Geologiya sohasidagi ilmiy maktablar yangi Oʻzbekistonda jadal shakllanayotgan yangi geologiya tizimining mustahkam poydevori hisoblanadi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Oʻzbekistonda yangi geologiya tizimi yaratilmoqda. Uni rivojlantirishdan maqsad — tabiiy resurslarni xalqimiz manfaatiga yoʻnaltirish, ish joylari tashkil etib, odamlarni boy qilishdir”.

Xoʻsh, bugun geologiya sohasiga qaratilayotgan eʼtibor nimalarda aks etmoqda? Tizimdagi islohotlarning samaradorligi qay darajada? Uni yanada rivojlantirish uchun nimalar qilish kerak? Bu savollarga javob topish uchun yurtimiz geologiya sohasining oʻtmishi, hoziri va istiqboliga bir nazar solsak.

Vatanimiz hududida qadimdan togʻ kon sanoati rivojlangani toʻgʻrisida togʻli va togʻoldi hududlarda topilgan qadimgi maʼdan eritish inshootlari dalolat beradi. Ayniqsa, Chotqol­-Qurama (Ohangaron vohasi), Markaziy Qizilqum, Nurota togʻlari, Sulton Uvays togʻi kabi togʻli oʻlkalarda hozirgi kunda 10 mingdan ortiq qadimgi, X­-XII asrlarga mansub maʼdan eritish inshootlari topilgan. Bu inshootlar turli maʼdanlarni topish va qazib olish, eritish maskanlariga yetkazish, metall olish texnologiyasi naqadar qadimda rivojlanganiga ishora va inkor qilinmaydigan dalildir.

Yurtimiz zaminida mujassam boʻlgan tabiiy boyliklarni oʻzlashtirish boʻyicha sobiq ittifoq davri alohida ahamiyat kasb etadi. Avvalo, bu pallada sohaga eʼtibor va mutaxassislarni tayyorlash masalalari hududdagi tabiiy boyliklar zaxirasiga chambarchas bogʻliq holda olib borilganini taʼkidlash joiz. Buning bosh sababchisi qimmatbaho va noyob elementlar — oltin, mis, kumush, uran, qoʻrgʻoshin, volfram va bir qancha noyob maʼdan zaxiralari boʻyicha yurtimizning dunyodagi birinchi oʻntalik davlatlar qatoriga kirishidir.

Oʻzbekiston geologiya ilmiy maktabi, deganda dastlab akademik, davlat arbobi, oʻzining serqirra aql-­zakovati, shijoati, milliy yosh kadrlarga mehr-­muhabbati bilan Vatanimiz ilm-­fanida yorqin iz qoldirgan Habib Abdullayev nomi yodga keladi. Zero, uni bejiz XX asrning Beruniysi deb atashmagan.

Ilmiy maktablarning nufuzi, salmogʻi oʻsha muhit va davrda yetishib chiqqan ilm namoyandalari bilan belgilanadi. Xususan, H.Abdullayev maktabini oʻtagan shogirdlari — akademik I.Hamroboyev, E.Isamuhamedov, F.Usmonov, T.Dolimov nafaqat yuksak ilmiy yutuq va unvonlarga erishdi, balki har biri oʻz yoʻnalishida alohida ilmiy maktabga asos soldi.

Oʻtgan asrning 90­-yillaridagi siyosiy, ijtimoiy­ iqtisodiy oʻzgarishlar geologiya sohasini ham chetlab oʻtmadi. Barcha sohalar kabi bu jabhada ham kadrlar qoʻnimsizligi, ayrim yetuk kadrlarning yurtimizdan ketib qolgani soha rivojiga salbiy taʼsir oʻtkazdi. Yoshlarning bu sohani egallashga ishtiyoqi pasaydi. Lekin shu davrda ham Vatanimiz togʻ kon sanoati avval topilgan konlar hisobiga iqtisodiy samara bilan faoliyat yuritdi.

Mustaqillik yillarida mavjud konlarni oʻzlashtirish, qazib olish va qayta ishlash uchun yangi korxonalar ochilgan boʻlsa-­da, geologiya sohasida ilmiy izlanishlar olib borish va kadrlarni tayyorlash jarayoni biroz susaydi. Geologiya qidiruv ishlariga jalb qilingan texnik uskunalarning, oʻlchov anjomlarining 80 foizdan ortigʻi oʻz resurs quvvatini ado etib boʻlgan edi. Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, geologiya sohasida tanaffus vaqti boʻldi.

Prezidentimizning 2017-yil 7-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni barcha jabhalar qatori geologiya sohasida ham tub burilish yasadi. Harakatlar strategiyasi natijasi geologiya qidiruv ishlarining jadal rivojlanishiga, texnik uskunalarni zamonaviylariga tubdan almashtirish, laboratoriya oʻlchov uskunalarining xalqaro standartlarga mos boʻlishiga, buning natijasida 20 dan ortiq yangi konlar ochilishiga xizmat qildi. Hozir geologiya qidiruv ishlariga jalb qilingan texnik uskunalar 80-­85 foiz, ayrim laboratoriya oʻlchov asboblari 90­-95 foiz zamonaviylariga almashtirildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan geologiya sohasida mutlaqo yangi klaster shaklidagi taʼlim maskani — Geologiya fanlari universiteti tashkil etildi. Bu esa jahon andozalariga mos, intellektual salohiyatli, yuksak va zamonaviy fikrlaydigan raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi. Universitetning tarkibiga geologiya sohasidagi toʻrtta ilmiy tekshirish institutini birlashtirish oʻquv jarayoniga ilmiy ishlanmalarni keng tatbiq etish orqali ilm­-fan, taʼlim va ishlab chiqarish uzviyligini taʼminlaydi. Bu ham Harakatlar strategiyasining ijrosi oʻlaroq yuzaga keldi.

Oxirgi 4-­5 yilda davlatimiz rahbarining geologiya sohasiga tegishli 10 dan ortiq farmon va qarori, hukumatning 15 dan ziyod qarori qabul qilindi. Bu soha rivojiga misli koʻrilmagan yutuqlarni keltirdi. Ayniqsa, “Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan geolog” faxriy unvonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonunlarning qabul qilinishi katta voqea boʻldi. Soha xodimlarining qadri va qaddi koʻtarilishiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Ularda kasbidan faxrlanish, kelajakka ishonch yuksak darajaga koʻtarildi.

Hozir Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasiga oʻtish sohada yanada katta marralarni egallashga undamoqda. Xususan, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilanganidek, 132 tonna oltin, 200 tonna kumush, 255 ming tonna mis, 50 ming tonna qoʻrgʻoshin, 48 ming tonna rux, 8 ming tonna volfram va bir qancha elementlar boʻyicha zaxiralarni koʻpaytirish soha xodimlari zimmasiga yuksak masʼuliyat yuklaydi. Aytish joizki, bu marralarga erishish uchun oʻtgan besh yilda puxta zamin va kerakli shart-­sharoit hozirlangan.

H.Abdullayev nomidagi geologiya va geofizika institutida besh yil avval bitta ham doktorant boʻlmagan. Ilmiy izlanuvchilar soni 2017-­2018-yillari ikki, 2019­-2020-yillari uch, 2021-yilda toʻqqiz, 2022-yilda oʻn besh nafarga yetgani yoshlarning ilmga munosabati keskin oʻzgarayotganini anglatadi.

Yaqinda geologiya sohasi xodimlari uchun yana bir muhim voqea roʻy berdi. Shu yilning 22-fevral kuni Toshkent shahrida koʻp kvartirali uy­-joy fondini boshqarishni takomillashtirish va issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirish, mahallalarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirishga oid hamda geologiya sohasi va kimyo sanoatidagi loyihalar bilan tanishish chogʻida Prezidentimiz biz, mutaxassislar uchun qimmatli maslahat va tavsiyalar berdi.

Mazkur yigʻilishda geologiya sohasida bajarilayotgan keng qamrovli ishlar doirasida yuqori texnologik metallar qazib chiqarish rejasi bayon qilindi. Jumladan, mis, noyob metallar, magniy, litiy va grafit zaxiralarini oʻzlashtirish, uglevorod xomashyosi boʻyicha qidiruv ishlarini kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi. Uchrashuvning ahamiyati shundan iborat boʻldiki, davlatimiz rahbari tomonidan geologiya sohasida yangi atama — “yuqori texnologik metallar” iborasi ishlatildi. Sir emaski, shu kungacha aksariyat geologiya qidiruv ishlari va ilmiy izlanishlarda qimmatbaho va rangli metallar ulushi yuqori boʻlgan. Barcha qidiruv ishlari shu metallar zaxirasini qidirishga yoʻnaltirilgan.

Hozir “yashil iqtisodiyot”ni taʼminlovchi zamonaviy texnika va texnologiyalar jadal rivojlanmoqda. Shu bois, “yuqori texnologik metallar”ni qidirish, zaxiralarini aniqlash va ularni qayta ishlaydigan zavod­-fabrikalarni ishga tushirish davr talabidir.

Prezidentimiz tomonidan sohada ilgari surilgan gʻoya va tashabbuslarni amaliyotga tatbiq etish borasida biz, ilm ahli zimmamizdagi yuksak masʼuliyatni his qilgan holda, ilmiy-­texnik yoʻnalishdagi faoliyatimizni tanqidiy-­tahliliy baholab, ilmiy ishlanmalarni zamon talabi asosida takomillashtirishimiz darkor. Zero, yangi metallarni izlash, konlarni topish va sanoatni rivojlantirish orqali jahon mehvaridan munosib oʻrin egallash uchun intilayotgan yangi Oʻzbekistonning iqtisodiy taʼminoti yuksak boʻladi, qoʻshimcha ish oʻrinlari paydo boʻladi va aholi farovonligiga erishiladi.

Sohada minglab geologlar jamoasi tarkibidagi ilmiy xodimlar oldida ulkan marralar turibdi. Birinchidan, geologiya ilmiy maktablarini qayta shakllantirish, ularning tarixi, rivojlanish bosqichlari va geologiya sohasiga qoʻshgan hissasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida ilmiy maktablar asoschilari tomonidan qoldirilgan merosni chuqur oʻrganish, ilmiy asarlarini qayta nashr etish lozim. Pirovardida, bu maʼlumotlar Geologiya fanlari universiteti va tarmoq oliy taʼlim muassasalari talabalariga yetkaziladi.

Ikkinchidan, taʼlim dasturlari tarkibida geologiya ilmiy maktablari tomonidan yaratilgan ilgʻor usullarni oʻquv yuklamalari tarzida shakllantirish, ilmiy maktablar negizida amaliy va nazariy bilimlar berish zarur.

Uchinchidan, taʼlim yoʻnalishlarida IT texnologiyalar va ilgʻor zamonaviy usullar yordamida oʻquv jarayonini shakllantiramiz. Yosh ilmiy xodimlar (tayanch doktorant va doktorantlar) ilmiy mavzularini shakllantirishda geologiya qidiruv masalalarining eng dolzarb mavzulariga katta eʼtibor beriladi.

Toʻrtinchidan, soha boʻyicha jahon ilmiy jamoatchiligi yutuqlaridan keng foydalanish, ilmiy mavzularni yoritishda geologiya sohasi talablaridan kelib chiqib, ularning natijadorligini oshirish va iqtisodiyotning real sektoriga tatbiq qilish vazifasi oldimizda turibdi.

Mazkur rejalar ijrosi, oʻylaymizki, Taraqqiyot strategiyasi boʻyicha geologiya sohasiga doir belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida sifatli bajarilishiga xizmat qiladi. Eng muhimi, iqtisodiyot yuksak darajaga koʻtariladi, aholi farovonligi taʼminlanadi. Soha yoʻnalishida jahon andozalariga mos keluvchi, zamonaviy fikrlovchi, raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlanishiga erishiladi.