Taqdiri azalda bitilgan vatandan ayro qismati tufayli hali oʻspirinlik chogʻidayoq ona diyoridan yiroqlarga ketishga majbur boʻlgan shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning sogʻinch va armonlari oʻz ona tilida yozilgan ashʼorlariga toʻkilgan. Ular bizga hanuz buyuk bobomizning vatanparvarligidan saboq bermoqda. Oʻsha olis Hindistonning tuprogʻida uning avlodlari barpo etgan inshootlar, bogʻlar ajdodlarimiz qudratini olamga koʻz-koʻz etmoqda. Goʻyo ular ota-bobolarimiz yuragidagi buyuk Vatan timsoli kabi hanuz qad rostlab turibdi.
Ona tili orqali avlodlar davomiyligi, anʼana va qadriyatlar mushtarakligi uygʻunlashadi. Bu uygʻunlik insonga oʻzligini anglashga imkon yaratadi. Oʻzini tanimagan Allohni tanimaydi, deyishadi. “El netib topgay menikim, men oʻzimni topmasam”, deb yozgandi ona tilimizning asoschisi Alisher Navoiy. U yaratgan ilmiy va badiiy asarlarda ona tilimizning butun jozibasi, goʻzalligi jilolanib, xanuz dunyo ahlini oʻziga rom etmoqda.
Ne-ne bosqinlar, istibdod tuzumning tazyiqlariga duchor boʻlgan ona tilimiz hamma vaqt oʻzining fidoyi farzandlari sabab oʻz sofligi va mavqeini saqlab qoldi. Abdulla Qodiriy, Behbudiy, Avloniy, Choʻlpon, Fitrat kabi millatning jonkuyar farzandlari Vatan, xalq ozodligi, tilimiz sofligi yoʻlida kurashib, boshlarini kundaga qoʻydilar. Istibdod tuzumning xoʻrliklarida ham, darbadarlikda, vatangadolikda ham millatimizning jonkuyarlari ona tilimizni koʻz qorachigʻidek ardoqlab, oʻz asarlari orqali uni yanada boyitdilar.
Said Ahmad, Erkin Voxidov, Abdulla Oripov, Oʻtkir Hoshimov, Muhammad Yusuf kabi ijodkorlarimiz esa muxlislar qalbida oʻz ona tiliga nisbatan gʻurur va iftixor tuygʻularini ulgʻaytirdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizdagi Adiblar hiyobonida bir guruh yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvda milliy adabiyotimizga yuksak baho berib: “Adabiyot xalqning yuragi, elning maʼnaviyatini koʻrsatadi. Bugungi murakkab zamonda odamlar qalbiga yoʻl topish, ularni ezgu maqsadlarga ilhomlantirishda adabiyotning taʼsirchan kuchidan foydalanish kerak”, degan edi.
Xorij mamlakatlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga binoan 2021-yil 11-avgust kuni “Vatandoshlar” jamoat fondi tashkil etildi.
Uning asosiy maqsadi va vazifalari xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalari bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish, xorijda oʻzbek tili, madaniyati va anʼanalarini saqlab qolish va rivojlantirishga qaratilgan faoliyatni ragʻbatlantirish hamda yurtimiz kelajagi boʻlgan, xorijda istiqomat qilayotgan va taxsil olayotgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va shu kabi qator xayrli tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan.
Ushbu vazifalarni hayotga tatbiq qilish borasida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar doirasida, mamlakatimizning Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzuridagi Doimiy vakolatxonasi va Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi hamkorligida Nyu-Yorkning Bruklin mavzesida (AQSH) ochilgan va shu kunlarda faoliyat olib borayotgan “Ziyo Art” oʻzbek maktabiga adabiyotimizning buyuk namoyondalari – atoqli yozuvchi va shoirlarimizning qalamlariga mansub 400 dan ziyod kitoblarni topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
“Ziyo Art” oʻzbek maktabi olis Amerika diyorida 2020-yilning 19-sentyabridan boshlab faoliyat olib bormoqda. Ushbu maktab oʻzbek vatandoshlarimizning “Mahalla USA” nomli nodavlat nohukumat tashkiloti qoshida tashkil etilgan.
Maktabda oʻzbek tili va adabiyoti, matematika, odobnoma, tasviriy sanʼat va shaxmat fanlaridan darslar olib boriladi. Saboqlar shanba va yakshanba kunlari, oʻzbek tilida, yurtimizdan keltirilgan maxsus oʻquv materiallaridan foydalangan holda, malakali oʻqituvchilar tomonidan oʻtkaziladi. Oʻqituvchilar tanlov asosida saralab olingan.
26-noyabr kuni boʻlib oʻtgan tadbirda, maktab binosida toʻplangan Amerika Qoʻshma Shtatlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizning farzandlariga Oʻzbekiston Respublikasining BMT huzuridagi Doimiy vakili, favqulodda va muxtor elchi Baxtiyor Ibragimov tomonidan mumtoz adabiyot namoyondalari, yozuvchi va shoirlarimiz qalamiga mansub asarlar sovgʻa qilindi.
Ushbu kitoblarning aksariyat qismi Amerika diyorida tahsil olayotgan oʻzbek oʻgʻil-qizlarimizga tuhfa qilindi. Kitoblarning yana bir qismi maktab binosida tashkil etilgan kutubxonada qoldiriladi va qolgan qismi Pensilvaniya, Illinoys, Nyu-Jersi shtatlarida istiqomat qilayotgan oʻzbek oilalarining farzandlariga yetkazib beriladi.
Shuningdek, tadbirda Nyu-York shahar kengashi deputati Ari Kagan va Nyu-York shtati senatori Endryu Gunardes ham ishtirok etib, oʻzbek diasporasi haqida iliq fikrlarni bildirishdi.
Jumladan, deputat Ari Kagan: “Men oʻzbek jamiyatini Nyu-York tojining zumradi deb doimo taʼkidlayman. Chunki oʻzbeklarning barcha tadbirlari goʻzal tarzda tashkil etiladi, bu millat vakillariga insoniylik va mehmondoʻstlik tuygʻulari xosdir”, deya qayd etdi. U shuningdek, Oʻzbekiston xalqining boy madaniyati va anʼanalarini yuqori baholadi.
Senator Endryu Gunardes toʻrtinchi avlod immigranti sifatida AQSHda istiqomat qilayotgan oʻzbekistonliklarning oʻz farzandlariga ona tili, adabiyoti va milliy anʼanalarini oʻrgatish yoʻlidagi saʼyi-harakatlarini qoʻllab-quvvatlanishini alohida taʼkidladi. “Mazkur jarayon xalqlar va jamiyatlar oʻrtasidagi doʻstlik, hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga sezilarli hissa qoʻshadi”, dedi E.Gunardes.
Tadbir davomida AQSHda istiqomat qiluvchi vatandoshlarimizning farzandlari oʻzbek tilida sheʼrlar aytib, milliy raqs sanʼatimiz namunalaridan ijro etishdi.
Tadbir ishtirokchilari Oʻzbekiston rahbariyatiga, xorijdagi vatandoshlarga koʻrsatilayotgan gʻamhoʻrlik uchun minnatdorliklarini bildirdilar. Ushbu ziyo nurini amerikalik vatandoshlarimiz farzandlariga yetkazishda jonbozlik koʻrsatgan Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasiga, BMT huzuridagi Doimiy vakolatxonamizga alohida minnatdorlik bildirdilar.
Hilola ALIMOVA, jurnalist
Nyu-York