Bu borada yana bir xushxabar — Rishton–Yaponiya madaniy iqtisodiy aloqalar markazi bilan Yaponiyaning mashhur brendi “Kumiko”ning hamkorligi haqida aytishdan avval kashtachilik maktablarimizga qisqacha toʻxtalib oʻtishni joiz topdik.

Yurtimizda shakllangan 11 ta kashtachilik maktabining har birida oʻziga xos qonun-qoidalar mavjud. Soʻzanadagi kashta gullari va ranglar ham oʻz ramziy maʼnosiga ega.

Dumaloq gullarning ingichka shoxga, soʻzana atrofi boʻylab gulli shoxlar bilan qurshab tikilishi Buxoro kashtalariga xos jihat boʻlsa, toʻrsimon kompozitsiya, turli gullar bilan kashta tikish Nurota maktabining uslubi. Shahrisabz kashtasida esa, “kandaxayol”, “iroqi” choklari ham qoʻllanadi.

Boshqa maktablarnikiga nisbatan yirik gulda tikiladigan Samarqand kashtasi ham oʻziga xos. Unda gul atrofiga “qoʻchqor shoxi” naqshi bilan bezak berilishi diqqatni tortadi. Jizzax kashtasi sargʻish pishiq paxta matosiga tikilsa-da, kompozitsiya jihatidan Samarqand soʻzanasiga yaqinligini sezish qiyin emas.

Yirik bezakli Toshkent kashta namunasida azaldan ikkita — “palak” va “gulkoʻrpa” qoʻllanib kelingan.

Vodiy kashtadoʻzligida Fargʻona yetakchi sanaladi. Hududning ipak yetishtirish salohiyati oʻz-oʻzidan mato ishlab chiqarish va unga ishlov berish, shuningdek kashtachilikning ham rivoj topishiga imkon bergani aniq. Fargʻona kashtachilik maktabi vohadagi kashtachilik maktablaridek tilga tushmagan. Shu maʼnoda bugun viloyatda Nurota kashtachilik uslubidan keng foydalanilyapti. Bu esa Andijon va Namangan kashtachilik maktablarini rivojlantirishga ham xizmat qila boshladi. 2021-yilda Fargʻonada 15 ta Hunarmandlar markazlari ishga tushirilib, ayni markazlarda 2000 dan ortiq xotin-qizlarning bandligi taʼminlandi. Qoʻshni viloyatlar xotin-qizlarining hudud tajribasini oʻrganish maqsadida kelayotgani sohaga qiziqishning kun sayin ortayotganidan dalolat.

Margʻilonlik Zumrad Rahmonova toshkentlik mashhur kashtadoʻz Madina Qosimboyevadan kashta sirlarini puxta oʻrganib toʻgʻri qilganiga kuni kecha yana bir bor amin boʻldi. Zero, u soʻzimiz avvalida aytganimiz – Yaponiyaning mashhur brendi “Kumiko” bilan hamkorlikdagi yangi loyiha doirasida Rishtonga taklif qilindi. 2001-yilda tashkil topgan bu markazda endi kulolchilikdan tashqari Zumrad opa rahbarligidagi kashtachilik toʻgaragi ham faoliyat boshlaydi.

— Menga Yaponiyaning mashhur brendi bilan hamkorlik qilishdek masʼuliyatli vazifani ishonishgani uchun minnatdorlik bildiraman, — deydi hunarmand. — Hunar oʻrgangan kishi hech qachon nazardan chetda qolmas ekan. Margʻilonda shogirdlarim koʻp. Bu yerda ham ishonchni oqlashga harakat qilaman, bor mahoratimni shogirdlarga oʻrgatsam, birgalashib oʻzbek hunarmandligini Yaponiya va boshqa davlatlarga tanitishga hissa qoʻshamiz. Zero, “Kumiko” soʻzining maʼnosi ham sodda qilib aytganda, “birlashish” maʼnosini bildirar ekan. Brendni kashta bilan aks ettirish esa, bizga albatta milliy gʻurur baxsh etadi.

Toʻgarakning ochilish marosimi koʻtarinki oʻtgani ham kashtadoʻz hunarmand fikrlarini tasdiqlaydi. Chunonchi, “Hunarmand” uyushmasi Fargʻona viloyat boshqarmasi boshligʻi Rasuljon Mirzaahmedov, Rishton tumani hokimi oʻrinbosari, oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi Muqaddasxon Bekmirzayeva, markaz direktori Gʻanisher Nazirov, “Kumiko” brendi rahbari Mariyama Risa, umuman, marosimda ishtirok etganlarning barchasiga hamkorlik taklifi oʻzgacha quvonch bagʻishlaganiga shubha yoʻq.

Toʻgarakka jalb etilgan yigirmaga yaqin xotin-qiz esa, nasib qilsa, oʻz qoʻllari bilan tikajak kashtalari Yaponiyaning mashhur brendi ostida sotilishidan baxtiyor.

— Oʻzbekistonga mehrim boʻlakcha, — deydi toʻgarakning yaponiyalik rahbari, Vaseda universiteti talabasi Moriyama Risa. — Samarqand va boshqa bir qator tarixiy shaharlar meni oʻziga rom etgan. Rishton — yapon markazini Yaponiyada koʻplab yaponlar bilishadi. Ayni hududda faoliyat boshlashimga sabab ham shu aslida. Bu yerda “Kumiko” brendi ostida kashtachilik mahsulotlarini tayyorlatib, Yaponiya va boshqa mamlakatlarda sotishni maqsad qilganman. Zero, Yaponiyada qoʻl mehnatini juda qadrlashadi. Shuning uchun qoʻlda tayyorlangan mahsulotlarning qiymati ham baland. Kelajakda ushbu loyihamiz kengayib, oʻzim oʻylagandek natija berishiga ishonchim komil.

Markaz rahbari Gʻanijon Neʼmatovning aytishicha, markazni tashkil etishdan acociy maqsad yoshlapning boʻsh vaqtlarini toʻgʻri tashkil etish, ylarni Yapon tili va madaniyati bilan yaqindan tanishtirish, milliy madaniyatimiz, urf-odatlapimiz va hunarmandchiligimizni Yaponiyada targʻib qilish orqali mamlakatimizda turizmning rivojlanishiga xissa qoʻshish hamda Oʻzbekiston va Yaponiya davlatlari oʻrtasida madaniy va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdan iborat.

Markaz faoliyatini beminnat qoʻllab-qyvvatlab borish uchun doimiy ravishda Yaponiya davlatidan yapon tilini oʻqitadigan va oʻzbek milliy madaniyati, hunarmandchiligini Yaponiyada targʻib qiladiran koʻngilli mutaxassislar jalb etiladi. Shuningdek, bu yerga har yili doʻstlik tadbiplarini oʻtkazish uchun Yaponiya davlati vakillari, sayyohlar tashrif buyuradilar. Markaz tashkil qilinganidan buyon Rishtonga tashrif buyurgan yapon fuqarolarining soni 5000 dan ziyodni tashkil qiladi. Shu maʼnoda mamlakatimizda hunarmandlik va turizm hamisha bir-birini toʻldirishga xizmat qiladi, deyish mumkin.

Oʻylaymizki, ushbu loyiha orqali Rishton hunarmandlik mahsulotlari jahon bozorini zabt etishi uchun navbatdagi qadam tashlandi.

Munojat Moʻminova,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri