimiz hech kimga “uying kuysin” - demaydi aslo. “Tinchlik boʻlsin, sogʻlik boʻlsin”, deydi. Tuman favqulodda vaziyatlar boʻlimi xodimlari har bir kunni yaratganning inoyati – deb bilib, yangi tongni umid bilan qarshilaydi. Aholi tinchligi, osoyishtaligi uchun xizmat qilayotganlarini ich-ichidan sezib, fidokorona xizmat qiladi.

Tungi navbatchilik tinch oʻtdi. Soat 8-00da keyingi navbatchi guruh xizmatni qabul qilib ola boshladi. Yana shaxsiy himoya vositalari, asbob-anjomlar koʻrikdan oʻtkazildi.

Barcha xodimlar bilan xayrlashib, navbatchi dispetcherga xizmatini topshirgan Tursunoy opa bilan eshikdan chiqarkanmiz, yuz-koʻzi allanechuk tanish bir yigit yonimizga yugurib keldi.

  • Assalomu alaykum, oyijon, navbatchilik yaxshi oʻtdimi?
  • Rahmat, bolam, oʻzing oʻzing yaxshimisan, yaxshi oʻtiribsizlarmi? Tanish,

“Parkent tongi” gazetasidan muxbir keldi. (Menga qarab) Oʻgʻlim Ismoiljon, qutqaruvchi-oʻt oʻchiruvchi boʻlib ishlaydi. (Oʻgʻliga) Ishqilib, yaxshi ovqatlandingmi?

Dostonbek Sharipov,

Toshkent viloyati Parkent tumani
“Parkent tongi” gazetasi muxbiri.