Yod kam miqdorda uchraydigan hududlarda esa odamlarning bu moddaga ehtiyojini yetarli darajada qoplash uchun qoʻshimcha choralar koʻrish talab etiladi.

Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Nodira Alixanova yod yetishmovchiligi oqibatida kelib chiqadigan kasalliklar va ularning profilaktikasi mavzusida fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

— Yod tanqisligi aqliy zaiflikning asosiy omilidir, — deydi N. Alixanova. — Maʼlumotlarga koʻra, har yili dunyoda 38 millionga yaqin bola yod tanqisligi xavfi bilan tugʻiladi. Qolaversa, bu modda yetishmasligi qalqonsimon bez va ovqat hazm qilish organlari faoliyati bilan bogʻliq turli jiddiy kasalliklarni keltirib chiqaradi.

Bundan tashqari, tirnoqlarning tabaqalanishi, soch toʻkilishi, teri quruqlashuvi, uyquchanlik, charchoq ham organizmda yod taqchilligi alomatlaridandir. Shu sababli bu kabi muammolarning oldini olish maqsadida dunyoda osh tuzini yodlash amaliyotidan keng foydalaniladi.

Organizm uchun kerakli boʻlgan yodni turli dengiz mahsulotlarini isteʼmol qilish yoʻli bilan olish mumkin. Bizning mintaqamizda bunday neʼmatlar serob boʻlmagani sababli osh tuzini yodlashga ehtiyoj tugʻiladi.

Osh tuzining asosiy tarkibiy qismi natriy boʻlib, u qon aylanishi va qon bosimini boshqarish, asab tizimi hamda mushaklar orasidagi uzviy aloqani taʼminlash vazifasini bajaradi. Uning ikkinchi elementi boʻlgan xlor esa ovqat hazm qilishga yordam beradi.

Organizmdagi moddalar almashinuvini meʼyorlashtirish uchun kuniga bir choy qoshiq – 5 gramm osh tuzi isteʼmol qilish tavsiya etiladi. Qolaversa, u yod tanqisligi kasalligining oldini olishga ham xizmat qiladi.

Mamlakatimizda yodlangan osh tuzi “Aholi oʻrtasida mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Qonun asosida ishlab chiqariladi. Davlat standarti talablariga koʻra, osh tuzi tarkibida yod miqdori tonnasiga 40 gramm miqdorda boʻlishi belgilab qoʻyilgan.

Sifatli osh tuzining qadogʻida ishlab chiqargan tashkilot nomi, tovar belgisi, mahsulot nomi, uning navi va yanchilish darajasi, ishlab chiqarilgan sanasi, normativ hujjat nomi, yaroqlilik muddati, yodlash qoʻshimchasi nomi hamda yod ulushi kabi bir qancha maʼlumotlar aks etgan boʻlishi kerak.

Osh tuzlarining saqlanish harorati 28 darajadan oshmasligi lozim. Qotib qolgan, nam tortgan, begona hidlarga ega boʻlgan, yaroqlilik muddati oʻtgan, qadoqlari buzilgan osh tuzlarining foydali xususiyatlari yoʻqolgan boʻladi. Bunday mahsulotlarni isteʼmol qilmaslikni tavsiya qilamiz.

Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.