Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Toshkenboyev, inspeksiya mutasaddilari va oliy taʼlim boʻyicha rossiyalik ekspert Andrey Volkov oʻrtasida onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimini takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar, OTMlarni nufuzli xalqaro reytinglarga kiritish boʻyicha kun tartibida turgan masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida inspeksiya boshligʻi tajribali ekspertga inspeksiya faoliyati va mamlakatda oliy taʼlim tizimida sifat koʻrsatkichlarini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtar ekan, mazkur jarayonlar Oʻzbekiston uchun juda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

— 2018-yildan boshlab oliy taʼlim muassasalarining milliy reytingini aniqlash tizimini yoʻlga qoʻydik. Mazkur tizim orqali OTMlarning nafaqat moddiy texnik bazasi, balki, ilmiy salohiyati, tadqiqotlarni amalga oshirish qobiliyatiga ham baho berish imkoniyatiga ega boʻldik. Mazkur jarayonda koʻzga koʻringan eng muhim jihatlardan biri esa oliy taʼlim muassasalarida fundamental fanlar kengroq rivojlangan. Yaʼni amaliy fanlarni takomillashtirish boʻyicha kun tartibida turgan masalalarimiz yigʻilib qolgan.

Albatta, bu kabi jarayonlar Rossiya tajribasida bir necha yillar oldin bosib oʻtilgan. Shunday ekan, bu boʻyicha oʻzaro tajriba almashishimiz har ikki mamlakat tizimi uchun foydadan xoli boʻlmaydi, — dedi Ulugʻbek Toshkenboyev.

Oʻz navbatida, Andrey Volkov uchrashuv uchun minnatdorlik bildirar ekan, Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar boʻyicha oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

Taʼkidlash lozimki, bugungi kunda mamlakatimizdagi 2 ta oliy taʼlim muassasasini 2030-yilgacha xalqaro reytinglardagi birinchi 500 talikka, 8 ta oliy taʼlim muassasasini birinchi 1 000 talikka kiritish uchun tegishlicha “2+500” va “8+1 000” loyihalari ishlab chiqilgan.

Mazkur loyiha ijrochilari boʻlgan universitetlarni tanlashda 12-15 kishidan iborat mustaqil-xalqaro ekspertlar kengashi tuzilishi kerak. Bunda kengash aʼzolarining yarmi boshqa mamlakatlardan boʻlishi, hatto boshqa qitʼalardan tanlanishi qaror qabul qilishda mahalliychilik va tanish-bilishchilik kabi nuqsonlarning oldini olishga xizmat qiladi. Kengash aʼzolarini toʻgʻri tanlashning oʻzi katta masʼuliyat. Chunki ekspertlar ham boshqaruv sohasida, ham ilm-fan borasida yetarli tajriba va salohiyatga ega boʻlishi talab qilinadi. Shuningdek, kengash aʼzolari orasida yirik biznes vakillari boʻlishi ham muhim. Chunki taʼlim jarayonini ishlab chiqarish bilan bogʻlash orqali taʼlim natijasining iqtisodiyot oʻsishiga keskin taʼsiriga erishish mumkin. Mazkur kengash universitetlar tomonidan taqdim qilinadigan rejalarni oʻrganib chiqqan holda kerakli xulosa berish orqali universitetlarni moliyalashtirishga tavsiya beradi.

Kengash ishida universitet rektorlari oʻz rejalarini bayon qiladi. Bu jarayon toʻliq savol-javoblar va muhokamalardan iborat boʻladi. Ishtirokchi universitetlar kengashda oʻz imkoniyatlarini, taʼlimdagi koʻrsatkichlari bilan bir qatorda kelgusi 5 yillik strategik rejalari, ularni amalga oshirish mexanizmlarini toʻliq namoyish qilishadi. Shunday soʻng kengash aʼzolari taklif etilayotgan rejaning puxta ishlab chiqilganligi, uni amalga oshirish guruhining mavjudligi, tanlangan maqsadlarning zamon talabiga mosligi va boshqa jihatlariga eʼtibor beriladi.