Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi majlislar zali suv quygandek jim-jit. Bir necha daqiqadan soʻng davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashrifi doirasida Qoraqalpogʻistonni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari muhokamasi boʻyicha yigʻilish boshlanadi.
Yigʻilish Kegeyli tumanida boʻladi, qolgan barcha tuman va shaharlar vakillari videokuzatuv orqali ishtirok etadi.
Shu lahzalarda bir qur atrofiga razm solgan kishi barchaning yuzu koʻzida Prezidentimiz bu safar bizni qanday yangiliklar bilan siylaydi, oldimizga qanday vazifalar qoʻyadi, degan nozik hayajonni ilgʻaydi.
Bu tabiiy hol. Zero, mamlakatimiz rahbari joylardagi bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar ijrosi bilan tanishish, xalq bilan yuzma-yuz uchrashish maqsadida qaysi viloyatga bormasin, albatta, qilingan ishlarni xalq bilan birgalikda muhokama-tahlil qiladi, odamlarning turmushini farovon qilish, iqtisodiy holatini yuksaltirish boʻyicha yirik loyihalarni oʻrtaga tashlaydi. Shu tarzda soʻrovlar, hisobotlar, savol-javoblar, topshiriqlar boshlanadi..
Bu galgi muloqot avvalgilaridan boshqacharoq boshlandi. Tadbir avvalida 6 ta yangi korxonani ishga tushirish marosimi boʻldi.
Beruniy tumanidagi “Beruniy bugʻdoy klaster” hamda “Rayhon apparel”, Qoraoʻzak tumanidagi “Qoraqalpoq sement” zavodining 3-bosqichi, Qoʻngʻirot tumanidagi “KKRasi kemikal”, Nukus shahridagi “Azimut hotel”, Toʻrtkoʻl tumanidagi “Xozagro” vakillari videoaloqa orqali majmualar salohiyati haqida axborot berdi. Bu korxonalarda jami 1100 ta doimiy ish oʻrni yaratiladi, ular orqali ishlab chiqarishga 300 milliard soʻm, eksportga 20 million dollar qoʻshiladi.
Prezidentimiz ramziy tugmani bosdi, yangi korxonalar ishga tushdi, qarsaklar yangradi.
Qarsaklar yangrayotganda Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 20-avgust kuni Qoraqalpogʻistonga tashrifi chogʻida aytgan bir soʻzi esimga tushdi. — Men sizlar bilan uchrashganda, — degan edi oʻshanda davlatimiz rahbari, — sizning qizgʻin qarsaklaringizni emas, koʻzlaringizdagi quvonchni koʻrish uchun kelaman. Sababi, tarixdan yaxshi maʼlum, qoraqalpoq xalqi tarixda hamma vaqt qaygʻu-alam, ogʻir dard bilan kun kechirgan.
Prezident bekorga aytgan emasdi bu soʻzlarni. Qoraqalpoq xalqi oʻtmishini yaxshi bilgan, dardu tashvishlarini dil-dilidan his qilgan odam aytishi mumkin edi bunday gaplarni.
Illo, har bir xalqning uzun tarixi, bosib oʻtgan yoʻli, boshidan kechirgan issiq-sovuq kunlari bor. Toʻfonu boʻronlar girdobida toblanib, chiniqmagan elat ham, millat ham yoʻq bu dunyoyi dunda. Ammo hech kim qoraqalpoqchalik achchiq izgʻirinlarga duch kelmagan boʻlsa kerak.
Kechmishi miloddan avvalgi asrlarga borib taqalguvchi bu xalq xalq boʻlib shakllangandan boshlab qaygʻuli damlarga yuzma-yuz kelaverdi: zoʻravonlar qutqusiga uchradi, bir manzilda qoʻnim topolmadi, “koʻcha-koʻch”, “qocha-qoch” deyilmish tahlikalar ostida umrguzaronlik qilishga majbur boʻldi. Orol boʻylarida baliqchilik, chorvachilik bilan tinchgina yashab yurgan, ilk manbalarda “qora boʻrkli”, moʻgʻullar istilosi davrida “qavmi kulohi siyah” deb atalgan qoraqalpoqlarni Chingiz lashkarlari Rus choʻllariga haydadi.
Zamon xoʻrliklarini qoraqalpoqning ulugʻ shoiri Berdaq bunday ifodalaydi:
Zolimlar tinglamas faqirning zorin,
Ular oʻylar oʻz foydasin, oʻz korin,
Hech qachon zolimlar qoʻldagi borin —
Ep koʻrmaslar bor boʻlsa-da, xalq uchun.
Bir muddat Kiyev Rusi dashtlari, Volga-Ural oraliqlari, keyin Irtish sohillari omonat boshpana boʻldi qoraqalpoqlarga. Undan keyin Sariqamish, Oʻzboʻy, Sayhun boʻylarida kun kechirgan xalq, nihoyat, yer yuzining yarmini aylanib-aylanib, XVIII asr oʻrtalarida, ne-ne mashaqqatlar bilan yana Jayhun sohillariga qaytib keldi. Keldi ota makoniga. Biroq koʻchkoʻchlar boʻronida necha minglab oʻgʻil-qizidan bevaqt ayrilgan “qora boʻrkli”larning manglayiga osoyishta damlar hali yozilmagan ekan: yana quv-quvlar, hayda-haydalar, urushlar, qon toʻkishlar... Gapirsang tiling, gapirmasang diling kuyadi. Chor Rossiyasi istilosi va shoʻrolar zamonida goh Rossiya, goh Qozogʻiston tarkibiga oʻtkazib-qaytarilgan “qavmi kulohi siyah”lar, nihoyat, Oʻzbekiston bilan bir davlat, bir mamlakat maqomiga ega boʻlgandan keyingina azaliy orzulariga yetdi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan soʻng haq oʻz oʻzaniga qaytdi. Ayniqsa, keyingi 5-6 yil ichidagi oʻzgarishlar, qurilayotgan birbiridan koʻrkam uylar, madaniyat-maʼrifat koshonalari, sport majmualari, zavodlar, fabrikalar, koʻchalar, koʻpriklar, xiyobonlar, bogʻlar...
Hozir qarsaklar jaranglab turgan ushbu daqiqalarda, davlatimiz rahbari qarsaklardan emas, qoraqalpogʻistonliklarning chehrayu koʻzlarida oʻzi orzu qilgan quvonch yolqinlarini koʻrayotganidan baxtiyor ekani sezilib turgandek edi, nazarimda. Axir, bunday muborak kunlarga yetib kelish oson boʻldimi?! Necha martalab tashrif buyurdi qoraqalpoq oʻlkasiga. Ana shu tashriflar tufayli qoraqalpoq diyorining eng olis ovullariga yangi hayot kirib bordi. Birgina Orolni, Moʻynoqni bir nafas koʻz oldingizga keltiring. Qanchalar mushkul va ayanchli edi bu yerlardagi manzara. Aeroport tugul, yolgʻizoyoq yoʻllar ham koʻmilib, yoʻq boʻlib ketgan Moʻynoqqa Toshkentdan koʻtarilgan birinchi raqamli bort, yaʼni Prezident oʻtirgan samolyot 2022-yil 23-fevral kuni kelib qoʻndi. Ungacha Prezidentimizning oʻzi ikki marta — 2018 va 2019-yillarda Moʻynoqqa borgan, moʻynoqlik yoshullilar, mahalla raislari, yoshlar bilan uchrashgan, suhbatlashgan, maslahatlashgan va oʻshanda “Madaniyat Oroldan boshlanadi”, degan gʻoyani ilgari surgan edi. Tashrif chogʻi Shavkat Mirziyoyevning oʻzi Orol dengizining qurigan joyiga borib, vaziyatni koʻrdi.
Bir paytlar ming-minglab odamlar farovon hayot kechirgan, tonnalab baliqlar ovlangan, dengiz va unga tutash daryoyu yaylovlarda qoʻy-qoʻzilar oʻtlab yurgan, qushlar sayrogʻi, yoshyalanglarning kuy-qoʻshiqlari jaranglab turgan manzilning bunday abgor ahvolini koʻrish, uning kelajagini tasavvur qilish qanchalar mushkul.
Prezidentimiz ahvolni teran baholab, bu dahshatli muammoni oqilona hal qilishni oʻyladi. Albatta, shu paytgacha ham mazkur fojiani tuzatishga oid xalqaro rejalar, ilmiy strategiyalar, turli-tuman jamgʻarmalar bor edi. Orolni qutqarish tashkilotlari faoliyati toʻxtagan emas, faqat natija yoʻq edi. Prezident yangi strategiya taklif qildi. Muammoni hal qilish uchun Orolning qurib qolgan qismiga oʻsimlik ekib, tuzli, zaharli toʻzonni toʻxtatib, uning oʻrniga yashil iqtisodiyotni tashkil etishni ilmiy asoslab berdi. Jahon hamjamiyati bu fikrni insoniyat tarixidagi donishmandlikning yana bir yutugʻi sifatida baholadi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Orolboʻyini odamlarga rizq ulashadigan, ish va daromad manbai boʻladigan makonga aylantirish boshlandi. Qoraqalpogʻiston tumanlari muayyan viloyatlarga biriktirildi. Oʻzbekiston oyoqqa qalqdi, Oʻzbekiston Orol boʻylarini obod qilishga astoydil bel bogʻladi. Avvalo, atrofni, havoni tozalash, dengizning qurigan tubidan koʻtarilayotgan million-million tonna chang va zaharli tuzlarni kamaytirish maqsadida shoʻrga chidamli oʻsimliklar ekishga kirishildi. El biriksa, togʻni talqon, choʻlni boʻston qiladi. Orol sohillarida hayot qaynadi, minglab odamlar bel, ketmon koʻtardilar, yuzlab traktor gurillab yer haydadi, samolyotlar osmondan urugʻ sepdi. Avvalgi 40 yillar davomida Orolning qurigan tubiga bor-yoʻgʻi 400 ming gektar saksovul ekilgan boʻlsa, ana-mana deguncha dengizning suvi qurigan 2 million gektardan ortiq qismiga saksovul, qoraboʻroq, qandim, cherkez kabi choʻl oʻsimliklari ekilib, toʻqayzor barpo etildi.
Prezident bu orada BMT Bosh Assambleyasi sessiyalarida soʻzga chiqdi, xalqaro sammitlarda muhim takliflarni ilgari surdi. Dunyo ahlini yana va yana Orol fojiasi va uning oldini olishga qaratdi. Shu tarzda Orol muammosiga qarshi kurashda dunyodagi barcha davlatlar birligini tashkil qilgan Trastfondga asos solindi. Xalqning yoʻqolib borayotgan umidlari tiklandi.
Prezidentimizning yana bir tashabbusi bilan Orol boʻyining flora va faunasini yaxshilash boʻyicha milliy dastur ishlab chiqildi.
Respublikaning boshqa tumanlarida ham ishlar bir nafas boʻlsa-da, toʻxtagan emas. Buxoro viloyati tadbirkorlari Xoʻjayli, xorazmliklar Shumanay, samarqandliklar Nukus, sirdaryoliklar Qonlikoʻl tumanlarida bogʻlar, uzumzorlar, ixcham issiqxonalar tashkil qildi. Qolgan tumanlarda undan-da salmoqli loyihalar bajarildi. Jumladan, qoramol, qoʻy va echki koʻpaytirish, parranda, quyonchilik va asalarichilikni rivojlantirish izga tushdi. Buning uchun xonadonlarga qoʻy va echki, quyon va asalari tarqatildi. Yuz minglab gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etildi. Bunday muhim yumushlar hamon shiddat bilan davom etmoqda.
Har safar Qoraqalpogʻistonga kelganida mazkur masalaga jiddiy eʼtibor beradigan Prezident bu safar ham yana alohida toʻxtalib oʻtdi: — Biz bitta el va bitta yurtmiz! Hamma viloyatlar Qoraqalpogʻistonni rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshishga bel bogʻlagan. Har bir tumanga vazirlar, viloyat hokimlari, idora va banklar rahbarlari biriktirilgan. Buning natijasi barcha tumanlarda koʻrinyapti va bu ishlar toʻxtamaydi.
Prezidentimizning hozirgi baxtiyor holati yana bir manzarani — 2016-yil 10-noyabr kuni Shumanay tumanida boʻlib oʻtgan saylovoldi uchrashuvida aytgan mana bu gaplarini esimga tushirdi: — Men nafaqat oʻzbek xalqining, balki qoraqalpoq xalqining ham farzandiman. Bundan buyon har bir tuman va shaharga, kerak boʻlsa, chekka-chekka qishloq va ovullargacha kirib boramiz. U yerda istiqomat qilayotgan odamlarning dardini eshitamiz, muammolarini hal qilishga qaratilgan dasturlar ishlab chiqamiz va ijrosini qatʼiy nazoratga olamiz.
Shunday ham boʻldi. Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik lavozimiga kirishishdan boshlab Qoraqalpogʻistonga alohida eʼtibor qaratdi. Qoraqalpoq diyorida boshlangan islohotlarning barchasi doimiy nazoratga olingani bois, loyihalar izchil amalga oshirilmoqda.
Shu oʻrinda ayrim faktlarga eʼtibor beramiz.
Qarang, soʻnggi olti yilda hududda 15 trillion soʻm investitsiya hisobiga 5 ming 300 dan ziyod loyiha yuzaga chiqdi. Tadbirkorlar soni ikki barobar koʻpayib, 46 mingta doimiy ish oʻrni yaratildi.
Ilgari sanoat mahsulotlari deyarli ishlab chiqarilmagan oʻlkada metallurgiya kombinati, neft-kimyo zavodi majmualari paydo boʻldi, qurilish materiallari, energiya resurslari va boshqa korxonalar birin-ketin ishga tushirildi. Sanoat kirib kelishi tufayli avvallari koʻrsatkichlari eng past boʻlgan 6 tumanda ishlab chiqarish 2-3 barobar koʻpayishiga erishildi.
Kegeyli shunday qoloq tumanlarning karvonboshisi edi. Ilgari sanoat umuman yoʻq boʻlgan bu tumanda astoydil qilingan harakat va hududlar aro hamkorlik natijasida uchta loyiha ishga tushirildi. “Aqtuba tekstil” shularning biridir. Yiliga uch million donadan ziyod trikotaj mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona ishchilari yiliga 6 million dollarlik mahsulot eksport qilishga bel bogʻlagan. Korxona jihozlarining hammasi Germaniya, Yaponiya, Turkiya kabi davlatlardan olib kelingan eng zamonaviy uskunalardir.
Yana bir ibratli tomoni, korxonaning oʻzida yoshlarni kasb-hunarga qayta tayyorlovchi oʻquv markazi tashkil etilgan. Unda mahallalardagi kasbga qiziquvchi ishsiz yigit-qizlar malaka oshiradi, hunar egallaydi...
Yutuqlar, albatta, quvonchli edi. Ammo Prezidentimiz ulardan qoniqmadi, qoraqalpoq xalqi dasturxoni yanayam toʻkin boʻlishiga asos boʻladigan yangi tashabbuslarni bildirdi.
Qoraqalpogʻistondagi 452 ta mahallaning har biriga toʻgʻridan-toʻgʻri 500 million soʻmdan qoʻshimcha mablagʻ ajratish va shu yilning oʻzida unga 250 milliard soʻm yoʻnaltirish shulardan biri edi.
Bir mahallaga 500 million! Endi shu raqamni tahlil etishga harakat qilaylik. Agar shu pullar toʻgʻri sarflansa, qancha nochor oila ogʻir ahvoldan xalos boʻlishi, qancha ishsizlar ishli, qancha oilalar kichik tadbirkorlik bilan shugʻullanish imkoniyatiga ega boʻladi. 452 ta mahallaning har birida, boringki, 10 tadan odam ishli boʻlganda ham necha yuz kishining qozoni qaynaydi.
Ikkinchi tashabbus — kadastrsiz uylar tilga olinganda koʻplar joyidan turib ketdi. Qarangki, Qoraqalpogʻistonda 38 mingta uy-joy va koʻchmas mulk kadastr qilinmagan ekan. Davlatimiz rahbari soha mutasaddilariga bu masalani tezkorlik bilan bajarish vazifasini topshirdi.
Uy-joy muammosi Qoraqalpogʻiston uchun ham oʻta muhim. Shu yilning oʻzida 4 mingta uy-joy qurilishi va shunga qoʻshimcha ravishda zamonaviy loyiha asosida yana 4 mingta yakka tartibda uy-joy qurishga 4 sotixdan yer ajratilajagi aholini behad xursand qilmasligi mumkin emasdi, albatta.
Qoraqalpogʻistonda ishsizlik muammosi hal boʻlmayotgani, hozir 72 ming rasmiy ishsiz borligi davlatimiz rahbarini qattiq tashvishlantirdi. Buning ustiga, har yili 43 ming yosh mehnat bozoriga kirib kelmoqda. Prezident mana shularni hisobga olib, 193 ming ish oʻrni yaratish va Qoraqalpogʻistonni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish vazifasini qoʻydi.
Yigʻilishdan soʻng Prezidentimiz Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrda millatlararo totuvlikka bagʻishlangan madaniy tadbirda ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbarining bu tadbirda ishtirok etishi hech ham tasodifiy emasdi. Shavkat Mirziyoyev qoraqalpoq xalqining oʻziga xos madaniyati, goʻzal adabiyoti, rangin sanʼatiga talabalik yillaridayoq mehr qoʻyganini koʻp marta tilga olgan, tashriflarining birida esa: “Yoshlikda, talabalik davrida institutimizda oʻtkaziladigan turli tadbirlar, bayramlarda qoraqalpogʻistonlik yoshlar juda faol qatnashar edilar. Ayniqsa, Jizzax, Sirdaryo viloyatlariga paxta terimiga chiqqanimizda, ishdan keyin, kechqurunlari gulxan atrofida qoraqalpoq qizlarimiz, yigitlarimiz Kunxoʻja, Ajiniyoz, Berdaq kabi shoirlardan sheʼr oʻqib, qoʻshiq aytib, raqsga tushganlarida barchamiz qoyil qolar edik.
Men oʻshanda “Boʻzatov”, “Aydinlar”, “Dembermes” degan qoraqalpoq qoʻshiqlarini birinchi marta eshitib, oʻzimni bamisoli sehrlanib qolgandek his qilganimni hozir ham yaxshi eslayman”, deya iftixor bilan eʼtirof etgan edi.
Sahnada Prezident yoshligida suyub ardoqlagan “Shagʻala”, “Dembermes”, “Nigarim” kabi kuy-qoʻshiqlar ijro etildi. Alisher Navoiy, Berdaq, Maxtumquli, Abay, Oʻzbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupov ijodidan namunalar oʻqildi.
Mamlakatimizdagi eng qadimiy teatrlardan biri boʻlgan, ne-ne isteʼdodli sanʼatkorlar, teatr arboblarini kamolga yetkazgan ushbu maskandagi uchrashuv va muloqotlarda davlatimiz rahbari milliy sharqona qadriyatlarimizni ulugʻlovchi asarlarni koʻproq qoʻyish, viloyatlar boʻylab gastrollarga chiqib, yoshlarni teatrga qaytarish, madaniyatni boyitish muhimligini taʼkidladi.
Uchrashuv va muloqotlarda keksayu yosh — hamma oʻlkada hayot manzaralari butunlay oʻzgarib borayotganini gʻurur bilan taʼkidladi.
Darhaqiqat, keyingi yillarda Qoʻngʻirot soda zavodi, dunyodagi eng yirik loyihalardan biri boʻlmish Ustyurt gaz-kimyo majmuasining keng koʻlamda faoliyat yurita boshlagani, Nukus xalqaro aeroportida amalga oshirilgan modernizatsiya ishlari, qamishni qayta ishlab, qurilish materiallari tayyorlaydigan korxonalar koʻpayishi, qizilmiya plantatsiyalari kengayib borayotgani, zamonaviy avtomatlashgan sement, lak-boʻyoq zavodlari ishga tushirilishi va katta hajmli boshqa loyihalar kimni quvontirmaydi, hayratlantirmaydi, deysiz.
Agar Berdaq bobo hayot boʻlganida, bunday tarixiy evrilishlarni koʻrib:
Shoir edim, koʻzim koʻrganin yozdim, Koʻnglimning bilganin, sezganin yozdim, Zamon jafosidan sargʻaydim, ozdim, Kelurmi, deb yaxshi kunlar xalq uchun, deb qon-qon yigʻlamagan, aksincha, Oʻzbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupovdek:
Mehnat desa, yeng shimargan polvonday,
Aravada togʻ keltir de, keltirar.
Doʻstlik desa, yulduz topib olganday,
Oq koʻkragin ezgulikka toʻldirar,
deya hayqirgan boʻlar edi.
Illo, oʻtmishda koʻp azoblar koʻrgan qoraqalpoq xalqi yuksalishning baland choʻqqilari tomon dadil borayotir. Tanti xalqning kelajagi esa yanada porloq. Barcha sohalar shunday shitob bilan rivojlanib boryaptiki, yana 5-10 yildan keyin bu tomonlarga kelgan kishi qoraqalpoq zaminini taniyolmaydi. Shunday, qoraqalpoqliklar xonadoniga quvonch va baxt, Orol boʻylariga qushlaru chorloqlar, Qizilqum choʻllariga saygʻoqlaru tuvaloqlar, koʻllarga noyob baliqlar qaytmoqda.
Qancha-qancha asarlar yoziladi, kinolar yaratiladi, dostonlar toʻqiladi, qoʻshiqlar kuylanadi bu el, bu zamin haqida hali.
Men ham maqolaga sigʻmagan tuygʻularimni sheʼrda ifodalashga harakat qildim:
Goh baxtli entikib, balqdi quyoshing,
Jayhunga sigʻmay goh oqdi koʻz yoshing,
Eh! Ne-ne gʻamlarni koʻrdi bu boshing,
Birda sham, birda choʻgʻ, birda chaqmogʻim — qoraqalpogʻim.
Balki Avestodan qadimdir shoning,
Noming qoraqalpoq, turkiydir qoning,
Toshdan-da qattiqdir har tishlam noning,
Qurdoshim, eldoshim, urugʻ-aymogʻim — qoraqalpogʻim.
Kimlardir qashqirdek taladilar xoʻp,
Kimlardir qozoning yaladilar xoʻp,
Kurashding goh yolgʻiz, gohida toʻp-toʻp,
Koʻklamga yetolmay quvragan bogʻim — qoraqalpogʻim.
Kezinding goh Edil, gohi Yoyiqda,
Yovlar hujum qildi ochkoʻz ayiqday,
Kunlari toʻfonda qolgan qayiqday,
Boʻronda, dovulda ulgʻaygʻan togʻim — qoraqalpogʻim.
Ul qora kunlaring armondir endi,
Senu men — bir ulugʻ karvonmiz endi,
Jasur Yurtboshimiz sarbondir endi,
Ovulim, bovurim, koʻzim, qarogʻim — qoraqalpogʻim.
Orolga qaytmoqda erka chorloqlar,
Yosharib bormoqda kentlar, qishloqlar,
Ustyurtda porlagan yorqin chiroqlar,
Endi oʻchmagaydir — oʻchmas chirogʻim — qoraqalpogʻim.
Gullarga koʻmilgay choʻllaring endi,
Quyoshga koʻmilgay yoʻllaring endi,
Yulduzga yetgaydir qoʻllaring endi,
Ey, mehri bulogʻim, qalbi qaynogʻim — qoraqalpogʻim, qoraqalpogʻim.
Abdusaid KOʻCHIMOV