“...Uzoq yillik tajribamdan xulosam shulki, ijodkor isteʼdodining darajasidan qatʼiy nazar, iloji boricha oʻzini yolgʻon-yashiqdan olib qochsin. Iloji boricha katta va kichik haqiqatlarni bir-biridan farqlay olsin. Yaʼni har doim ham shaxsiy kechinmalarini butun bir xalqning kechinmalari deb eʼlon qilishdan oʻzin tiysin...” – deydi Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning “Koʻrgan bilganlarim” deb nomlangan maqolasida. Ha, ustoz shoirimiz xalq dardini oʻz shaxsiyati filtridan oʻtkaza bilgan buyuk isteʼdod sohibi edi. U oʻzining shaxsiy dardini xalqniki deb emas, balki xalqning dardini oʻziniki deb bildi. Filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov bilan bu ulkan qalb yolqinlari nurafshon etgan kengliklar va hayot haqiqatlari aks etgan ijod durdonalari borasida suhbatlashdik.
– Abdulla Oripovning ilk kitobi – “Mitti yulduz” 1965-yilda nashr etilgani maʼlum. Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov: “Mitti yulduz”ning paydo boʻlishi sheʼriyatimiz osmonida yangi quvnoq, charogʻon yulduz paydo boʻlganidan darak beradi”, deb yozgan ekan oʻshanda. Munaqqidlarimizning taʼkidlashicha, zamonaviy oʻzbek sheʼriyatining keyingi oltmish yillik yoʻli “Mitti yulduz”ga qarab belgilangan ekan...
– Aslida, “Mitti yulduz”ni yoʻlchi yulduz deb atash mumkin. Abdulla Oripovdan keyin adabiyot maydoniga kirganlar orasida undan taʼsirlanmagan, uning sheʼriyat maktabidan saboq olmagan ijodkorni topish mahol. Masalan, shoirning tengdoshi Oʻzbekiston Xalq shoiri Rauf Parfi “Eng uzoq yozilgan tarjimayi holim” sheʼrida: “Dars: Alisher Navoiydan to Abdulla Orif”, deya eʼtirof etadi. Atoqli shoir Usmon Azim sheʼr aslida nima ekanini “Mitti yulduz” mutolaasidan keyin anglaganini taʼkidlaydi. Azim Suyun: “Biz sheʼriyatga “Mitti yulduz” taʼsirida kirganmiz”, deydi. Sirojiddin Sayyid, Mahmud Toir, Iqbol Mirzo, Eshqobil Shukur, Aziz Said.... bu roʻyxatni uzoq davom ettirish mumkin. Ularning barchasi Abdulla Oripov ijodxonasidan saboq olganini eʼtirof etadi.
“Mitti yulduz”ning adabiy jarayonga taʼsiri shunday boʻldiki, Vatan, xalq haqida chuchmal, taʼsirsiz soʻzlar nazm namunasi oʻlaroq taqdim etilayotgan bir zamonda oʻzbek sheʼriyatida birdaniga yashin chaqnadi, momoqaldiroq guldiradi goʻyo. Bu yashin sababli vataning butunittifoq, millating – sovet, degan soxta tuygʻularga oʻt ketdi. Bu momoqaldiroq Vatan haqidagi koʻngilda yashirinib yotgan kechinmalardan bong urdi. “Men nechun sevaman Oʻzbekistonni?” – bunday savolni Abdulla Oripovgacha hech kim bu tarzda kun tartibiga qoʻya olmagan edi. Buning oʻsha zamon uchun qanchalik jasorat boʻlganini har bir insofli odam eʼtirof etadi.
Xoʻsh shoir oʻsha kezlari urf boʻlganidek, SSSRni emas, nima uchun ona yurti Oʻzbekistonni sevadi? Nima sababdan uning tuprogʻini koʻziga toʻtiyo qiladi, muqaddas, tanho deya sifatlaydi uni?
Aslida dunyoda tanho nima bor?
Paxta oʻsmaydimi oʻzga elda yo?
Yoki quyoshimi sevgimga sabab?
Axir quyoshli-ku butun Osiyo.
Ana shunday koʻngillarga titroq soluvchi savollardan soʻng shoir fikr oqimini kutilmagan oʻzanga buradi. Diloʻrtar savollarga hech kimning xayoliga ham kelmagan haroratli javobni taqdim etadi:
Xoʻsh, nechun sevasan Oʻzbekistonni,
Sababini aytgin desalar menga,
Shoirona goʻzal soʻzlardan oldin
Men taʼzim qilaman ona xalqimga:
Xalqim, tarix hukmi seni agarda
Mangu muzliklarga eltgan boʻlsaydi,
Qorliklarni makon etgan boʻlsayding,
Mehrim bermasmidim oʻsha muzlarga?
Bu sheʼrning yozilish tarixi haqida shoirning oʻz soʻzlariga quloq tutaylik: “Oʻsha davrda Oʻzbekistonni paxtasi uchun, oltini uchungina hurmat qilgan, hurmat qilmagan boʻlsa-da, shundan foydalangan qudratli mustamlakachi kuchlar boʻlgan. Ularning ruhiyati muqarrar kishining gʻashini qoʻzgʻar edi, shunda men, xoʻp, sen boyligi uchun sevar ekansan, sevmasang-da foydalanasan, holbuki, oʻsha paxta ham meniki, oltin ham, ammo men nima uchun sevaman Oʻzbekistonni?! Agar mangu muzliklarda yashagan boʻlsang ham, xalqim, men bir chukcha yo yoqutga oʻxshagan boʻlganimda ham sen uchun jonimni berar edim-ku! – degan muxolif kayfiyat va fikr bilan oʻz vaqtida yozilgan bu!”
“Xalqim, tarix hukmi seni agarda Mangu muzliklarga eltgan boʻlsaydi, Qorliklarni makon etgan boʻlsayding, Mehrim bermasmidim oʻsha muzlarga?” – bundagi kinoyani payqash qiyin emas. Eng muhimi, bu kinoya katta badiiy umumlashmaga asos bergan:
Yurtim, seni faqat boyliklaring-chun
Sevgan farzand boʻlsa kechirma aslo.
– Katta shoiru adiblar ijodda oʻz yoʻliga, tutumiga ega boʻladi. Nurboy aka, sizningcha, Abdulla Oripovning ijod konsepsiyasi qanday mezonlarga asoslanadi? Shoir asarlarining oʻziga xosligi nimalarda koʻrinadi?
— Avvalo, Abdulla Oripov dastlabki asarlaridayoq oʻz sozi bilan kuylash, boshqalardan tuygʻu olmaslik, shuning barobarida, ovozini oʻzgalarga berib qoʻymaslik singari mezonlarga asoslangan ijodiy dasturini eʼlon qilgan edi. Ikkinchidan, u adabiyotning asl mohiyatini milliy ruh ifodasida deb bildi. Bu haqda shoir mana bunday yozgan edi: “Mayli, buyuklarga intilish boʻlsin, jahonning, bashariyatning eng ilgʻor fikrlariga oshnolik boʻlsin, Gʻarb, Yevropa, Amerika deysizmi, mayli Lotin Amerikasi, mayli Oymi, Marsmi.... darajasida fikrlashsin, lekin oʻzbek fikrlasin, oʻzbekcha fikrlasin! Agar shu “kichkinagina” shart bajarilsa, qolganiga, albatta erishamiz”. Aslida, bu shart “kichkinagina” emas. U – asosiy shartlardan biri. Adabiyot milliy ruhdan ayrilsa, aytish mumkinki, hamma narsadan ayriladi. Shuning uchun ham shoir ana shu masalaga alohida urgʻu beradi.
Bu oʻrinda muhim bir fikrni aytish zarur: Abdulla Oripovning oʻzi ijodda ana shu badiiy-estetik talabga toʻliq amal qilgan. Birgina misol. Shoir Dante vatani boʻlgan Italiya safarlaridan biriga iqtisodchi akademik Qalandar Abdurahmonov bilan birga borgan. “Manzaralar” degan sheʼridagi mana bu satrlarga eʼtibor bering:
Qalandar, ana bu dengizga qara,
Qaynab yotgan his bu, ilohiy tugʻyon.
Jazavaga tushar bunda har zarra
Abduhoshim gʻijjak chalganisimon.
Koʻrdingizmi, Abdulla Oripov Rimdagi dengiz toʻlqinida ham oʻzbekning timsolini koʻradi. Har zarrasi jazavaga tushayotgan toʻlqinni qaynab yotgan hisga tashbeh qilgan boshqa shoirni bilasizmi? Yoki uni gʻijjak chalayotgan Abduhoshim Ismoilovga qiyoslash kimning xayoliga kelishi mumkin?!
Keyingi bandda shoir mana bunday yozadi:
Gohida jim qolar tiniqib, toʻlib,
Xayolga nimalar kelmas shu onda.
Dengizni choy toʻla piyola qilib
Yelpinib oʻtirsang Shohimardonda.
Qarang-a, boshqa odam yetti uxlab tushida ham koʻra olmaydigan bunday tuygʻu faqat chinakam shoir xayoligagina kelishi mumkin. Dengizni choy toʻla piyola qilib, Shohimardonda yelpinib oʻtirish – tuygʻu naqadar milliy, tashbeh nechogʻliq ohorli, badiiyat qanchalar mukammal-a! Hayratlanmaslikning iloji yoʻq! Ana shu satrlarda Abdulla Oripov sheʼriyatining yana bir yetakchi xususiyati namoyon boʻlgan: ijodining dastlabki davridan to soʻnggi asarlarigacha, nima haqda yozmasin, Vatanga, xalqqa muhabbat tuygʻusi bilan yoʻgʻrilgan boʻladi.
Abdulla Oripov sheʼriyatga yuksak talablar bilan yondashgan shoir. Maqolalaridan birida shoir sheʼr qanday mezonlarga javob berishi zarurligini mana bunday koʻrsatgan edi: “Hozirgi sheʼriyatimizda shakldagi rang-baranglik qaror topayotgani meni quvontiradi. Rang-baranglik hech qachon eskirmaydi. Faqat uning zamirida betakror mazmun, goʻzal tashbih, sirli ruh boʻlsa, bas”. Bu talablarni bajarish oson emas. Agar hazrat Alisher Navoiydan to Abdulla Oripovgacha boʻlgan sheʼriyatni kuzatadigan boʻlsak, qalamga olinmagan qaysi mavzu qolgan? Ana shu savolni qoʻyadigan boʻlsak, betakror mazmun degan talabni bajarish nechogʻliq mushkul ekani yaqqol ayon boʻladi. Lekin haqiqiy shoir topada shunday mavzuni. Ustoz shoirning ushbu soʻzlari xususida koʻp oʻylaganman. Chinakam isteʼdod egasi zahmat chekadigan boʻlsa, dastlabki ikki shartni – betakror mazmun va goʻzal tashbihni uddalashi mumkin. Biroq sirli ruh degan talabni bajarish.... Tangri taolo yarlaqagan, yuksak salohiyat ato etilgan shoirlargina bunga erisha oladi. Abdulla Oripov ana shu neʼmatga muyassar boʻlgan benihoya kam sonli ijodkorlar sirasiga kiradi. Mashhur “Bahor” sheʼri aslida doston darajasidagi asar. Ana shu sheʼrning yakuniy satrlariga bir eʼtibor bering-a:
Qizgʻaldoq bargidek uchar dildan gʻam,
Toshqinlar kiradi qalbimga manim.
Bahoring muborak boʻlsin ushbu dam,
Mening, Oʻzbekiston, dilbar Vatanim!
Koʻngildagi gʻamning qizgʻaldoq bargidek uchishi – bunday ifodani oʻylab topib boʻlmaydi. Toshqinlar kiradi qalbimga manim – tuygʻuni bunday ifodalash har kimga ham nasib etmaydi. Abdulla Oripov – tuygʻuni ham moddiylashtira oladigan, sheʼriy ifodani sir ruh uygʻunligida tasvirlay biladigan nodir isteʼdod egasi. Aslida tabiat tasviriga bagʻishlangan ana shu sheʼr ham Vatanga boʻlgan choʻng muhabbat izhori bilan yakunlanayotir. Abdulla Oripov sheʼriyatidan benasib boʻlish, bu ijod sirlarini oʻrganmaslik – ijod ahli uchun ogʻir yoʻqotish boʻladi, deb oʻylayman.
– Istiqlol yillarida tugʻilganlar ustoz shoirimizni koʻproq madhiya muallifi deb bilishadi. Aslida, oʻziga xos gimn boʻlgan, ruh-fikr uygʻunligining goʻzal namunasi – “Birinchi muhabbatim” yarim asr burungi yoshlarning sevgi nomalariyu xotira daftarlarini bezab, oshiqlarning dil rozi sifatida maktublarga joylangan ekan...
– Kitobdan yiroq, mutolaadan bebahra avlodga tegishli siz aytgan fikrlar. Yoshlarimizning maʼrifatsiz qolishiga rozi boʻlmasligimiz kerak. Holbuki, oʻtgan asrning oltmishinchi yillaridan boshlab bir necha avlod ijodkorlargina emas, hatto oddiy odamlar ham Abdulla Oripov sheʼriyatining otashin muxlislari boʻlganiga guvohmiz. Katta adibimiz Xurshid Doʻstmuhammad ustoz Abdulla Oripov tavalludining yetmish yilligi arafasida Milliy universitetda boʻlgan adabiy uchrashuvda qiziq bir maʼlumotni hayrat bilan aytgani esimda. Guliston shahrida boʻlgan tadbirda Xurshid aka Abdulla Oripovning “Birinchi muhabbatim” sheʼrini oʻqiy boshlabdi. Shunda sheʼrni boshdan-oxir butun zal joʻr boʻlib ijro etgan. Men “ijro etgan” deya taʼkidlayotganim bejiz emas. Chunki tasavvur qildim: ular chin koʻngildan muhabbat bilan oʻqigan sheʼrni.
Ustoz Abdulla Oripov sheʼr yozish bobida tengsiz ekani isbot talab qilmaydi. Sheʼrni tinglovchining qalbiga yetib boradigan darajada oʻqish borasida ham benazir edi. Nechogʻliq buyuk shoir boʻlsa, shunchalik salohiyatli notiq ham edi u. 2015-yili xorijda davolanib kelgan kezlari ustozni Milliy universitetda oʻtkaziladigan til bayramiga taklif qildim. Ustoz taklifni xursandchilik bilan qabul qildi. Universitet madaniyat saroyi katta zali professor-oʻqituvchilar va talabalar bilan toʻlgan. Abdulla Orifni ideal deb biladigan oʻzbek filologiyasi va jurnalistika fakultetigina emas, matematika, fizika, kimyo, biologiya, tarix, geografiya.... xullas, barcha fakultetlar yoshlari ishtirok etyapti tadbirda. Ustoz kirganda, zal oyoqqa qalqdi va olqishlar jarangladi. Soʻz navbati zamonamizning ulugʻ shoiriga berilganda, talaba yoshlar yana bir karra samimiy olqishladi.
Ustoz oz emas, koʻp emas, roppa-rosa qirq besh minut sheʼr oʻqidi. Mening esa jonim halak: mabodo adabiyotdan yiroq biror talaba odobsizlik qilib qoʻysa, ustozning kayfiyatiga yomon taʼsir qilishi mumkin edi-da, axir... Lekin... Haqiqiy sheʼr hammani muxlis qilib qoʻyar ekan. Biz kitobdan, adabiyotdan yiroq deb oʻylaydigan zamonamiz yoshlari qirq besh minut davomida hayrat bilan tingladi ustozning sheʼrlarini. Abdulla akam nutqini yakunlagach, zal yana oyoqqa qalqib, gulduros qarsaklar bilan olqishladi. Tadbir tugagach, yoshlar ustoz bilan izma-iz borib, u kishidan dastxat olishdi. Yuzlab talabalar zamonamizning atoqli va ardoqli shoirini mashinagacha ehtirom bilan kuzatib qoʻydi. Men esa hayajon bilan: “Ustoz, koʻryapsizmi, bugungi yoshlar ham sizning sheʼrlaringizning otashin muxlislaridir. Ular sizni naqadar eʼzozlashini isbotlayaptilar”, dedim. Abdulla akamning yuz-koʻzidan xursandligi yaqqol sezilib turar edi.
– “Haqiqiy shoir oʻz zamonidan ikki qadam oldinda yuradi, shu bois oʻzi mansub boʻlgan davrga koʻpincha begona boʻlib qoladi”, deya koʻp taʼkidlashadi. Ijodkorning murosasizligi, nazarimizda, zamon yoki davr oʻrtasida emas, balki uning shaxsi va botinidagi “Men” oʻrtasida kechadi. Bu ayovsiz kurash ijodkorni yo saodat, yo falokatga eltishi mumkin. “Men” – Allohning amri, ilohiy sas. Mana shu aks-sadoni anglagan insongina oʻzligini kashf etishga qodir. Shunday emasmi?...
Abdulla Oripov ijodiy taqdiri misolida bu gaplaringiz ayni haqiqatdir. U chindan ham zamonasidan oʻzib ketgan ijodkor edi. Ehtimol, shaxs sifatida zamon bilan murosa qilgan kezlari boʻlgandir. Lekin ijodkor sifatida u ozod ruh egasi edi. Masalan, oʻtgan asr oltmishinchi yillarida “Ona tilimga”, “Tilla baliqcha”, “Olomonga” singari sheʼrlarni yozish oʻsha davr muhiti bilan ziddiyatga borish degani edi. Jumladan, “Ona tilimga” sheʼridagi bulbul – betakrorlik ramzi. Boshqa hech kimnikiga oʻxshamagani uchun uning kalomi ming yillar oʻtsa-da, oʻzgarmaydi. Bunga ehtiyoj ham sezmaydi. Toʻti esa – taqlid timsoli. Shu boisdan u achinmoqqa sazovor. Shu sababdan ham unga nisbatan “shoʻrlik” epitetini qoʻllaydi shoir. Shoirning bulbul kuyini sheʼrga solayotgani sababi – ona tilining mavjudligi. Tilini yoʻqotganlar esa toʻti bilan qismatdosh boʻlishga mahkum – ana sheʼrdan kelib chiqadigan badiiy xulosa. Ustozning oʻzlari bu sheʼr qanday oqibatlarga olib kelgani haqida mana bunday yozgan edi: “Sakkiz qatorlik shu sheʼr boshimga sakkizta bomba boʻlib tushishini tush koʻribmanmi? Hozirgi yoshlar ona tilimizga Davlat tili maqomi berish haqidagi Qonunni “hatto” uddalab bajara olishmayapti. U mahallarda-chi?... Sheʼr chiqqach, “Hali sening ona tiling bormi? Hali sen jahon sotsializmi gʻoyasiga qarshimisan? Ota-onang kim? Qaysi millatchining bolasisan?” – degan bir dunyo tazyiq ostida qolganman. Katta minnatdorchilik bilan bir gapni aytib oʻtishim kerak: balki qamashga, balki meni yoʻq qilib yuborishga asos boʻladigan uch-toʻrtta sheʼrim, yaʼni “Ona tilimga”, “Minorai kalon tepasidagi laylak”, “Oʻzbekiston” kabi tizmalar Aleksandr Tvardovskiy hamda Qaysin Quliyev yordami bilan “Novыy mir” jurnalida bosilib chiqmaganida edi, oʻsha taqdir charxpalagi qayoqqa qarab aylanib ketishi mumkinligini men hozir hatto tasavvur ham qila olmayman”.
Ona tilimiz taqdiriga kuyinish millatning qismatiga kuyinish demakdir. Hukmron kommunistik mafkura milliy tillarning bora-bora yoʻqolib, yagona tilga singib ketishi haqidagi soxta va zararli gʻoyani targʻib qilib turgan bir vaziyatda bunday sheʼrni yozish boshini kundaga qoʻyish bilan barobar edi. Faqat katta jasorat sohibigina bunday ishga qoʻl urishi mumkin edi. Bu amalda mustaqillik orzusini qalamga olish bilan barobar edi.
Zamondan oʻzib ketgani uchun ham Abdulla Oripov sheʼriyatining tadqiq qilinmagan jihatlari koʻp. Ularni anglash, oʻsib kelayotgan yoshlarimiz ongu shuuriga, ruhiyatiga singdirish adabiyotshunosligimiz oldida turgan dolzarb vazifalardandir.
– Abdulla Oripov Dantening “Ilohiy komediya” asarini adib-arbob Sharof Rashidov taklifiga koʻra tarjima qiladi. U kechani kecha kunduzni kunduz demay bu ijodiy jarayonga shoʻngʻib ketadi. Biroq ustoz shoirimiz oʻz suhbatlaridan birida mazkur asar va uning tarjimasini tahlil qilishga adabiyotshunosligimiz tayyor emas ekan, degan fikrni aytadi...
– Faqat “Ilohiy komediya”gina emas, Abdulla Oripovning jahon sheʼriyati durdonalaridan amalga oshirgan badiiy tarjimalari hali oʻrganilgan emas. Holbuki, ularni oʻrganish ulugʻ shoirimizning ijod laboratoriyasiga chuqur kirish imkoniyatini yaratadi. Toʻgʻri, ustoz shoir siz taʼkidlagan fikrni aytgandan keyin yosh adabiyotshunoslarimiz tomonidan “Ilohiy komediya” va “Jannatga yoʻl”ning qiyosiy tahliliga doir maqolalar eʼlon qilindi. Lekin bular yetarli emas.
Abdulla Oripov tarjimalari – ulkan xazina. Bu xazinaga ega boʻlmoq uchun, tarjima malakasini hosil qilish uchun ham ularni oʻrganish zarur. Masalan, “Ilohiy komediya” italyan adabiyotiga xos har bir bandi uch misradan tarkib topgan murakkab sheʼriy shakl – tersinada ijod qilingan. Abdulla Oripovning mahorati shundaki, u ana shu shakl qonuniyatlarini mukammal oʻrgangan va tarjimada uni saqlay bilgan. Ustoz shoirning oʻzi mana bunday yozadi: “...tersinada uch qator baravar kelaveradi. Lekin uch qator baravar boʻlgani bilan qofiyalar zanjir boʻlib, bir-biri bilan bogʻlanib ketaveradi. Sharq mumtoz adabiyotidagi aruz vaznining buzilishi qanchalik sakta boʻlsa, bu yerda tersinaning buzilishi ham sheʼriy jinoyatga aylanib ketishi mumkin”. Tersinaga xos nazariy qoidalarni oʻzbek tilidagi tarjimada berish... Aytishgagina oson. Bu murakkab ishni yuksak darajada uddalagani, birinchidan, shoirning yuksak mahorati bilan izohlansa, ikkinchidan, ijod zahmatidan lazzat ola bilgani isbotidir. Aks holda bu ish yarim yoʻlda qolib ketishi mumkin emas edi. Demak, bu katta masʼuliyat talab qiladi. Ustoz shoirning aytishicha: “Asarda agar bir satrning ikkinchisi bilan qofiyasi buzilsa, shu imorat tag-tugi bilan nurab ketadi. Zanjir uziladi! Men bu bilan katta bir ishni bajardim, deb aytishni xohlamayman. Lekin voqelikka obyektiv baho berishim kerak”.
Nazarimda, bu ulugʻ shoirning tarjimalari katta tadqiqotlarga mavzu boʻla olishi masalaning bir jihati. Yana bir muhim tomoni shundaki, Abdulla Oripovning tarjima haqidagi qarashlari ham alohida oʻrganilishi kerak.
– Ustoz shoirimiz tarix soxtalashtirilgani, diniy va milliy qadriyatlar toptalganini koʻplab hasratli satrlarida ifoda etadi. “Munojotni tinglab” dan boshlab “Oʻzimni moziyning...”, “Pahlavon Mahmud qabri qoshida”, “Alisher”, “Moʻmin Mirzo”, “Temur bogʻlari”, “Furqat nidosi”, “Otashga sigʻindi bir zamon xalqim”, “Alisherning onasi” va hokazo oʻnlab sheʼrlarida, “Barhayot obida” kinossenariysi, “Hakim va ajal” dostoni, “Sohibqiron” nomli besh pardali sheʼriy dramasida Abdulla Oripovning badiiy nigohi turkiy ulusning oʻtmish hayoti, buyuk siymolarining taqdiri orqali bugunning ijtimoiy-falsafiy, maʼnaviy-axloqiy masalalariga javob izlashga qaratildi. Nurboy aka, bu javoblar qanchalik salmoqli va oʻrinli boʻldi?
– Vatan va millatga muhabbat daʼvat yoki chaqiriq emas. U yurakning tub-tubidan ichki ehtiyoj sifatida tugʻilishi zarur boʻlgan tuygʻu. Vatanni sevmoq uning tarixini, muayyan davrlardagi taraqqiyoti va tanazzuli sabablarini ilmiy asosda chuqur anglamoq, kelajagi yorugʻ va nurli boʻlishi uchun jonu jahonni bagʻishlamoq orqali boʻladi. Millatga muhabbat uning shonu sharafi, yuksalishi yoʻlida oʻzni fido etmoq, bor bilim va salohiyatini ana shu maqsadga safarbar qilmoqdir. Abdulla Oripov sheʼriyati tarix haqiqatlarining badiiy ifodasi orqali vatandoshlarimiz qalbida ana shu muqaddas tuygʻuni komil bir darajada tarbiyalashga xizmat qildi, xizmat qilayotir. Shoirning “Oʻzbekiston”, “Qarshi qoʻshigʻi” kabi sheʼrlarida tarixiy voqelik shunchalik mahorat bilan tasvirlanganki, Vatan va millatning shonli oʻtmishi koʻz oʻngingizdan xuddi kino lentasi kabi oʻtadi. Shoir sizni oʻsha muhitga olib kirib qoʻyadi, buyuk ajdodlar nafasini sezasiz. Shuning barobarida, tarixdagi xatoliklar, xalqimiz boshidan kechgan musibatlar sabablari teran va koʻngilni titroqqa soladigan darajada taʼsirli badiiy talqin etiladi.
Tarixni oʻrganishdan murod, aslida, ibratdir. Hazrat Alisher Navoiy taʼbiri bilan aytganda, oʻtmishda “ne ishdin mamlakat obod, qayu ishdin ulus barbod boʻlganini” anglamoq va xulosa chiqarmoqdir. Abdulla Oripov sheʼriyatida tarix tasvir ayni shu maqsadga xizmat qiladi.
“Katta shoir hamisha oʻz vaqtida maydonga keladi, u – hamisha tarixiy. Zotan, katta shoir oʻz xalqining ovozi, uning orzu-umidlari va inson qalbi iztiroblarining ifodachisidir. Biroq eng asosiysi, u – oʻz davrining hakami va kuychisi, u – jarchi va faylasuf, u – soʻz sehrgari va uzlatga chekingan mutafakkir darvesh. Bularning bari unga qalb izhorini hammaga birday tushunarli, sevimli va shu bilan birga, koʻtarinki, teran maʼnolar mohiyatini ifodalash uchun ato etilgan. Shu bois shoirning soʻzlaridan zamondoshlari ham, kelgusi avlodlar ham faxrlanib yuradilar. Abdulla Oripov menga XXI asrga qadam qoʻygan davrlarimizning buyuk madaniy ahamiyatga molik ana shunday shoiri boʻlib gavdalanadi”. Dunyoga mashhur qirgʻiz adibi Chingiz Aytmatov ulugʻ shoirning xalqimiz oldidagi xizmatlarini ana shunday eʼtirof etgan edi. Haqiqatan, Abdulla Oripov – oʻz xalqining ovozi boʻla olgan buyuk ijodkordir. Shoir asarlari yana koʻp asrlar davomida nafaqat oʻzbek adabiyoti, balki jahon xalqlari adabiy-estetik tafakkuri rivojiga xizmat qilishiga ishonamiz.
– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi