Rossiya Baynalmilal Yozuvchilar uyushmasi nashriyoti tomonidan “Barcha zamonlarga tegishli kitob” seriyasida bosmadan chiqqan. Mazkur kitobdan yozuvchining qissa va qator hikoyalari oʻrin olgan.

– Oʻzbek adibining nashriyotimizda oʻtgan yili “Koʻzlaringni koʻrgani keldim” kitobi chop etilgandi, – deydi loyiha rahbari, nashriyot boʻlim boshligʻi Oksana Kovalyovskaya. – Kitob oʻquvchilarda qiziqish uygʻotdi va keng tarqaldi. Hatto Yevropa davlatlariga ham sotuvga chiqarildi. Bir necha tillarga tarjima qilindi. Shuning uchun ham isteʼdodli adibning navbatdagi kitobini ham chop etishga qaror qildik. Hamkorligimiz davom etadi.

Yurtimizdagi har bir ijodkorning yozgani dunyoning boshqa tillariga tarjima boʻlishi quvonarli hol, albatta. Xususan, taniqli adib Qoʻchqor Norqobil asarlarining dunyo boʻylab keng qanot yozayotgani nafaqat bir ijodkorning, balki oʻzbek adabiyotining targʻiboti desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

– Qoʻchqor Norqobil ijodida “Yer shari hammamizning uyimiz. Bu uydagi odamlar bir-biriga begona emas, dunyoni muhabbat nurga toʻldiradi va barcha urushlar ustidan muhabbat gʻalaba qozonadi, muhabbat inson uchun cheksiz kuch-qudrat baxsh etadi...” – degan yuksak umuminsoniy gʻoya chuqur ildiz otgan. Shuning uchun ham uning hikoya va qissalari barcha millat kitobxonlari qalbidan joy oladi, – deya eʼtirof etadi nashriyot masʼul xodimi Olga Yakk.

Yana bir faxrlansak arziydigan jihat shuki, kitob muqovasi oʻzbek rassomi Bahriddin Bozorov tomonidan ishlagan.

Kitob bugungi kunda Rossiyada kitob savdosi bilan shugʻullanadigan sayt va internet doʻkonlari orqali ham targʻib qilinmoqda, deb yozmoqda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi matbuot xizmati.